Salmon Forsiy

DO`STLARGA ULASHING:

Salmon bizning ahlimizdan.
Muhammad Rasululloh
Bu qissamiz mutlaq haqiqatni qidirgan, nuri ilohiyni izlagan inson haqida….Salmon al-Forsiy roziallohu anhu qissasi. Uning tafsilotlarini gapirib berishni qahramonimizning o’ziga havola qilamiz. Har holda, hikoyani boshidan kechirgan odamning o’z og’zidan eshitish ishonchli, ham maroqlidir.
Salmon hikoyasi:
— Men Isfahonning Jabbon deb ataladigan qishlog’ida yashovchi forslardan edim. Otam qishloqning duhqoni (kadxudo, rais) bo’lib, mansabiga yarasha obro’-e’tibor va molu-davlatga ega edi. Meni jonidan ham ortiq ko’rar, yeru ko’kka ishonmasdi. Uzoqqa ketishimga aslo ruxsat bermas, hatto ba’zan uyga qamab, ustimdan qulflab qo’yardi. Men majusiylikka qattiq berilgandim. Shu sadoqatim uchun bizlar ibodat qiladigan olovdan ko’z-quloq bo’lib turish, uni muttasil, kechayu kunduz, bir laxza ham o’chib qolmasdan gurillab yonishini ta’minlash menga yuklatilgan edi.
Bizning katta yerimiz bo’lib, unda g’alla yetishtirilardi. Ekin-tikin, yig’im-terim mavsumlarida otam, asosan, dalada bo’lardi. Bir kuni otamning qishloqdagi ishlari ko’payib, hech qayoqqa chiqolmaydigan bo’lib qoldi. Meni chaqirib:
— O’g’lim, men bugun dalaga borolmayman. O’rnimga sen borib, yo’qligimni bildirmay tur, — dedi.
Men yerimizgi jo’nadim. Yo’lda nasroniylar kanisasi bor edi. Uning yonidan o’tayotib, ichkaridan har xil ovozlarni eshitdim. Bu tovushlar mening e’tiborimni tortdi.

Men otamnimg mehribonligi, ilgari ko’chaga hech chiqarmagani uchun ko’p narsalardan, jumladan, nasroniylik. va boshqa dinlardan ham bexabar edim. Kanisadan chiqayotgan ovozlar nimani anglatishini bilishga qiziqib, ichkariga kirdim. Nasroniylar ibodati menga yoqdi. O’zimda bu dinga rag’bat sezib:
— Хudoga qasamki, ularning dini biznikidan yaxishiroqdir, — dedim.
O’sha kuni to quyosh botguncha butxonada bo’ldim. Dalaga ham bormadim: Ketar chog’i:
— Diningizni asli qayerda? — deb surishtirdim. Menga «Shomda», deb javob berishdi.
Kechkirib, uyga borganimda otam dalada nima ishlar qilganimni so’radi.
— Ey ota, men kanisada bir necha ibodat qilayotgan odamlarni ko’rib qoldim. Ularning dini menga yoqdi. Тo kechgacha o’shalar bilan bo’ldim, — dedim men.
Otamning ko’zlari ola-kula bo’lib ketdi.
— O’g’lim, esingni yig’. U dinda yaxshilik yo’q. Ota-bobolaringdan qolgan o’z dining afzal, — dedi dahshatga tushib.
— Yo’q, qattiq turib oldim men, — ularning dini biznikidan ming marta yaxshi.
Qo’rqib ketgan otam meni dinlaridan voz kechishimdan xavfsirab, oyoqlarimga kishan urib, uyga qamab qo’ydi.

Men bir ilojini topib, nasroniylarga «Mabodo, ibodatxonangizdan Shomga ketayotagan karvon o’tib qolsa, menga xabar bering», deb odam jo’natdim. Ko’p o’tmay shunday xabar keldi. Men urinib-surinib, kishanni yechib tashladim. Hech kimga aytmasdan uydan chiqib ketdim. Karvonga yetib olib, ular bilan birga Shom shahriga jo’nadim. Manzilga yetiboq:
— Bu dinni eng yaxshi biladigan odam kim? — deb surishtirishga tushdim.
— Falon kanisaning usqufi (yepiskop) — dedilar menga.
Men o’sha odamni topib:
— Men nasroniylikni yoqtirib qabul qildim. Тoki dinni chuqurroq o’rganishim uchun ibodatlaringizda birga ishtirok etishimga, mulozimingiz bo’lib, xizmatlaringizni bajarib yurishimga ijozat bersangiz, — dedim.
Usquf rozi bo’ldi, oz fursat ichidayoq men uning yomon odam ekanini bilib oldim. U kishilarni sadaqaga buyurib, ulkan savoblar va’da qilar, qachonki ular biron narsani Хudo yo’lida infoq-ehson uchun tashlab ketsalar, hammasini o’ziga olib qo’yar, faqiru miskinlarga sariq chaqa ham bermasdi. Shu yo’l bilan yetti xum tillo to’plagandi. Men uni bu ishlari uchun qattiq yomon ko’rib qoldim. Shuning uchun usquf vafot etib, nasroniylar uning dafniga hozir bo’lganlarida barcha kirdikorlarini ochib tashladim.
— Sizning peshvoyingiz yaramas kimsa edi, — dedim ularga. — Sizni sadaqaga buyurardi, qiziqtirardiyu tushgan narsalarning hammasini o’zi uchun olib qo’yardi, muhtoju bechoralarga hech narsa bermasdi.
Ular menga ishonmasdan:
— Sen qayerdan bilasan? — deb so’rashdi.
Men «Yuring, sizlarga uning xazinasini ko’rsataman», dedim va ularga bo’g’zigacha limmo-lim tilloyu kumushlar bilan to’lgan yetti xum berkitilgan joyni ko’rsatdim. Nasroniylar yo’lboshchilaridan qattiq g’azablanishdi. Hatto ko’mishdan ham bosh tortib, tanasini daraxtga osib qo’yishdi. Bu ham yetmaganday jonsiz murdani toshbo’ron qilishdi.
Bir necha kundan so’ng yangi usqufni saylashdi. U dunyo matohlariga mutlaqo ko’ngilsiz, oxiratga nihoyatda muhabbatli, kechayu kunduz ibodat bilan mashg’ul shaxs edi. Men uni yoqtirib qoldim, qo’limdan kelgancha xizmatini qilib yurdim. Uning vafoti yaqinlashgach:
— Ustoz, meni kimga tashlab ketasiz? Sizdan keyin kimning xizmatida bo’lay? — deb so’radim.
— O’g’lim, menga o’xshagan odamlar qolmadi hisob. Ammo Mavsil degan joyda bir kishi bor. O’sha odam dinini mahkam tutib, o’zgartirmay kelyapti. O’shanga yo’liqqin, — dedi u.
Sohibim vafotidan so’ng mavsillik kishining oldiga bordim. Hamma sarguzashtlarimni so’zlab berib:
— Тaqsir, Falonchi sizning haq dinni mahkam tutganingizni xabarini berib, menga xizmatingizda bo’lishimni vasiyat qilib ketdi, — dedim.
U meni qabul qildi. Хizmatim davomida undan faqat yaxshiliklar ko’rdim, ammo ko’p o’tmay uning ham so’nggi soati yaqinlashdi. Ajali oldidan:
— Хudoning sizga bitgan qazosi kelib qolgan ko’rinadi. Siz mening nima maqsadda yurganimni bilasiz. Oxirgi maslahatingizni darig’ tutmang, kimga borib yo’liqay? — dedim.
— Bolam, — dedi u shivirlab, — xudo -haqqi, byzga o’xshagan odamlar judayam kamayib ketdi. Nassibiyndagi (hozirgi Тurkiya hududidagi qishloq nomi) Falonchi ismli kishiga yo’liq.
Dafn marosimini o’tkazib, Nassibiynga yo’l oldim. U yerdagi solih zotni topib, ko’rgan-kechirganlarim qatori ustozimning vasiyatini ham aytdim. U meni xizmatiga oldi va birga o’tkazgan vaqtimiz mobaynida o’zini xuddi avvalgi ikki birodari singari faqat yaxshi tarafdan ko’rsatdi. Unga ajali arafasida so’nggi savolim bilan murojaat etdim:
— Mening maqsadim sizga maxfiy emas. Qandoq maslahat berasiz?
— O’g’lim, bizning dinimizda ammuriyalik Falonchidan boshqa hech kim qolgani yo’q. O’shanga borib uchrash, — dedi u.
Men Ammuriyaga borib, o’sha kishiga shogird tushdim. Darhaqiqat. u avvalgi ustozlarimning yo’lida mustahkam edi. Uning xizmatida yurib, bir qancha sigir va qo’ylar orttirdim. Sohibimning kuni bitib, umri poyoniga yetib qolganida odat bo’lib qolgan savolimni berdim:
— Maqsadim sizga ayon. Nima qilay? Kimga shogird tushay?
— O’g’lim, xudo haqqi, Yer yuzida biziing dinimizni mahkam ushlagan bironta odam qolganini bilmayman… Lekin arablar yeridan chiqadigan bir payg’ambarning davri yaqin qoldi. U Ibrohimning dini bilan yuboriladi. O’z shahridan quvilib, xurmo daraxti ko’p ekiladigan, atrofi shamolda yemirilgan qora tog’ toshlari bilan qoplangan shaharga hijrat qiladi. Uning bir necha alomati bor-ki, ularni yodingda tut. Payg’ambar hadyani qabul qiladi, sadaqaga qo’l tegizmaydi. Ikki kuragining o’rtasida payg’ambarlik muhri bor. Agar men aytgan shaharning daragini eshitsang, borgin, — vasiyat qildi u.
Ustozimiing vafotidan so’ng Ammuriyada bir necha kun turdim. Arablarning Kalb qabilasilik tijoratchilari kelgach, ularga:
— Agar meni o’zingiz bilan arablar diyoriga olib ketsangiz, hamma sigir va qo’ylarimni beraman, — dedim.
Ular rozi bo’lishdi. Men kelishilgandek chorvalarimni berib, savdogarlar karvoniga qo’shildim. Vodil quroga (Madina va Shom o’rtasidagi vodiy) yetganimizda kalbiylar xiyonatga qo’l urib, meni qul sifatida bir yahudiyga sotib yuborishdi. Men uning xizmatini qila boshladim. Oradan bir necha kun o’tib, xojamning ziyoratiga kelgan banu qurayzalik amakivachchasi meni sotib oldi. Biz Yasribga jo’nab ketdik. U yerda ammuriyalik sohibim aytgan xurmolarni ko’rib, payg’ambar shahriga kelganimni bildim. Shundan keyin ko’nglim ancha ravshan tortdi. Payg’ambar bu paytda Makkada o’z qavmini islomga chaqirar, ammo men qullik taqozosi ila gardanimga yuklatklgan og’ir vazifalar bilan mashg’ul bo’lib, uning haqida hali eshitmagan edim.

Ko’p o’tmay payg’ambar Yasribga hijrat qildi. O’shanda men xurmo daraxtining tepasida shoxlarni butash bilan band edim. Хojam soyada o’tirardi. Shu payt yahudiylardan biri kelib:
— Alloh banu Qaylani (Madinada yashaydigan arablarning Avs va Хazraj qabilalari) halok qilsin. Bitta qolmasdan Makkadan kelayotgan, o’zini payg’ambar deb da’vo qilayotgan odamni kutib olish uchun Quboga chiqib ketishganini qarang,- deb qoldi.
Men bu xabarni eshitib, qattiq hayajonga tushdim. Хuddi bezgak tutgandek qo’l-oyoqlarim qaltirab ketdi. Agar daraxtda yana birpas turib qolsam, to’g’ri xojamning ustiga qulashimni bilib, shoshilinch pastga tushdim. Haligi yahudiyning oldiga borib:
— Nima deding? qaytar, nima deding? — deb takror-takror so’ray boshladim. Хojam qattiq g’azablandi. Boshimga zarb bilan bir musht tushirdi-da:
— Sening nima ishing bor, itvachcha? Chiq daraxtga, ishingni qil, — deb baqirib berdi.

Kech kirganda men yig’ib yurgan xurmolarimni bir idishga solib, payg’ambar tushgan manzilga jo’nadim. Uning oldiga kirib:
— Odamlarning aytishicha, siz solih inson ekansiz, tevaragingizdagi birodarlaringiz g’arib va hojatmand kishilar ekan. Men manavi xurmolarni sadaqa qilarman deb jamlab qo’ygandim. O’ylashimcha, bu sadaqaga boshqalardan ko’ra siz haqliroqsiz, — deb idishni uning oldiga qo’ydim.
U ashoblariga «Olinglar'», deb mulozamat ko’rsatdi, ammo o’zi qo’l uzatmadi. «Bu birinchi alomat», dedim o’zimcha men.
Bir necha kundan so’ng payg’ambar Qubodan Madinaga keldi. Bu muddat ichida men anchagina xurmo jamg’arib qo’ygandim. Fursat topib payg’ambarning oldiga bordim va xurmo idishni unga uzatib:
— Men sizning sadaqa yemasligingizga guvoh bo’ldim, ammo bu hadya, marhamat qilib, qabul eting, — dedim.
U xurmodan totib ko’rdi va ashoblarini ham yeyishga taklif qildi. «Bu ikkiichisi», deb quydim ichimda.
Musulmonlardan biri vafot etib, uni Dafn qilish uchun hamma mo’minlar Baqi’ul Ғarqad qabristoniga ketishganida men ham ularning orqasidan bordim. Payg’ambar mozor chetida ustiga yopinchiq yopinib o’tirardi. Men unga salom berib, ammuriyalik sohibim aytgan muhrni ko’rish ishtiyoqida orqa tarafiga o’tdim. Payg’ambar mening tikilib turganimni ko’rib, maqsadimni sezdi shekilli, yopinchng’ini sal pastga tushirdi… Ne ko’z bilan ko’rayki, uning ikki kuragi o’rtasiga muhr bosilgan.edi! Men o’zimni tutolmadim Allohning elchisini quchoqlab o’pib, yig’lay boshladim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Senga nima bo’ldi?- deb so’radilar.
Men boshimdan kechirgan sarguzashtlarimni oqizmay-tomizmay so’zlab berdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga mening hikoyam yoqdi. U kishi sahobalarga ham qismatimni gapirib berishimni buyurdilar. Mening ko’rgan-kechirganlarimni eshitgan ashoblar ko’p ibratlanishdi va shuncha ko’rgulikdan so’ng, nihoyat, haqqa erishganimdan bag’oyat sevinishdi.

Salmon al-Forsiyning Haqni qidirib, turli makonlarda sarson yurgan kunlari muborak bo’lsin!
Salmon al-Forsiyning Haqni topib, darhol iymon keltirgan kuni muborak bo’lsin!
Uning vafot etib, qayta tiriladigan kuni muborak bo’lsin!!!

Doktor Abdurahmon Ra’fat al-Boshoning  «Sodiq sahobalar qissasi» (Toshkent, “O’zbekiston”, 1997) kitobidan olindi.
Bu voqea hijratning beshinchi yili Handaq kuni bo‘lgan edi. O‘shanda yahudiy a’yonlaridan bir nechasi Makka tarafga yo‘lga chiqishdi. Ularning maqsadi — mushriklarni to‘plab, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) va musulmonlarga qarshi qabilalarni yig‘ish va bahamjihat bu yangi dinni ildizi bilan sug‘urib tashlaydigan hal qiluvchi jangda o‘zaro yordamga ahdlashish edi.
Xoinona jang rejasi tuzildi. Unga ko‘ra, Quraysh va G‘atafon qo‘shinlari Madinaga tashqaridan, Banu Qurayza esa ichkaridan, musulmonlar safi ortidan hujum qiladi. Shunda musulmonlar ikki tegirmon toshi orasida qolib, tayyor go‘shtga aylanadilar, ulardan faqat xotira qoladi!
Bu kun Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) va musulmonlar son jihatidan ustun va yakson qilishga qodir qurol-aslaha bilan Madinaga yaqinlashayotgan behisob qo‘shinning xabarini to‘satdan bilishdi. Musulmonlar nima qilishni bilmay qolishdi. Nogahoniy qo‘rqinchdan aqllari boshlaridan uchdi.
Qur’onda bu shunday tasvirlanadi: “O‘shanda ular sizlarning yuqori tomoningizdan ham, sizlardan quyiroq tomondan ham (bostirib) kelgan edilar. O‘shanda ko‘zlar tinib, yuraklar bo‘g‘izlarga tiqilab qolgan va sizlar Alloh haqida (turli) gumonlar qila boshlagan edinglar” (Ahzob, 10).
Abu Sufyon va Uyayna ibn Hisn boshchiligidagi yigirma to‘rt ming jangchi Muhammadga (sollallohu alayhi va sallam), diniga va ashobiga barham berish uchun qamal qilish, hal etuvchi zarbani urish maqsadida Madinaga yaqinlashayotgan edi.
Bu qo‘shin Qurayshning o‘zidangina iborat emasdi. Balki Islomda o‘ziga xatar ko‘rgan har bir qabila va manfaat Quraysh bilan birga edi. U Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) barcha g‘animlari — shaxslar, jamoalar, qabilalar va manfaatlarning oxirgi va hal qiluvchi urinishi edi.
Musulmonlar o‘zlarini juda qiyin holatda ko‘rishdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ashoblarini maslahat uchun yig‘dilar. Tabiiyki, mudofaa va urushning muhokamasiga yig‘ildilar, lekin qanday mudofaa?
Shunda uzun bo‘yli, sersoch, Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) cheksiz muhabbat va ehtirom ko‘rsatadigan bir kishi oldinga chiqdi…
Salmon Forsiy oldinga chiqdi va baland tepalik uzra Madinaga sinchkov nazar tashladi. Shahar atrofidan tog‘-toshlar bilan o‘ralgan, biroq g‘anim osonlik bilan himoyani yorib o‘tishi mumkin bo‘lgan keng va uzun bo‘shliq — tekislik ham bor edi. Salmon vatani Forsda bo‘lgani ko‘pgina jang vositalari va urush firiblari, hiylalaridan xabardor edi. U Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) arablar urushlarda oldin ko‘rmagan taklifni aytdi. Taklif Madina atrofidagi hamma ochiq joylarda haqdaqlar kavlashdan iborat edi.
Musulmonlar agar bu g‘azotda handaq qazishmaganida, Alloh biladi, boshlaridan ne ko‘rguliklarni o‘tkazishardi. Quraysh handaqni ko‘rib, kutilmagan bunday hiyladan esankirab qoldi. Qo‘shinlari Madinaga yorib kirishdan ojiz qo-lib, chodirlarida bir oy qolib ketishdi. Hatto bir kecha Alloh ularga juda kuchli shamolni yuborib, chodirlarini yer bilan yakson qildi va o‘zlarini par kabi to‘zg‘itib tashladi…
Abu Sufyon noumid, ezilgan va tinkasi qurigan holda qo‘shinga kelgan joyiga qarab jo‘nashni buyurib, qichqirdi.
* * *
Handaq qazishda Salmon g‘ayrat ko‘rsatayotgan musulmonlar safidan joy oldi. Rasululloh (sollallahu alayhi va sallam) ham qo‘llariga cho‘qmor olib, ular bilan barobar ter to‘kdilar.
Salmon sheriklari bilan ishlayotgan joyda uning cho‘qmori metin, sinmas toshga urildi. U zuvalasi pishiq, beli baquvvat kishi edi, kuchli qo‘llari bilan har zarba urganida xarsangtoshni maydalab tashlar, uning parchalari atrofga sochilar edi. Biroq bu toshning oldida u ojiz qoldi. Yonidagilar bilan birgalashib ham harakat qilib ko‘rishdi, ammo mashaqqatlari ziyoda bo‘ldi, xolos. Salmon Rasulullohning (sollalllohu alayhi va sallam) oldilariga borib, bu siljimas, qaysar xarsangga behuda kuch sarflamaslik uchun chuqurning yo‘nalishini o‘zgartirishga izn so‘radi.
Rasululloh (sollalllohu alayhi va sallam) o‘sha joy va toshni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish uchun Salmon bilan birga bordilar. Uni ko‘rgach, cho‘qmor keltirishni buyurdilar va ashoblaridan tosh parchalari otiladigan joydan bir oz uzoqroq turishni so‘radilar.
“Bismilloh”, deb, cho‘qmor tutgan ikki muborak qo‘llarini azmu quvvat bilan yuqori ko‘tarib, xarsangga zarba berdilar. Bir vaqt u darz ketib, yoriqlaridan ko‘zni qamashtiradigan alanga taraldi.
Buni ko‘rgan Salmon aytadi: “Alanga Madina atrofini yoritib yuborgan edi”. Rasul (sollallohu alayhi va sallam) takbir aytgan holda qichqirdilar: “Allohu akbar! Menga Forsning kalitlari berildi. Yorug‘likdan Hayrat qasrlari, Kisro mamlakatlari ko‘rindi. Albatta, ummatim ulardan g‘olib keladi!”
Uchinchi zarba urganlarida xarsang o‘zining taslim bo‘lganini ko‘rsatdi, kuchli va yorqin ziyosi bilan nur taratdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) va u kishi bilan birga musulmonlar quvonchdan takbir aytishdi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) ularga hozir Suriya, San’o va bir kuni kelib, osmonida Allohning bayrog‘i hilpiraydigan boshqa mamlakatlar qasr-larini ko‘rganlari xabarini berdilar. Musulmonlar komil imon bilan qichqirishdi: “Bu narsa bizga Alloh va Rasulining bergan va’dasi. Alloh va Rasuli rost so‘zlaydi!”
Salmon handaq qazishda maslahat sohibi bo‘ldi. Payg‘ambardan (sollalllohu alayhi va sallam) yordam so‘ragan paytida esa ba’zi g‘ayb, kelajak sirlarini ochib tashlagan xarsang sohibi bo‘ldi. Rasululloh (sollalllohu alayhi va sallam) yonlarida nurni ko‘ruvchi, bashoratlarini eshitib turuvchi baxtli zotlardan bo‘ldi.
Umri vafo qilib, bashoratlarni yashovchan haqiqat va hayotiy voqe’lik o‘laroq ko‘rdi. Fors va Rum mamlakatlarini ko‘rdi. San’o, Suriya, Misr va Iroq qasrlarini ko‘rdi.
Yer yuzining hamma tarafini titratgan muborak ovozning baland mevalaridan hidoyat va ezgulik nurlarini sochgan holda taralganini ko‘rdi!
* * *
Mana u, Madoindagi hovlisi oldida, tarvaqaylab shoxlagan, serbarg daraxt soyasida o‘tiribdi. Hamsuhbatlariga haqiqat yo‘lidagi ajoyib sarguzashtlarini, qanday qilib fors qavmi dinini tashlab, masihiylikka, undan so‘ng Islomga o‘tganini hikoya qilib beryapti.
Haqiqatni izlash yo‘lida qul bozorida qanday sotilganini…
Rasululloh (sollalllohu alayhi va sallam) bilan qanday uchrashib, qanday imon keltirganini… aytib bermoqda.
«Bir kuni oldimizdan karvon o‘tib qoldi. Mamlakatlari haqida so‘radim. Shunda ularning Arab jazirasidan ekanlarini bildim. Ularga: “Meni mamlakatingizga olib ketsangiz, evaziga sizlarga mana bu qo‘y-sigirlarimni beraman”, dedim. Ular: “Bo‘pti”, deyishdi.
To Vodial-Quro degan joyga yetib kelguncha ularga hamroh bo‘ldim. Va o‘sha yerda zulm qilib, meni bir yahudiyga sotib yuborishdi. Bu joyda ko‘pgina xurmolarni ko‘rdim. Menga tavsiflab berilgan, yaqinda kelishi kutilayotgan Payg‘ambar hijrat qiladigan shaharmikan, deya umid qildim. Lekin unday bo‘lib chiqmadi.
Meni sotib olgan kishining uyida qolib ketdim. Va nihoyat Bani Qurayzadan bo‘lgan bir yahudiy kelib, meni sotib oldi, so‘ng Madinaga olib ketdi. Allohga qasamki, ko‘rishim bilan menga tavsif etilgan shahar shu ekaniga imon keltirdim.
Men Bani Qurayzadagi xurmozorda ishlab, bu yahudiy bilan birga yashadim. Bu orada Alloh Rasulini yubordi va u Madinaga kelib, Bani Amr ibn Avfga qarashli Qubo degan yerga kelib tushdi.
Men bir kuni xurmo tepasida edim. Xo‘jayinim esa daraxt tagida o‘tirgan edi. Bir vaqt amakivachchalaridan bo‘lgan yahudiy bir kishi kelib unga xitob qildi: “Bani Qaylani Alloh halok qilsin, Makkadan kelib Quboda turgan kishini payg‘ambar deb o‘ylab, izzat ko‘rsatmoqdalar”.
Allohga qasamki, bu so‘zlarini aytib bo‘lishi bilan meni titroq bosdi. Xurmo tebranib, xo‘jayinimning ustiga ag‘darilib tushayozdim! Tez tushib: “Nima dedingiz? Payg‘ambar kelibdimi?!” deya so‘radim.
Xo‘jayinim qo‘lini ko‘tarib, musht tortib yubordi. So‘ng: “Sening nima ishing bor? Bor, ishingga jo‘na!” dedi.
Ishimga qaytdim… Kech kirgizib, o‘zimdagi bor narsani yig‘dim. So‘ng Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) Qubodagi maskanlariga borish uchun yo‘lga chiqdim. Men kirgan payt-da ashoblaridan bir nechasi bilan o‘tirgan ekanlar. Ularga aytdim: “Sizlar g‘arib va hojatmand kishilarsiz. Menda yegulik narsalar bor edi, ularni sadaqa uchun nazr qilgan edim. Menga sizlarning manzilingizni aytishgan edi, bunga odamlarning haqlirog‘i ekaningizni bilganim uchun sizlarga olib keldim”.
So‘ng uni yerga qo‘ydim, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ashoblariga: “Bismillah, deb yenglar”, dedilar va o‘zlari qo‘llarini ovqatga uzatmadilar.
Men ichimda: “Allohga qasamki, bu birinchi alomat… U sadaqa yemaydi!” dedim.
Manzilimga kelib, tongda ovqat ko‘tarib, yana Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga qaytdim. Va: “Sizning sadaqa yemasligingizni bildim. Men hozir keltirgan narsani siz-ga hadya o‘laroq taqdim etishni ma’qul ko‘rdim”, dedim va uni oldilariga qo‘ydim. Ashoblariga: “Bismillah, deb yenglar”, dedilar va o‘zlari ham undan totindilar.
Ichimda: “Bu alomat, Allohga qasamki, ikkinchisi: U hadyani yeydi!” dedim.
Keyin uyga qaytib, Alloh xohlaganicha turdim. So‘ng yana keldim. Payg‘ambarni (sollallohu alayhi va sallam) Baqi’da, bir janoza ortidan kelayotganlarida ko‘rdim. Atroflarida ashoblari. Egnilarida chopon… Men salom berdim va orqalariga qarash uchun burildim. Nimani xohlayotganimni bildilar va yelkalaridan burdalarini yechdilar: nubavvat muhri ikki kuraklari o‘rtasida turardi…
Engashib o‘paman va yig‘layman. So‘ng Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) meni chaqirdilar. Oldilarida o‘tirib, sizlarga so‘zlab berganimdek, butun kechmishimni gapirib berdim.
Keyin Islomni qabul qildim… Qul ekanligim mening Badr va Uhud g‘azotlariga qatnashishimga mone’lik qildi…
Kunlarning birida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Xo‘jayining bilan mukotaba* qil”, dedilar. Men mukotaba qildim va Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) sahobalariga mening ishimda yordam bermoqqa amr qildilar. Alloh meni qullikdan xalos etdi va ozod musulmon o‘laroq yashay boshladim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan Handaq g‘azotida qatnashdim va boshqa voqealarga guvoh bo‘ldim…»
Himmati, sidqi bu darajada bo‘lgan kishining Islomidan nimani kutamiz?
Uning Islomi abror, muttaqiylarning Islomidek bo‘lgan. U zuhdida, farosatida va taqvosida Umar ibn Xattobga juda ham o‘xshash kishi bo‘lgan.
Bir qancha vaqt Abu Dardo bilan bir hovlida yashashgan. Abu Dardo (roziyallohu anhu) kechalari namoz o‘qir, kunduzlari ro‘za tutar edi. Uning ibodatdagi bu qadar mubolag‘asini Salmon tanqid qilardi.
Bir kuni Salmon uni nafl ro‘zaga qilgan niyatidan qaytarmoqchi bo‘ldi.
Abu Dardo unga ta’na qilib, dedi: “Meni Rabbimga ro‘za tutishdan, namoz o‘qishdan man etasanmi?”
Bunga Salmon shunday javob qildi: “Albatta, senda ko‘zingning haqqi bor, albatta senda ahlingning haqqi bor. Ro‘za ham tut, og‘zing ochiq ham yursin, namoz o‘qigin va uxlagin ham…” Bu gap Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) yetib borganida: “Darhaqiqat, Salmon ilmga to‘yingandir”, dedilar.
Salmon Rasululoh (sollallohu alayhi va sallam) bilan uchrashib imon keltirganidan beri ashob bilan birga, ozod musulmon, mujohid va obid bo‘lib yashadi.
Bu yillarning kattagina qismida Islom bayroqlari ufqni to‘ldirgan edi. Xazina va mollar Madinaga oqib kelar, turmush farovonlashib borar edi.
Turli darajalardagi hukmronlik mas’uliyatlari ko‘paygan, tabiiyki, bunga qarab amal va mansablar ham ko‘tarilgan zamon edi.
Bu nekbin davrda Salmon qaerda edi? Mana shu farovon, to‘kin va ne’matlarga boy kunlarda uni qaerdan topamiz?
* * *
Soyada o‘tirgancha, poxol o‘rib-eshib turli idish va savatlar to‘qiyotgan haybatli bu qariyani ko‘ryapsizmi?
U Salmon!
Yaxshilab qarang…
Uning kirimi ko‘p. Yiliga to‘rt mingdan olti minggacha topardi. Biroq u buning hammasini odamlarga tarqatib yuborardi. Bir dirham ham olmas, va shunday der edi: “Bir dirhamga poxol sotib olib, unga ishlov beraman, keyin uni uch dirhamga sotaman. Bir dirhamni yana xomashyoga sarflayman, bir dirhamni oilamga infoq qilaman va qolgan bir dirhamini sadaqa etaman. Agar meni bundan Umar ibn Xattob qaytarsa ham, to‘xtatmayman”.
* * *
Demak, u qalbini dunyoning mollari, mansablari va obro‘laridan boylik, behojatlik bilan to‘ldirgan ekan. Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) unga va barcha ashobiga qilgan nasihatlari shunday edi: “Dunyo sizni egallab olishiga yo‘l qo‘ymang, birortangiz ham undan yo‘lovchining yukidan ortig‘ini olmang”.
Salmon ahdga vafo qildi. Shunday bo‘lsa-da, chegaradan chiqmaganmikanman, deya qo‘rqib, ruhi rihlat qilar chog‘da ko‘zyoshi to‘kardi.
Uning bisotida ovqatlanadigan lagani va suv ichib, tahorat oladigan idishidan boshqa hech narsasi yo‘q edi. Lekin shunga qaramay, o‘zini badavlat hisoblardi. Men sizlarga uni Umarga judayam o‘xshash kishi, demaganmidim? U Madinaga amir bo‘lgan kunlarida ham holatida hech qanday o‘zgarish kuzatilmadi. Ko‘rib o‘tganimizdek, amirlik mukofotlaridan bir dirhamni ham olmadi. Savat to‘qish kasbi orqali kun ko‘rdi. Libosi oddiylikda eski kiyimdan qolishmaydigan abogina bo‘ldi.
Bir kuni yo‘lda Shomdan kelayotgan, anjir va xurmo ko‘targan bir kishiga yo‘liqib qoldi. Yuk shomlikni qiynab, holdan toydirgan edi. Ko‘z oldida avom va kambag‘al kishidek ko‘ringan odam paydo bo‘lganida, ko‘zlagan manziliga olib borib qo‘ysa, hammolligi evaziga haq berarman, deb o‘ylab, yukni uning yelkasiga qo‘ymoqchi bo‘ldi. Bu odamga ishora qiluvdi, u yetib keldi. Shomlik unga: “Yukimni ko‘tar”, dedi. U ko‘tardi va birga yurib ketishdi.
Ular yo‘lda borisharkan, bir to‘p odam uchrab qoldi. Boyagi kishi salom bergan edi, ular ham: “Amirga salom bo‘lsin”, deya alik olishdi.
“Amirga salom bo‘lsin? Qaysi amirni nazarda tutishyapti?!” Shomlik ichida shunday o‘ylardi. Bu odamning hayrati yo‘lovchilarning ba’zilari Salmon tomon chopib: “Bizga bering, ey amir!” deyishganida yanada kuchayib ketdi.
Shomlik kishi bu odam Madoin amiri Salmon Forsiy ekanini bilgach, qo‘lidan majol ketdi, lablaridan uzr va afsus kalimalari ucha boshladi. Unga yaqinlashib, yukini olmoqchi bo‘luvdi, Salmon rad etib, bosh silkidi va: “Manzilingga olib borib qo‘ymaguncha bermayman”, dedi.
Birodari bir kun uning xamir qorayotganini ko‘rdi va: “Xizmatkor qaerda?” deya so‘radi. U javob qildi: “Bir ish bilan jo‘natuvdik. Unga boshqa ishni yuklashni ma’qul ko‘rmadik”.
Uyi haqida gap ketar ekan, bu uyning qanday ekanini yaxshilab o‘ylab ko‘raylik. Majozan uy deb atash mumkin bo‘lgan bu kulbani qurishda ustadan: “Qanday qurasiz?” deb so‘radi. Usta mulohazali va zakiy edi. Salmonning zuhdi va taqvosini bilardi. Shunday javob qildi: “Qo‘rqmang! U issiqdan soya qiladigan, sovuqdan to‘sadigan, tursangiz boshingiz, yotsangiz oyog‘ingiz tegadigan bino bo‘ladi!” Salmon unga: “Ha, shunday qiling”, dedi.
Salmon haddan ziyod ardoqlagan, xotinigagina ishonib, ko‘zdan pana bir ishonchli joyga yashirib qo‘yishini so‘ragan bir narsa bor edi. O‘lim to‘shagida, joni olinar kun tongida xotiniga nido qildi: “Berkitgan narsangni olib kel!” Xotini keltirdi. Bu — hamyondagi misk edi. Uni Jalavlo fathida qo‘lga kiritgan, vafot kunimning atri bo‘lsin, deya asrab qo‘ygan edi.
So‘ng suv keltirishini buyurdi va miskni unga sepdi. Qo‘lini u bilan ho‘llab xotiniga dedi: “Buni atrofimga sepib chiq. Chunki hozir huzurimda taom yemaydigan, biroq xushbo‘yni sevadigan Allohning bir nav xalqi hozir bo‘lishadi”. Buyrug‘i bajarilgach, xotiniga: “Endi eshikni yopgin-da, chiqqin”, dedi.
Ko‘p o‘tmay xotin yana kirdi. Qarasa, uning muborak ruhi jasad va dunyosini tark etgan edi. Darhaqiqat, u Malaul-a’loga shavq qanotlarida ko‘tarilgan edi. Zero, u yerda Rasul Muhammad (sollallohu alayhi va sallam), u zotning ikki sohibi Abu Bakr va Umar hamda shahid va abrorlardan iborat sharafli guruh bilan va’dalashilgan uchrashuv bor edi…
Arabchadan Mubashshir AHMAD tarjimasi
“Hidoyat” jurnalining 2004-yil, 6-sonidan olindi.
* Mukotaba — qulning xo‘jayini bilan ma’lum haq evaziga ozod bo‘lishga kelishuvi.
SALMON al-FORSIY, Abu Abdulloh Salmon al-Forisiy (? — 658) — sahoba; Rasululloh (sav)ning mavlolaridan. Asli isfahonlik. Din qidirib safarga chiqqan. Majusiy dinidagi otasidan qochgan.
Avval nasroniy diniga kirib, bir necha vaqtdan keyin Madinaga borib, islom dinini qabul qilgan. 627 yildagi Xandak, jangida aynan Salmon Forsiy Muhammad (sav)ga Madina shahri atrofiga xandaq qazishni va unga kamonchilarni joylashtirishni maslahat bergan.
Arabistonda ilgari ko‘rilmagan bu yangi taktik usul makkaliklar harbiy kuchining asosiy zarbdor qismini tashkil etgan badaviylar otliq qo‘shinining jangovarlik imkoniyatlarini ancha pasaytirgan. Bu ular uchun kutilmagan hol bo‘lib, sarosimaga solgan, natijada musulmon qo‘shini zafar qozongan.
Salmon Forsiy tasavvufning asoschilaridan biri hisoblanadi. Shialar Salmon Forsiyni Alining sodiq safdoshi sifatida juda qadrlaydilar. Madoin shahri (Iroq)ga hokim bo‘lganda, bo‘yra to‘qib sotib, o‘z mehnati evaziga tirikchilik o‘tkazgan; maoshini muhtojlarga sadaqa qilgan. Rasuli Akram (sav)dan ko‘plab hadislar rivoyat qilgan.
Islom ensiklopediyasidan

“HAQIQATNI IZLOVCHI”
Bizning bu qahramonimiz Fors mamlakatidan kelgan.
Fors yurtidan kelishiga qaramay, Islom tarixida o‘tgan ko‘pgina buyuk shaxslaridan avvalroq iymonga keldi. Islom dini musulmonlar orasidan shunday bir toifa insonlarni chiqardiki, ular ilm, iymon va din sohasida barchaga ibrat bo‘lguvchi edilar. Islomning buyuk mo‘‘jizalaridan biri shundaki, u biror yurt yoki o‘lkaga kirmasin, magaram o‘sha yurt ahlining eng yashirin bo‘lgan qobliyatlarini yuzaga chiqarar edi. Natijada musulmonlarning olimlari, falakiyotchilari, kashfiyotchilari ko‘paya boradi. Bu olimlar o‘zlarining ilm va kashfiyotlari bilan butun dunyoni xayratga sola boshladilar. Ularning vatanlari har-xil bo‘lsada, dinlari bir edi.
Janob Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vassalom bu haqida bashorat berdilar. Yo‘q, balki Buyuk Robbilari tomonidan u kishiga va’da qilingan edi. Hali Islom zaif va ojiz bo‘lgan paytda, Rosululloh sallallohu alayhi vassalom Islom bayrog‘i yer yuzidagi shaharlar va shu shaharlarning qasrlari ustida hilpirab turishini aniq ko‘z bilan ko‘rar edilar.
Albatta, Salmon Forsiy bu voqealarga guvoh bo‘ldi. Guvoh bo‘libgina qolmay, balki bu voqealarning bevosita ishtirokchisiga aylandi.
Bu voqea hijratning beshinchi yilida sodir bo‘lib o‘tgan edi. Madina yahudiylarining boshliqlari Makka tomon yo‘l olib, mushriklarni o‘zlari bilan birlashib, Rosululloh va musulmonlarga qarshi urish boshlashga gij-gijladilar. Ular mushriklar bilan bu hal qiluvchi jangda bir-birlariga ko‘maklashib, yangi paydo bo‘lgan dinning ildizini qo‘porib tashlashga ahdlashib oldilar. Urushning rejasi tuzib olindi. Bu rejaga ko‘ra, Quraysh qo‘shinlari bilan “G‘atafon” qabilasi Madina tashqarisidan, banu Qurayza yahudlari esa, Madina ichkarisidan, ya’ni musulmonlar saflarining ortidan hujum qilishi lozim edi. Buning natijasida musulmonlar qurshovda qolib, mag‘lub bo‘lar edilar.
 Rosululloh sallallohu alayhi vassalom va musulmonlar katta falokat yoqasida qoldilar. Chunki, Madinaga yaqinlashib kelayotgan dushman qo‘shin soni va tayyorgarlik jihatidan musulmonlardan bir necha barobar ortiq edi. Musulmonlarning tarvuzlari qo‘llaridan tushib, butun hayollarini dahshat qamrab oldi.
 Qur’oni karim bu holatni quyidagicha tasvirlaydi:
 O‘shanda ular sizlarning ustingizdan ham, sizlardan quyi(tomon)dan ham (bostirib) kelgan edilar. O‘shanda ko‘zlar tinib, yuraklar bo‘g‘izga tiqilib qolgan va sizlar Alloh haqida (turli) gumonlar qila boshlagan edingizlar.
 Muhammad alayhissalom, u kishining ashoblari va Islom dinini tugatish maqsadida yigirma to‘rt ming jangchi Abu Sufyon ibn Harb va Uyayna ibn Xison boshchiligida Madinani qurshab olib, hal qiluvchi jangda g‘olib chiqish uchun yaqinlashib kela boshladi.
Bu katta qo‘shin faqatgina quraysh mushriklaridan iborat emasdi, balki uning tarkibida Islom diniga nisbatan nafrat va adovatda bo‘lgan boshqa qabilalar ham mavjud edi.
Bu Rosulullohga dushmanlik qilganlarning birgalikdagi oxirigi urinishi edi.
Musulmonlar og‘ir vaziyatda qoldilar.
Rosululloh sallallohu alayhi vassalom maslahat uchun ashoblarini to‘pladilar. Albatta, Madinani mudofaa qilishga kelishdilar… Ammo qanday qilib?..
Mana shu payt Janob Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vassalom yonlariga baland bo‘yli, sochlari qalin bir yigit keldi. Bu yigitni Rosululloh qattiq sevar va hurmat qilar edilar. Bu yigit Salmon Forsiy roziyallohu anhu edi. Salmon bir tepalikning ustiga chiqib, Madina tomonga sinchiklab nazar tashladi. Qarasa, Madina hamma tarafdan qoya va tog‘lar bilan o‘ralgan va faqatgina bir tarafi ochiq ekan .Dushmanning huddi shu tarafdan hujum qilishi mumkin va qulay edi.
Salmon Forsiy o‘z yurti, ya’ni Forsda jang sirlari va hiylalarini puxta o‘zlashtirgandi. Shu sababli u Rosululloh sallallohu alayhi vassalomga hali arab xalqi o‘z urushlarida bilmagan va ko‘rmagan bir fikrni tashladi. Bu fikrga ko‘ra, Madinaning qoyalardan holi bo‘lib, ochiq turgan tarafiga xandaq qazish lozim edi.
Alloh Ta’loning o‘zi bilguvchiroqdir, agar mana shu g‘azotda musulmonlar handaq qazib, mushriklarning yo‘lini to‘smaganlarida, musulmonlarning taqdiri nima bilan yakun topar edi. Mushriklar bu xandaqni ko‘rib hayratga tushdilar. Xandaqdan oshib o‘tib, Madinaga hujum qilishdan ojiz bo‘lib, o‘z chodirlarida bir oy qolib ketdilar. Natijada quvvat va jur’atlari pasayib, ancha zaiflashib qoldilar. Hatto bir kecha Alloh Ta’lo ularning ustiga qattiq va sovuq shamolni jo‘natib, chodirlarini qo‘porib, o‘zlarini esa, har tarafga tarqatib yubordi.
 Abu Sufyon o‘z qo‘shniga ortga qaytishga buyruq berdi. Xorib-tolib charchagan qo‘shin, umidlari puchga chiqib, ortga qaytishga majbur bo‘ldi.
 Xandaq qazish vaqtida qattiq mehnat qilayatgan ashoblar orasidan Salmon o‘z o‘rnini egalladi. Rosululloh sallallohu alayhi vassalom ham o‘z cho‘kmollarini(kirka) tutib, musulmonlar bilan birgalikda xandaq qazishda davom etardilar. Salmon birodarlari bilan qaziyatgan yerdan katta bir tosh chiqib qoldi. Salmonning o‘zi kuchli va baquvvat bo‘lib, qo‘lidagi cho‘kmoli bilan bir urganda katta bir toshni parchalab yuborishiga qaramay, bu toshning qarshisida ojiz qoldi. Atrofidagi barcha birodarlarini chaqirib, birgalikda toshni parchalab joyidan olib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Ammo bu urinishi naf bermadi. Salmon Rosulullohning huzurlariga borib, xandaqni bu katta tosh turgan tomondan yo‘nalishini o‘zgartirib qazishga izn so‘radi. Payg‘ambar alayhis salom Salmon bilan o‘sha joyni yaxshilab ko‘rish uchun bordilar. Bu toshni ko‘rgach, Rosululloh sallallohu alayhi vassalom cho‘kmollarini qo‘llariga olib, toshning parchalari tegib ketmasligi uchun, ashoblaridan chetroq turishlarini so‘radilar. Allohning ismini aytib, muborak ikki qo‘llari bilan cho‘kmolni tutgan holda, jiddu-jahd bilan toshga urdilar. Shu payt tosh yorildi. Toshning yoriqlari orasidan nur chiqib ketdi.
Salmon aytadi: “Batahqiq, bu nurni ko‘rdim. Ikki tarafni yoritib yubordi”.
Rosululloh sallallohu alayhi vassalom takbir aytib:
 “Allohu akbar … Menga Fors davlatining kalitlari berildi. Kisroning shaharlari va Hayraning qasrlari menga qarab nur sochyapti. Albatta, ummatim ularning ustidan g‘olib bo‘ladi”— dedilar.
So‘ngra cho‘kmolni ko‘tarib ikkinchi bor zarba berdilar. Yana yoriqlar orasidan nur chiqib, hamma yerni yoritib yubordi. Rosululloh sallallohu alayhi vassalom takbir aytib:
 “Allohu akbar … Menga Rum davlatining kalitlari berildi. Uning qizil qasrlari men tomon nur sochyapti. Albatta, ummatim o‘sha qasrlarning tepasida bo‘ladi”.
So‘ngra uchinchi bor zarba zarba berdilar. Tosh parcha-parcha bo‘lib ketdi.
Rosululloh sallallohu alayhi vassalom va muslmonlar takbir va tahlil aytdilar. Keyin esa, Janob Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vassalom ashoblariga Suriya, San’o va boshqa shaharlarning qasrlari tepasida tez kunda Alloh Ta’loning bayrog‘i hilpirab turishini ko‘rayotganliklarini aytib, bashorat berdilar.
Musulmonlar buyuk iymon bilan hayqirdilar: “Bu Alloh va Payg‘ambari bizlarga va’da qilgan narsadir. Alloh va Payg‘ambarining so‘zi rostdir”.
 Salmon Forsiy xandaq qazish maslahatining egasi edi. Bu bilan birga ba’zi g‘ayb sirlarini ochishga ko‘maklashgan katta tosh ham unga yo‘liqdi. Salmon Rosulullohning zarbalaridan keyin chiqayotgan nurni ko‘rib, Janob Payg‘ambarimizning bashoratlarini birma-bir eshitib turdi. Bu bashoratlarni keyinchalik ro‘yobga chiqib, haqiqat bo‘lganini o‘zining hayoti davomida guvohi ham bo‘ldi.
 U Rum va Fors shaharlarini ko‘rdi. San’o, Suriya, Misr va Iroq qasrlarini ko‘rdi. Yer yuzining barcha taraflarini kezib, baland minoralardan yaxshilik va hidoyat nurlarini tarqatayotgan muborak azon ovozi taralayotganini o‘z qulog‘i bilan eshitdi.
 Mana bu Salmon Forsiy roziyallohu anhudir. Madinadagi hovlisi oldida gullab yashnagan daraxt soyasida birodarlari bilan suhbatlashib o‘tiribdi. Yonidagi birodarlariga haqiqatni izlash yo‘lida boshidan kechirgan sarguzashtlarini hikoya qilib bermoqda. Ya’ni, haqiqatni izlab, o‘z qavmining dinini nasroniylikka, nasroniylikni esa, Islomga almashtirgani haqida so‘zlayapti. Qanday qilib aql va ruhini xalos qilish uchun badavlat otasining huzuridagi farovon hayotini tark etib, o‘zini muhtojlik va faqirlik quchog‘iga tashlaganini aytib beryapti. Haqiqat izlash yo‘lida qanday qilib u qul bozorda sotildi? Qanday qilib Rosululloh sallallohu alayhi vassalom ga yo‘liqib, u zotga iymon keltirdi?
 Keling, uning go‘zal majlisiga yaqinlashib, o‘zidan bu qiziq voqealarni eshitaylik.
 “Men Isfahonning “Jiy” degan qishlog‘ida yashovchi forslardan edim. Otam qishloqning raisi edilar. Otam meni nihoyatda sevib, yeru-ko‘kka ishonmas edilar. Men majusiylikka qattiq berilib, hatto o‘z qo‘lim bilan yondirgan olovga sig‘inar edim. Otam ning dalalari bor edi. O‘zlari band bo‘lganliklari sababli, bir kuni meni dalaga ishlashga yubordilar. Men dalaga ketayotgan edim, yo‘lda nasroniylar cherkovi yonidan o‘tayotib, ularning ibodat qilayotganlari qulog‘imga chalindi. Qanday ibodat qilayotganlarini ko‘rishlik maqsadida cherkovning ichkarisiga kirdim. Qilayotgan ibodatlari menga juda yoqib qoldi. O‘zimga o‘zim aytdim:
 “Albatta, ularning dini biznikidan yaxshiroqdir”. Quyosh botguncha cherkovdan ketmadim. Dalaga ham bormadim. Otam ortimdan odam jo‘natmaguncha uyga qaytmadim. Ketar chog‘imda nasroniylardan:
 “Diningizning asli qaerda?” — deb so‘radim. Ular: “Shomda” — deb javob berishdi.
 Otamning huzuriga qaygach, ularga dedim:
 “Men bugun nasroniylar cherkovi yonidan o‘tib, ularning ibodatlarini kuzatdim. Qilayotgan ibodatlari menga juda yoqdi. Bas, men bildimki, ularning dini biznikidan afzal ekan”. Otam bu so‘zlarni eshitgach dahshatga tushib, men bilan ancha tortishdilar.Men o‘z so‘zimda qattiq turib oldim. Otam buni ko‘rib, meni oyog‘imga temir solib kishanlab qo‘ydilar. Nasorolar huzuriga odam yuborib, o‘zimni ularning dinini qabul qilganimni bildirdim. Shomdan karvon kelsa, ortiga qaytmasdan turib, ular bilan birga ketishim uchun xabar berishlarini iltimos qildim. Ko‘p o‘tmay shunday xabar yetib keldi. Men bir amallab kishanlardan bo‘shab, uydagilarga bildirmay, ular bilan birga Shomga jo‘nab ketdim. Manzilga yetgach, ulardan:
 “Eng katta olimingiz kim? — deb surishtirdim.
Ular: “Kanisaning usqufi (episkopi)” — deb javob qilishdi.
 Men uning huzuriga borib, o‘zim haqimda gapirib berdim. So‘ngra din ta’limini o‘rganishlik uchun, u bilan birga qolib, xizmatini qilishga undan izn so‘radim. U rozi bo‘ldi. Tez kunda menga bu usquf dinidagi eng yomon kishilardan ekanligi ma’lum bo‘ldi.
U insonlardan faqir va muhtojlarga tarqatishlik uchun sadaqotlar yig‘ib, hech kimga bermay, yashirib qo‘yar edi. So‘ngra u vafot etdi. Uning o‘rniga boshqa usqufni tayin etildi. Men undan ko‘ra o‘z diniga kuchli amal qiladigan, o‘ta zohid va ibodatga qattiq berilgan yaxshiroq insonni ko‘rmadim. Uni men juda sevib qoldim. Undan ilgari hech kimni shu qadar yaxshi ko‘rmagan edim. Vaqtiki unga o‘lim soati yaqinlashgach, dedim:
 “Menga nimani buyurasiz, kimdan ta’lim olishimni tavsiya etasiz”.
U dedi: “Ey o‘g‘lim, men insonlar ichida bizning dinimizga amal qiluvchilardan Mavsil shahridagi insonga o‘xshashini bilmayman. Uning huzuriga bor”.
Usquf vafot etgach, Mavsil shahridagi zohidning huzuriga borib, o‘zim haqimda unga gapirib berdim. So‘ngra u bilan Alloh iroda etganicha birga bo‘ldim. Unga o‘lim soati yaqinlashgan paytda, undan meni boshqa bir insonga yo‘llab qo‘yishini iltimos qildim.
U menga Nisbiyin shahrida yashovchi obidning yoniga borishimni taklif etdi.
 U obidning yonida ham Alloh iroda qilganicha bo‘ldim. Unga vafoti yaqinlashgach, menga Rum shaharlaridan biri bo‘lgan Amuriyadagi solih kishining huzuriga borishimni tavsiya etdi. O‘sha solih insonning yoniga borib, uning xizmatini qila boshladim. U yerda ishlab, mehnat qilib, bir qancha qo‘y va echkilarga ega bo‘ldim. U zotga ham o‘lim soati yaqin bo‘lgach, undan:
 “Meni kimning huzuriga borishimni vasiyat qilasiz” — deb so‘radim. U dedi:
 “Ey o‘g‘lim, dinimizga amal qiluvchi biror bir solih kishini bilmayman. Bilsam, albatta, uni yoniga borishingni tavsiya etgan bo‘lar edim. Ammo Ibrohim alayhis salom dini bilan yuboriladigan payg‘ambarning zamoni yetib keldi. U o‘z yurtini tashlab, xurmozorlari ko‘p bo‘lgan yurtga hijrat qilishga majbur bo‘ladi. Agar imkon topsang, unga yetishgin. Uni hech kimdan maxfiy bo‘lmagan alomatlari bor. U sadaqani yemaydi, hadyani qabul qiladi. Ikki yelkasining o‘rtasida payg‘ambarlik muhri bordir. Mana shu alomatlari orqali uni tanib olasan.
 Kunlardan bir kuni meni yonimdan bir karvon o‘tib qoldi. Ularning qaysi yurtdan ekanliklarini so‘rasam, ular arab jazirasidan ekanliklarini aytishdi. Men:
 “Manavi qo‘y echkilarimni evaziga meni o‘zlaring bilan yurtingizga olib ketasizmi?”- deb so‘radim. Ular rozi bo‘lishdi. Ular meni “Vodul quro” degan joygacha birga olib kelib, menga zulm qilgan holda, qul qilib bir yahudiyga sotib yuborishdi. O‘sha yahudiy meni o‘zi bilan olib ketdi. Qarasam uning yurti xurmozorlarga boy ekan. Men mana shu menga vasf qilingan yurt bo‘lsa kerak deb hayol qildim. Ammo unday bo‘lib chiqmadi. O‘sha yahudiy bilan, to uning Banu Qurayzalik yahudiy tanishi kelib, meni undan sotib olmagunicha birga bo‘ldim. Banu Qurayzalik yahudiy meni o‘zi bilan Madina shahriga olib ketdi. Allohga qasamki, bu shaharni ko‘rishim bilan, menga vasf qilingan shahar aynan mana shu ekanligiga ishonch hosil qildim. Rosululloh sallallohu alayhi vassalom Madinaga hijrat qilayotib, Qubo qishlog‘idagi Banu Amr ibn Avf qabilasining huzuriga tushgunlariga qadar, men Banu Qurayza yahudlarining xurmozorlarida mehnat qildim. Bir kuni men xurmo daraxtining tepasida ishlayotgan edim. Daraxt ostida esa, ho‘jayinim dam olib o‘tirar edi. Yahudiylardan bir kishi kelib:
 “Banu Qaylani (arablarning Avs va Hazraj qabilasi) Alloh halok qilsin. Makkadan kelayotgan kishini payg‘ambar deb o‘ylab, uni qarshilash uchun ketyaptilar” — dedi.
 Allohga qasamki, bu so‘zni eshitiboq, meni titroq bosdi, hatto sal qolsa daraxtdan qulab tushay dedim. So‘ngra tezda daraxtdan tushib:
 “Nima deding, yana bir qaytar!” — dedim. Ho‘jayinimning jahli chiqib, yuzimga bir tarsaki tushirib, dedi:
 “Seni nima ishing bor? Jo‘na, ishingni qilaver”.
 Kech tushgach, o‘zim to‘plab qo‘ygan xurmolarni olib, Quboga Rosululloh sallallohu alayhi vassalom huzurlariga bordim. U zotning huzurlariga kirdim. Rosululloh sallallohu alayhi vassalom ni bir necha ashoblari o‘rab o‘tirishar edi. Men Nabiy sallallohu alayhi vassalom ga:
 “Albatta, sizlar musofir va hojatmand ekansizlar, Mening huzurimda sadaqa uchun yig‘ib qo‘ygan bir qancha taomim bor. Sizlar shu taomga eng ko‘proq haqli ekaningiz uchun, uni sizlarga keltirdim” — dedim. So‘ngra xurmolarni ularga berdim. Rosululloh sallallohu alayhi vassalom ashoblariga:
 “Allohni ismini aytib yenglar” — deb, o‘zlari yemadilar. Men o‘zimga o‘zim:
 “Allohga qasamki, bu birinchi alomat, u zot sadaqa yemaydilar!” — dedim. So‘ngra
ertasi kuni yana Rosululloh sallallohu alayhi vassalom yonlariga keldim. Qo‘limda biroz taom bor edi. Men Rosululloh sallallohu alayhi vassalom ga:
 “Men sizni sadaqa yemasligingizni ko‘rdim. Mana bu taomni Sizga hadya etib, ikrom qilmoqchiman” — deb, qo‘limdagi taomni uzatdim. Payg‘ambar sallallohu alayhi vassalom ashoblariga:
 “Allohning ismini aytib yenglar” — deb, o‘zlari ham ular bilan birga yedilar.
Men o‘zimga o‘zim dedim:
 “Allohga qasam, bu ikkinchi alomat. Albatta u zot hadyani qabul qiladilar!”.
So‘ngra ortimga qaytib, bir necha kundan keyin yana Rosulullohning huzurlariga tashrif buyurdim. Qarasam u zot janozada ashoblari bilan ishtirok etayotgan ekanlar. Janob Payg‘ambarimiz yelkalariga bir matoni tashlab olgan edilar. Men u kishiga salom berib, payg‘ambarlik muhrlarini ko‘rishlik uchun ortlariga o‘tib, biroz tikildim. Janobimiz men nimani istayotganimni bilib, muborak yelkalaridagi matoni biroz tushirdilar. Birdan ko‘zim menga sohibim vasf qilgan payg‘ambarlik muhriga tushdi. Men egilib, Janobimizning muhri nubuvvatlarini o‘pib, qattiq yig‘lab yubordim. Rosululloh sallallohu alayhi vassalom bu xolatni ko‘rgach, meni o‘z yonlariga o‘tkazib, men haqimda so‘radilar. Men sizlarga so‘zlab bergan kechinmalarimni u zotga ham so‘zma-so‘z hikoya qilib berdim. So‘ngra iymon keltirdim. Qulligim tufayli Badr va Uhud janglarida ishtirok eta olmadim.
 Bir kuni Rosululloh sallallohu alayhi vassalom menga dedilar:
 “Ho‘jayining bilan “mukotaba” (muayyan haq evaziga o‘zini ozod qilish uchun, qul ho‘jayini bilan tuzadigan shartnoma) qilgin, toki seni ozod etsin”.
Men ho‘jayinim bilan “mukotaba” qilib, kelishdim. Janob Payg‘ambarimiz ashoblarini menga yordam berishga amr etdilar. Bas, meni Alloh Ta’lo qullikdan ozod etdi. So‘ngra hur musulmon bo‘lib yashadim. Rosululloh sallallohu alayhi vassalom bilan Xandaq va boshqa janglarda ishtirok etdim.
 Mana shu ajoyib va mazmunli so‘zlar orqali, Salmon Forsiy roziyallohu anhu uni Allohga yetishtirib, hayotining shakl va uslubini tuzib bergan diniy haqiqatni topish yo‘lidagi sarguzashtlarini bayon etib berdi.
 Bu zot qanday buyuk inson bo‘lgan edi? Qiziquvchan ruhini qanday buyuk qobiliyat egallab, yengilmas irodasini ko‘p qiyinchiliklarga solib, oxir oqibat haqni topishga sabab bo‘ldi? Qaysi bir do‘stlik otasining boylik va mol davlatini tark etib, yuki va mashaqqati og‘ir, yurtdan-yurtga ko‘chuvchi majhul hayotga o‘tishga majbur etdi? Yurtdan-yurtga, shahardan- shaharga ko‘chib, o‘zining o‘tkir aqli bilan insonlarni, dinlarni, mazhablarni va hayotni o‘rgandi. Haqiqatni topish yo‘lida qul bo‘lib sotilishi ham uni maqsadidan qaytara olmadi. So‘ngra Alloh Ta’lo unga buyuk mukofot tarzida, haqni ko‘rsatdi. Rosululloh sallallohu alayhi vassalom bilan uchrashib, u zotga iymon keltirgach, butun umri davomida Janobimizning sunnatlari va amrlarini o‘z hayotiga tatbiq qilib yashadi.
 Salmon Forsiy roziyallohu anhuning iymoni muttaqiyn zotlarning iymoni kabi edi. Uning zuhdi-taqvosi, aql-farosati huddi Umar ibn Xattob roziyallohu anhunikiga o‘xshash edi.
* * *
Salmon Forsiy Abu Dardo bilan bir necha kun birga bir hovlida istiqomat qildi. Abu Dardo r.a. doimiy ravishda kechalari namoz o‘qib, kunduzlari ro‘za tutib yurar edi. Salmon birodarining ibodatga haddan ziyod ko‘p berilganini ko‘rib, u kishiga biroz nasihat qilmoqchi bo‘ldi. Bir kuni Salmon nafl ro‘zasini tutmoqchi bo‘lgan do‘sti Abu Dardoni niyatidan qaytarishga harakat qildi. Buni ko‘rib Abu Dardo dedi:
 “Meni Robbim uchun namoz o‘qib, ro‘za tutishlikdan qaytaryapsanmi?”. Salmon Forsiy unga javoban:
 “Albatta, ikki ko‘zingning ham va ahlingning ham senda haqqi bor. Ba’zan ro‘zador, ba’zan og‘zing ochiq yurgin. Tunning ba’zi qismida namoz o‘qi, ba’zisida esa orom olgin” — dedi. Bu xabar Rosululloh sallallohu alayhi vassalomga yetib borgach, dedilar:
 “Batahqiq, Salmon ilm bilan to‘ydirilibdi”.
 Janob Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vassalom Salmonning xulqi va dinini maqtaganlari kabi, uning ilm va farosatini ham ko‘p maqtagan edilar. Xandaq kuni ansoriylar:
 “Salmon bizdandir” — desalar, muhojirlar:”Salmon bizdandir” — deb aytdilar. Payg‘ambar alayhis salom ularga qarata:
 “Salmon bizdan, bayt(xonadon) ahlidandir” — dedilar.
 Albatta Salmon Forsiy roziyallohu anhu bu sharafga haqli edi. Ali ibn Abu Tolib r.a. Salmon Forsiy r.a.ga “Luqmonu Hakiym” deb nom bergan edi. Hatto Salmon Forsiy vafot etganda:
 “Bu zot bizdan, bayt ahlidandir.. . Sizlarning ichingizda “Luqmonu Hakiymga teng keladigani bormi? …Unga avvalgi va keyingi ilmni berildi, u avvalgi va keyingi kitoblarni o‘qidi. U tubsiz dengiz edi” — degan edi.
 Salmon r.a. yuksak ilm sohibi edi. U ashobi kiromlar orasida buyuk maqom egasiga aylandi. Salmon Umar ibn Xattob r.a. ning xalifalik davrida Madinaga ziyorat uchun kelgan paytda, xalifa Umar r.a. hech kimga ko‘rsatmagan iltifotni unga ko‘rsatdi. Madina ahlini barchasini to‘plab, ularga:
 “Biz bilan yuringlar, Salmonni istiqboliga chiqamiz” — dedi. Shu tariqa barchalari Madinaning tashqarisiga Salmonni kutib olish uchun chiqdilar.
 Salmon r.a. Rosululloh sallallohu alayhi vassalom ga iymon keltirganidan, to xalifa Usmon r.a. davrida vafot etgunicha, zuhdi taqvoda yashadi. Shu davr ichida ufq aro Islom bayrog‘i hilpirab, Madinaga katta-katta boyliklar oqib kelib, tartibli ravishda musulmonlar o‘rtasida taqsim qilinar edi. Qiziq, mana shu rohat va boylik davrida Salmon qaerda bo‘lgan ekan?
 Birodar ko‘zingizni kattaroq oching, mana bu daraxt soyasida o‘tirib, xurmo po‘stloqlaridan savat to‘qiyatgan qariyani ko‘ryapsizlarmi?
 Albatta … Bu Salmon Forsiy r.a. Unga yaxshilab qarang, kiyimining qisqaligidan, to tizzasiga qadar oyog‘i ochilib qolgan. Unga baytul moldan tayin qilingani maosh juda ko‘p edi. Bir yilda to‘rt mingdan, olti minggacha yetardi. Biroq, u barcha mablag‘larni faqir va miskinlarga taqsim qilib, bir dirhamini ham o‘ziga olib qolmas edi. U o‘zining tirikchiligi haqida dedi:
 “Bir dirhamga xurmo po‘stlarini sotib olaman. Undan savat yasab, uch dirhamga sotaman. Shu uch dirhamdan bir dirhamini joyiga qo‘yib qo‘yaman. Bir dirhamini esa, oilamga sarf qilaman. Qolgan bir dirhamini esa, sadaqa qilaman.. . Garchi Umar ibn Xattob meni bu ishdan qaytargan bo‘lsada, men aslo bu ishimni tashlamayman” — dedi.
 Ey Muhammad alayhis salom ga ergashuvchilar, yana nima ham deyish mumkin!
 Ko‘pchiligimiz ba’zi sahobalarning zuhdi taqvosi haqida eshitgan paytimizda, xuddi Abu Bakr, Umar, Abu Zar va boshqalar kabi, buning sababi qilib arab jazirasidagi hayotning o‘zi u qadar farovon bo‘lmagani va arablar oddiy hayotga ko‘nikib qolgan- liklarini ko‘rsatishga harakat qilamiz. Ammo bizning qahramonimiz farovon va ne’matlarga to‘kis bo‘lgan fors mamlakatidandir. Yana shu bilan birgalikda, u faqir kishilardan emas, balki badavlat insonlardan bo‘lgan edi. Nima sababdan u mol-davlat va ne’matlarni inkor etib, o‘z qo‘l mehnati bilan topgan bir dirhami bilan kifoyalanyapti?
 Yoki nima sababdan amirlik va boshliqlikni tark etib, undan qochyapti? U dedi:
 “Agar qodir bo‘lsang, tuproqni yeyishga majbur bo‘lib qolganingda ham ikki kishiga amir bo‘lmagin”.
 U nima sababdan mansabdor va amir bo‘lishlikdan qochar edi? Faqatgina sharoit taqazo etib, amirlikka loyiq boshqa odam topilmay qolgandagina, noiloj, siqilib va ko‘z- yosh to‘kib qabul qilardi. Buni qarangki, mana shu boshliqlikni qabul etgach, o‘ziga tayin etilgan halol maoshni ham olishdan bosh tortar edi. Hishom ibn Hasson Hasandan rivoyat qiladi:
 “Salmonning maoshi besh ming dirhamga yetardi. O‘zi esa, o‘ttiz ming kishiga boshchilik qilardi. Insonlarga xitob qilayatganda, ustida ikki bo‘lak dag‘al bir matosi bo‘lib, yarmisini kiyib, yarmisini to‘shak o‘rnida ishlatardi. Qachonki unga maoshi kelti rilsa, tarqatib yuborib, qo‘l mehnati bilan kun ko‘rar edi. Nima sababdan bunday qilardi? Axir u, ne’matlarga to‘la bo‘lgan fors yurtining farzandi ediku?
Keling bu yuqoridagi savollarga uning o‘zidan javob eshitaylik. U o‘lim to‘shagida yotib, rahimli va mehribon Robbisiga yo‘liqish uchun ruhini tayyorlab turgan payt, uning yoniga Sa’d ibn Abi Vaqqos r.a. kirib keldi. Salmon esa yig‘lab yotardi. Shunda Sa’d undan:
 “Ey Abo Abdulloh, seni nima yig‘latyapti? Axir Rosululloh sallallohu alayhi vassalom sendan rozi bo‘lib vafot etdilarku?” — deb so‘radi. Salmon:
 “Allohga qasamki, o‘limdan qo‘rqib yig‘layatganim yo‘q, dunyoga ham xirsimdan emas, balki, Rosululloh sallallohu alayhi vassalom bizlarga: “Har biringizning dunyodagi yuki, yo‘lovchining anjomi kabi bo‘lsin” — deb aytgan edilar. Men esa, atrofimdagi shuncha narsaning egasiman” — deb javob berdi. Sa’d dedi:
 “Men uning hujrasiga nazar solsam, bir lagan bilan bitta obdastadan bo‘lak hech narsa topmadim, so‘ngra: “Ey Abo Abdulloh bizga vasiyat qil, sendan uni qabul etaylik!” dedim. Salmon:
 “Ey Sa’d, bir xoxishni qasd qilganingda ham, hukm qilayotganingda ham, biror narsani taqsim qilganingda ham Allohni esla” — dedi. Rosululloh sallallohu alayhi vassalom Salmon va uning sahoba birodarlariga:
 “Dunyoni ustingizdan hukmron qilib qo‘ymang. Har biringizning undan musofirning anjomichalik oling” — deb vasiyat qilgan edilar. Salmon esa, bu vasiyatni doim yodida saqlab, hatto o‘z ruhini Robbisi bilan yo‘liqishga tayyorlayatgan vaqtda, vasiyat chegarasidan o‘tib ketdim deb xavfsirab, ko‘zlaridan yosh to‘kdi. Axir uning huzurida taom yeydigan lagani bilan, suv ichib, tahorat oldigan idishidan bo‘lak hech narsasi yo‘q ediku? U shuni ham ko‘p hisoblab ko‘z yosh to‘kdiya? …Men sizlarga u Umar r.a.ga o‘xshash inson demaganmidim?
 Salmon Madoin shaharining hokimi bo‘lgan vaqtida ham, hech o‘zgarmadi. O‘z qo‘li bilan savat to‘qib, uni sotib tirikchilik qilardi. Hokim bo‘lishiga qaramay, ustida eski va dag‘al kiyimi bilan yurar edi.
 Kunlardan bir kuni Salmon shahar chetida yelkasiga anjir va xurmolarni ortib, Shom viloyatidan kelayatgan bir musofirga yo‘liqdi. Boyagi musofir yukning og‘irligidan charchab, toliqqan edi. Eski va dag‘al kiyimlarni kiyib kelayatgan Salmonni ko‘rib, bu oddiy inson bo‘lsa kerak deb o‘ylab, yuklarini uning yelkasiga ortib, go‘yo, yukni manzilga yetkazgach, haqqini beraman deb hayol qildi. Shomiy Salmonga:
 “Manavini ko‘tar” — deb yuklarini uning yelkasiga ortib qo‘ydi. Salmon esa, hech narsa demay yukni ko‘tarib oldi. Yo‘l-yo‘lakay bir toifa insonlar bularga yo‘liqdilar. Salmon ularga salom bergach, ular: “Amirimizga ham salom” — deb alik olishdi. “Amirimizga salom!?”, qaysi amirni nazarda tutyaptilar??? Shu tariqa Shomiy o‘ziga o‘zi savol qila boshladi. Qachonki ba’zi insonlar Salmonning yoniga yugurib kelib unga:
 “Yukni menga bering, ey amir «- deyishganini eshitgach, shomiyning dahshati yanada ziyoda bo‘lib ketdi. Bas, shomiy bildiki, qarshisidagi inson Madoin shaharning hokimi Salmon Forsiy ekan.
Bu holatdan esankirab qolgan shomiy uzr aytishga so‘z topolmay, hijolat chekib yukni qaytib yelkasiga olishga harakat qildi. Ammo Salmon bosh siltab:
 “Yo‘q, to manzilingga yetmaguningcha yukni bermayman” dedi.
* * *
 Bir kuni undan:
 “Senga amirlikni nima shu qadar yomon ko‘rsatib qo‘ygan?” — deb so‘raldi. U javob berib:
 “Emishlikning shirinligi va ajralishlikning achchiqligi «- dedi.
 Uning huzuriga bir kuni do‘sti kirsa, u xamr qorayatgan ekan. Do‘sti Salmondan:
 “Xodiming qaerda?” — deb so‘radi. Salmon:
 “Biz uni hojatimizga kerakli bir ishga jo‘natgan edik. Shuning uchun ikkita ishni unga buyurishni lozim topmadik” — deb javob berdi.
 * * *
 Qachonki, biz uni “uyi” deganimizda, nimani nazarda tutyapmiz? Quruvchilar unga uy qurib berishayatgan paytda, agar shuni uy desa bo‘lsa, Salmon ulardan:
 “Qanday qurasiz?” — deb so‘radi. Salmon Forsiy roziyallohu anhuning zuhdi-taqvosini juda yaxshi bilgan quruvchilar:
 “Qo‘rqma, bu uyda issiq va sovuqdan saqlanasan. Agar tik tursang shiftga boshing tegadi, chalqancha yotganingda esa, devorga oyog‘ing tegadi” — deb javob qilishdi. Salmon xursand bo‘lib:
 “Unday bo‘lsa yaxshi, quraveringlar” — dedi. Bu uyda dunyo lazzatlaridan hech narsa yo‘q edi. Faqatgina bir narsa bor ediki, Salmon uni nihoyatda avaylab asrab, hatto ayolidan uni ishonchli joyga yashirib qo‘yishni talab qildi. O‘lim kasalligi yetib kelgach, joni uziladigan kunning tongida, u ayoliga:
 “Yashirib qo‘ygan narsangni menga keltirib bergin” — dedi. Ahli ayoli o‘sha narsani keltirdi. U Jalvalo shahri fath qilingan kuni qo‘lga kiritgan mushk anbari edi. Salmon o‘sha atrni o‘lim kuniga saqlab qo‘ygandi. So‘ngra bir idishda suv keltirishni buyurdi. Keyin suvga mushk anbarni quyib, qo‘li bilan aralashtirgach, ayoliga dedi:
 “Buni meni yon-atrofimga sepgin. Albatta, hozir mening huzurimga taom yemaydigan, xushbo‘ylikni sevadigan Allohning bandalari keladi”.
Ahli ayoli shu ishni qilgach, Salmon ayoliga dedi:
 “Eshikni yopib,biroz tashqarida turgin”.
 Ahli Salmon aytganidek qildi. Birozdan so‘ng, uning yoniga kirsa, Salmonning muborak ruhi jasadini va dunyoni tark qilgan ekan …
Uning ruhi “shavq” qanotlariga mingan holda ulug‘ zotlarga yetishdi. Zero u yerda Salmon Muhammad alayhis salom va u zotning ikki birodari – Abu Bakr va Umar r.a. hamda shahdilar va yaxshilardan iborat buyuk jamoat bilan uchrashishlikka ahdlashgan edi.
Mana shu “tashna sog‘inch” Salmonni orziqtirib yuborgan edi.
Ana endi bugun chanqoqni qondirish vaqti yetib keldi.
Rijolun havlar-rasul Hadis.islom.uz

Оставьте комментарий

ArabicEnglishFrenchGermanKazakhKyrgyzRussianTajikTurkishUzbek