Tadbirli bola

DO`STLARGA ULASHING:

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda bir kambag‘al chol bilan kampir va ularning uch o‘g‘li bor ekan. Ular juda qashshoq yashar ekan. Kunlardan bir kun chol kasal bo‘lib, qazo qilibdi. Bolalarning tarbiyasi yolg‘iz kampirga qolibdi. Kampir qiyinchilik bilan bolalarini boqibdi. U odamlarning uyida kir yuvibdi, hovli tozalabdi, xullas, nima ish to‘g‘ri kelsa, barchasini qilib kun o‘tkazibdi.
Yillar o‘tib, bolalar ham voyaga yetishibdi. Bir kuni kampir o‘g‘illarini chaqirib:
— O‘g‘illarim, endi men qarib qoldim, sizlar ham katta bo‘lib qoldinglar. Endi biror yumush topsalaring bo‘lardi, — debdi.
Shunda to‘ng‘ich o‘g‘li:
— Menga ruxsat bering. Boynikiga borib xizmat qilaman, — debdi.
Kampir va ikki o‘g‘li uni kuzatib qolishibdi. Bola bir boynikiga borib:
— Sizga xizmatkor kerakmasmi? Qanday ish bo‘lsa ham, qilaveraman, — debdi.
Boy bolani ko‘rib:
— Mayli, seni ishga olaman. Faqat bitta narsaga kelishib olsak, kimda-kim bir-biridan xafa bo‘lsa qulog‘ini kesish, — debdi.
Bola rozi bo‘libdi.
— Endi anavi kuchukni darvoza yoniga olib borib bog‘lagin, o‘rnida sen yotasan, — debdi.
Bola bunga ham rozi bo‘libdi.
Bola har kuni hammadan erta turib, ikki ho‘kiz, bir qop bug‘doy va bitta qotgan nonni olib, dalaga chiqib ketar ekan. U yerni haydab, shu bug‘doylarni ekishi kerak ekan. Bola har kungi ishini oshig‘i bilan bajarar ekan. Boy esa kundan-kun undan yanada ko‘proq mehnat talab qilaveribdi, bitta beradigan nonini ham ozaytirib qo‘yibdi.
Bir kuni bolaning juda ham jahli chiqib ketibdi, u boyga qarab «siz zolim ekansiz», debdi. Boy, «mendan xafa bo‘libsan-da» deb, yonidan pichog‘ini chiqarib, uning qulog‘ini kesib olibdi. Bola dodlaganicha uyiga qaytib kelibdi. Kampir va ukalari uni yupatishibdi. Shunda o‘rtancha o‘g‘il akasining o‘rniga borib ishlamoqchi, uning haqqini ham undirib kelmoqchi bo‘libdi. U ham o‘sha boyning yoniga boribdi.
— Men ish qidirib yuribman. Sizga xizmatkor kerakmasmi? — deb so‘rabdi bola.
Boy:
— Mayli, men seni ishga olaman. Lekin bitta shartim bor. Bir-birimizdan xafa bo‘lmaslik, kimki xafa bo‘lsa, qulog‘ini kesish, — debdi.
Bola rozi bo‘libdi. U ham akasi bajargan yumushlarni qilibdi. Boyning uyida ish kundan-kun ortib boraveribdi. Ammo beradigan bitta noni ham yarimtaga aylanibdi. Qorni nonga to‘ymay, kuni bilan ish qilayotganidan achchiqlangan bola «siz noinsof ekansiz», debdi. Boy, «mendan xafa bo‘libsan-da», deb yonidan pichog‘ini chiqarib, uning ham qulog‘ini kesib olibdi. Bola dodlaganicha uyiga qarab yuguribdi. Kampir, akasi va ukasi uni yupatishibdi.
Kenja o‘g‘il:
— Endi menga ruxsat beringlar. Men o‘sha boynikiga borib ishlayman. Sizlarning ish haqlaringni ham men undirib kelaman, — deb turib olibdi.
Bunga kampir rozi bo‘lmay, «Yo‘q, sening ham qulog‘ingni kesib oladi», deb turib olibdi.
Bola «yo‘q» deyishlariga qaramay, o‘sha boynikiga qarab yo‘lga tushibdi. Boynikiga borib, ish axtarib yurganini aytibdi. Boy rozi bo‘lib, uni xizmatkorlikka olibdi, lekin o‘zining avvalgi shartini bunga ham aytibdi. Bola shartga ko‘nibdi. Unga ham akalaridek kuchuk yotgan joyni ko‘rsatibdi. Tong otmasidanoq unga ham boy ikkita ho‘kiz, bir qop bug‘doy va bitta suvi qochgan non beribdi. Yerni haydab, shu bug‘doylarni ekishi kerakligini aytibdi.
Bola «xo‘p» debdi-yu, lekin o‘z bilganini qilibdi. U qopdagi bug‘doyni yashirib qo‘yibdi, o‘zi esa kechgacha uxlab, qorong‘i tushganda qaytib kelibdi. Uning akalari daladan qaytishda ikkita bo‘shagan qopga o‘tin terib kelishgan ekan. Bu boyning buyrug‘i ekan. Bola esa omochni sindirib, uni qopga joylabdi. Buni ko‘rgan boy miyig‘ida kulib qo‘yibdi. Bola undan:
— Mendan xafa emasmisiz? — deb so‘rabdi.
Boy bo‘lsa, ichidan zil ketib tursa ham, «yo‘q o‘g‘lim, xursandman», debdi. Ikkinchi kuni boy unga yangi omoch, bir qop bug‘doy beribdi. Bola ikkita ho‘kizni ham ergashtirib, yana dalaga ketibdi. U bug‘doylarni yana yashirib qo‘yibdi. Uzi kechgacha uxlab dam olibdi. Ketish oldidan ho‘kizlardan birini so‘yib, qopga joylabdi. Omochni esa buzib, ikkinchi qopga joylabdi. Bu holni ko‘rgan boy, yana indamabdi.
— Boy ota, mendan ranjimadingizmi? — deb so‘rabdi bola.
Boy:
— Yo‘q, o‘g‘lim, — deb, ichidan o‘tganlarini sezdirmay turaveribdi.
— Unda ota, men ertaga dalaga barvaqtroq ketmoqchiman. Menga yangi omoch bilan yana bitta ho‘kizni ertalabgacha tayyorlab qo‘ysangiz, — debdi.
Bola uyquga ketibdi. U har kuni kunduzi ham, kechalari ham uxlayotgani uchun ancha to‘lishib qolibdi, rang kiribdi. Ertalab turib qarasa, yangi omoch, ho‘kiz turibdi. U yana dalaga qarab yo‘l olibdi. Bola yana bug‘doylarni yashirib qo‘yibdi, o‘zi esa kechgacha uxlabdi. Ketish oldidan ikkita ho‘kizni so‘yib, qopga solibdi. Omochni esa buzib, dalada qoldiribdi. Bu holni ko‘rgan boyning juda jahli chiqib ketibdi, lekin bolaning sezib qolishidan qo‘rqib, yana indamabdi. O‘sha kuni kechqurun boy xotiniga:
— Endi bu yerdan ketmasak bo‘lmaydi. Bo‘lmasa, ikkalamizning ham qulog‘imizni kesadi, — debdi.
Ular eng qimmatbaho taqinchoqlarni, tilla va pullarni bitta sandiqqa joylab, tong yorishganda yo‘lga chiqmoqchi bo‘lishibdi. Bularning o‘zaro suhbatlarini bola eshitib turgan ekan. Ular uyquga ketishlari bilan bola sandiqdagi barcha narsalarni olib tashlab, sandiqqa o‘zi kirib olibdi.
Tong yorishi bilan boy xotini bilan yo‘lga tushishibdi. Boy arqonni sandiqning belidan o‘tkazib, ko‘tarib olgan ekan. Ular yo‘l yurishibdi, yo‘l yursa ham mo‘l yurishibdi. Bir tog‘ oralig‘iga yetib kelgach, ular dam olishmoqchi bo‘lishibdi.
Boy xotiniga qarab:
— Bitta choy damlasang bo‘lardi, — debdi. Xotini esa:
— Choyni qanday damlayman? Choynak bo‘lgani bilan, suv topib kelishga, o‘tin terib kelishga xizmatkor yo‘q-ku! — deb nolibdi.
Shunda boy:
— Ha, to‘g‘ri aytasan. Xizmatkorsiz qiyin, — debdi. Shu payt sekin sandiq ochilib, ichidan haligi bola chiqibdi va:
— Men sizlarni xizmatinglarni qilaman. Men yana shu yerdaman, — debdi. Bolani ko‘rgan boyning esi chiqib ketib, «dod» deb baqirib yuboribdi. Shunda bola yonidan pichog‘ini chiqarib, boyning qulog‘ini kesib olibdi. Bola boynikiga kelib, uning uyidagi qimmatbaho narsalarini, pullarini va o‘zi yashirib, to‘plab yurgan bug‘doylarni olib, uyiga yo‘lga tushibdi.
Bolaning qulog‘i bilan qaytganini, buning ustiga shuncha boylik bilan kelganini ko‘rgan kampir va akalari juda xursand bo‘lishibdi.

Оставьте комментарий