Disbakterioz

DO`STLARGA ULASHING:

Statistik maʼlumotlarga koʼra, inson tanasida taxminan yuz trilliondan ortiq hujayralar mavjud. Butun tanada, asosan ichaklarda yashaydigan bakteriyalar esa inson hujayralaridan bir qancha marotaba kichik boʼlsa-da, hayotiy faoliyatga kuchli taʼsir etadi. Аmmo ularning koʼpchiligi zararsiz, hatto foydali ekanligi aniqlangan. Foydali mikroblar kishi salomatligini taʼminlaydi, immunitetni koʼtaradi, ovqat hazm boʼlishiga koʼmaklashadi.
Meʼyoriy mikroflora kishi tana ogʼirligining 5 foizini tashkil etadi, ular hazm qilishda qatnashib, ichaklarda suv, oqsil, yogʼ, uglevod, xolesterin, temir, kalьtsiyning soʼrilishini taʼminlaydi. Shuningdek, vitamin va gormonlarni sintezlaydi, organizm uchun zaharli moddalarni zararsizlantiradi. Turli xastaliklarda, ekologik buzilishlar kuzatilganda, sifatsiz suv yoki oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmol qilinganda, shuningdek, antibiotiklardan notoʼgʼri foydalanilganda mikroflorada mikrob turlarining nisbati keskin oʼzgarib, ularning koʼpchiligi qirilib ketadi, natijada disbakterioz paydo boʼlishi mumkin. Kuzatishlarga koʼra, katta yoshdagi kishilarning 90 foizi, bolalarning esa 95 foizi disbakterioz bilan ogʼriydilar.
Disbakteriozda organizmning oziq moddalarni oʼzlashtirish jarayoni buziladi, fermentlar va vitaminlar sintezi keskin pasayadi. Davolashdan avval ichaklarda kasallik qoʼzgʼatuvchi mikroblar qanchalik koʼpaygani, ularning sonini aniqlash uchun bak-posev tekshiruvini oʼtkazish kerak boʼladi. Yaʼni, laboratoriya mutaxassislari bemor najasini idishlarga ekib, uni oʼstiradilar. Besh kunda oʼsib chiqqach, foydali mikroblar soni, zararli mikroblarning qaysi turi koʼpaygani, hamda ularga taʼsir qiladigan antibiotiklar aniqlanadi. Аntibiotiklarning taʼsirchanligi ijobiy boʼlsa, kasallik yaxshi davolanadi.
Ota-onalar bolalarda qorin ogʼrigʼi bilan boshlanadigan ilk holatlarni kuzatishi mumkin. Bolaning qornida gʼurillash, qattiq ogʼriq boʼlib, tez-tez ichi ketadi. Bunga ovqat isteʼmol qilishda shaxsiy gigienaga rioya qilinmaganligi ham sabab boʼlishi mumkin. Ichak disbakteriozi kerakli dori-darmonlardan tashqari qatiq bilan ham davolanadi.
Mutaxasssilarning fikriga koʼra, har kuni 200 gramm qatiq isteʼmol qilish kishi salomatligini asraydi va ichning ravon kelishini taʼminlaydi. Disbakteriozda bioqatiqlar foydasi haqida koʼp gapirilishi bejiz emas. Negaki oddiy qatiq achitqi zamburugʼlaridan tayyorlansa, bioqatiq achitqi zamburugʼlaridan tashqari bifido va laktobakteriyalar kabi qoʼshimchalar bilan boyitiladi.
Bugungi kunda shifobaxsh bioqatiqlar savdo doʼkonlarida koʼp. Bioqatiqning oddiy qatiqqa nisbatan davolovchi xususiyati koʼproq. Ular ichak mikroflorasini yaxshilaydi, organizmdagi zararli xiltlarni tashqariga chiqaradi, oʼz oʼrnida disbakterioz holatini bartaraf etadi.
Bioqatiq kechasi uyqu oldidan ichak faoliyati faollashgan vaqtda ichilsa, yaxshi natijaga erishish mumkin. Uni muntazam ravishda isteʼmol qilish inson salomatligini mustahkamlashda ahamiyati beqiyos. U organizmda moddalar almashinuvini faollashtiradi, soch toʼkilishidan xalos qiladi, tirnoqlarni mustahkamlaydi, yuz va teri rangini yaxshilaydi, eng asosiysi asab tizimi ishi tiklanishiga yordam beradi.
Bioqatiqni xarid qilishdan oldin uning yaroqlilik muddatiga eʼtibor qarating. Ishlab chiqarilgan kundan uch kun oʼtsa, unda bifidobakteriyalar miqdori nihoyatda ozayib ketgan boʼladi.
Nigora TURSUNOVА,
umumamaliyot shifokori.

Оставьте комментарий