Umurtqa pogʼonasi jarohatlari

DO`STLARGA ULASHING:

Umurtqa pogʼonasi sogʼlom ekan, har qanday ogʼir yukni koʼtarishga dosh bera oladi. Аmmo shuni ham bilish joizki, suyak toʼqimasi mustahkamligining chegarasi bor, qolaversa, baʼzi kasalliklar (umurtqa pogʼonasi oʼsmalari, osteoporoz) natijasida suyak moʼrtlashishi, hatto umurtqalar ham barcha suyaklar kabi sinishi mumkin.
Umurtqa pogʼonasi jarohatlari jiddiy hisoblanib, koʼpincha, yoʼl harakati hodisasi, balandlikdan yiqilish, suvga shoʼngʼish vaqtida yuzaga keladi. Аyniqsa sayoz suv havzalarida choʼmilish paytida suv tubiga bosh urilishi va boʼyin umurtqalari sinishi koʼp uchraydi.
Аksariyat hollarda umurtqa pogʼonasining boʼyin, pastki koʼkrak va bel sohalari jarohati kuzatiladi. Bu joylarda tugʼma yoki orttirilgan nuqsonlar boʼlishi barcha aʼzolar faoliyatiga sekinlik bilan salbiy taʼsir oʼtkaza boradi.
Jarohat yuzaga kelgandan soʼng bemor kuchli ogʼriq sezadi. Ogʼriq singan umurtqa sathida boʼladi, baʼzan qoʼl va oyoqlarga, koʼkrak qafasiga, qoringa ham tarqalishi mumkin. Boʼyin va koʼkrak sohasidagi jarohatlarda nafas olish qiyinlashishi mumkin. Ogʼriq bemor yotgan holatida kamayadi, tik turganda va yurganda keskin kuchayadi. Ogʼriqdan tashqari qoʼl va oyoqlarda uvishish, harakatning kamayishi, falajliklar, siydik va ich kelishining tutilishi roʼy beradi. Bu esa umurtqa kanalidan oʼtuvchi orqa miyaning shikastlanishidan dalolat beradi.
Umurtqa pogʼonasi jarohatlarida har bir kishi nima qilish kerakligini bilishi shart. Аgar, shunday holat yuz bersa, dastlab bemorni qattiq va tekis joyga chalqancha yotqizish, soʼng shifokorni chaqirish lozim. Boʼyin umurtqalari singani shubha uygʼotgan vaqtda bemorning boʼyniga maxsus boʼyinbogʼ taqiladi va zudlik bilan uni kasalxonaga olib borish lozim.
Baʼzida umurtqa pogʼonasi jarohatlari faqat ogʼriq bilan yuzaga chiqadi va ungacha bemorlar shifokorlarga murojaat qilmaydilar. Bu holat esa singan umurtqa boʼlaklarining siljib, orqa miya nervlarini ezishi natijasida turli darajadagi falajliklarga olib keladi. Umurtqa pogʼonasi jarohatlariga tashhis qoʼyishda umurtqa pogʼonasi rentgenografiyasi, kompьyuter tomografiyasi, magnit-rezonans tomografiyasi yordam beradi.
Umurtqa pogʼonasi jarohatlarini davolashda konservativ va jarrohlik usullari qoʼllaniladi. Umurtqa pogʼonasi yengil shikastlanganda bemorga 20-30 kun mobaynida qattiq toʼshakda yotish buyuriladi. Soʼngra 3 oydan koʼproq vaqt belni ushlab turuvchi korset kiyib yurish tayinlanadi. Ogʼriq qoldiruvchi dorilar va fizioterapevtik muolajalar qoʼllaniladi.
Ogʼir darajadagi umurtqa pogʼonasi shikastlarida jarrohlik usuli qoʼllaniladi. Jarrohlik orqali umurtqa oʼqi toʼgʼrilanadi, orqa miya toʼqimalarini ezayotgan suyak boʼlaklari olib tashlanib, maxsus metall moslamalar yordamida umurtqa pogʼonasining turgʼunligi tiklanadi. Baʼzi holatlarda singan umurtqani qotirish maqsadida unga maxsus suyak sementi yuboriladi.
Kamoliddin JUMАNOV,
Respublika Neyroxirurgiya ilmiy markazining
«Umurtqa pogʼonasi patologiyasi» boʼlimi mudiri,
oliy toifali neyroxirurg, tibbiyot fanlari nomzodi.

Оставьте комментарий