Gayana Respublikasi

DO`STLARGA ULASHING:

Maydoni: 214 970 kv. km.

Aholisi: 735 500 kishidan ortiq.

Poytaxti: Jorjtaun shahri.

Boshqaruv shakli: respublika.

Davlat boshligʻi: prezident.

Maʼmuriy tuzilishi: 10 ta viloyatga boʻlinadi.

Yirik shaharlari: Jorjtaun, Linden, Nyu Amsterdam, Anna Regina, Bartika, Skeldon.Pul birligi: gayana dollari.

Jugʻrofiy oʻrni, tabiati. Janubiy Amerikaning shimoli-sharqiy qismida joylashgan. Shimoliy qirgʻoqlarini Atlantika ummoni suvlari yuvib turadi. Gʻarbda Venesuela, janubda Braziliya, sharqda Surinam bilan chegaradosh.

Mamlakat Gviana yassitogʻliklarining shimoliy qismidan oʻrin olgan. Eng baland nuqtasi Rorayma togʻida – 2772 metr. Atlantika ummoni bilan chegaradosh qirgʻoqlarini eni 100 kilometrgacha yetadigan botqoqliklar egallagan.

Iqlimi – subekvatorial, issiq va namchil. Sohilboʻyidagi oʻrtacha harorat 26 – 28 daraja issiq. Apreldan avgustgacha, noyabrdan yanvargacha yomgʻir mavsumi hisoblanadi.

Gayanada daryolar, koʻllar, sharsharalar koʻp. Eng katta sharsharasi – Potaro daryosida (Kayetur). Uning balandligi 226 metr boʻlib, Shimoliy Amerikadagi Niagara sharsharasidan besh barobar, Afrikadagi Viktoriya sharsharasidan ikki barobar baland.

Mamlakat hududining deyarli 90 foizini namchil chakalakzor oʻrmonlar egallagan. Hayvonot olami boy va xilma-xil.

Tarixiy sanalari. Yevropaliklar kelguncha hozirgi Gayana hududlarida asosan aravak va karib hindu qabilalari yashagan. Oʻlkani XV asr oxirlarida ispanlar “kashf etdi”. Biroq bu botqoq va injiq iqlimli hudud ularni oʻziga jalb qilmadi. Biroz vaqt oʻtib, mamlakat boshqa yevropaliklarning eʼtiborini tortdi.

XVI asr oxirlarida Gayana qirgʻoqlariga inglizlar keldi. Keyinroq golland savdogarlari Essekibo, Demerara va Berbis daryolari boʻyiga joylashib, bu yerlarni oʻzlashtira boshladi. Ular afrikalik negr qullar yordamida plantatsiya xoʻjaliklari barpo etishdi. XVIII asr oxiri – XIX asr boshlarida Gayanaga egalik qilish uchun Buyuk Britaniya, Gollandiya va Fransiya oʻrtasida kurash boʻlib turdi. 1814 yilgi Angliya-Gollandiya sulhiga binoan Gayana Buyuk Britaniya ixtiyoriga oʻtdi va 1831 yildan Britaniya Gvianasi deb ataladigan boʻldi. 1834 yili quldorlik bekor qilindi. 1838 yildan turli mamlakatlar, ayniqsa, Hindiston va Xitoydan arzon ishchilar keltirildi.

Gayanada milliy-ozodlik kurashi ikkinchi jahon urushidan keyin keskin tus oldi. 1953 yili Britaniya Gvianasi mehnatkashlari ichki oʻzini oʻzi boshqarishni kengaytirishga erishdi. 1966 yil 26 mayda Britaniya Gvianasi mustaqil davlat deb eʼlon qilindi va u “Gayana” deb nomlandi. 1970 yildan Gayana – respublika boʻldi. Oʻsha yildan Birlashgan Millatlar Tashkiloti aʼzosi. 1992 yil 8 yanvarda Oʻzbekiston mustaqilligini tan olgan. Milliy bayrami: Respublika kuni – 23 fevral (1970).

Iqtisodi. Gayana iqtisodiy koʻrsatkichlar boʻyicha Karib hududi mamlakatlari orasida soʻnggi oʻrinlarda turadi. Iqtisodiyoti qishloq xoʻjaligi va togʻ-kon sanoatiga asoslangan. Qishloq xoʻjaligida shakarqamish va guruch yetishtirish; qisqichbaqa va baliq ovlash; chorvachilik va parrandachilik kabi sohalar yetakchilik qiladi. Sanoatining asosini alyuminiy rudasi qazib olish, shakar ishlab chiqarish, baliq mahsulotlari tayyorlash, oʻrmonchilik, toʻqimachilik kabi tarmoqlar tashkil etadi.

Shakar, oltin, alyuminiy rudasi, alyuminiy, baliq va dengiz mahsulotlari, yogʻoch sotadi. Asosiy xaridorlari – Kanada, AQSH, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Portugaliya, Trinidad va Tobago, Yamayka va Ukraina.

Sanoat, neft va oziq-ovqat mahsulotlari sotib oladi. Asosiy taʼminlovchilari – AQSH, Trinidad va Tobago, Finlyandiya, Kuba va Xitoy.

Gayana Afrika, Karib havzasi va Tinch ummoni hududi mamlakatlari iqtisodiy tashkiloti aʼzosi.

Aholisi. Aholining etnik tarkibida hindlar yetakchilik qiladi – 43,5 foiz. Shuningdek, zanjilar (30,2), metislar va mulatlar (16,7), hindular (9,1) va boshqa millat vakillari ham bor.

Rasmiy tili – ingliz tili. Gayana qitʼadagi yagona ingliz tilli mamlakat hisoblanadi. Soʻzlashuvda ingliz tiliga asoslangan kreol tili, hind tilining karib hind lahjasi va hindu tillari amalda.

Gayana xalqining 90 foizga yaqini qirgʻoqboʻyi hududlarida yashaydi. Shaharda yashovchilar – 28 foiz. Emigratsiya, yaʼni mamlakatdan koʻchib ketish kuchli darajada. Shu bois aholining yillik kamayishi 0,5 foizgacha yetadi.

Dini. Aholining 57 foizi nasroniylardan iborat. Hinduiylar 28,4, boshqa din vakillari 4,3 foizni tashkil etadi.

Aholining 54 mingdan ortigʻi, yaʼni, 7,2 foizi musulmonlardir. Ularning koʻpchiligi asli hindistonlik ishchilarning avlodlaridir.

XX asr boshlaridan mamlakatda Islom dini yoyildi. 1970 yillardan eʼtiboran ikki hayit va mavlid sanasi bayram sifatida rasman eʼtirof etildi.

Oʻlkada qator islomiy tashkilotlar va oʻquv yurtlari faoliyat yuritadi. Eng yirik islomiy tashkilot Gayana Islom eʼtiqod markazidir.

Mamlakat 1998 yildan Islom Hamkorlik Tashkiloti aʼzosidir.

Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.

oriftolib.uz

“Hidoyat” jurnalining 2015 yil 4-sonida chop etilgan.

Оставьте комментарий