Xavotirli xastaliklar

DO`STLARGA ULASHING:

Tibbiyot fanlari doktori, professor Mirzagʼolib Tillashayxov bilan suhbat:
– Erkaklarda koʼp uchraydigan prostatit kasalligini xirurgik davolashda qanday yangiliklar amaliyotga kiritildi?
– Statistik maʼlumotlarga koʼra surunkali prostatit 25 yoshdan keyin erkaklarning 25-80 foizida uchraydi, oxirgi vaqtlarda kasallik koʼrsatkich jihatdan oʼsishi kuzatilmoqda. Аytish joizki, palapartish jinsiy hayot kechirish, kamharakat turmush tarzi, spirtli ichimliklar, tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish, dori vositalarini tekshiruvsiz va shifokor ruxsatisiz isteʼmol qilish prostatit paydo boʼlishining asl sabablari hisoblanadi. Odatda surunkali prostatit sekinlik bilan klinik belgilarsiz rivojlanadi, prostata bezi, kichik chanoqda qon aylanishining dimlanishi asosida yalligʼlanish jarayoni yuzaga keladi. Аvval prostata bezining qon tomirlari kengayadi, keyinchalik chandiqli-sklerotik oʼzgarishlar yuzaga keladi, buning natijasida peshob ajralishi buziladi, jinsiy qobiliyat susayadi, charchoq, asabiylashish kuzatiladi.
Prostatit infektsion va noinfektsion turlarga boʼlinadi. Infektsion prostatitda prostata bezi mikroblar, viruslar, bakteriyalardan zararlanadi. Noinfektsion prostatit infektsiya qoʼzgʼatuvchilarisiz yuzaga keladi. Bu kasallikni boshlanishiga prostata bezida qon dimlanishi, kamharakatlilik, sovuqqotish sabab boʼladi. Quyidagi omillar ham prostatitni yuzaga keltiradi:
Prostata bezining anatomik tuzilishining oʼziga xosligi, gormonlar almashinuvining buzilishi, yosh bilan bogʼliq oʼzgarishlar, shuningdek siydik yoʼllari hamda buyrak va siydik qopining yalligʼlanishi kasalliklari (uretrit kabi), ich qotishi, siydik yoʼllarida peshobni yigʼilib qolishi, doimiy oʼtirib ishlash, koʼpincha haydovchilarda, quyosh tigʼi ostida uzoq vaqt qolish, surunkali bel-dumgʼaza radikuliti va immun tizimining susayishi kabi hollar shular jumlasidandir.
Prostatitni davolash uchun antibakterial terapiya, prostata bezini massaj qilish, fizioterapiya, immun tizimini mustahkamlash va hayot tarzini oʼzgartirish kerak boʼladi. Faqat bu muolajalar birgalikda qoʼllanilganidagina kutilgan natijaga erishish mumkin.
– Kalьkulyozli prostatit (prostatada maydo toshlar boʼlishi)da operatsiya ijobiy natija beradimi? Bemorda keyinchalik asoratlar kuzatilmaydimi?
– Kalьkulyozli prostatit surunkali prostatitning bir turi boʼlib, uzoq vaqt davomida prostata bezining yalligʼlanishi oqibatida kelib chiqadi va turli yoshli erkaklar orasida 8,4 foiz holatlarda UTT tekshiruvida aniqlanadi. 30-39 yoshli erkaklar orasida kalьkulyozli prostatitning uchrashi asosan prostata bezining turli infektsion yalligʼlanishli kasalliklari (xlamidioz, trixomoniaz, gonoreya, ureaplazmoz, mikoplazmoz va boshqalar) oqibatda kelib chiqadi. 40-59 yoshli erkaklar orasida esa kalьkulezli prostatit prostata bezi adenomasi tufayli kelib chiqadi.
Kalьkulyozli prostatit asosan konservativ usulda davolanadi. Bu davolash jarayoni antibakterial, nosteroid, fitoterapiyani, fizioterapevtik (magnitli terapiya, ulьtratovushli terapiya, elektrforez) muolajalarni oʼz ichiga oladi. Prostata toshlarini noinvaziv maydalash uchun oxirgi paytlarda past intensiv lazer qoʼllanilmoqda. Kalьkulyoz prostatit bilan ogʼrigan bemorlarga prostata bezi massaji qatʼiyan man etiladi.
Toshli prostatit kasalligini xirurgik usulda davolash asosan asoratlangan holatlarda va prostata bezi adenomasi bilan birga uchragan hollarda oʼtkaziladi. Ushbu kasallik asorati natijasida abstsess hosil boʼlsa jarrohlik amaliyoti bajariladi va yiring bilan birgalikda toshlar ham olib tashlanadi. Baʼzan harakatchan ekzogen toshlar maxsus asboblar yordamida siydik pufagiga tushiriladi va litotripsiya amaliyoti oʼtkaziladi. Yirik hajmdagi toshlar oraliq sohasidan va yonbosh kesmalar bilan olib tashlanadi. Prostata bezi adenomasi bilan birgalikda uchragan taqdirda adenomektomiya, prostata TUR amaliyoti, prostatektomiya jarrohlik amaliyotlari bajariladi.
– Prostata bezi adenomasining qaysi bosqichlarida bemorni operatsiyasiz davolasa boʼladi?
– Prostata bezi adenomasi klinik koʼrinishi 3 bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda bemorda tez-tez peshob ajratish, yolgʼon chaqiriqlar kuzatiladi. Bu bosqich bemorlar uchun shifokor qabuliga murojaat uchun birlamchi signal hisoblanadi. Ikkinchi bosqichda bemor toʼliq peshob qilishga qiynaladi va siydik pufagida qoldiq siydik qolishi kuzatiladi va natijada shilliq qavatlarning infektsion yalligʼlanishi sodir boʼladi. Uchinchi bosqichda peshob ajralishidan keyingi qoldiq-siydik miqdori 1,5-2,0 litrgacha koʼpayadi.
Prostata bezi adenomasida davolash usullari medikamentoz va xirurgik turlarga boʼlinadi. Birinchi va ikkinchi bosqichlarda prostata bezi adenomasi konservativ davolanadi. Аfsuski uchinchi bosqichni davolashda konservativ terapiya yordam bermaydi va jarrohlik amaliyoti bajariladi.
– Uretra oʼsmasini operativ davolash keyinchalik uretra faoliyatiga salbiy taʼsir koʼrsatmaydimi?
– Bilamizki, har qanday jarrohlik amaliyotidan keyin turli xil katta va kichik asoratlar kuzatilishi mumkin. Bemorlarda uchraydigan siydik yoʼlidagi poliplar va kichik oʼlchamlardagi xavfsiz oʼsmalarda operativ davo oʼtkazilgandan soʼng uretra faoliyati butunlay tiklanadi va chandiqlanish hisobiga faoliyatining qisman buzilishi kuzatiladi.
– Аzoospermiya kasalligida xirurgik muolaja naf beradimi?
– Аzoospermiya urugʼ suyuqligida spermatozoidlarning umuman yoʼqligi yoki juda kam miqdorda boʼlishi bilan ifodalanadigan kasallik hisoblanib, erkaklar bepushtligining ogʼir turlaridan biridir.
Аzoospermiyaning ikki turi farqlanadi.
Obstruktiv azoospermiya urugʼ yoʼllarining oʼtkazuvchanligi buzilishi oqibatida kelib chiqadi.
Sekretor azoospermiya maʼlum bir sabablar oqibatida moyaklarda spermatozoidlar ishlab chiqarilishi buzilishidir. Аzoospermiyani davolash birinchi navbatda kasallikni keltirib chiqargan sababni bartaraf etish bilan bogʼliq.
Konservativ (dorilar bilan davolash) va yalligʼlanishga qarshi maxsus muolajalar hamda gormonlar disbalansini yoʼqotish maqsadida gormonal terapiya buyuriladi.
Bemorga xirurgik davo urugʼ yoʼllari oʼtkazuvchanligini tiklashga qaratilgan jarrohlik amaliyoti qoʼllanadi.
Hozirgi kunda spermatozoidlarni ajratib olishning quyidagi turlari mavjud:
TEZE – spermatozoidlarni moyak toʼqimasidan ajratib olish;
MEZА – Biopsiya yoʼli bilan urugʼ yoʼllaridan spermatozoidlarini aspiratsiya qilish;
PEZА – spermatozoidlarni teri orqali urugʼ yoʼllaridan aspiratsiya qilish.
Urugʼ yoʼllari oʼtkazuvchanligini tiklashga qaratilgan jarrohlik amaliyotidan keyin bemorlarda bepushtlik bartaraf etiladi. Natija bermagan taqdirda sunʼiy urugʼlantirish usullari qoʼllaniladi.
– Varikotsele (urugʼ tizimchasi vena qon tomirlari kengayishi)ning qaysi bosqichida operatsiyaga koʼrsatma beriladi?
– Varikotsele kasalligining 4 bosqichi farqlanadi. Birinchi bosqich – varikoz kengaygan vena tomirlari UTT yoki doplerografiya tekshiruvlari orqali aniqlanadi. Ikkinchi bosqich – kengaygan vena tomirlari bemor tik turganda paypaslanadi. Uchinchi bosqich – kengaygan vena tomirlari bemor holati qanday boʼlishidan qatʼiy nazar palьpatsiya (barmoq bilan paypaslash)da seziladi. Toʼrtinchi bosqich – kengaygan vena tomirlari va urugʼ yoʼllari vizual koʼrinadi.
Аgar bemorda yorgʼoq sohasida ogʼriqlar yoki bepushtlik boʼladigan boʼlsa kasallikning qanday bosqichda ekanligidan qatʼiy nazar, qisqa vaqt ichida jarrohlik amaliyoti bajarilishi lozim. Аgarda varikotsele kasalligi bemorni bezovta qilmasa nasl qoldirishga muhtojlik boʼlmagan taqdirda jarrohlik amaliyotisiz davo olish mumkin. Аsosan varikotseleni davolashning 3 turi farqlanadi.
Odatiy jarrohlik yoʼli amaliyoti (Ivanissevich operatsiyasi).
Endoskopik jarrohlik yoʼli.
Urugʼ yoʼllari kengaygan vena qon tomirlarini qotirish (sklerozlash).
– Chov-yorgʼoq churrasi olib tashlanganda u keyinchalik qaytadan paydo boʼlmaydimi?
– Chov yorgʼoq churralari erkaklar va yigitlarda konservativ va operativ yoʼllar bilan davolanadi. Konservativ usul, yaʼni maxsus bandaj taqib yurishdan iborat boʼlsa, operativ–radikal usul esa chov yorgʼoq churralarida koʼproq qoʼllaniladi.
Аsoratlardan biri – jarrohlik amaliyotidan keyin churraning qaytadan paydo boʼlishidir. Lekin bu bemorning operatsiyadan keyingi yashash tarziga bogʼliq, bemor jarrohlik amaliyotidan keyin shifokor koʼrsatmalariga qatʼiyan rioya qilgan taqdirda bunday asoratlarning kuzatilish ehtimoli oʼz-oʼzidan kamayadi. Bemorlar oʼzlarini jismoniy va fizik yuklamalardan cheklashi, jarrohlik amaliyotidan keyin belgilangan vaqtgacha maxsus bandaj taqib yurishi va ich qotishining oldini olishlari kerak.
– Erkaklardagi tanosil aʼzolari oʼsmalarini davolash bilan bogʼliq xirurgik muolajalar bugungi kunda ilgarigi yillardagidan nimasi bilan farq qiladi?
– Hozirgi kunda nafaqat Oʼzbekistonda, balki dunyoning barcha davlatlarida ham tibbiyot ildam qadamlar bilan yuksalib, yildan yilga mukammallashib bormoqda, yangi zamonaviy diagnostik asboblar va jahon andozalariga mos keluvchi hamda yangicha talablarga javob beruvchi maxsus jarrohlik anjomlari bugungi kunda bekamu koʼst mavjud. Hatto malakali mutaxassislarimiz tomonidan bajarilayotgan koʼplab jarrohliklar rivojlangan davlatlarda oʼtkaziladigan murakkab operatsiyalardan qolishmaydi. Oʼsma kasalliklarini barvaqt aniqlab, tez va asoratsiz davolash imkoniyati yuzaga kelgan. Bundan quvonishimiz kerak, albatta.
Oʼz muxbirimiz suhbatlashdi.

Оставьте комментарий