Qoʼllar parvarishining 5 siri

DO`STLARGA ULASHING:

Sogʼlom va chiroyli qoʼllarga ega boʼlishni kim xohlamaydi deysiz. Kundalik hayotimizdagi yumushlar natijasida esa koʼproq bu holatning aksiga guvoh boʼlamiz. Аmmo, har bir ayol kishi goʼzal boʼlishga haqli, buning uchun ozgina harakat, xohish va toʼgʼri maslahatlar zarur!
Chorasi
Uy yumushlarini bajarayotganingizda himoya qoʼlqopini kiyishni kanda qilmang. Pardoz qurollaringiz orasidan qoʼl uchun moʼljallangan namlantiruvchi va yumshatuvchi, tarkibida yogʼ va oʼsimlik ekstrakti boʼlgan kremlar ham oʼrin olsin. Ulardan har kuni, qutisida koʼrsatilgan vaqtda muntazam foydalanish maqsadga muvofiq.
Qoʼl terisida muammolar sababi nimada?
Qoʼl terisida yuzdagi kabi yogʼ qatlami boʼlmaganligi sababli, vaqt oʼtgani sayin quruqlashib boraveradi va natijada tez shikastlanadigan boʼlib qoladi. Qoʼl terisining birinchi raqamli dushmani — xlorli, qattiq vodoprovod suvi hisoblanadi. Tarkibida triklozan boʼlgan, bakteriyalarga qarshi kurashuvchi turli gigienik sovunlar, kundalik turmushimizda qoʼllaniluvchi tozalash vositalarining deyarli barcha turdagisi qoʼl terisining taʼsirchan va nozik qismi-elastik himoya qatlamini quritib yuboradi.
1. Tuxum va asalli niqob: 1 dona tuxum sarigʼiga 1 choy qoshiqdan asal va suli uni solib, smetanaga oʼxshash massa hosil boʼlgunicha aralashtiramiz. Tayyor boʼlgach, qoʼlga suramiz.
Qoʼllanilish muddati: 15-20 daqiqada.
Taʼsiri: terini yumshatib, ajinlarni bartaraf etadi.
2. Tirsaklar uchun: 1 choy qoshiqdan mayda tuz, qaymoq, limon sharbati, 0,5 choy qoshiq ichimlik sodasi, 1 choy qoshiq vodorod peroksidi. Masalliqlarni yaxshilab aralashtirgach, tirsaklaringizga surib, sellofan paket bilan oʼrab qoʼying.
Muddati: 45 daqiqa.
Taʼsiri: quruqlashgan hamda dagʼallashgan tirsak terisini sogʼlom holatga qaytaradi.
3. Oqartiruvchi: bir boʼlak non magʼzi iliq sutda ivitiladi. Аralashmani qoʼl terisiga surib, muammoli joylarga ishqaymiz. Shu oʼrinda limon ham oqartiruvchi xususiyatga egaligini eslatib oʼtmoqchimiz.
Muddati: 20 daqiqa.
Taʼsiri: yoriqlarda toʼplanib qolgan kirlarni yoʼqotib, terini tiniqlashtiradi.
4. Mayonezli niqob: biroz miqdorda mayonez olib, qoʼllaringizga suring va ustidan matodan ishlangan qoʼlqop kiyib oling.
Qoʼllanilish vaqti: 30 daqiqa.
Taʼsiri: terini oziqlantirib, yumshatadi.
5. Glitserinli: 1,5 osh qoshiq suli uni, 1 osh qoshiq issiq suv, shuncha zaytun yogʼini yaxshilab aralashtiramiz. Аralashmaga 1 osh qoshiq limon sharbati va 1 choy qoshiq glitserin qoʼshamiz.
Qoʼllash muddati: 15 daqiqa.
Taʼsiri: qoʼl terisini shoyi kabi silliq qiladi.
Tirnoqlarni parvarishlaymiz
Bu borada qilish lozim boʼlgan quyidagi tavsiyalarni berib oʼtamiz:
Oziqlantirish. Tirnoqlar sinuvchanligini bartaraf etish uchun ularni turli yogʼ va kremlar bilan muntazam oziqlantirib turish lozim. Ular ichida eng samaralisi zaytun yogʼi hisoblanadi.
Tuz va yod ham tirnoq salomatligi va chiroyli koʼrinishi garovidir. 1 stakan suvga 1 osh qoshiq tuz va bir necha tomchi yod qoʼshib, aralashtiring. Suyuqlikka paxtani botirib, tirnoqlaringizni artib chiqing. Bu muolajani har kuni bajarib turish tirnoqlar qavat-qavat boʼlib ajralib qolishining oldini oladi.
Yengil uqalash — tirnoq osti tomirlarini harakatga keltiradi, ularning yaxshi oʼsishini taʼminlab, mustahkamligini oshiradi. Eng asosiysi, bu ish sizdan koʼp vaqt ham, kuch ham talab qilmaydi.

Оставьте комментарий