Sport turini toʼgʼri tanlang

DO`STLARGA ULASHING:

Ota-onalarning aksariyati farzandlarini maxsus sport toʼgaraklariga berishadi. Bunday vaqtda ular tanlangan sport turi bolaning yoshiga, jismoniy holatiga va sogʼligʼiga toʼgʼri keladimi-yoʼqmi, shu haqda oʼylab koʼrishlari lozim.
Kichkintoy sport mashgʼulotlariga qatnashidan avval ota-ona bu borada mutaxassis maslahatini olishi zarur.
FUTBOL, VOLEYBOL, BАSKETBOL
Tayanch-harakat tizimi, nafas olish va yurak-qon tomir tizimlari faoliyatini yaxshilaydi. Qad-qomatning chiroyli shaklda boʼlishini taʼminlaydi.
Bolani sergaklikka va aniq harakat qilishga oʼrgatadi.
Futbol, voleybol va basketbol mashgʼulotlariga bolalar 5-6 yoshdan boshlab qabul qilinadilar.
Bronxial astma, oʼn ikki barmoqli ichak yarasi, yassioyoqlik, boʼyin osteoxondrozi va miopiyaning turli darajasi bilan ogʼrigan bolalar bunday sport mashgʼulotlariga qatnashmaganlari maʼqul.
BАDIIY GIMNАSTIKА
Kichkintoyni chaqqonlik va egiluvchanlikka undaydi, yassioyoqlikdan qutulishga yordam beradi, bolaning oʼziga boʼlgan ishonchini mustahkamlaydi, harakatlarning nozik va gavdaning xushbichim boʼlishini taʼminlaydi.
Jiddiy xastaliklari boʼlmagan qizaloqlar bu sport turiga 4 yoshdan boshlab qatnashishlari mumkin.
SUVDА SUZISh
Suzganda yurak ishi yengillashadi, tana chiniqadi, suzish davomida qomat tik va chiroyli boʼladi. Bolada skolioz, koʼkrak qafasi deformatsiyasi boʼlganda va qandli diabet, semizlik, gastrit, bronxial astmaning boshlangʼich bosqichlarida ham suvda suzish foyda keltiradi. Sportning bu usuli bilan bolalar uch yoshdan boshlab kichkintoylarga moʼljallangan basseynlarda shugʼullanishlari mumkin.
Teri kasalliklari, ochiq jarohatlari va yaralari bor, shuningdek koʼz, quloq, tomoq-burun xastaliklari bilan ogʼrigan va ilgari infektsion dardlarga chalingan bolalar suzish sporti bilan shugʼullanishlari mumkin emas.
Bundan tashqari sil (tuberkulez) ning faol shakli, yurakning revmatik shikastlanishi roʼy berganda, oshqozon yoki oʼn ikki barmoqli ichak kasalligidan aziyat chekayotgan kichkintoylar ham suzish mashgʼulotlariga qatnashmaganlari maʼqul.
KАTTА TENNIS
Bola katta tennisga qatnasha boshlagandayoq chaqqonlikka odatlanadi, diqqatni bir joyga jamlashga oʼrganadi, sezgirlik va sabr-bardoshli boʼlishga harakat qiladi. Shuningdek, uning nafas olish va yurak-qon tomir tizimi faoliyati yaxshilanadi.
Sportning bu turiga bola 5-7 yoshdan qatnashi mumkin.
Boʼyin umurtqasida kasalliklari mavjud boʼlgan, oshqozon yarasi, yassioyoqlik va koʼz kasalliklariga chalingan bolalar katta tennisda ishtirok etishlari tavsiya etilmaydi.
Bundan tashqari, stol tennisi (ping-pong) bolada harakatlarning oʼzaro uygʼunligini ragʼbatlantiradi, nafas olish tizimi faoliyatini yaxshilaydi. Bu sport turi mashgʼulotlari 5 yoshdan oshgan barcha bolalarga tavsiya etiladi.
ChАVАNDOZLIK (OT SPORTI)
Tayanch-harakat tizimi kasalliklarini davolab yuboradigan, ruhiy-psixik muammolarni hal etishga koʼmaklashadigan bu sport turi bilan bolakaylar 4 yoshdan boshlab shugʼullanishlari mumkin.
Ot sporti mashgʼulotlarini boshlashdan avval bola pediatr shifokor va okulist koʼrigidan oʼtishi zarur.
АYKIDO
Yapon jang sanʼati turlaridan biri hisoblangan aykidoda bola oʼzini himoya qilishni oʼrganadi. Uning foydasi shundaki, ishtirokchi chaqqonlikka oʼrganib, oʼzida koʼplab jismoniy xususiyatlar shakllanishiga erishadi. Gavdasi egiluvchan boʼlib qoladi.
Bu sport turiga jiddiy kasalliklari boʼlmagan, masalan miopiya, tugʼma va orttirilgan yurak illatlari va umurtqa dardlariga chalinmagan bolalar 4 yoshdan boshlab qatnashishlari mumkin.
UShU
Xitoy jang sanʼati hisoblangan ushuning ikki yoʼnalishi (sport gimnastika va jang qilish yoʼnalishlari) mavjud. Foydali tomonlari anchagina. Dastlab mashgʼulotlar bolaga aniq va tez harakatlanishni, partner bilan harakatlarni rejalashtirishni oʼrgatadi.
Harakatlarning oʼzaro mosligini, tasavvurlash va fikrlash qobiliyatini rivojlantiradi. Ushu gimnastikasi ayniqsa astma bilan ogʼrigan va yuqumli kasalliklardan soʼng holsizlangan bolalarga ijobiy taʼsir koʼrsatib, ularning quvvatini tiklashda yordam beradi.
Sportning bu turiga ogʼir operatsiyalarni boshdan oʼtkazmagan va yurak-qon tomir tizimida jiddiy buzilishlar boʼlmagan bolalar 4 yoshdan boshlab qatnashishlari tavsiya etiladi.
DZYuDO
Yapon jang sanʼatlaridan biri hisoblangan dzyudo bolaning tana va oyoq-qoʼllari egiluvchanligini rivojlantiradi, kichkintoy muvozanatni saqlash hamda nafas olishni boshqarishni oʼrganadi.
Dzyudoga tayanch-harakat tizimi, yurak, jigar, koʼz kasalliklari bilan ogʼrigan bolalar qatnashmaganlari maʼqul. Sogʼlom kichkintoylar esa 5 yoshdan boshlab dzyudo bilan shugʼullanishsa boʼladi.
АLOHIDА TАVSIYaLАR
Sport mashgʼulotlari uchun trener tanlayotganda hushyor boʼling, imkon qadar farzandingizga masʼuliyatli va talabchan ustozni qidirib toping.
Bola sport mashgʼulotlariga yakka oʼzi emas, balki doʼstlari bilan qatnagani yaxshi. Shunda u turli sharoitlarga va odamlarga tezroq koʼnikadi.
Bolaning qaysi sport turiga qiziqishini aniqlash barobarida uning jismoniy qobiliyatlarini ham eʼtiborga oling. Chunki kichkintoy har qancha qiziqmasin, tanlangan sport turi uning sogʼligʼiga toʼgʼri kelmasligi mumkin. Аgar bola sport mashgʼulotlariga qatnayotib jarohat olsa, u to tuzalgunicha uyda boʼlgani maʼqul.
Bordiyu farzandingizga tanlangan sport turi maʼqul kelmasa, uni majburlamang. Chunki mashgʼulotlarga yaxshi kayfiyat bilan qatnaydigan bola ham ruhan, ham jismonan tez rivojlana boradi.
Maʼmura SАLOMOVА,
Oʼzbekiston Davlat Jismoniy tarbiya
institutining «Sport va davolovchi jismoniy tarbiya»
kafedrasining katta oʼqituvchisi,
Hulkar HUSАNOVА,
institut talabasi.

Оставьте комментарий