Surunkali bronxit

DO`STLARGA ULASHING:

Etiologiyasi. Surunkali bronxit, ko‘pincha o‘z vaqtida davo qilinmagan va davosi oxirigacha olib borilmagan o‘tkir bronxitning oqibati hisoblanadi. Surunkali bronxit kelib chiqishida chekish, sovqotish, zararli bo‘g‘lar, gazlar, kimyoviy moddalar, sanoat korxonalaridan chiqadigan har xil zararli omillar, shuningdek, o‘pka va yurak hamda yuqori nafas yo‘llarining kasalliklari asosiy rol o‘ynaydi. Bundan tashqari, bu kasallik un kombinati, kimyo zavodi, mo‘ynachilik sohasida, elektr payvandchilik va shaxtada ishlovchi shaxslarda kuzatiladi. Surunkali bronxitni kelib chiqishida pnevmokokklar, kataral mikrokokklar, streptokokklar muhim rol o‘ynaydi.
Klinikasi. Yo‘tal bilan shilliq-yiringli balg‘amning ajralishi surunkali bronxitning asosiy alomatidir. Dastlab yo‘tal ertalablari tutadi, vaqt o‘tishi bilan kuchayadi, ba’zan xuruj qilib, bemorni faqat kunduzlari emas, balki kechasi ham bezovta qila boshlaydi. Kasallik qo‘zigan yoki asorat bergan hollarda tana harorati ko‘tariladi.
Surunkali bronxitning ba’zi hollarida chirigan qo‘lansa hidli balg‘am ko‘p miqdorda ajralishi kuzatiladi. Bunday balg‘am laboratoriyada tekshirilganda mikroskop ostida turli bakteriyalar (ko‘p miqdordagi kokklar, duksimon tayoqchalar), shuningdek, ko‘p miqdorda yog‘ kislotalari kristallari topiladi. Surunkali bronxitning bunday turi chirik va pudrid bronxit nomi bilan yuritilib, ko‘pincha bronxlar kengayganda, o‘pka gangrenasi, saratoni va aktinomikozida uchraydi. Surunkali bronxitli bemorlar tekshirilganda nafas chiqarilishi uzaygan holda dag‘al nafas, shuningdek, quruq xirillash, katta va o‘rta bronxlar o‘zgarganda g‘uvullagan tovush, mayda bronxlar shikastlanganda hushtaksimon tovush eshitiladi. Agar bronxlarda ko‘p miqdorda sekret ajralsa, o‘pka ustida jarangsiz mayda va o‘rta pufakli ho‘l xirillash eshitiladi.
Surunkali bronxit asorat berib, bir qancha patologik holatlar, aksari, o‘choqli pnevmoniya (bronxopnevmoniya), bronxoektazlar, o‘pka emfizemasi va boshqalar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. O‘pka emfizemasining qo‘shilishi bemorning hansirab turadigan bo‘lishiga olib keladi, ayni vaqtda, odam faqat jismoniy zo‘ri- qishlardan hansiraydigan bo‘lsa, keyinchalik tinch turgan mahal- larda ham hansiraydigan bo‘lib qoladi. Bemorning teri qoplamlari va ko‘zga ko‘rinib turadigan shilliq pardalari ko‘kimtir tusga kirib, yuzi kerkib turadi.
O‘tkir va surunkali bronxit rentgenda tekshirilganda bronx tasviri sal kattalashgan bo‘ladi.
Davolash. Bronxitlarni davolash uchun, birinchi galda, bemorni kasalxonaga yotqizish zarur. Davosi yallig‘lanish hodisalari, shilliq hosil bo‘lishini kamaytirish va shu shilimshiqni yo‘tal bilan chiqarib tashlash, bronxospazmni bartaraf qilish, nafasni yaxshilash va yurakni quvvatlab turadigan dori-darmonlar berishga qaratilgan. Issiq, achchiq, qovurilgan ovqatlar, shilliq pardalarni ta’sir- lantiradigan mahsulotlar va spirtli ichimliklar qat’iyan man etiladi. Antibiotiklar, sefalosporinlar va sulfanilamid preparatlar buyu- riladi, balg‘am ko‘chiruvchi vositalar (bronxolitin, pertussin, teofedrin, mukaltin, termopsis o‘ti damlamasi), yo‘talga qarshi dorilar (bromgeksin, tusupreks, libeksin, falimint, stoptussin, ambrobene) beriladi.
Simptomatik davo choralari (tana haroratini tushiruvchi, og‘riq qoldiruvchi, antigistamin va h.k.) amalga oshiriladi. Vitaminlar, glukoza eritmalari, ishtahani ko‘taruvchi dori-darmonlar, chalg‘i- tuvchi vositalar, xantal qog‘ozi hamda kukuni, oyoqlarga vanna, har xil dorili o‘simlik moylaridan surkash, shifobaxsh o‘simlik- lardan: tog‘ rayhoni, ko‘kat (oqqaldirmoq), oq andiz berish foyda- lidir — bular balg‘amning tez ajralishiga olib keladi.
Profilaktikasi. Bronxitlarning profilaktikasida shaharlarda havo­ning chang-to‘zon hamda zararli gazlar bilan ifloslanishiga qarshi keng miqyosda gigiyena chora-tadbirlarini amalga oshirib turishdan iboratdir. Badantarbiya, organizmni chiniqtirish, ichkilikbozlik va tamaki chekishga qarshi kurash katta ahamiyatga ega.
Surunkali bronxitga uchragan bemorlar uzoq vaqt ochiq havoda bo‘lishlari zarur, sanatoriyalarda davolash fizioterapevtik muolaja- laridan foydalanishlari lozim.

1 комментарий к “Surunkali bronxit”

Оставьте комментарий