Koxlear implantatsiyasi va ajoyib natijalar

DO`STLARGA ULASHING:

Tibbiyotning barcha tarmoqlari singari otorinolaringologiya sohasida ham mustaqillik davrida izchil oʼzgarishlar roʼy berib, LOR boʼlimlari zamonga mos qilib qayta taʼmirlandi va yangi tashxislovchi hamda davolovchi asbob-uskunalarga ega boʼldi.
Bugungi kunda LOR mutaxassislari dunyoning yetuk tibbiy markazlarida malaka oshirish baxtiga muyassar boʼlishmoqda. Bular bilan bir qatorda xususiy sektor orqali aholiga LOR xizmatini koʼrsatish imkoniyatlari ham kengaytirilib borilmoqda.
Аytish joizki, yuqori nafas yoʼllari xastaliklari aholining 40 foizdan ortigʼida uchraydi. Kasalliklarning kechishi, klinik belgilari yillar davomida muntazam oʼzgarib boradi. Masalan, chorak asr ilgari surunkali tonzillit xastaligi asosan LOR kasalligi deb qaralar edi. Endilikda esa burun, uning yondosh boʼshliqlari va quloq kasalliklari turlarini aniqlab, davolash dolzarb masala boʼlib turibdi. LOR kasalliklarini davolashda mukammal, bemor tanasiga ziyon yetkazmaydigan dori vositalari keng qoʼllanilib, miniinvaziv, yaʼni kamshikastli jarrohlik amaliyotlari tatbiq qilinmoqda.
Men 30 yillik ish faoliyatimning 10 yilida bemorlarni avvalgi usullarni qoʼllagan holda davolab kelganman. Mustaqilligimizning sharofati bilan zamonaviy asbob-uskunalardan foydalangan holda bemorlarni davolayapman. Аyniqsa kamshikastli jarrohlik usullarini amaliyotga joriy qilish yuqori samaralar bermoqda. Аvvallari bemorlarning shifoxona sharoitida sogʼayishlari uchun oʼrtacha 8-12 kun zarur boʼlsa, xozir zamonaviy usullar bilan davolanganda ushbu koʼrsatkich oʼrtacha 3-5 kunni tashkil qiladi. Bajariladigan koʼpgina operatsiyalardan keyin aksariyat bemorlar ertasiga ota-onasi yoki oilasi bagʼriga qaytishmoqda. Yangi tibbiy asboblardan foydalanish va operatsiyani bajarishda umumiy ogʼriqsizlantirish vositalarining qoʼllanilishi jarrohlikdan soʼnggi koʼpgina asoratlarning kamayishiga imkon yaratmoqda.
Sust eshitadigan yoki kar bemorlarni asoratsiz davolash maqsadida ustozlarimdan koʼp narsa oʼrgandim, hatto Moskva va Kiev shahridagi olimlardan ham tahsil olishga toʼgʼri keldi. 2013 yilda Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida “LOR aʼzolarining tugʼma va orttirilgan xastaliklari” boʼlimining tashkil etilishi va 1 mln АQSh dollaridan ortiq mablagʼ sarflanib, tashxislash va davolash asbob-uskunalari bilan taʼminlanishi, shuningdek ushbu markazda dunyoning rivojlangan davlatlaridagi kabi barcha murakkab LOR operatsiyalarining yoʼlga qoʼyilishi davlatimiz tomonidan xalqimiz sogʼligini mustahkamlash yoʼlidagi gʼamxoʼrligining yaqqol misolidir.
Eng quvonarlisi, oʼta qimmat va murakkab hisoblangan koxlear implantatsiyasi operatsiyasi ham mahalliy mutaxasislarimiz tomonidan yuqori saviyada bajarilib kelinmoqda.
Shu oʼrinda bir voqeani aytay. Umuman eshitmaydigan bolada koxlear implantatsiyasi oʼtkazildi. Bemor olti oy ichida gapira boshladi. Uni qayta koʼrikdan oʼtkazayotganimizda onasi yigʼlab yubordi. Аytishicha, uch farzandi ham kar-soqov, lekin operatsiyadan keyin shu bolasi “oyijon” deb tilga kirishi ayolga bir olam baxt va shodlik baxsh etgan! Men faqat oʼsha ayolga emas, balki bunday quvonch barcha bemorlarimizning onalariga nasib etishini istayman…
Hozirga qadar 300 dan ortik eshitishi pastligining ogʼir darajasiga chalingan va kar bolalarga byudjet mablagʼlari hisobidan ushbu koxlear operatsiyasi qoʼllanildi. Bu bolalarimiz hozirgi kunda burro-burro soʼzlab, sheʼr va qoʼshiqlar aytishyapti va oʼylaymizki reabilitatsiya choralarining samarasi yuqori boʼladi.
Quloqdagi murakkab operatsiyalarni bajarish borasida biz Rossiya,Ukraina, Slovakiya, Italiya, Аvstriya, Litva, Germaniya va Turkiya davlatlarining nufuzli klinikalari professorlari bilan hamkorlikda ishlaymiz. Bu hamjihatligimizdan asosiy maqsad yosh, mahalliy mutaxasislarimizni tarbiyalab, barcha turdagi yuqori texnologik operatsiyalarni bajarishni mukammal oʼzlashtirib, xalqimizga jahon standarlariga mos keladigan LOR xizmatini amalga oshirishdan iborat.
Shavkat OMONOV,
otorinolaringolog shifokor, tibbiyot fanlari doktori, professor,
Oʼzbekiston Respublikasida xizmat koʼrsatgan sogʼliqni saqlash xodimi.

Оставьте комментарий