Issiq kunda yoqimli bo’y taratish

DO`STLARGA ULASHING:

Yozning issiq kunlarida ko’pchilik ayol va qizlar kosmetik vositalarni ishlatishdan butunlay voz kechishadi. Xushbo’y atirlarimiz esa endi toshoynalar yonidan joy olgancha qolaveradi. Ammo kunning jaziramasiga qaramay, sevimli iforlarimizdan foydalanishni davom ettirishimiz mumkin. Xo’sh, buni qanday amalga oshiramiz?! O’zimizga mos, issiq kunlarda ham ko’tarinki kayfiyat va yoqimli xotiralarni hadya etuvchi, atrofdagilarning g’ashiga tegmaydigan engil yozgi iforni qanday tanlashimiz lozim?

Kichik qoidalar.

Atirlar tarkibi spirtga asoslangan bo’lib, quyosh tig’ida bu vositalarni qo’llash allergik holat yuzaga keltirishini ko’pchilik bilmasa kerak. Mana shunday salbiy holatlar yuzaga kelmasligi uchun kiyinishdan oldin atirni badanning quyosh nuri tushmaydigan qismlariga 10-15 sm uzoqlikda sepish maqsadga muvofiq.

Agar o’zingizni sevimli iforlaringizsiz tasavvur eta olmasangiz va hid uzoqroq saqlanishini istasangiz, ularni harir sharf yoki bo’yinbog’ingizga sepib qo’ying. Shuningdek, ertalabki dushdan so’ng ho’l sochlar, toza badan terisiga bir-ikki tomchi atir sepish va fen yordamisiz sochni quritish ham atirning uzoq vaqt saqlanib qolishini ta’minlaydi.

Yodda tuting! Yog’langan soch va badanga surtilgan, shuningdek, o’ta o’tkir hidli atir vositalari atrofdagilarga aks ta’sir etishi mumkin. Shu tufayli asosiy nuqtalar: quloq orqasi, bilak, bo’yin va ko’krak oralig’idagi nuqtalarga 1-2 tomchi atir surish kifoya.

Yoz uchun maxsus atirlar.

Ayrim brendlar aynan issiq iqlimli mamlakatlarda yoz kunlari uchun mavsumiy maxsus kosmetik atirlarni ishlab chiqarishadi. Bu turdagi vositalar tarkibida spirt bo’lmagani bois ulardan bemalol foydalanish mumkin.

Yana bir o’ylab ko’ring.

Og’ir iforlar yoz kunlarida ko’pchilikka xush yoqavermasligi hamda atrofdagilarning g’ashini keltirishi mumkin. Shu tufayli issiq kunlarda bu kabi atirlardan voz keching. Yaxshisi, uning o’rnini bosuvchi yasmin, lavanda va atirgul hidli xushbo’y suvlardan foydalaning. Shuningdek, tsitrus hidli atirlar ham bu kunlarda ayni muddao. Negaki, bunday iforlar kayfiyatimizga ko’tarinkilik va engillik baxsh etadi.

Mavsumiy tavsiyalar.

Yoz mavsumida antiperspirant, dezodorant vositalaridan to’g’ri foydalanish ham muhim. Inson tanasidan ter ajralishi teri silliqligini oshiradi, ammo ter miqdorining haddan ziyodligi ko’plab noqulayliklarga sabab bo’lishi mumkin. Badbo’y hid paydo bo’lishiga ter bezlari emas, balki tanada to’plangan bakteriyalar sababchi. Aynan shuning uchun ham jazirama issiqda shaxsiy gigienaga rioya qilishni unutmang. Kuniga kamida ikki marta — ertalab va kechqurun  cho’milishni kanda qilmang! Hammomdan so’ng esa darhol terlashga qarshi kurashuvchi dezodorant va antiperspirant vositalaridan foydalaning.

Dezodorantlar va antiperspirantlar ter sababini yo’qota olmaydi, badbo’y hidlarni vaqtincha bartaraf etadi, xolos. Ularning tarkibida dezinfektsiyalovchi elementlar, organik tuzlar, rux kabi ter bezlarining tabiiy faoliyatini o’zgartiruvchi elementlar bor. Shu sababli bunday vositalardan noto’g’ri va shaxsiy gigienaga amal qilmasdan foydalanish ko’plab dermatologik salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Оставьте комментарий