Payg’ambar alayhis-salomning mo’jizalari

DO`STLARGA ULASHING:

Payg’ambar alayhis-salomning yuqorida bayon etilgan ulug’ ishlari, go’zal siyratlari (tarjimai hollari, turmush tarzlari hamda bosib o’tgan yo’llari), beqiyos ilmlarni, favqulodda aql-zakovatlari, xushmuomalaliklari, rostgo’yliklari hamda yuksak kamolotlariyu betakror fazilatlari haqida mulohaza yuritgan odam u kishining chin payg’ambarligiga, da’vatlarining to’g’riligiga zarracha shubha qilmaydi. Shunday mulohazakor kishilar favqulodda mo’jizalar talab qilmasdanoq musulmon bo’lishgan. Shunday kishilardan bo’lmish Abdulloh ibn Salom: «Payg’ambar alayhis-salom Madinaga kelganda yuziga bir qaraboq yolg’onchi emasligini bildim», deydi.

Imom Muslim rivoyat qilishicha, Zimod ismli kishi payg’ambar alayhis-salomning huzurlariga kelganda u zoti muborak: «Barcha hamdu sano Ollohga xos, Ollohni madh etamiz va Ollohdangina madad so’raymiz, Olloh hidoyat etgan odamni yo’ldan urish mumkin emas, Olloh adashtirgan odamni esa hidoyat qilib bo’lmaydi. Guvohlik beramanki, yolg’iz Ollohdan boshqa hech iloh yo’q, uning sherigi ham yo’qdir, Muhammad uning bandasi hamda elchisidir», deganlarida Zimod g’oyat mutaaasir bo’lib: «Shu gaplaringni yana bir takrorlagin. Aytganlaring ayni muddao bo’ldi, qo’lingni ber, men bay’at qilaman», degan.

Rasululloh Ummon podshosini dinga da’vat etganlarida hukmdor: «Xudo haqqi, meni umumiy payg’ambarga ergashishga undagan narsa, u odamlarni boshlagan yaxshi ishlarga avvalo o’zi amal qilishi, ularni qaytargan yomon ishlardan oldin o’zi tiyilishi bo’ldi. U g’alaba qozonsa, ortiqcha quvonib ketmaydi, mag’lubiyatga uchrasa umidsizlikka tushmaydi. Va’dasiga vafodor, hamisha so’zining ustidan chiqadi, men uning payg’ambarligiga shohidman», degan.

Olloh taolo Islomning haq din ekanini isbotlash uchun payg’ambar alayhis-salomni juda ko’p mo’jizalarga muyassar etgan. Sarvari olam barcha payg’ambarlar orasida mo’jizalari ko’p, dalil-isbotlari kundek ravshan zotdirlar. Sizni xursand qilish va e’tiqodingizni musahkamlash uchun ko’pgina sahobalar rivoyat qilishgan va muhaddislar sahih kitoblarida bayon etgan ayrim mo’jizalarni bayon etamiz. Gapimizni bu mo’jizalarning eng oydini va buyugi bo’lmish Qur’oni Karimdan boshlaymiz.

Qur’onning o’zida hayratomuz mo’jizalar ko’p. Biz shartli ravishda ularni to’rt turkumga ajratamiz:

Birinchisi: Qur’oni Karim mundarijasining boyligi, so’zlarning sermazmunligi, fasohatliligi, g’oyat ixchamligi, arablardagi so’z o’yinidan ustun turishidir. Arablarda so’z san’ati taraqqiy etgan bo’lib, ularning tili boshqa xalqlarnikiga nisbatan ilmu hikmatlarga boy, kishini hayronu lol qoldiradigan darajada o’tkir va lo’nda edi. Ollohning bu marhamati arablarning tabiatiga singib ketgan edi. Ularning odamdagi nutqi ham san’atkorona bir ruh bilan sug’orilgan bo’lib, so’z orqali ko’zlagan maqsadlariga erishar, mushkul ahvolga tushganda ham, jang maydonlarida raqib bilan yuzma-yuz kelganda ham so’z mahoratini ishga solishar, aslo behuda gap gapirishmasdi; birovlarni maqtashsa ham, hajv qilishsa ham, do’stlik izhor etishsa yoki koyishsa, baribir, aytilgan so’z sehrdek ta’sir kuchiga ega bo’lardi; so’z durdonalarini marjondek terib, aqllarni lol etishar, qiyinchiliklarni bemalol yengishar, kin-adovatlarni aritib yuborishar yoki aksincha battar kuchaytirishar, qo’rqoqlarni botir, nomi chiqmaganlarni olamga tanitishar, taniqli kimsalarni tuproqqa teng qilishardi. Sahroyi arablarning tili sof, lo’nda, keskin, tantanavor bo’lib, ular o’ta samimiy va jozibali so’zlashar edilar.

Qisqa va chiroyli gapiruvchi shaharliklar ortiqcha takallufni bilmaydigan yengiltabiat edi. Xoh sahroyi bo’lsin, xoh shaharlik, baribir, arablarning tili boy va jarangdor edi. Ular o’z maqsadini juda ravshan bayon etishardi; tilning turli uslub va usullarini yaxshi bilishar va mohirona qo’llashar, har qanday ishda so’z san’ati namoyon bo’lar, nasr va nazm usullari barobar istifoda etilardi. Mana shunday imkonga ega bo’la turib ular Olloh tomonidan nozil etilgan va botil narsalar ta’sir qilmaydigan Qur’onga — so’z san’atining eng yuksak namunasiga taqobil turishga ojizlik qilishdi. Qur’onning oyatlari puxta, so’zlari keskin bo’lib, badiyati aqllarni hayratga solar, fasohati barcha so’z san’atlaridan ustun edi. Unda so’z san’atining mukakammalligi va takomili o’z ifodasini topgan. Olloh yigirma uch yil mobaynida so’z san’atining turli sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan arab xalqiga murojaat etib, Yunus surasining 39-oyatida: «Ular Qur’onni o’zi (ya’ni Muhammad) to’qigan deyishdimi? Sen ularga: Ollohdan boshqa chaqirish mumkin bo’lgan yordamchilarni chorlab, agar rostgo’y bo’lsanglar Qur’onga o’xshash biror kalima to’qib ko’ringlar, degin». Baqara surasining 23-oyatida: «Agar bandamizga nozil qilgan Qur’onga shak keltirsanglar, chindan ham rostgo’y bo’lsanglar, Ollohdan boshqa yordamchilaringizni chaqirib, Qur’onga o’xshash biror so’zni to’qib ko’ring-chi», Isro suraeining 88-oyatida: «Insonlar, jinlar iig’ilib, bir-biriga yordamlashsa-da, Qur’onga o’xshash (kitob) yaratisholmaydi», Hud surasining 1-oyatida esa: «Qur’ondagidek tuzilgan o’ntagina surani keltirib ko’ring-chi, degin», deydi.

Qur’on bu kimsalarni qattiq ayblardi, ularning aqlsizligini, mavqelarining nochorligini aytib malomat yog’dirardi, butlarini, mushrik ota-bobolarini koyib, ularga tegishli yer-suvni, shahar-qishloqlarii, mol-mulklarni musodara qilishni durust hisoblardi. Shunda qam ular Qur’on bilan yuzma-yuz kelib, bahslashyshdan o’zlarini olib qochar, unga teng keladigan kitob yaratishdan ojiz edilar. Lekin ular Qur’onni mensimay, har xil ig’volar tarqatib, unga qarshi turishar va shu bilan o’zlarini o’zlari aldardilar. Ular: «Qur’on o’qilganda qattiq ta’sir ko’rsatadigan sehr-jodudan iborat bir kitob, qadimgilardan qolgan cho’nchaklar to’plami», deyishardi. Qur’on mo’jizalaridan butuilay gangib qolgan bu kimsalar ochiqdan-ochiq: «Bizning dillarimiz pardalangan, hech narsa em bo’lmaydi, quloqlarimiz tom bitgan, sen bilan bizning o’rtamizda to’siq bor», (Fussilat surasi, 5-oyat.) «Quronga quloq solmaslik ksrak, uni o’qistganda chalg’itib yuborish kerak», (Fussilat surasi, 41-oyat.) deyishdan uyalishmasdi. Ular ojizu notavonligini tan olmay: «Agar istasak Qur’onga o’xshagan cho’pchaklarni biz ham to’qiy olamiz», (Anfol surasi, 8-oyat.) deya katta kstishardi. Olloh taolo ularga javoban: «Qur’ondagidek gaplarni sira ham tuza olmaysizlar», (Baqara surasi, 24-oyat.) deydi. Chindan ham Qur’onga o’xshagan mo’jizani barpo etishga hech kim qodir emas.

Musaylimadek ayrim nodonlar bunga urinib ko’rgan bo’lishsa-da, alaloqibat sharmandasi chiqdi. Olloh taolo ularni Qur’onga taarruz qila oladigan quvvatdan mahrum etdi. Ular Qur’onning uslubi o’zlarining gapirish uslublariga o’xshamasligini, bu favqulodda ilohiy mo’jiza ekanini bila turib, rad etishdi. Qur’oni Karimdagi Baqara surasining 179-oyatida: «Qasos olinsa, sizlar tirik qolasizlar» (qotib o’ldirilsa, qon to’kishga jur’at etadigan zolimlar qolmaydi, boshqalar bexavotir yashaydi manosida), Sa’ba surasining 51-oyatida: «Ularni vahm bosgan, ular qochgani joy topolmay (yurishganini) ko’rasan, ular do’zaxga yaqin joyda ushlanadi», Fussilat surasining 34-oyatida: «Yomonlikka yaxshilik bilan taqobil turgin, shunday qilsang senga adovati bor odam do’stingga aylanadi», Xud surasining 44-oyatida: «Zaminga suvingni yut! Osmonga suvingni to’xtat!» deyildi. Suv tortildi, Ollohning hukmi ijro etildi. Kema Judi tog’ining ustida to’xtadi. Zulm qilgan qavm halok bo’lsin deyildi», Ankabut surasining 40-oyatida: «Har bir qavmni uning qilgan gunohi tufayli halok etdik. Ba’zisiga tosh yog’dirdik, ba’zisini qattiq ovoz bilan halok qildik, ba’zisini yerga yuttirdik, ba’zisini suvga g’arq etdik; Olloh ularga zulm qilmadi, (aksincha) ular o’zlariga o’zlari zulm o’tkazishdi», kabi oyatlarning, umuman, Qur’ondagi boshqa ko’pgina kalomlarning ustida fikr yuritsak, Quronning haqiqat ekanini, jumlalari qisqa, ma’nosi esa teranligini, gaplarining chiroyli tuzilib, so’zlarning o’z o’rnida ishlatilganini, har bir iboraning tagida juda ko’p ma’nolar yashiringanini, ulardan foydalanib talay kitoblar yozilganini, turli hikmatlar kashf etilganini anglyash mumkin. Odamda notiqlar ojiz qoladigan, bayoni zerikarli tus oladigan avval o’tgan ummatlarning hayoti haqidagi Yusuf qissasidek uzun asarlarda so’z-iboralar, bayon shu qadar omuxta bo’lib kstganki, ozgina mulohaza yuritgan kishi Qur’onning faqat o’ziga xos san’at durdonasi ekaniga yana bir karra ishonch hosil qiladi Garchand Qur’ondagi ayrim qissalar juda ko’p takrorlansa-da, bayon etilish usuli bo’lakchaligi, so’zlarning jarangdorligi, jumlalarning ixcham va sermazmunligi bilan alohida ajrab turadi, shu bois bu takror kishiga aslo zerikarli tuyulmaydi.

Ikkinchisi: Qur’onning shaklan chiroyli, betakrorligi, arab tili uslubiga o’xshamaydigan boshqa bir uslubda yaratilganligidir. Islom dinidan avval ham, keyin ham bunday uslub dunyoga kelgan emas. Uning o’xshashini o’ylab topishga hech kim erisholmadi, Qur’onning uslubi arablarni hayronu lol etdi, so’zga chechan arablar xoh nasrda, xoh nazmda, xoh qofiyali so’z o’yinida bo’lsin Qur’ondagidek uslubni o’ylab topisholmadi. Qur’on fasohat jihatdan ham, uslub jihatdan ham mo’jiza bo’lib, arablar har ikkala jihatdan unga taqobil turishga qodir emasdi.

Uchinchisi: Qur’ondagi bo’lg’usi ishlar haqida oldindan berilgan xabarlardir. Qur’onda aytilgan bashoratlar vaqti-soati bilan amalga oshgan. Masalan: «Fath surasining 27-oyatida: «Inshoalloh, masjidi haromga albatta sog’-salomat kirasizlar», deyilgan. Shuningdek, Rum surasining 3-4 oyatlarida rumliklar haqida: «ular mag’lubiyatga uchragandan keyin bir necha yil o’tgach, g’olib bo’lishadi», deyiladi. Yoki Saf surasining 10-oyatida «Olloh Islom dinini barcha dinlardan ustun qiladi», deyiladi. Nur surasining 55-oyatida esa: «Olloh orangizdagi imon keltirgan va yaxshi ishlarni amalga oshirgan kishilarni ham ulardan avval o’tganlarni yer yuziga hukmron qilgandek albatta hokim etajagini, ular tanlagan dinni esa mustahkamlayajagini va ularning qo’rquvini omonlikka aylantirib berajagini va’da qildi». Nasr surasining 1-2 oyatlarida: «Ollohning yordami va g’alaba yetib kelgan paytda odamlarning gurros-gurros Islom diniga kirishganini ko’rasan» deya ishontiriladi. Yuqoridagi oyatlarda bayon etilgan bashoratlar aynan ro’yobga chiqdi: rumliklar forslar ustidan g’alaba qozonishdi, odamlar gurros-gurros Islom diniga kirishdi, musulmonlarning zamini kun sayin kengayaverdi, bir tomoni G’arbdagi Andalusiya (Ispaniya) ning chekka o’lkalarigacha, Sharqda Hindistonning eng ichkarisigacha, Shimolda turklar yurtigacha, Janubda Sudanning barcha shahar, qishloqlarigacha keng quloch yoydi.

Parvardigori olam Hijr surasining 10-oyatida: «Biz chindan ham Qur’onni nozil qildik va uni albatta asraymiz», degan va’dasi xudoga shukrki, chindan ham amalga oshdi. Olloh taoloning Makkada nozil bo’lgan Qamar surasining 45-oyatida: «Mushriklar jamoasi mag’lub bo’lib, orqaga chekinadi», degan va’dasi keyinchalik Badr g’azotida amalga oshdi. Bu oyat esa Makkada nozil bo’lgan edi. Tavba surasining 14-oyatida: «Mushriklar bilan urushinglar, Olloh sizlarning qo’lingiz orqali ularni jazolaydi», deyilgan.

Munofiqlarning va yahudiylarning sir-asrori, yolg’onliklari haqida xabar berilib, fosh etiladi; Masalan, Qur’ondagi Mujodala surasining 8-oyatida bu kimsalar haqida: «Ular o’zicha bu so’zimiz uchun nega Olloh bizga azob bermaydi, deyishadi», deyiladi. Shuningdek Oli Imron surasining 154-oyatida: «Senga oshkor etmaydigan so’zlarini ko’nglida pinhon tutishadi», deyiladi. Niso surasining 46-oyatida esa «Yahudiylar orasida so’zlarning o’rnini o’zgartirib yuboradiganlari ham bor. Ular: «Eshitdik, lekin bo’ysunganimiz yo’q, (sen bizga) quloq sol, (biz senga) quloq solmaymiz, deyishadi. Dinni masxaralash uchun roino so’zini tillarini aylantirib, buzib talaffuz etishadi», deyiladi.

To’rtinchisi: Qur’onda o’tmishdagi nom-nishonsiz yotgan ummatlar, izsiz yo’qolgan shariatlar haqida ma’lumot beriladi. Ilgari biror qissani ahli kitoblarning umrini ilm-ma’rifatga bag’ishlagan ulkan olimlargina bilishardi, Muhammad alayhis-salom esa bunday qissalarni asli qanday bo’lsa, shundayligicha aytib berardilar. Nasoro va yahudiy olimlar u kishining hikoyasi rostligini e’tirof etishardi. Rasululloh bu ma’lumotlarga o’rganish orqali erishmaganlar. Payg’ambar alayhis-salom ummi edilar, maktab ko’rmaganlari, na o’qish, na yozishni bilishlari, ilm-urfon bilan shug’ullanish imkoniga ega bo’lmaganliklari nasoro va yahudiylarga yaxshi ma’lum edi. Ahli kitoblar rasululloh avval o’tgan payg’ambarlarning qissalari, olamning yaratilishi va ilgarigi muqaddas kitoblarda yozilgan narsalar haqida ko’p narsalarni so’rab-surishtirishar, bu savollarga Qur’on orqali javob berilardi, so’rovchilar bu javoblarni rad etisholmas, ularga qoyil qolmay ilojlari yo’q edi. Shuningdek biron kimsa bu javoblarni muqaddas kitoblarga xilof keladigan joyi borligini aytgan emas. Hatto ularni koyib, Oli Imron yeurasining 93-oyatida: «Agar rostgo’y bo’lsanglar Tavrotni keltirib o’qib ko’ringlar», degin» deyilganda ham uni inkor etisholmagan.

Ollohning Baqara surasidagi 94-oyati orqali ahli kitobga murojaati ular payg’ambar alayhis-salomning so’zlari rostligini bilajagini ko’rsatib turibdi: «Jannat boshqa kishilarga emas, faqat sizlargagina xos ekan, agar rostgo’y bo’lsanglar o’limni orzu qilib ko’ringlar-chi». Bu kimsalar sira ham o’lishni istamasligi Baqara surasining 95-oyatida aniq-ravshan bayon etiladi: «Ular o’z qilmishlari tufayli aslo o’limni orzu qilishmaydi». Bu kimsalar loaqal til uchida bo’lsa-da, o’limni orzulashganini birov eshitgan emas. Vaholanki, ular payg’ambar alayhis-salomni yolg’onchiga chiqarishni juda ham istashardi. Rasululloh Najron nasorolarini o’z gaplarining rostligiga qasam ichishni buyurganlarida bosh tortishgan edi.

Qur’on inson so’zi emasligining yana bir isboti shuki, Ollohning oyatlarini eshitgan kishi qattiq mutaassir bo’ladi; mushriklarga esa Qur’on tinglamoq mashaqqatli tuyular, to’g’rirog’i eshitishdan qo’rqishardi. Shu bois payg’ambar alayhis-salom: «Yoqtirmagan kishilarga Qur’on mashaqqatli tuyuladi», deganlar. Bu eng odil hukmdir. Mo’min odam Qur’on o’qiganda mutaassir bo’lishi Ollohning kalomiga ishtiyoqini yanada kuchaytiradi, imonini mustahkamlaydi. Olloh Taolo Zumar surasining 23-oyatida: «Qur’onni eshitganda xudodan qo’rqqanlarning badaniga titroq yuguradi, ular parvardigorning rahmat-mag’firatini eslaganida titrog’i bosilib, xotirjam bo’lishadi», deydi. Olloh Taolo Hashr surasining 21-oyatida esa: «Agar Qur’onni biron toqqa nozil etganimizda xudodan qo’rqqanidan tog’ning albatta bosh egib yorilib ketganini ko’rar eding», deydi. Qur’oni Karimning qiyomatgacha boqiy bo’lishi ham uning mo’jizalaridan biridir. Parvardigori olam uni o’zi asrayajagiga kafolat berib, «Biz chindan ham Qur’onni nozil etdik va muqarrar uni asraygaymiz», degan hamda: «Qur’onga hech qaysi jihatdan botil yuzlanmaydi», deya uqtirilgan.

Avval o’tgan payg’ambarlarning mo’jizalari o’z zamonasidayoq barham topib, bizgacha ularning faqat xabarlarigina yetib kelgan xolos. Qur’on esa to hanuz zavol topmay yengilmas bir qudrat namunasi bo’lib turibdi. Har bir asrda son-sanoqsiz tilshunos olimlar, usta notiqlar, mashhur yozuvchilar o’tgan, ularning orasida dahriylari, islomga ochiqdan-ochiq dushmanlik kayfiyatidagilari ham bor edi. Bunday shaxslar Qur’onga taqobil turadigan biron narsa kashf etisholgani yo’q, loaqal tilga olishga arzigudek ikki og’iz jumla tuzib, xudoning kalomiga tuzatish kiritisholmadi ham. Bunga urinib ko’rganlar esa chorasiz qolib, alalloqibat mag’lubiyatini sharmandalarcha tan olishga majbur bo’lishgan. Bu bobni payg’ambar alayhis-salomning Qur’oni Karim haqidagi muborak hadislarini naql keltirish bilan yakunlaymiz:

«Olloh nozil qilgan bu Qur’on yaxshi ishlarga undaguvchi, yomon ishlardan qaytarguvchidir, avvalgi payg’ambarlarning yo’li va ibratidir. Qur’onda sizlar haqingizda, o’tgan ummatlar to’g’risida va kelajakdagi ishlar xususida xabarlar bor, sizlarning orangizdagi ishlarni hal etguvchi hukmlar bor. Qur’on ko’p takrorlangani va ko’p istifoda etilgani bilan eskirib qolmaydi, Qur’onning mo’jizalari tugamaydi. Qur’on hazil emas, haq. Qur’on bilan gapirgan odam to’g’ri gapirgan bo’ladi. Qur’on bilan hukm qilgan odam odil hukm qilgan bo’ladi: Qur’onga tayanib urushgan odam zafar quchadi, Qur’onga binoan hukm chiqargan odam to’g’ri yo’l tutgan bo’ladi, Qur’onga amal qilgan odam savob topadi, Qur’onni mahkam ushlagan odam to’g’ri yo’lga yo’llanadi. Qur’ondan boshqa narsadan hidoyat kutgan odamni Olloh adashtiradi, Qur’ondan boshqa narsa bilan hukm chiqargan odamni Olloh halok etadi. Qur’on hikmatlar zikridir, ravshan nurdir, to’gri yo’ldir, Ollohning tiyran rishtasidir, shifobaxsh malhamdir. Qur’onning hukmini mahkam tutgan odamni u asraydi, unga ergashgan odam najot topadi. Qur’onda tuzatish lozim bo’lgan qing’irlik yo’q. Qur’on haqiqatdan yiroq ketmaydi, shu bois ayblashga, ta’na-malomatga uchramaydi».

Payg’ambar alayhis-salomning mo’jizalaridan yana biri oyning ikkiga bo’linishi edi, bu voqeani yuqorida batafsil bayon etganimiz uchun ortiqcha to’xtalib o’tirmaymiz.

Payg’ambar alayhis-salomning yana bir mo’jizalari barmoqlari orasidan suv chiqqani va uning barokati bilan suvning ko’payganidir. Bu g’aroyib voqeani Anas, Jobir hamda ibn Mas’ud kabi ko’pgina sahobalar rivoyat qilishgan. Anas: «Rasulullohni asr namoziga ozgina vaqt qolganda uchratdim. Odamlar tahorat olish uchun suv topolmay zir yugurib yurishardi. Rasululloh tahorat olinadigan bir idishni olib kelib, ichiga qo’lini tiqqan edi, barmoqlari orasidan suv qaynab chiha boshladi. Rasululloh tahoratga shu suvdan olishni buyurdi. Odamlar birin-ketin kelib, idishlarini to’ldirib ketaverishdi», deya hikoya qiladi. Undan tahorat olganlarning soni qanchaligi so’ralganda: «Uch yuzga yaqin odam edi», deb javob bergan.

Ibn Mas’ud: «Biz rasululloh bilan birga edik, ichishga suvimiz qolmadi. Shunda rasululloh bor suvni yig’ib kelishni buyurdi. Biz suvlarni yig’ib kelganimizda u kishi bir idishga quyib, qo’lini tiqqan edi, barmoqlari orasidan suv chiqa boshladi», deb eslaydi. Jobir: «Xudaybiya g’azotida odamlar tashnalikdan qattiq qiynalishdi. Rasulullohning oldida suv to’la kichkinagina mesh bor edi. Odamlar: Shu meshdagidan boshqa suv qolmadi, deb zorlanishdi. Rasululloh meshga qo’lini qo’ygan edi, barmoqlari orasidan xuddi buloqdek suv qaynab chiqa boshladi», deya hikoya qiladi. Jobir o’sha g’azotda bir yarim ming odam qatnashganiga guvohlik beradi. Ayni shu voqeani ko’pgina sahobalar rivoyat qilishgan. Buncha odam jam bo’lgan joyda biron kishining yolg’on to’qib chiqarishi mumkin emas, bordiyu yolg’on aytilgan taqdirda butun vujudiga rostgo’ylik singib ketgan sahobalar uni shu zahoti rad etishi muqarrar edi. Bu voqealarni aytganlar juda ko’p odamlarni guvoh keltirishadi, nomlari zikr etilgan sahobalar esa ularning hikoyasini inkor etishmaydi.

Rasulullohning sharofati bilan suv otilib chiqishi, u kishining qo’l tekkizishlari yoki duo o’qishlari bilan suvning ko’payishi ham mo’jiza. Muoz ibn Jabal Tabuk gazotida shunga o’xshash g’aroyib voqea yuz berganini hikoya qiladi: «Sahobalar bir joyga kelishsa, buloqning suvi haddan tashqari oz bo’lib, toshlar orasida yiltirab turgan ekan. Sahobalar suvni galma-gal hovuchlab olishgan, to yana suv yig’ilguncha kutishgan. Rasululloh buloqda bet-qo’llarini yuvgan zahoti buloqning ko’zi ochilib, biqirlab qaynay boshlagan, odamlar tashnaligi qonguncha ichishgan, ulovlarini sug’orishgan. Ibn Ishoq guvohlik bsrishicha, suvdan xuddi chaqmoq chaqqandek qarsillagan ovoz chiqib turgan. Rasululloh: «Ey Muoz, Xudo umr bersa, bu yerlarning bog’-bustonga aylanganini ko’rasan», deb bashorat qilganlar. Bu xususda Tabuk g’azoti bobida batafsil to’htaldik. Baro bilan Salama ibn Akva’lar rasulullohning duolari sharofati tufayli Hudaybiyadagi buloq suvi ko’payganligini rivoyat qili-shadi. Abu Qatoda rivoyat qiladi: «Bir safarda odamlar rasulullohga tashnalikdan shikoyat qilishdi. Rasululloh sopol obdasta so’ragan edi, men darrov topib keldim. Rasululloh uni qo’ltigiga qisib, jo’mragini og’ziga tutib, dam soldimi yoki biron boshqa narsa qildimi, bilmadim, sharillab suv tusha boshladi. Odamlar tashnaligini qondirib, idishlarini to’ldirib olishdi. Razm solib qarasam, sopol obdasta men keltirib berganimda qanday bo’lsa, shundayligicha turibdi. Lekin shu kichkinagina idish yetmish ikki odamni suv bilan ta’minladi.

Turli joy va turli vaqtlarda yuz bergan bunday voqealarni sahobalar ko’p rivoyat qilishadi. Roviylar rostgo’y, ishonchli odamlar bo’lishgani uchun bu gaplarning chinligiga zarracha shubha yo’q.

Rasulullohning birgina harakatlari va duolari bilan oziq-ovqatning barokatli bo’lib ketgani ham u kishining mo’jizalaridan biridir. Talxaning rivoyat qilishicha, rasululloh Anas qo’ltig’iga qisib kelgan bir nechta arpa non bilan yetmishdan ortiq kishini to’ydirganlar. Payg’ambar alayhis-salom nonlarni mayda ushatib, Olloh rozi bo’ladigan duolarni o’qib, dam solganlar.

Jobirning rivoyat qilishicha, Xandaq g’azotida rasululloh uch kilogrammga yaqin arpayu bitta uloqchaning go’shti bilan ming odamga yetadigan ovqat tayyorlatganlar. Jobirning aytishicha, o’sha kuni odamlar to’yib ketganidan ovqat ortib qolgan, hatto ortgan xamirdan non ham yopishgan. Payg’ambar alayhis-salom xamir bilan qozonga dam solishlari tufayli hamma narsaga beadad baraka kirgan. Abu Ayyubning rivoyat qilishicha, u rasululloh bilan Abu Bakr ikkalasiga loyiq ovqatii pishirgan. Payg’ambar alayhis-salom mana shu ovqatni bir yuz sakson kishiga yetkazganlar. Shunga o’xshash voqealarni Abdurahmon ibn Abu Bakr, Salama ibn Akva’, Abu Hurayra, Umar ibn Xattob, Anas ibn Molik kabi sahobalar ham rivoyat qilishadi.

Yog’ochning rasulullohni sog’inib nola qilgani ham u zoti muborakning mo’jizalaridandir. Jobir ibn Abdulloh: «Masjidning xurmo yog’ochidan qilingan ustuni bor edi. Rasululloh shu ustunga suyanib xutba o’qirdilar. Minbar yasalib, xutba minbarda o’qiladigan bo’lgach, ustun xuddi jonli hayvondek nola qilganini eshitganmiz», deya hikoya qiladi. Anasning rivoyat qilishicha, ustunning faryodidan masjidning devorlari zirillab ketgan. Sahlning aytishicha, bu ovozni eshitgan odamlar o’zlarini tutolmay yig’lab yuborishgan. Muttalibning xotirlashicha, ustun tars yorilib ketgan. Rasululloh kelib silab qo’yganlaridan keyingina jimib qolgan. Payg’ambar alayhis-salom: «Bu ustun Ollohning zikridan judo bo’lgani uchun nola qildi. Xudo haqqi, agar uni ushlab olmasam ustun to qiyomatgacha faryod urar edi», deganlar. Rasulullohdan ayrilganiga chidolmay nola qilgan ustun u kishining amriga binoan minbarning ostiga ko’milgan. Boshqa sahoba va tobeinlar (sahobalarni ko’rganlar) shunga o’xshash ko’pgina g’aroyib voqealarni hikoya qilishadi.

Xasta va mayib-majruhlarni davolaganlari ham rasulullohning o’zlariga xos mo’jizalaridir. Uhud g’azotida Qatoda ibn No’monning ko’zi qinidan chiqib ketdi, rasululloh uni kosasiga solib qo’yishi bilan asl holiga kelib qoldi. Ziq irid g’azotida Abu Qatodaning yuziga o’q tegib, jarohatlandi, rasululloh dam solib qo’yishlari bilan darrov jarohati tuzaldi. Terlama kasaliga chalinganda ibn Muloib Asinna darrov rasululohga xabar yubordi. Payg’ambar alayhis-salom bir chimdim tuproqqa dam urib xabarchiga tutqazganlar. Xabarchi rasululloh meni mayna qildilar, degan o’yda dili og’rib iziga qaytgan. Dardi og’irlashib, isitmadan alahsirab yotgan Asinna u olib kelgan tuproqni og’ziga solishi bilan birdan yengil tortib, dardi arigan. Xaybar g’azotida hazrati Alinnig ko’zi og’riganda, rasululloh hech qanday dori-darmonsiz uni tuzatib yuborganlarini yuqorida bayon etib o’tdik. Bunday hayratomuz voqealarni sanab sanog’iga yetib bo’lmaydi. Ularni Islom olamidagi ko’pgina mo’tabar olimlar rivoyat qilishgani uchun qalbida imoni bor odamlar hech ikkilanmay ishonadilar.

Qilgan duolarining ijobat bo’lishi ham payg’ambar alayhis-salomning mo’jizalaridandir. Anas ibn Molik: «Onam Ummu Sulaym, ey rasululloh, xizmatching Anasni duo qilgin, deb o’tinganida sarvari olam, ey Olloh, Anasning mol-mulki bilan bolalarini ko’p va barokatli qilgin, deya duo qilgan. Shuning uchun mening molim ham, bolalarim ham ko’p. Bola-chaqam bilan nevaralarim yuzga yaqin», deya xotirlaydi. Rasululloh Abdurahmon ibn Avfni ham mol-mulki ko’payishini tilab duo qilganlar. Abdurahmon vafot etganda, to’rt xotinining har biriga sakson ming dinordan meros tekkan. Abdurahmon ibn Avf tirigida yetti yuz tuyadan iborat bir savdo karvonini mol-mulki, asbob-anjomi, hatto tuyalari bilan qo’shib sadaqa qilib yuborgan.

Rasululloh Muoviyani yer yuzida qudratli bo’lishini duo qildilar. U xalifalik martabasiga erishdi. Rasululloh Sa’dga duosi ijobat bo’linishi tilaganlari uchun u kimni duo qilsa, duosi albatta ijobat bo’lardi. Rasulullohning Umar ibn Xattob orqali Islomga quvvat berishini so’rab Xudoga iltijolari ro’yobga chiqqanini yuqorida bayon etdik. Payg’ambar alayhis-salom Abu Qotadani: «Olloh senga najot bersin, badaningdagi soch va tuklaringni barokatli qilsin», deya duo qildilar. Duoning sharofati bilan abu Qatoda yetmish yil umr ko’rdi, dunyodan xuddi o’n besh yashar boladek navqiron bo’lib o’tdi.

Olloh taoloning rasulullohga kelajakda bo’ladigan nshlarni asn etganligi hammaga ma’lumdir. Huzayfa rivoyat qilib: «Rasululloh bir joyda turib to qiyomatgacha bo’ladigan ishlarni bir-birlab so’zlab bergan. Ba’zilar bu gaplarni eslab qolishdi, ba’zi birovlar esa unutib yuborishdi, Rasululloh aytgan ishlarining birontasi yuz bersa hamrohlari xuddi anchadan beri ko’rmagan tanish odamini uchratgandek quvonib ketishardi. Rasululloh to qiyomatgacha dunyoga kelib fitna-fasodlarga bosh bo’ladigan uch yuzdan ortiq odamning ism-sharifini hamda qabilasini bir-birlab tilga olgan edi», deydi. Ishonchli hadis kitoblarning mualliflari va hadis ilmining peshvolari rasulullohning dushmanlari ustidan g’alaba qozonajaklari, Makka, Baytulmuqaddas, Yaman, Shom va Iroqlarning fath etilishi, tinchlik barqaror bo’lishi sharofati bilan ayollarning Ollohdan boshqa hech kimdan xavfsiramay Hirodan Makkagacha yolg’iz safarga chiqishlari, Madinaning dushmanlar hujumiga uchrashi, ertasigayoq Xaybar Ali qo’mondonligidagi qo’shin tomonidan fath etilishi, ummatlar Ollohning madadi bilan dunyoning ko’p joylarini egallab, had-hisobsiz mol-dunyoni qo’lga kiritishlari, Kisro, Qaysarning xazinalari bo’lib olinishi haqidagi bashoratlarni keltirib o’tishadi. Ularning bir qismini hamda Qurayunda zikr etilganlarni biz ham o’z kitobimizda aytib o’tdik.

Payg’ambar alayhis-salomga yovuz kimsalarning su’iqasdlari, ziyon-zahmatlaridan asrash uchun Ollohning ko’rsatgan iltifotlari ham rasulullohning mo’jizalari sirasiga kiradi.

Parvardigori olam Moida surasining 67-oyatida o’z rasuliga: «Olloh seni odamlarning dushmanligidan asraydi», deydi. Tur surasining 48-oyatida esa: «Rabbingning hukmiga sabr qil, sen bizning himoyamizdasan», deyiladi. Zumar surasining 36-oyatida esa: Bandasiga Olloh kifoya emasmi?» deya ta’kidlanadi. Hijr surasiining 95-oyatida: «Biz seni masxara qilguvchilarning ta’zirini berib qo’yamiz», deyiladi. «Seni Ollohning o’zi asraydi», degan oyat nozil bo’lgach, rasululloh qo’riqchilariga: bo’ldi, ketaveringlar, meni Ollohning o’zi asraydi, deya javob berib yuborganlar. Dusur payg’ambar alayhis-salomni o’ldirmoqchi bo’lganda, yaratgan egamning o’zi asragani, Abu Jahlning juda ko’p su’iqasdlaridan saqlagani, Madinaga hijrat qilgan kunlari Ollohning sarvari olamga iltifotlar ko’rsatgani, yo’lda Suroqa bilan yuz bergan hodisani yuqorida aytib o’tdik.

Payg’ambar alayhis-salom Makkada ashaddiy dushmanlari orasida o’n uch yil yashadilar. Yigirma uch yil mobaynida biron g’anim u kishiga hech qanday ziyon-zahmat yetkazolmadi. To Islom dini g’alaba qilib, takomilga yetguncha Olloh taolo sarvari olamni o’z hivzu himoyasiga olib asradi. Buning uchun yaratgan egamizga hamd aytamiz va shu bilan uning ne’matlariga erishajakmiz. Olloh taolo ko’p hamd aytuvchilardan muruvvatini darig’ tutmaydi. Bu kitobni sabr-toqat bilan o’qib chiqqanlarni Olloh taolo rasululloh alayhis-salomga ergashuvchilar safidan joy olishini muvaffaq etsin!

Sayyidimiz Muhammad alayhis-salomni, u kishining oilasini, sahobalarini, do’stlarini Olloh taolo rahmat qilsin! Omin!

islom.ziyouz.com/siyrat/payg-ambar-alayhis-salomning-mo-jizalari

17 комментариев к “Payg’ambar alayhis-salomning mo’jizalari”

  1. Уведомление: Chaturbate Dads Tumblr

  2. Уведомление: สล็อตวอเลท

  3. Уведомление: maxbet

  4. Уведомление: mossberg 940 pro tactical for sale

  5. Уведомление: advice

  6. Уведомление: best passive income ideas

  7. Уведомление: navigate to this web-site

  8. Уведомление: Where to buy DMT Melbourne

  9. Уведомление: Buy DMT Online Discreetly

  10. Уведомление: toronto weed delivery

  11. Уведомление: look what i found

  12. Уведомление: see page

  13. Уведомление: visit this web-site

  14. Уведомление: 무료 다시보기

  15. Уведомление: calm music

  16. Уведомление: Купити віагру в Інтернеті

  17. Уведомление: click over here

Комментарии закрыты.