Oliygohlarga qabul 2026-2027: Hujjat topshirish.
2026-2027 o‘quv yili uchun O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayoni boshlandi.
Abituriyentlar oliygohlarga onlayn tarzda hujjat topshirishlari mumkin. Qabul jarayonida ta’lim
yo‘nalishini tanlash, test fanlari majmuasi bilan tanishish hamda imtiyozlarni rasmiylashtirish muhim
ahamiyat kasb etadi.
Mazkur sahifada 2026-2027 o‘quv yili uchun oliygohlarga hujjat topshirish bo‘yicha eng so‘nggi
ma’lumotlar, qabul muddatlari, test sinovlari va abituriyentlar uchun zarur tavsiyalarni topishingiz
mumkin.
Qabul jarayonlari “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq quyidagi ikki bosqichda amalga
oshiriladi:
Birinchi bosqich: abituriyentlar 5-iyundan 25-iyunga qadar (25-iyun kuni ham) test sinovi topshirish
uchun ro‘yxatdan o‘tadi. Bunda abituriyentlar faqat test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim
tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu
imtihonni topshiradigan oliygohni tanlaydi;
Ya’ni birinchi bosqichda universitet yoki institut tanlanmaydi. Abituriyentlar faqat qaysi fandan, qaysi
tilda, qaysi hududda test topshirishini belgilaydi xolos. «Men Yuridik universitetga topshirdim, men
Tibbiyot universitetiga topshirdim» degan gaplar birinchi bosqichda bo‘lmaydi.
Imtihonlar iyul–avgust oylarida o‘tkaziladi.
Ikkinchi bosqich: abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim
muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi.
Ya’ni o‘zining olgan baliga qarab, testlar o‘tib bo‘lgandan keyin, qaysi oliygohning qaysi yo‘nalishiga
topshirishini tanlaydi. O‘ylab olish, tahlil qilish uchun 15 kun vaqt bo‘ladi.
O‘qishga kira olmaganlar nima qiladi?
Mabodo abituriyentlar oliygohlarga kira olmasa, o’tgan yildan boshlab oltinchi yo’nalishni tanlash
imkoni ham beriladi. Bunda tanlagan beshta yo’nalishiga o’qishga tavsiya etilmagan yoki testga kirib,
yo’nalish tanlash esidan chiqqan abituriyentlar fanlar majmuasi to’g’ri keladigan va bali yetadigan
oltinchi yo’nalishni ham tanlashi mumkin bo’ladi.
Shuningdek, o’qishga kira olmagan abituriyentlar testda to‘plagan bali bilan kollej va (yoki) texnikumni
tanlashi mumkin. O‘qishga kira olmaganlar uchun kollej yoki texnikum tanlashga OTMlarga qabulning
yakuniy natijasi (mandat) e’lon qilinganidan so‘ng yana 10 kun muddat beriladi.