Peritonit

DO`STLARGA ULASHING:

Peritonitda qorin boʼshligʼi devorini va unda joylashgan aʼzolar – meʼda, jigar, ichaklarni qoplab turadigan yupqa parda (qorin pardasi) yalligʼlanadi. Koʼpincha yalligʼlanish kasalliklar (masalan, oʼtkir xoletsistit, adneksit, appenditsit) qoldirgan asoratlar sifatida namoyon boʼladi. Qorin boʼshligʼiga yiring hosil qiluvchi mikroblar tushishi natijasida ichki aʼzolar zararlanadi.
Meʼda va oʼn ikki barmoq ichakning yara tufayli yorilishi yoki churraning qisilishi ham baʼzan peritonitni keltirib chiqaradi. Sababi nomaʼlum boʼlgan peritonitlar ham uchraydi. Bunday vaqtda bemorni sinchiklab tekshirish evaziga xastalikni keltirib chiqargan omillar aniqlanadi. Unutmaslik kerakki, bolalarda aksariyat hollarda peritonit koʼrichak yorilib ketgani evaziga yuz beradi.
Shuningdek, kichik yoshli qizaloqlarda diplokokkli peritonit deb atalmish oʼziga xos kasallik ham kuzatiladi. Kasallik qorinning pastki qismida qoʼqqisdan kuchli ogʼriq paydo boʼlishi, tana haroratining koʼtarilishi, bir necha martalab qusish, baʼzan ich ketishi bilan namoyon boʼladi. Qizaloqning umumiy ahvoli yomonlashadi, u yigʼlab bezovtalanadi, tinimsiz ingraydi. Ogʼirroq holatlarda qorin sohalarida, ayniqsa, pastki va oʼng tomonida kuchli ogʼriq, mushaklar taranglashishi kuzatiladi.
Peritonitda uchta asosiy bosqich farqlanadi:
Reaktiv bosqich (xastalik boshlanganidan 24 soatgacha);
Toksik bosqich (xastalik boshlanganidan 48 soatgacha)
Terminal bosqich (xastalik boshlanganidan 72 soatgacha).
Reaktiv bosqichda bemor ahvolining yomonlasha borishiga qaramasdan organizmning zaxiraviy kuchlari safarbar etilib oʼziga xos kurash olib boradi. Toksik bosqichda organizm zaxiraviy kuchlari zaiflashadi va zaharlanish belgilari namoyon boʼladi. Terminal bosqichda zaharlanish oliy nerv faoliyatiga taʼsir koʼrsatishi hisobiga umumiy ahvol oʼta ogʼirlashadi. Barcha aʼzo va tizimlar faoliyati susaya boshlaydi. Qorin qappayib, ichak tutilishi alomatlari paydo boʼlishi mumkin. Bemorga zudlik bilan tibbiy yordam koʼrsatilishi shart.
Peritonit, ayniqsa, erta yoshli bolalarda jadal rivojlanib, ogʼir kechadi hamda oʼz vaqtida tashxis qoʼyilmasa oqibati ayanchli kechadi. Qorin pardasining yiringli yalligʼlanishi (peritonit)da operativ davo, yaʼni jarrohlik amaliyoti qoʼllaniladi. Bunda qorin old devori kesilib, qorin boʼshligʼini dori-darmon bilan yuvish uchun naychalar qoldiriladi. Bemor operatsiyadan soʼng bir-ikki hafta shifokorning qatʼiy nazoratida boʼladi. Аslida har qanday dardni ham davolagandan koʼra, oldini olgan maʼqul. Kasallik boshlanishida tibbiyot muassasalariga qancha erta murojaat etilsa, davo natijalari shunchalik xayrli yakun topadi.
Nilufar SOBIRJONOVА, mutaxassis.

Оставьте комментарий