Aksiz solig’i

DO`STLARGA ULASHING:

Mavzu: AKTSIZ SOLIG’I
 
Reja:
 
  1. Aktsiz solig’i to’lovchilari va soliq solish ob‘ekti.
  2. Soliq solinadigan baza unga tuzatish kiritish
  3. Aktsiz solig’ini hisoblash tartibi.
  4. Aktsiz solig’idan chegirma.
  5. Hisob-kitobni taqdim etish va soliqni to’lash tartibi.
Tayanch iboralar:
Aktsiz, daval xom-ashyo, natural qiymat, shartnomaviy narx, erkin narx, advalor.
  1. Aktsiz solig’i to’lovchilar va soliq solish ob‘ekti.
Aktsiz solig’i to’lovchi yuridik va jismoniy shaxslar quyidagilardir:
— O’zbekiston Respublikasi hududida aktsiz solig’i solinadigan tovarlarni (aktsiz to’lanadigan tovarlarni) ishlab chiqaruvchilar;
— O’zbekiston Respublikasining bojxona hududiga aktsiz to’lanadigan tovarlarni import qiluvchilar;
— oddiy shirkat aktsiz to’lanadigan tovar ishlab chiqargan taqdirda, oddiy shirkat shartnomasining oddiy shirkat ishlarini yuritish zimmasiga yuklatilgan sherigi (ishtirokchisi).
Aktsiz to’lanadigan tovarlarning ayrim turlari bo’yicha aktsiz to’lanadigan tovarlar ishlab chiqaruvchi bo’lmagan shaxs O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan aktsiz solig’ini to’lovchi etib belgilanishi mumkin.
Quyidagi operatsiyalar aktsiz solig’i solinadigan ob‘ektdir:
1) aktsiz to’lanadigan tovarlarni realizatsiya qilish, shu jumladan:
— tovarni sotish (jo’natish);
— garov bilan ta‘minlangan majburiyat bajarilmagan taqdirda, garovga qo’yilgan aktsiz to’lanadigan tovarlarni garovga qo’yuvchi tomonidan topshirish;
— aktsiz to’lanadigan tovarlarni bepul topshirish;
— aktsiz to’lanadigan tovarlarni ish beruvchi tomonidan ish haqi hisobiga yollangan xodimga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda topshirish yoki hisoblangan dividendlar hisobiga yuridik shaxsning muassisiga (ishtirokchisiga) topshirish;
— aktsiz to’lanadigan tovarlarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) ayirboshlash uchun topshirish;
2) aktsiz to’lanadigan tovarlarni yuridik shaxsning ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissa yoki pay badali tariqasida yoxud oddiy shirkat shartnomasi bo’yicha sherikning (ishtirokchining) hissasi sifatida topshirish;
3) aktsiz to’lanadigan tovarlarni yuridik shaxsning ishtirokchisiga (muassisiga) u yuridik shaxs tarkibidan chiqqan (chiqib ketgan) taqdirda yoki yuridik shaxs qayta tashkil etilganligi, tugatilganligi (bankrotligi) munosabati bilan topshirish, shuningdek oddiy shirkat shartnomasi doirasida ishlab chiqarilgan aktsiz to’lanadigan tovarlarni mazkur shartnoma sherigiga (ishtirokchisiga) uning shartnoma ishtirokchilari umumiy mulkidagi mol-mulkdan ulushi ajratib berilgan yoki bunday mol-mulk taqsimlangan taqdirda topshirish;
4) aktsiz to’lanadigan tovarlarni ulush qo’shish asosida qayta ishlashga topshirish, shuningdek ulush qo’shish asosida xom ashyo va materiallarni, shu jumladan aktsiz to’lanadigan xom ashyo va materiallarni qayta ishlash mahsuli bo’lgan aktsiz to’lanadigan tovarlarni ishlab chiqaruvchi tomonidan qayta ishlashga berilgan xom ashyo va materiallarning mulkdoriga topshirish;
5) ishlab chiqarilgan va (yoki) qazib olingan aktsiz to’lanadigan tovarlarni o’z ehtiyojlari uchun topshirish;
6) aktsiz to’lanadigan tovarlarni O’zbekiston Respublikasining bojxona hududiga import qilish.
  1. Soliq solinadigan baza va unga tuzatish kiritish
Aktsiz solig’ining stavkalari mutlaq summada (qat‘iy) belgilangan aktsiz to’lanadigan tovarlar bo’yicha soliq solinadigan baza aktsiz to’lanadigan tovarlarning naturada ifodalangan hajmi asosida aniqlanadi.
Aktsiz solig’ining stavkalari foizlarda (advalor) belgilangan ishlab chiqarilayotgan aktsiz to’lanadigan tovarlar bo’yicha, agar Soliq kodeksining
232-moddasi
uchinchi va to’rtinchi qismlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo’lsa, realizatsiya qilingan aktsiz to’lanadigan tovarlarning aktsiz solig’i hamda qo’shilgan qiymat solig’i kiritilmagan qiymati soliq solinadigan bazadir.
Ish haqi hisobiga, hisoblab chiqarilgan dividendlar hisobiga, bepul yoki boshqa tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) ayirboshlash uchun beriladigan aktsiz to’lanadigan tovarlar bo’yicha, shuningdek tovarlar tannarxidan past narxlarda realizatsiya qilingan taqdirda soliq to’lovchi tovarlarni topshirish paytida uning haqiqiy tannarxidan kam bo’lmagan darajada belgilaydigan narx asosida hisoblangan qiymat soliq solinadigan bazadir.
Qayta ishlashga berilgan xom ashyo va materiallardan ishlab chiqarilgan aktsiz to’lanadigan tovarlar bo’yicha soliq solinadigan baza aktsiz to’lanadigan tovarlarni ishlab chiqarishga doir ishlar qiymatini hamda qayta ishlashga berilgan xom ashyo va materiallar qiymatini o’z ichiga oladi.
Aktsiz solig’ining stavkalari foizlarda (advalor) belgilangan import qilinayotgan aktsiz to’lanadigan tovarlar bo’yicha soliq solinadigan baza bojxona to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiq aniqlanadigan bojxona qiymati asosida belgilanadi.
Soliq solinadigan bazaga quyidagi hollarda soliq to’lovchida tuzatish kiritiladi:
— tovarlar to’liq yoki qisman qaytarilganda;
— bitim shartlari o’zgartirilganda;
— baholar o’zgarganda, sotib oluvchi siylovdan (skidkadan) foydalanganda.
Soliq solinadigan bazaga Soliq Kodeksining 233-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan tuzatishni kiritish bir yillik muddat doirasida, kafolat muddati belgilangan tovarlar bo’yicha esa kafolat muddati doirasida amalga oshiriladi.
Soliq solinadigan bazaga tuzatish kiritish Soliq Kodeksining
233-moddasi
birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq yangi hisobvaraq-faktura yoki Soliq Kodeksining 233-moddasi birinchi qismida ko’rsatilgan hol yuz berganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
 
  1. Aktsiz solig’ini hisoblash tartibi.
Alkogolli mahsulotlar bo’yicha mahsulot birligiga (1 litr) aktsiz solig’i summasi quyidagi formula bo’yicha aniqlanadi:
(M x A) / 100%,
bunda:
M — tayyor alkogolli mahsulotning quvvati (%) (spirt tayyorlangan xom ashyo turidan qat‘i nazar)
A — aktsiz solig’i stavkasi, mahsulot birligiga so’mda.
Boshqa aktsizlanadigan mahsulotlar bo’yicha aktsiz solig’i summasi quyidagi formula bo’yicha aniqlanadi:
(O x A) / 100,
bunda:
O — o’z ichiga aktsiz solig’ini olgan shartnomaviy (erkin) narx, QQSsiz;.
A — aktsiz solig’i stavkasi.
 
  1. Aktsiz solig’idan chegirma.
Soliq Kodeksining 236-moddasiga muvofiq hisoblab chiqarilgan aktsiz solig’ining summasi Soliq Kodeksining 237-moddasida belgilangan chegirma summasiga kamaytiriladi.
Aktsiz to’lanadigan tovarlar olinayotganda yoki O’zbekiston Respublikasining bojxona hududiga import qilinayotganda, agar mazkur tovarlardan keyinchalik aktsiz to’lanadigan tovarlar ishlab chiqarish uchun xom ashyo sifatida foydalanilgan bo’lsa, O’zbekiston Respublikasi hududida to’langan aktsiz solig’i summasi chegirib tashlanadi.
Aktsiz to’lanadigan tovar (xom ashyo) yetkazib beruvchilar mazkur tovar (xom ashyo) bo’yicha aktsiz solig’i summasini hisobvaraq-fakturada ajratib ko’rsatishlari kerak. Olinayotgan aktsiz to’lanadigan tovar (xom ashyo) bo’yicha aktsiz solig’i summasi hisobvaraq-fakturada ajratib ko’rsatilmagan bo’lsa, aktsiz solig’ining mazkur summasi chegirib tashlanmaydi.
Chegirma soliq davrida realizatsiya qilingan aktsiz to’lanadigan tovarlar hajmiga to’g’ri keladigan aktsiz to’lanadigan tovar (xom ashyo) hajmidan kelib chiqqan holda aniqlangan aktsiz solig’ining hisobvaraq-fakturada yoki bojxona yuk deklaratsiyasida ko’rsatilgan summasiga nisbatan amalga oshiriladi.
Qayta ishlashga berilgan xom ashyo va materiallardan tayyorlangan aktsiz to’lanadigan tovarlar topshirilayotganda ham qayta ishlashga berilgan aktsiz to’lanadigan xom ashyo va materiallarning mulkdori aktsiz solig’i to’laganligini tasdiqlashi sharti bilan qo’llaniladi.
  1. Hisob-kitobni taqdim etish va soliqni to’lash tartibi.
Aktsiz solig’ining hisob-kitobi soliq bo’yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga:
— aktsiz solig’i to’lovchilar bo’lgan mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan — yilning har choragida soliq davridan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay;
—  mikrofirmalar va kichik korxonalar jumlasiga kirmaydigan soliq to’lovchilar tomonidan — har oyda soliq davridan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay taqdim etiladi.
Soliq Kodeksining 239-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo’lsa, Soliq Kodeksning 236 va 237-moddalariga muvofiq hisoblab chiqarilgan aktsiz solig’i summasi byudjetga quyidagi muddatlarda to’lanadi:
— joriy oyning 13-kunidan kechiktirmay — joriy oyning birinchi o’n kunligi uchun;
— joriy oyning 23-kunidan kechiktirmay — joriy oyning ikkinchi o’n kunligi uchun;
— kelgusi oyning 3-kunidan kechiktirmay — hisobot oyining qolgan kunlari uchun.
Import qilinadigan aktsiz to’lanadigan tovarlar bo’yicha aktsiz solig’i tovarlarning bojxona rasmiylashtiruviga qadar yoki bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida import qiluvchi tomonidan to’lanadi.
Aktsiz markalari bilan tamg’alanishi lozim bo’lgan import qilinadigan aktsiz to’lanadigan tovarlar bo’yicha aktsiz solig’i aktsiz markalari olinguniga qadar to’lanadi.
O’zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqariladigan, shuningdek uning bojxona hududiga import qilinadigan tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda aktsiz markalari bilan tamg’alanishi shart.
 
Takrorlash uchun savollar:
1.Qanday jismoniy shaxslar aktsiz solig’ini to’laydilar?
2.Aktsiz solig’ini hisoblash formulasini misol bilan tushuntirib bering.
3/Aktsiz solig’i bo’yicha qanday chegirmalar mavjud?
4.Aktsiz solig’i stavkasini qo’llanish tartibini tushuntiring.
5.Aktsiz solig’ini hisoblab chiqarish va byudjetga to’lash muddatlarini ayting.

Оставьте комментарий