Erkak salomatligi uchun testosteron qanchalik muhim?

DO`STLARGA ULASHING:

Erkak salomatligi uchun testosteron qanchalik muhim?

Testosteron erkaklardagi asosiy jinsiy gormon bo‘lib, jinsiy a’zolar va suyak-mushak tizimining risoladagidek rivojlanishi, tuklarning chiqishi, ikkilamchi jinsiy belgilarning paydo bo‘lishi, jinsiy maylning uyg‘onishi uchun mas’ul hisoblanadi. Qisqacha aytganda, testosteron erkakni erkak qilib turadigan gormondir.

Erkak organizmida testosteron gormonining kamayib ketishi tufayli moddalar almashinuvi buziladi, jinsiy mayl susayadi, erektil disfunksiya (jinsiy ojizlik) belgilari paydo bo‘ladi.

Gormonal buzilishlar testosteron ishlab chiqarilishi kamayishiga olib keluvchi sabablardan biridir. Gormonal buzilishlar natijasida spermatogenez (sperma hosil bo‘lishi) ham buziladi, mushak massasi va jinsiy mayl kamayadi, jinsiy ojizlik kelib chiqadi. Ba’zida bu jarayon erkaklarda sut bezlarining kattalashishi, moyak va prostata bezi hajmining kichrayishiga ham olib keladi.

Ba’zan ayrim dori preparatlari – prednizolon, anaboliklarni qabul qilish; infeksiyalar, jarohat yoki jarrohlik operatsiyalari tufayli moyakning zararlanishi tufayli ham testosteron ishlab chiqarilishi kamayishi mumkin. Bundan tashqari, uzoq davom etgan ruhiy tushkunlik, stress ham shunday holatga olib keladi. Shu o‘rinda barqaror jinsiy hayot kechirish ham muhim ahamiyatga egaligini unutmaslik lozim.

Hech qanday tahlillarsiz ham andropauza yaqinlashayotganini sezsa bo‘ladi. Erektil funksiyaning buzilishi, jinsiy maylning va spermada reproduktiv xususiyatning kamayishi ushbu holatning asosiy belgilari hisoblanadi.

“Qizig‘i, ba’zi erkaklar klimaks davrida tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgarib ketishadi. Jahldor, serzarda erkaklar birdaniga yuvosh tortib qolishi, musichadek beozor erkaklar esa duch kelganga zahrini sochadigan, g‘azabnok odamga aylanib qolishlari mumkin, kishi arzimagan ruhiy ta’sirotlarga ham beriluvchan bo‘lib qoladi”, – deydi urolog-androlog Zarifjon Murodov.

Qaysi bosqichda bo‘lmasin, andropauzani davolash darkor. Bu eng avvalo erkakning o‘zi uchun kerak. Oz bo‘lsa-da, testosteron darajasining normallashuvi va bu gormon ishlab chiqarilishining izga tushishi erkakda o‘ziga bo‘lgan ishonchning ortishiga xizmat qiladi. Axir erkak uchun eng muhimi shu emasmi?

Оставьте комментарий