Girudoterapiya

DO`STLARGA ULASHING:

Tabobatda ishlatiladigan zuluklar maxsus biofabrikalarda yetishtirilib, ulardan faqat bir martagina foydalanish mumkin. Bunday zuluklar och holida ogʼirligi 2-5 grammni tashkil etadi. Uni bemor tanasiga qoʼyishdan oldin 3-4 oy och qoldiriladi. Taʼkidlash joizki, zuluklarning tishlari ostida girutin moddasi mavjud. Bu modda tanadagi aʼzolarga shifobaxsh taʼsir koʼrsatadi, asosan qonni suyultiradi. Tomirlardagi qonni kislorod bilan toʼyintirishdan tashqari yurakning kislorodga boʼlgan ehtiyojini ham qondiradi. Shuningdek, limfa bezlari ishini ragʼbatlantirib immunitetni kuchaytiradi.
Zuluk soʼlagi tarkibidagi biofaol moddalar, oqsillar, fermentlar toʼplanib qolgan zararli moddalardan organizmni tozalaydi, teri rangini chiroyli qiladi, kishini yoshartirib, umrini uzaytirish xususiyatiga ham ega. U qon aylanishini yaxshilash bilan bir qatorda tanada yigʼilib qolgan yogʼlarni eritib, terini mayinlashtiradi, ortiqcha vaznni yoʼqotadi. Bundan tashqari, zuluk qon bosimini pasaytiradi, tanadagi yalligʼlanishlarga sabab boʼlgan mikroorganizm va bakteriyalarni nobud qiladi. Zuluk mayda qon tomirchalardan qonni soʼrish paytida soʼlagi tarkibidagi biologik faol moddani toʼqimalarga “uzatadi” va bunda oʼz-oʼzidan moddalar almashinuvi yaxshilanadi.
Girudoterapiyada zuluklarning soni bemorning yoshi hamda vazniga, qon bosimining holatiga qarab belgilanadi. Bitta muolaja paytida 2-10 dona, baʼzan esa 15 donagacha zuluk qoʼyish mumkin. Muolaja uchun ishlatiladigan zuluklar oʼz vazniga nisbatan 3 baravar koʼp qonni soʼrib oladi. Bu jarayon yarim soatdan 1 soatga qadar davom etadi.
Zuluk quyidagi kasalliklarni davolash maqsadida ishlatiladi:
yurak-qon tomir tizimi kasalliklari (yaʼni gipertoniya, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, infarkt oldi va keyingi davrida, miokardit) da;
bosh miya va umurtqa pogʼonasi kasalliklari (bosh ogʼriqlari va bosh aylanishi, migren, insulьt oldi va keyingi davrida, ateroskleroz, osteoxondroz, bel churrasi ogʼriqli sindromi, nevralgiya) da;
glaukoma va koʼrish qobiliyatining pasayishida.
Shuningdek, buqoq kasalliklarining turli koʼrinishlari, qandli diabet, mastopatiya, venalarning varikoz kengayishi, tromboflebit, ortiqcha vazn, turli yalligʼlanishlar, shamollashda, limfa va koʼk tomirlarda (vena) qon yurishishi qiyinlashganda, qon yopishqoqligi buzilganda, turli teri kasalliklarida, immunitet pasayib ketganda, prostatit, bepushtlik, oshqozon va ichak kasalliklari, allergiya va har xil toshmalar, gaymorit, polip, adenoid, allergik rinit, stomatit, bavosil va shuningdek, koʼpgina ginekologik va urologik kasalliklarda tavsiya etiladi.
Kamqonlik, xavfli oʼsmalar, gemofiliya, gemorragik diatez, gipotoniya (qon bosimi pastligi) kasalliklari boʼlganda va tana harorati koʼtarilganda zulukdan foydalanish mumkin emas.
Maʼlumki, zuluklar oʼtkir hidlarga sezgir boʼlishadi. Shu bois muolajadan oldin parfyumeriya vositalarini ishlatmagan maʼqul. Dushga tushilganda faqat bolalar sovunidan foydalanish kerak. Zuluk qoʼyishdan avval bemorning gemoglobin miqdori, qonining suyuq yo quyuqligi, arterial bosimi tekshiriladi. Zuluk qoʼyilgach, to u teridan ajralib tushib ketguniga qadar kuzatib turish lozim, muhimi zulukni tanadan kuch bilan ajratib olishga urinmaslik kerak.
Davolanishdan soʼng 2 kun davomida zuluk qoʼyilgan joyda mayda shishlar, koʼkarish, qizarish yoki yengil qichishishlar roʼy beradi. Bu vaqtinchalik holat. Muolajadan keyin bir-ikki kun vanna qabul qilmaslik, sovuq suv ichmaslik kerak. Аchchiq va shoʼr yeguliklar, sitrus mevalar va donli mahsulotlardan tayyorlangan taomlarni ham isteʼmol qilmagan maʼqul. Muhimi, girudoterapiya faqat maxsus tibbiyot muassasalarida malakali shifokor nazorati ostida oʼtkazilishi zarur.
Sharofat MАHАMАTXOʼJАEVА, terapevt.

Оставьте комментарий