Savda binti Zam’a

DO`STLARGA ULASHING:

Muhammad sollallohu alayhi vasallamga yangi payg‘ambarlik kelgan payti. Makkai Mukarramada hamma ana shu hodisa haqida gapirmoqda. Asosan, johiliyat odamlari bu ishga dushmanlik ruhida bo‘lmoqdalar.
Yangi musulmon bo‘lganlarni ota-bobolari dinini tark etib murtad bo‘lganlikda ayblamoqdalar. Ular oz sonli yangi musulmonlarni avval og‘zaki ayblagan bo‘lsalar ham, ke­yinchalik azob-uqubatlarga duchor qilishni boshlashdi. O‘sha paytda biror kishini musulmon bo‘lishi qiyin edi. Kim Islomni qabul qilsa ham,  hammadan berkitar edi. Musulmonlar qanchalik sabr qilsalar, mushriklar ularga bo‘lgan tazyiqni shunchalik orttirib boraverishdi. Bora-bora himoyachisi bo‘lmagan, zaif­hol musulmonlarning dinu diyonati, hayoti tahdid ostida qoldi.
Ana shundoq og‘ir bir holatda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘sha sahobalariga:
«Agar Habashiston yeriga chiqsangiz, yaxshi bo‘lardi. U yerda bir podshoh bor, uning oldida birovga zulm qilinmaydi. U yer sadoqat yeridir. Alloh hozirgi holatni yengillashtirib qolsa, ajab ermas», dedilar.
Shunda bir guruh musulmonlar Habashiston yeriga hijratga otlanishdi. Bu hijrat Islomdagi birinchi hijrat edi. Birinchi muhojirlar o‘n to‘rt kishi bo‘lib, ularning o‘ntasi erkak, to‘rttasi ayol edi.
Ularning ichida Usmon ibn Affon va u kishining ayollari — Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qizlari Ruqayya roziyallohu anho ham bor edi.
Muhojirlarga Usmon ibn Maz’un roziyallohu anhu amir edi. Keyinchalik Ja’far ibn Abu Tolib roziyallohu anhu rahbarligida yana bir guruh sahobalar Habashistonga hijrat qilishdi. Shundoq qilib, u yerdagi muhojir musulmonlarning adadi sakson uch kishiga yetdi.
O‘sha ikkinchi guruh ichida Bani Omir urug‘idan sakkiz kishi bor edi. O‘sha paytda bir urug‘dan biryo‘la sakkiz kishi Alloh taoloning yo‘lida hijrat qilishi misli ko‘rilmagan hol edi. Buning ustiga o‘sha sakkiz kishidan uchtasining xotini ham o‘zi bilan birga edi.
Mazkur sakkiz muhojir ichida Molik ibn Zam’a Omiriy, Sakron ibn Amr Omiriy, Sulayt ibn Amr Omiriy, Hotib ibn Amr Omiriy va Abdulloh ibn Amr Omiriy bor edi. Bani omirlik ayollardan esa Ummu Kulsum binti Suhayl Omiriya, Amra binti al-Vuqdon Omiriya va bizning qahramonimiz Savda binti Zam’a ibn Qays ibn Abdush Shams ibn Abdu Vadd ibn Nazr ibn Molik ibn Hasal ibn Omir ibn Luay ham bor edilar.
U kishining onalari Shammus binti Qays edi.
Yuqorida zikr qilingan muhojirlardan Molik ibn Zam’a Omiriy Savda binti Zam’a roziyallohu anhoning akalari, Sulayt ibn Amr Omiriy, Hotib ibn Amr Omiriy qayinog‘alari, Sakron ibn Amr Omiriy eri edi. Umuman olganda, bir oilaning odamlaridan o‘n bir kishi Habashiston hijratiga chiqishgan edi.
Ular nasib qilganicha hijrat mashaqqatlarini chekib Habashistonda yashab yurganlaridan ke­yin Makkai Mukarramaga qaytib kelishdi.
Ushbu umumiy ma’lumotlardan Savda binti Zam’a onamiz roziyallohu anhoning birinchi musulmonlar qatorida ekanliklari, Alloh taoloning dini yo‘lida oila a’zolari va qarindoshlari bilan birgalikda jafo chekkanlarini anglab olish qiyin emas.
Makkaga qaytib kelganlaridan ko‘p o‘tmay Savda binti Zam’a onamiz roziyallohu anho tush ko‘rdilar. Tushlarida yonboshlab yotsalar, ustilariga oy tushibdi. U kishi ko‘rgan tushlarini erlari Sakron ibn Amr roziyallohu anhuga aytgan edilar, agar tushing o‘ngidan kelsa, men ko‘pga qolmay o‘lib, sen boshqa erga tegar ekansan, dedi.
Savda binti Zam’a onamiz roziyallohu anho ke­yinroq yana bir tush ko‘rdilar. Bu tush haqida Ibn Sa’d rahmatullohi alayhi Ibn Abbos roziyallohu anhudan quyidagi rivoyatni keltiradi:
«Savda binti Zam’a onamiz roziyallohu anho Sakron ibn Amrning, Suhayl ibn Amrning akasining ,xotini edi. U tushida Nabiy sollallohu alayhi vasallam yurib kelib, uning bo‘ynini bosib olganlarini ko‘rdi. Buni eriga aytdi. U bo‘lsa:
«Agar tushing o‘ngidan kelsa, men ko‘pga qolmay o‘lib, sen Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga erga tegar ekansan», dedi.
«Bo‘lmagan gap, birov bilmasin», dedi Savda binti Zam’a onamiz roziyallohu anho.
Ko‘p o‘tmay Sakron ibn Amr roziyallohu anhu bemor bo‘lib, vafot etdi.
II
Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga payg‘ambarlik kelganiga o‘n yil to‘lgan yili, Islom uchun o‘ta nozik bir paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga Islomning birinchi kunidan buyon asosiy yordamchi bo‘lib kelayotgan kishi vafot etdi.
Ha, Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari, mo‘minlarning onalari Xadicha binti Xuvaylid roziyallohu anho oltmish besh yoshlarida bu dunyoni tark etdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘ngillarini doimiy ravishda ko‘tarib turuvchi, u kishiga bosh maslahatchi bo‘lgan, birinchi bo‘lib iymon keltirgan va fazilatlarini sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydigan bir ulkan matonatli kishi u dunyoga rihlat qildilar.
Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam o‘z uylarida yetim bolalari bilan qoldilar. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshliq Islom jamiyati uchun og‘ir judolik edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining eng yaqin kishilari, barcha og‘irliklarni birga ko‘tarishib turgan vazirlari, har bir narsada mos gapni topib gapiradigan maslahatchilari Xadicha binti Xuvaylid roziyallohu anhodan ajrab qoldilar. Bu yo‘qotish dard ustiga chipqon bo‘lgan edi. Buning ustiga uyga, qizlarga qaraydigan biror kishi ham yo‘q.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning bu holga tushganlari o‘sha paytdagi barcha musulmonlarni ham tashvishga solgan edi. Ulardan har biri o‘z payg‘ambarlaridan bu musibatni qandoq qilib aritish haqida o‘ylar edi. Ayniqsa, bunga o‘xshash holatlarni avvaldan ko‘rib, muolaja qilib yurgan tajribali ayollar tezroq chora topishga harakat qilar edilar.
Mo‘mina ayollar ichida ahli solihligi va fozilaligi bilan ajralib turadigan Xavla binti Hakim roziyallohu anho oxiri chidamay bu haqda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o‘zlariga gap ochishga jur’at qildi:
«Ey Allohning Rasuli, uylansangiz bo‘larmidi?» dedi.
«Kimga?» dedilar u Zot alayhissalom
«Qiz xohlaysizmi, juvonmi?» dedi.
«Qiz kimu, juvon kim?» dedilar.
«Qiz Oisha binti Abu Bakr, juvon Savda binti Zam’a», dedi Xavla binti Hakim. U gapning orasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Savda binti Zam’a roziyallohu anhoning eri o‘lgandan keyingi qiyin holini ham eslatib o‘tdi. Ana shundan keyin Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam unga:
«Uni mening esimga sol», dedilar.
Xavla binti Hakim roziyallohu anho bu gaplardan xursand bo‘ldi va Savda binti Zam’a roziyallohu anhoning oldilariga bordi.
«Uyuunul asar» kitobining sohibi keyin nima bo‘lgani haqida Xavla binti Hakim roziyallohu anhoning o‘zlaridan quyidagilarni rivoyat qiladi:
«Men Savda va uning otasi Zam’aning oldilariga bordim. Otasi katta yoshdagi kishi bo‘lib, uyda o‘tirib qolgan edi. Men ularga:
«Alloh sizlarga xayr-barakani berib qoldi-ku!» dedim.
«U nima, ey Xavla?» dedi Savda hayron qolib.
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni senga sovchi qilib yubordilar!» dedim.
«Qandoq ham yaxshi!.. Endi otamning oldiga kirib, o‘shani zikr qil», dedi Savda.
Men Savdaning otasining oldiga kirdim va ahli johiliyatning salom berishidan qilib:
«An’im sabohan!» dedim.
«Sen kimsan o‘zi?» dedi.
«Xavla binti Hakim ibn Umayya as-Sulamiyman, Usmon ibn Maz’un al-Jumhiyning ayoliman», dedim.
Savdaning otasi meni yaxshi kutib oldi. Alloh xohlagan gaplarni gapirdi. U mening qavmim ilohlarini tark etganimni, iymonga kelganimni va Habashistonga hijrat qilganimni, so‘ng Makkaga qaytib kelganimni bilar edi. U mendan nima ishim borligini so‘rab:
«Muhammad ibn Abdulloh ibn Abdulmuttolib qizing Savda Ummul Asvadni so‘rayapti», dedim.
«Albatta, Muhammad – munosib, karamli odam. Ammo dugonang Savda nima deydi?» dedi u.
«U buni yoqtiradi», dedim.
«Undoq bo‘lsa, uni menga chaqir», dedi.
Men borib, uni chaqirib keldim. U Savdaga:
«Qizim, Xavla binti Hakimning aytishicha, Muhammad ibn Abdulloh uni senga sovchi qilib yuborgan emish. U – munosib, karamli odam. Men seni unga zavjalikka bersam, rozimisan?» dedi.
«Siz rozi bo‘lsangiz, mayli», dedi Savda past ovoz ila.
Shunda Zam’a Xavlaga burilib qaradi-da:
«Muhammadga ayt, oldimizga kelsin», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelib, aqdi nikoh bo‘ldi. Zam’a roziligini e’lon qildi. Mahr to‘rt yuz dirham bo‘ldi. Savda nabaviy xonadonga kirib, mo‘minlarning onalaridan bo‘ldi. Nabiylarning xotamiga xizmat qiluvchilardan biri bo‘lish sharafiga noil bo‘ldi».
O‘shanda payg‘ambarlikning o‘ninchi yili, ramazon oyi edi. Savda binti Zam’a onamiz Xadicha roziyallohu anhoning vafotlaridan keyin Nabiy sollallohu alayhi vasallamga xotin bo‘lgan birinchi ayol edi.
Bu xabar Makkada tarqalganda odamlar quloqlariga ishonishmadi. Ular ajablanib, Xadichaning o‘rniga yoshi o‘tib qolgan beva, unchalik ko‘zga tashlanadigan joyi ham yo‘q Savda bo‘lar ekanmi, deyishar edi.
Boshqa tarafda esa g‘alatiroq gaplar ham bor edi. Savda binti Zam’a onamizning Abdulloh ism­li akasi bor edi. U hali ham Qurayshning dinida edi. O‘sha paytda safarga ketgan edi. Makkaga qaytib kelsa, singlisi Savda Muhammad solallohu alayhi vasallamga erga tegib ketibdi. Abdulloh ibn Zam’aning fig‘oni falakka chiqdi. Qahru g‘azab butun vujudini qamrab oldi. U bo‘lib o‘tgan ishga afsus qilib, o‘z boshidan o‘zi tuproq socha boshladi. Uning uchun singlisi Savdaning Muhammad solallohu alayhi vasallamga turmushga chiqishi katta or edi.
Keyinroq Alloh taoloning inoyati ila Islomga kelgan Abdulloh ibn Zam’a bu qilmishini eslab:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sing­limga uylaganlarida boshimdan tuproq sochgan kunim esim yo‘q ekan», deb yurar edi.
III
Savda binti Zam’a onamiz roziyallohu anho uch yildan ko‘proq o‘zlari yolg‘iz Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga xotin bo‘lib turdilar. U kishi o‘z hollarini o‘zlari yaxshi bilar edilar. Yoshlari bir yerga borib qolgan edi. Shu bilan birga, erkak kishini jalb qiladigan taraflari ham yo‘q edi.
Savda binti Zam’a onamiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarini Alloh taoloning dini yo‘lida ko‘rgan mashaqqatlarini taqdirlab nikohlariga olganlarini yaxshi bilar edilar. Buning ustiga beva qolib, og‘ir ahvolga tushib qolgan edilar. Albatta, bu omil ham Nabiy sollallohu alayhi vasallamning e’tiborlaridan chetda qolmagan bo‘lsa kerak.
Savda binti Zam’a onamiz Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga to‘liq ma’nodagi xotin bo‘lishdan ko‘ra, uyga, qizlarga qarab turadigan kishi bo‘lishga munosibroq ekanliklarini yaxshi his etar edilar. Bu va bunga o‘xshash omillar ko‘p edi. Ammo Savda binti Zam’a onamiz uchun Muhammad solallohu alayhi vasallamning xotinlari degan nomning va u Zotning yaqinlaridan bo‘lishning o‘zi katta saodat edi.
Imom Zahabiy vasf qilishlaricha, Savda binti Zam’a onamiz sayyida, jalila va sharifa bo‘lish bilan birga, katta jussali ham edilar. U kishining kichik Fotimaga qarashda, uy ishlariga urinishda o‘ng‘aysizlanishlarini ko‘rib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tabassum qilib qo‘yar edilar.
Savda binti Zam’a onamiz uyda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga qolganlarida Habashistonda ko‘rganlarini gapirishni yaxshi ko‘rar edilar. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qizlari Ruqayya roziyallohu anho eri Usmon ibn Affon roziyallohu anhu bilan birga o‘sha paytda Habashistonda edilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ularni eslashni va ular haqida tinglashni yoqtirar edilar.
Vaqti soati kelib, Ruqayya roziyallohu anho ham Habashiston hijratidan qaytib keldilar. Singillari u kishining qarshilariga yig‘lab chiqdilar. Onalari Xadicha binti Xuvaylid roziyallohu anhoni esladilar. Uzoq safardan qaytgan Ruqayya roziyallohu anhoni onalari o‘rnida Savda binti Zam’a onamiz roziyallohu anho kutib oldilar. U kishi barcha imkonlarini ishga solib, uydagi kamchilikni to‘ldirishga harakat qilar edilar.
IV
Alloh taoloning izni ila Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hijrat qilganlarida Savda binti Zam’a onamiz ham u Zotning ortlaridan qizlarni olib, hijrat qildilar. U kishi bu yerda ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning xonadonlarini boshqarib turdilar.
Badr janggi musulmonlarning buyuk g‘alabasi ila tugadi. Badrda asirga tushgan mushriklar ichida Savda binti Zam’a onamizning qarindoshi Suhayl ibn Amr Omiriy ham bor edi.
Uni Molik ibn Daxsham asirga olgan edi. Muzaffar Islom lashkari Madinai Munavvaraga qayta boshladi. Ular Madinaga yaqinlashib qolganida Suhayl ibn Amr Molik ibn Daxshamga:
«Qo‘yib tur, qazoi hojat qilib olay», dedi.
Molik uni qo‘yvorib, qarab turgan edi.
«Uyalaman, nariroq borib tur», dedi.
Molik nari ketdi. Suhayl chetga o‘tib, qo‘lini bo‘shatdi va juftakni rostladi. Uning qochganini bilgan Molik ibn Daxsham odamlardan yordam so‘rab qichqirdi. Hamma Suhaylni izlashga tushdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham uni axtara boshladilar va:
«Kim uni topsa, qatl qilsin», dedilar.
Hamma ulovlariga minib olib, uni qidirishda davom etdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning iziga tushib qoldilar. Ortidan borib, daraxtlar orasida yashirinib turganini ko‘rdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uning oldiga borganlarida u qimir etmay turar edi. U o‘zini butunlay yo‘qotib qo‘ygan edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Suhaylni tutdilar va qaytarib olib keldilar. U Zotning amr­lari ila odamlar uning qo‘llarini bo‘yniga bog‘lab, o‘zini Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ulovlariga tirkab qo‘ydilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarning oldida o‘zlarining mashhur tuyalari Qasvoni minib borar edilar. Qo‘llari bo‘yniga bog‘langan Suhayl ibn Amr u tuyaning ortidan yurib kelardi. Uni asirga olgan Molik ibn Daxsham esa, bo‘lgan hodisani baytga solib aytib kelar edi. Shu holda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam boshliq musulmonlar o‘zlariga nusrat bergan Alloh taologa hamdlar aytib shaharga kirib kelishdi.
O‘sha paytda Savda binti Zam’a onamiz bir to‘p ayol bilan o‘g‘illari: Avf va Mu’avvizga aza ochgan Afra roziyallohu anhoga ta’ziya bildirgani ketgan edilar. O‘sha yerga musulmonlar asirlarni olib kelganlari haqida xabar yetdi.
Savda binti Zam’a onamiz o‘z uylari tomon shoshildilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelganlarida kutib qolmasliklari kerak edi. U kishi kirib borsalar, hujrada qo‘llari boshiga bog‘langan Suhayl ibn Amr turibdi. Savda binti Zam’a onamiz uni bu holda ko‘rib o‘zlari sezmagan holda:
«Ha, Abu Yazid, o‘zingiz taslim bo‘ldilaringmi? Qo‘llaringizni tutib berdilaringmi? Bundan ko‘ra, o‘lganlaring yaxshi emasmidi?» dedilar.
U kishini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ovozlari cho‘chitib yubordi:
«Ey Savda, Robbingga va Uning Rasuliga qarshi targ‘ibot qilyapsanmi?» dedilar.
Savda binti Zam’a onamiz uyalib ketdilar va o‘zlariga xos soddalik bilan:
«Ey Allohning Rasuli, Abu Yazidni qo‘li bo‘yniga bog‘liq holda ko‘rib, o‘zimni tuta olmay, shundoq debman», dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishining bu gaplaridan tabassum qildilar va asirlarga yaxshilik bo‘lishi haqida va’da berdilar. U Zot Savda binti Zam’a onamizning uzrlarini qabul qildilar. Chunki u Zot Savda binti Zam’a onamizning maqsadi boshqa ekanini yaxshi bilar edilar.
O‘shandan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Asirlarga yaxshilik qilinglar», dedilar.
Bu gapni eshitgan musulmonlar o‘z taomini asirga beradigan bo‘ldilar.
Savda binti Zam’a onamizning o‘z qarindoshlariga soddalik ila qilgan mehribonliklari hammaga foyda keltiradigan shar’iy qoida amalga kirishiga sabab bo‘ldi.
V
Ramazoni muborakda Badrda erishilgan g‘alaba musulmonlar uchun tarixiy ahamiyatga ega edi. O‘sha shonli g‘alabadan keyin musulmonlar jamiyati tarix sahnasiga katta kuch sifatida chiqdi. Ular kim bizni yo‘q qilib yuborishga harakat qilarkin, deb xavf-xatar ostida yashash bosqichidan eson-omon o‘tdilar.
Bir oz xotirjam bo‘lgan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ham o‘zlari haqida o‘ylash fursatini topdilar. Ana shunda Abu Bakr roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib, bundan uch yil avval oldin Makkada tuzilgan oilalarini eslariga soldilar. Pay­g‘ambar sollallohu alayhi vasallam Oisha onamiz bilan birga yashashga qaror qildilar.
Ma’lum muddat birga yashab, o‘ziga yarasha bir-birlariga o‘rganib qolgan kishilar ichiga yosh, sho‘x va bir oz topqirroq qiz – Oisha roziyallohu anho kirib kelgan edilar. Savda binti Zam’a onamiz yangi kelinni juda yaxshi kutib oldilar. Shu damlarda u kishining hazil-mutoyibaga ustaliklari va soddaliklari ham ish berdi.
Savda binti Zam’a onamiz avvallari ham kezi kelganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni kuldirib turar edilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga u kishining bu sifatlari ma’­qul kelar edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Savda binti Zam’a onamiz roziyallohu anhoning hazil-mutoyibalariga o‘ziga yarasha lutf ila muomala qilar edilar.
Ibn Sa’d rahmatullohi alayhi «Tobaqot» nomli mashhur kitobida bu borada quyidagi rivoyatni keltiradilar:
«Savda roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga:
«Ey Allohning Rasuli, kecha ortingizda namoz o‘qidim. Shunchalar ruku’ qildingizki, qon oqib ketmasin, deb burnimni ushlab turdim», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kuldilar. U ahyonda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni kuldirib turar edi».
Savda binti Zam’a onamiz xonadonga Oisha roziyallohu anho kirib kelganlaridan keyin ham ana o‘sha hazil-mutoyiba ruhini ushlab turdilar. Bu o‘z navbatida oilada o‘zaro aloqalarni doimo yaxshi tutib turishga ham kerak edi.
Imom Nasaiy va boshqa muhaddislar Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilishadi:
«Bir kuni Savda biznikiga ziyoratga keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam men bilan uning o‘rtamizda o‘tirdilar. U zot bir oyoqlarini mening qo‘ynimga, ikkinchi oyoqlarini uning qo‘yniga tashlab, o‘tirar edilar. Men hariyra pishirib keldim va Savdaga:
«Yegin», dedim.
U ko‘nmadi.
«Agar yemasang, yuzingga surtaman», dedim.
U yana ko‘nmadi. Men lagandan bir oz narsani oldimda uning yuziga surtdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kuldilar. Rasululloh sollallo­hu alayhi vasallam oyoqlarini uning qo‘ynidan oldilar. Unga mendan o‘ch olishga sharoit yaratdilar va:
«Sen ham uning yuziga surt!» dedilar.
U lagandan bir oz narsa olib mening yuzimga surtdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kular edilar».
Nubuvvat xonadoniga birin-ketin boshqa onalarimiz ham kirib kela boshlashdi. Ularning har birlari o‘zlariga yarasha bir olam edilar, desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Xonadon kengayishi, unga turli avsoflarga ega xonimlarning kirib kelishlari Savda binti Zam’a onamizning avvalgi o‘rinlarini boshqachaga aylantirmadi. U kishi o‘z o‘rinlarini yo‘qotmasdan har kimga o‘ziga yarasha muomala qilib boraverdilar. Bo‘ladigan muomalalarning ichida hazil-mutoyibalari ham o‘z o‘rnini yo‘qotmadi.
«Tarixi Tobariy», «Isoba» va «Usudul Foba» kitoblarida Hafsa onamizning ozod qilgan cho‘rilari Xulaysa roziyallohu anhodan quyidagi qissa keltiriladi:
«Oisha va Hafsa roziyallohu anhumo gaplashib o‘tirgan edilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zavjalari Savda kelib qoldi. Haligi ikkovi bir-birlariga:
«Savdani qara, qandoq ham chiroyli holda! Bir shu holini buzmaymizmi?!» deyishdi.
Savda ularning ichida holi yaxshisi edi. U toi­fiy teri ishlatar edi. U ikkovining oldilariga yaqinlashganda hazilni boshlashdi:
«Ey Savda, xabaring bo‘lmadimi?!» deyishdi.
«Nima edi, Alloh rahmingizni yegurlar?» dedi u soddalik ila ajablanib.
«Filay Dajjol chiqdi!» deyishdi ikkovi.
Savda qo‘rqib ketib, o‘t yoqadigan bir xonaga berki­nib oldi. Ikkovi rosa kulishdi. Rasululloh sol­lal­lohu alayhi vasallam kelib, Hafsa bilan Oishaga:
«Ikkovingizga nima bo‘ldi?» dedilar.
Ular Savda bilan bo‘lgan hodisani gapirib berishdi. U Zot uni izlab topdilar. U Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga:
«Ey Allohning Rasuli, g‘ilay Dajjol chiqdimi?!» dedi.
«Yo‘q. Chiqqanga o‘xshaydi», dedilar.
U ustidan o‘rgamchak inlarini qoqib, chiqib keldi».
Ana shu bilan xonadonda bir muddat xushhollik holati hukm surib turdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham hazil-mutoyiba qilib turar edilar.
Savda binti Zam’a onamiz roziyallohu anhoning hazil mutoyibaga moyilliklari mashhur bo‘lsa ham, kezi kelganda jiddiy bo‘lishni ham o‘rinlatar edilar.
Imom Buxoriy va Muslimlar Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Savda binti Zam’a kechasi tashqariga chiqdi. Bas, uni Umar ko‘rib tanidi va:
«Allohga qasamki, sen, ey Savda, bizga maxfiy qolmassan», dedi.
U Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oldilariga qaytib keldi. U Zot mening hujramda o‘tirib, kechki taomni tanovul qilayotgan edilar. Bas, (Savda) u Zotga haligi gapni zikr qildi. U Zotning qo‘llarida go‘shtli suyak turgan edi. Shunda u zotga (oyat) nozil qilindi. U zotdan (vahiy holati) ko‘tarilganda:
«Batahqiq, sizlarga hojatlaringiz uchun chiqishingizga izn berildi», dedilar».
Savda binti Zam’a onamiz kechasi hojat uchun tashqariga chiqqan edilar. U kishi, avval ham aytib o‘tilganidek, katta jussali, semiz va sekin harakat qiluvchi edilar. Hazrati Umar roziyallohu anhu kechasi bo‘lsa ham Savda onamizni darhol tanidi. Umar roziyallohu anhu o‘ta ehtiyotkor kishi edi. Ayniqsa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oilalariga juda ham ehtiyot bo‘lar edi. Keyinchalik hijob oyatining tushishiga ham Umar roziyallohu anhuning takliflari sabab bo‘lgan. Umar roziyallohu anhu mo‘‘minlarning onalarini ham tergab turar edi. Savda onamizni tashqarida yurganlarini ko‘rib, yana tergashni boshladi.
«Allohga qasamki, ey Savda, bizga maxfiy qolmassan!» dedilar.
Bu gap qo‘pol qilib aytadigan bo‘lsak, Pay­g‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xotini bo‘la turib, kechasi ko‘chada nima qilib yuribsan, degan ma’nodagi gap edi. Bu gap Savda onamizga og‘ir botdi. U kishi o‘ynab emas, hojat uchun chiqqan edilar.
O‘sha paytda u Zot Oisha onamiz roziyallohu an­huning hujrasida kechki taom yeb o‘tirar edilar. Savda onamiz o‘sha yerga kirib bordilar va bo‘lib o‘tgan gapni zikr qilib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga shikoyat qildilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qo‘llarida go‘shtli suyak bor edi. Ana shu holda u Zotga vahiy nozil bo‘ldi.
Odatda vahiy nozil bo‘lganda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning nafas olishlari tezlashib, terlab, g‘alati bir holatga tushib qolar, yonlaridagi kishi u Zotga vahiy tushganini ochiq-oydin bilar edi. Oisha va Savda onalarimiz ham o‘sha payt Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga vahiy tushayotganini bilib, jim qolishdi.
Keyin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hollari asl holatiga qaytdi. Vahiy tushib bo‘lgani bilindi. Endi Savda onamiz bilan Umar roziyallohu anhuning oralaridagi tortishuvli masala hal bo‘lishi kerak edi. Vahiy tushib bo‘lishi bilan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Batahqiq, sizlarga hojatlaringiz uchun chiqishingizga izn berildi», dedilar.
Bu hodisa Savda binti Zam’a onamiz roziyallohu anhoning fazllarini ko‘rsatadi.
VII
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safarni iroda qilsalar, xotinlari orasida qur’a tashlar edilar. Qaysi birlarining qur’asi chiqsa, o‘sha ayollarini o‘zlari bilan birga olib chiqardilar. Ana o‘sha tartib bilan bo‘lsa kerak, Savda binti Zam’a onamiz Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan birga Xaybar g‘azotida ishtirok etganlar.
Ibn Sa’d rahmatullohi alayhi «Tobaqot» kitobida zikr qilishlaricha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘ljadan Savda binti Zam’a onamizga sakson vasaq xurmo va yigirma vasaq arpa ajratgan ekanlar.
Ammo vaqt o‘tib borishi bilan Savda binti Zam’a onamiz o‘zlarida qarilik alomatlarini yana ham ko‘proq sezib borar edilar. Buning ustiga Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Savda onamizni taloq qilar emishlar, degan gap ham tar­qaldi. Savda onamiz uchun mana shu gap katta musibat bo‘ldi. U kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zavjasi bo‘lishni o‘zlarining eng buyuk baxti deb bilar edilar. Savda onamiz nima qilib bo‘lsa ham, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo‘lishga chora axtara boshladilar.
Abu Dovud, Ahmad va Buxoriy Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taqsimda, oldimizda qolishlarida bizning ba’zimizni ba’zimizdan ustun ko‘rmas edilar. Hammamizning oldimizga kirib aylanib chiqmagan kunlari oz bo‘lar edi. Tegmasalar ham, har bir ayolning yoniga kirib chiqar, navbat kuni kelganning oldida yotib qolar edilar. Savda onamiz yoshi katta bo‘lib qolganda va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undan ajralishlaridan qo‘rqqanda:
«Ey Allohning Rasuli, mening kunim Oishaga bo‘lsin», dedi. Biz mana shu va shunga o‘xshaganlar haqida Alloh taolo:
«Agar ayol kishi o‘z eridan nafrat va yuz o‘girish sodir bo‘lishidan qo‘rqsa, ikkovlari o‘zaro sulhga kelishishlarida gunoh yo‘q»ni nozil qilgan der edik».
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Men Savdadan boshqa tutimi va siyratida o‘zimga yoqadigan unga o‘xshash ayolni ko‘rmadim. U yoshi katta bo‘lganda:
«Ey Allohning Rasuli, sizdagi haqim bor kunimni Oishaga berdim», dedi.
Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oishaga ikki kun – o‘z kunini va Savdaning kunini taqsim qilar edilar».
Ikki Shayx rivoyat qilishgan.
Avval ham bir necha bor takrorlaganimizdek, onalarimizning ba’zilarining yoshi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yoshlaridan katta edi. Jumladan, Savda onamizning ham.
Yoshlari o‘tib qolganda u kishi mazkur holatlar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uchun ham qiyinchilik tug‘dirib, meni yoqtirmay qolmasinlar, deb o‘z kunlarini u Zotning eng yosh va mahbub ayollari Oisha onamizga hadya etganlar. Shuning uchun ham Oisha onamiz Savda onamizni yaxshi ko‘rar va tutimda, siyratda o‘sha kishiga o‘xshashni xohlar edilar.
Albatta, ayol kishi uchun bundoq fidokorlikni amalga oshirish – katta jasorat. Bu ishni faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yaqinlarida turishni o‘ziga baxt deb bilgan ayolgina qilishi mumkin. Savda onamiz bu masalada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga murojaat qilganlarida:
«Men sizning zavjalaringiz qatorida qayta tirilishimni xohlayman», deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishining bu iltimosini qondirganlar.
VIII
Savda binti Zam’a onamiz ko‘p chiroyli va hamida fazilatlar egasi bo‘lganlar. Hadis, siyrat va tarix kitoblarimizda mazkur oliymaqom sifatlar haqida ko‘plab ma’lumotlar keltirilgan. Biz ulardan ba’zilarini zikr qilamiz.
Imom Buxoriy Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:
«Muzdalifaga tushdik. Savda Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan odamlarning izdihom bo‘lishlaridan oldin u yerdan jo‘nab ketishga izn so‘radi. U juda sekin harakat qiladigan ayol edi. U Zot unga izn berdilar. U odamlarning izdihom bo‘lishidan oldin tushib ketdi. Biz tong otguncha turdik. Undan keyin tushdik. Men ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Savda izn so‘ragandek izn so‘raganimda yaxshi bo‘lar ekan».
Bu yerda Savda binti Zam’a onamizning bir yo‘la ikkita fazli namoyon bo‘lmoqda. Birinchisi, ayol kishilarga haj paytida uzr uchun Muzdalifadan tong otmay turib Minoga tushib ketishlariga izn berish shariatga kirib qolishiga sabab bo‘lganlari. O‘sha Savda binti Zam’a onamiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘ragan iznga binoan, hozirgacha ayollarga, bemor, qari va ojiz kishilarga Muzdalifadan tong otmasdan avval tushib ketishga ruxsat beriladi.
Ikkinchisi, o‘sha paytdagi vaziyatni yaxshi anglab tasarruf qilganlari. Hatto Oisha onamiz keyingi vaqtlarda ham Savda binti Zam’a onamizning mazkur ishlariga havas qilib yurar ekanlar.
Imom Ahmad Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vidolashuv hajida o‘z ayollariga:
«Mana shu – bo‘yralarning zohir bo‘lishidir», dedilar.
Savda: «Bundan so‘ng hech qachon haj qilmayman», der edi.
Boshqa bir rivoyatda aytilishicha:
«Ularning hammalari haj qilar edilar. Faqat Zaynab binti Jahsh va Savda binti Zam’a qilmas edilar. Ikkovi, Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan buni eshitganimizdan keyin bizni ulov harakatga solmas», der edilar».
«Savda: «Haj qildim. Umra qildim. Endi Alloh azza va jalla menga amr qilganidek, uyim­da viqor bilan o‘tiraman», der edi».
Savda binti Zam’a onamiz juda ham saxiy zot edilar. U kishining qo‘liga tushgan mol turib qolmas edi.
Ibn Sa’d rahmatullohi alayhi Muhammad ibn Sirin roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Umar ibn Xattob Savda binti Zam’a onamizga bir xurjun dirham yubordi. U haligi narsani ko‘rib:
«Bu nima?» dedi.
«Dirhamlar», deyishdi.
«Xurjunda-ya?! Xurmo kabi-ya!? Ey joriya, menga toboqni keltir!» dedi va ularni tarqatib yubordi.
Savda binti Zam’a onamiz roziyallohu anho Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan hadisi shariflarni ham rivoyat qilganlar. Katta hadis kitoblarida u kishining beshta hadislari borligini ulamolarimiz zikr qilishgan.
Savda binti Zam’a onamiz roziyallohu anho hazrati Umar roziyallohu anhuning xilofatlari oxirida sakson yoshdan o‘tganlarida vafot etdilar. Alloh taolo u kishidan rozi bo‘lsin! Omin!
 muslimaat.uz
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) hazrati Xadicha (roziyallohu anho) onamiz vafotidan so‘ng hazrati Savda binti Zam’a ona­mizga uylanganlar.
Savda onamizning otalari Zam’a ibn Qays ibn Abdush Shams ibn Abd Vudd ibn Amir ibn Luay ibn G‘olib, onalari esa ash-Shamus binti Qays ibn Amr ibn Zayd ibn Labid ibn Xidash ibn Amira banu Adi ibn an-Najjar qabilasidan edi.
Savda onamiz dastlab amakilari­ning o‘g‘li Sakron ibn Amrga turmush­ga chiqqan. Ikkovlari islomni qabul qilib, Habashistonga hijrat qilganlar va sakkiz muhojirning safidan joy olgan. Savda onamizning birinchi er­lari Sakron ibn Amr kasal bo‘lib vafot etgan.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Xadicha onamizning vafot­laridan bir necha yil keyin, Toifdan nihoyatda mahzun bo‘lib qaytgan edilar. Savda onamizga uylanishlari ana shun­day vaqtga to‘g‘ri kelgan.
Mo‘mina ayollar orasida Xavla binti Hakim (roziyallohu anho), Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ning nom­laridan Savda onamizga sovchi bo‘lib borganlar. Savda onamiz otalarining roziliklari bilan Payg‘ambarimizga turmushga chiqib, 400 dirham mahr ol­gan. Shu vaqtda Ramazon oyi bo‘lib, payg‘ambarlikning o‘ninchi yili edi. Bu nikoh makkaliklarni taajjublantirgan. Chunki Savda onamiz yosh ham emas, uncha­lik chiroyli ham emasdi.
Lekin Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) qiyinchilikda qolgan kimsasiz ayolni himoya etganlar. Savda (roziyallohu anho) mo‘minlarning ona­si, zimmalaridagi mas’uliyatni ado etishga sidqidildan kirishib, yetim qolgan farzandlarining tarbiyasi bi­lan shug‘ullangan. Savda onamiz itoatli, sevimli va hazilkash ayol edi.
Bir kuni Savda (roziyallohu anho) Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ga: «Ey Allohning Rasuli, kecha ortingizdan namoz o‘qidim. Juda uzoq vaqt ruku qildingizki, qon oqib ketmasin deb burnimni ushlab turdim», dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sal­lam) kuldilar. Shu tariqa oradan uch yil o‘tdi.
Savda binti Zam’a Oisha onamiz ke­lin bo‘lib tushganidan keyin ham hazil-mutoyibani tark etmadi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) xonadon­lariga boshqa ayollari birin-ketin ki­rib kela boshladi. Biroq bu hol ularni o‘z o‘rnilarini yo‘qotishga olib kelmadi. Suyukli payg‘ambarimiz har qaysisiga yarasha muomala qildilar.
Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «Men Savdadan boshqa tu­timi va siyratida o‘zimga yoqadigan, unga o‘xshash ayolni ko‘rmadim. U yoshi katta bo‘lganda: «Ey Allohning Rasuli (sollallohu alayhi va sallam), sizdagi haqim bor kunimni Oishaga berdim», dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Oishaga ikki kun – o‘z kuni­ni va Savdaning kunini taqsim qilar edilar».
Alloh taoloning izni ila Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) hijrat qilganlarida, Savda binti Zam’a onamiz ham u zotning ortlaridan qizlarini olib hijrat qilgan. U yerda ham Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) xonadon­larini boshqarib turgan.
Badr jangida qarindoshlari Suhayl ibn Amr asir tushganida, soddadil­lik bilan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga qilgan ishorala­ri tufayli asirlarga yaxshilik qilish bo‘yicha shar’iy qoidalarga yana biri qo‘shilgan.
Savda binti Zam’a onamiz «Batahqiq, sizlarga hojatlaringiz uchun chiqishga izn berildi» oyati nozil etilishiga sa­babchi bo‘lgan. Savda onamiz betakror xislatlari, taqvo, saxiyligi bilan aj­ralib turardi.
Umar (roziyallohu anhu) ularga bir xurjun dirham yuborganlarida, ular­ning hammasini tarqatib yuborgan. G‘azotda ishtirok etib, Xaybarni fath qilinishiga guvoh bo‘lgan.
Hazrat Savda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan keyin, hazrati Umar(roziyallohu anhu)ning xalifalik davrida vafot etgan. Bu paytda u chamasi sakson yoshda bo‘lgan.
Savda onamiz Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan beshta hadis rivoyat qilgan. Ulardan birini Imom Buxoriy rivoyat qilgan.
Maryam Abdullayeva | Muslim.uz

Savda binti Zam’a roziyallohu anhoning otasining ismi: Zam’a ibn Qays ibn Abdu Vudd ibn Nasr ibn Molik Ibn Hisl ibn Omir ibn Luaydir.
Onasining ismi: Shammuus binti Qays ibn A’mr ibn Zayd ibn Labiddir.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan Savda binti Zam’a roziyallohu anhoning shajarasi Luay ibn G‘olib bobolarida birlashadi.
Bir kuni Savda binti Zam’a roziyallohu anhoning tushlarida Nabiy sollallohu alayhi vasallam yurib kelib, uning bo‘ynini bosib olganlarini ko‘radi. Buni eri Sakron ibn Amr roziyallohu anhuga aytadi. U bo‘lsa: “Agar tushing o‘ngidan kelsa, men ko‘pga qolmay vafot etib, sen Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga erga tegar ekansan”, deydi. Shunda Savda binti Zam’a roziyallohu anho “Bo‘lmagan gap, tag‘in birov eshitib qolmasin”, deydi.
Oradan bir qancha vaqt o‘tib Sakron ibn Amr roziyallohu anhu ayoli Savda binti Zam’a roziyallohu anho bilan Habashistonga hijrat qilib, bir muncha vaqtdan so‘ng qaytadilar. Sakron ibn Amr roziyallahu anhu Madinaga hijrat qilinishidan oldin bemor bo‘lib, vafot etadi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning Savda roziyallohu anhoga uylanishlari uning Islom yo‘lidagi harakati, ixlosi va alamli musibati uchun eng ulkan mukofot bo‘lishi tabiiy edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shu boisdan unga uylanmoqqa qaror qildilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan bo‘lgan bu iltifotni odamlar benihoya xursandlik ila qarshi olishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam nubuvvatni o‘ninchi yili, Ramazon oyida ellik bir yoshlarida, Xadija roziyallohu anho vafotlaridan biroz vaqt o‘tganidan so‘ng Savda binti Zam’a roziyallohu anhoga to‘rt yuz dirham mahr berib uylandilar.
Savda binti Zam’a roziyallohu anho kezi kelganda Rasululloh sollallohu  alayhi vasallamni kuldirib turar edilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga u kishining bu sifatlari ma’qul kelar edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Savda binti Zam’a roziyallohu anhoning hazil-mutoyibalariga o‘ziga yarasha lutf ila muomala qilar edilar.
Savda binti Zam’a roziyallohu anhoning hazil mutoyibaga moyilliklari mashhur bo‘lsa ham kezi kelganda jiddiy bo‘lishni ham o‘rniga qo‘yar edilar.
Savda binti Zam’a roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir necha hadislar rivoyat qilganlar. Mashhur hadis kitoblarida u kishining hadislari keltirilganini ulomalarimiz zikr qilishgan.
Savda binti Zam’a roziyallohu anho hijratning ellik to‘rtinchi (melodiy olti yuz yetmish to‘rtinchi) yili Shavval oyida Madinai munavvarada vafot etadilar. Alloh taolo U zotdan rozi bo‘lsin va rozi qilsin!
Abdussomad Abdulbosit o‘g‘liMuslim.uz

6 комментариев к “Savda binti Zam’a”

  1. Уведомление: sbo

  2. Уведомление: mushrooms on sale

  3. Уведомление: Plus d'information

  4. Уведомление: FERRADA WHEELS FT3

  5. Уведомление: สินเชื่อที่ดิน

  6. Уведомление: chocolate shroom bars reddit

Комментарии закрыты.