Narkolepsiya (uyquchanlik)

DO`STLARGA ULASHING:

Gʼalati holat… Koʼz oʼngingizda oʼtirgan bir odam kutilmaganda oʼzida qattiq charchoq sezadiyu shu zahoti qattiq uxlab qoladi! Hatto ayrim paytda tana mushaklari keskin boʼshashib yiqilib tushadi va shu zaylda uxlayveradi. Bu hol yarim yoki bir soat davom etadi, keyin bemor oʼz-oʼzidan uygʼonishi mumkin. Mutaxassis olimlar shu holatni narkolepsiya, yaʼni uyquchanlik deb atashadi. “Narkolepsiya bosh miya poʼstlogʼining ayrim qismlarida tormozlanish jarayoni roʼy berishi natijasida kelib chiqadi. Baʼzan odam uyqudan uygʼongani zahoti bir muncha vaqt tana mushaklari oʼz tarangligini yoʼqotganini sezishi mumkin” deyishadi olimlar.
Bu kasallik rivojlanishining aniq sabablari yetarlicha oʼrganilmagan. Olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasiga koʼra, narkolepsiya dardiga chalingan bemorlarning bosh miyasida biologik faol modda (kimyoviy ingridient)ning yetishmasligi aniqlangan.
Ish qobiliyati keskin pasaysa…
Siz avtoulov boshqarish, kundalik yumushlarni bajarish yoki oʼqish jarayonidagi qobiliyatingiz susayganini sezdingizmi? Bu sizning kundalik ish va hayot faoliyatingizga salbiy taʼsir oʼtkazyaptimi? Demak, darhol shifokor mutaxassisga murojaat qilishingiz lozim. Bordiyu sizga narkolepsiya tashxisi qoʼyilsa, uning qay darajada rivojlanganligini polisomnografiya va MSLT test (uyqu jarayonlarining buzilishini aniqlashga imkon beruvchi maxsus sinov turi) oʼtkazib bilish mumkin.
Somnologik markaz mutaxassislari tomonidan bemorning bosh qismiga maxsus elektrodlar joylashtirilib bosh miya, yurak va koʼz sohasidagi funktsional jarayonlar kuzatiladi. Sinovning ikkinchi kunida MSLT test oʼtkaziladi. Yaʼni kunduz kuni shifokor–mutaxassislar kuzatuvida har ikki soat ichida bemor qisqa muddatga uyquga ketishi taklif etiladi. Ushbu test yordamida bemorning uxlash xususiyati kuzatiladi.
Narkolepsiya xastaligini nafaqat dori-darmonlar bilan davolash orqali, balki kundalik turmush tarzingizni nazoratga olgan holda ham ijobiy natijaga erishish mumkin. Maslahat shuki, har kuni bir xil vaqtda uyquga yoting va bir xil vaqtda uygʼonishga harakat qiling. Yaʼni uyqu va tetiklik mutanosibligiga rioya qiling. Iishxona yoki uy sharoitida bajariladigan yumushlarni, masalan avtomobilь boshqarish, ovqat tayyorlash chogʼida ehtiyotkor boʼling.
Shifokor tayinlagan dori-darmonlarni oʼz vaqtida qabul qiling. Dorilarning taʼsiri borasidagi oʼzgarishlar haqidagi xabarni unga yetkazib turing.
Kuchli hayajon ham sababchi
Kunduzgi vaqtda haddan tashqari uyquga berilish narkolepsiyaning bitta alomati. Baʼzan kutilmaganda kuchli hayajon tufayli tana mushaklari tarangligi qisqa muddatga keskin pasayib ketadi (katapleksiya) va bemor toʼsatdan yiqilib tushadi, lekin es-hushini yoʼqotmaydi. Uyqu fazasining buzilishi, uzoq vaqt davom etmaydigan “falajlanish” holatlari, uyqudan uygʼonish chogʼida yuz beradigan gallyutsinatsiyalar ham narkolepsiya belgilaridir.
Kasallik asosan oʼsmirlik davrida yoki yoshlikda paydo boʼlib, oʼz vaqtida davolanmasa bir umrga saqlanib qolishi mumkin. Uyquchanlikning ushbu turiga uchragan odam xotirasining pasayishi, diqqat-eʼtiborini jamlay olmasligi, muntazam bosh ogʼrigʼidan shikoyat qiladi. Tungi vaqtda esa miriqib uxlay olmaydi. Katta yoshdagi bemorlar ruhiy zoʼriqish bois kundalik ish yumushlarini bajara olmaydilar. Yosh bolalar esa oʼz tengdoshlaridan rivojlanishda ortda qoladi.
Jamila KOMILOVА, shifokor.

Оставьте комментарий