Kimlarning malaka toifasi umrbod saqlanadi?

DO`STLARGA ULASHING:

Kimlarning malaka toifasi umrbod saqlanadi?
Pedagog xodimlar attestatsiyasi bo‘yicha hali ham tushunmovchiliklar bo‘lyapti. Ya’ni, 15 yillik ish stajiga ega bo‘lgan juda ko‘plab o‘qituvchilar biz ham attestatsiyaga jalb qilinamizmi yoki yo‘q demoqda. Hozir mana shu muammoli vaziyatni biroz tushuntirishga harakat qilaman.
Yodingizda bo‘lsa, 2021 yil 17 sentyabrda Vazirlar Mahkamasining 572-son qarori bilan pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida yangi nizom tasdiqlandi.
Ana o‘shanda mazkur nizomning 6-band, 2-xatboshida ta’lim tashkilotlarida 15 yillik uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan oliy malaka toifali o‘qituvchilar umrbod attestatsiyaga jalb qilinmasligi aytilgandi. Bundan o‘qituvchilar juda xursand bo‘lishdi. Ammo ularning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi.
Chunki, 2022 yil 2 avgustda Vazirlar Mahkamasining 425-son qarori bilan 15 yillik uzluksiz ish stajiga ega bo‘lganlar emas, balki oliy malaka toifani 15 yil davomida saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan pedagog kadrlargina navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmasligi belgilandi.
Keyin shu yerda bir muammo kelib chiqdi va ko‘pchilik 2022 yil 2 avgustga qadar 15 yillik ish stajiga ega bo‘lgan oliy toifali o‘qituvchilar endi nima qiladi degan savollar bera boshladi.
Shundan so‘ng Xalq ta’limi vazirligi alohida xat chiqarib, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonuniga asosan, normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emasligi belgilanganligi munosabati bilan, 2022 yilning 2 avgustiga qadar 15 yil uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan hamda oliy toifaga ega (bunda oliy moifa ega bo‘lganluk davri muhim emas) bo‘lgan pedagoglarga nisbatan tadbiq etilmasligini aytdi.
❕Demak xulosa shuki, 2022 yil 2 avgustga qadar 15 yillik ish stajiga ega bo‘lgan oliy toifali o‘qituvchilar umrbod attestatsiyaga jalb etilmaydi. Agar siz oliy toifali o‘qituvchi bo‘la turib, ammo joriy yil 2 avgustga qadar ish stajingiz 15 yilga yetmagan bo‘lsa, unda sizga amaldagi yangi qoidalar qo‘llaniladi.
Xullas, 2022 yil 2 avgustgacha 15 yillik ish stajiga ega bo‘lgan, oliy toifali o‘qituvchilarning omadi kelib qolgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Оставьте комментарий