Kichkintoy do‘mboq bo‘lsa…

DO`STLARGA ULASHING:

🐻 Kichkintoy do‘mboq bo‘lsa…
♻️ Yosh bola vaznining me’yordan ortishi ular sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqaradi. Buning oqibatida hatto yurak qon-tomir kasalliklari paydo bo‘lishi, moddalar almashinuvi buzilishi va qonda qand miqdorining ortishi ro‘y beradi. Ilk yoshdagi bolalarda semizlik rivojlanishining bir qancha sabablari bor.
🔸 Birinchidan, oilada ota yoki ona to‘ladan kelgan bo‘lsa farzandlarda ham semizlikka moyillik kuzatiladi.
🔸 Ikkinchidan, bolani go‘daklikdan tartibsiz va ko‘pincha majburlab ovqatlantirish keyinchalik semizlikka olib keladi.
🔸 Uchinchidan, bola oshqozonining fiziologik hajmi 200-250 ml. bo‘lib, u shuncha miqdordagi ovqatni yegandan so‘ng unda to‘yish hissi paydo bo‘ladi. Agar kichiklikdan u pala-partish ovqatlantirib kelingan bo‘lsa, bola me’dasi talab qilganidan ko‘proq ovqat yeyishga o‘rganadi va vazni to‘lisha boshlaydi.
🔸 To‘rtinchidan, hozirgi vaqtda bolalar tug‘ilganidan to mustaqil yurib ketgunga qadar kamharakat bo‘lishadi, ya’ni ularni kattalar doim bolalar aravachasida olib yurishadi, buning evaziga ularda semirishga imkoniyat yaratiladi.
🔰 Xullas, kichkintoyning semirib ketishi salomatlik uchun xavfli hisoblanadi. Chunki semirayotgan kichkintoyning tanasida yog‘ yig‘ila boradi. Shundan so‘ng unda immunitet pasayishi, tashqi ta’sirlarga chidamsizlik, gavda holatida nuqsonlar paydo bo‘lishi kuzatiladi. Bundan tashqari, semiz bolakaylar o‘ta dangasa bo‘ladilar, kam harakat qilishi sababli tanasida qon aylanishi yomonlashadi, kundalik hayot tarzi bilan bog‘liq muammolar yuzaga keladi.
⚠️ Onalar shuni unutmasliklari kerakki, farzandining vazni me’yoridan orta borsa, albatta zarur chora-tadbirlarni ko‘rishlari shart.
«Do‘mboqlar» parvarishi uchun tavsiyalar:
🔹 kichkintoyga sabzavotlardan salatlar tayyorlab yediring;
🔹 shirinliklarni kamroq berganingiz ma’qul;
🔹 ziravorli taomlar bola ishtahasini ochadi, shuning uchun kichkintoy ovqatiga ziravorlar qo‘shmagan ma’qul;
🔹 taomlar yog‘siz qatiq, shakari kamroq kompot va meva pyurelari bilan birgalikda yedirilsa, natija ijobiy bo‘ladi;
🔹 har kuni ertalab bolani badantarbiya qilishga odatlantiring;
🔹 milliy harakatli o‘yinlar bilan shug‘ullanib tursa, yanada yaxshi.
🗯 Umuman, bolalar semirib ketmasligi uchun onalar ularning kundalik ovqatlanishlarini nazorat qilishlari kerak. Nordon, achchiq taom va shirinliklarni dasturxonga qo‘ymagan ma’qul. Bolaning ovqatlari yog‘da ko‘p qovurilmasligi, bug‘da dimlab yoki suvda qaynatib pishirilishi lozim.
👩🏻‍⚕️ Ko‘rilgan chora-tadbirlar naf bermasdan, bolaning vazni osha borsa, albatta, endokrinolog shifokor bilan maslahatlashish kerak.

Оставьте комментарий