Boʼyalgan sochlar umrini uzaytiramiz!

DO`STLARGA ULASHING:

Soch boʼyashni niyat qilib, boʼyoq sotib oldingiz va «Goʼzallik saloni»ga otlanyapsiz yoki aksincha, bu muolajani uy sharoitida oʼtkazmoqchisiz. Xullas, qaysi yoʼlni tanlashingizdan qatʼiy nazar, sochni boʼyashdan oldin bir-ikki kun boshingizni yuvmang. Bu soch ildizida maxsus himoya qatlami yaralishiga sabab boʼladi va bu bilan boʼyoq tarkibidagi kimyoviy moddalar taʼsirini kamaytiradi.
Аslida, boʼyalgan sochlarni maxsus fen yordamida quritish mumkin emas. Negaki sochlar boʼyalganda koʼproq namlantirishga muhtoj boʼladi. Аgar siz muntazam ravishda sochingizni fen bilan quritsangiz, unda sochlar sinuvchan va tez toʼkiladigan boʼlib qoladi.
Boʼyalgan sochlarni doim maxsus konditsioner bilan yuvishga odatlaning. Bu sochlardagi rangning uzoq saqlanishiga koʼmak beribgina qolmay, balki jilolanishini oshiradi va soch ildizini mustaxkamlaydi. Bundan tashqari, boʼyalgan sochlarni yuvib boʼlgandan keyin darrov tarashga tushmang. Bu bilan siz sochlaringizga jarohat yetkazasiz. Boʼyalgan sochlarni faqat yogʼlilik sezilganda yuvish tavsiya etiladi. Аgar siz tez-tez sochingizni yuvib tursangiz, unda rang umrini qisqartirib qoʼyasiz.
Boʼyalgan sochlar parvarishiga alohida yondashish lozim. Mutaxassislar soch boʼyalganidan 3 kun oʼtib, boshni yuvish mumkin deb taʼkidlaydilar. Shuningdek, endi siz faqat boʼyalgan sochlar uchun moʼljallangan vositalarni ishlatishingiz zarur. Sochlar toʼkilmasligi va ortiqcha jarohatlanmasligi uchun bitta firma maxsulotlarini tanlab, yaqin orada uni oʼzgartirmang. Yana bir narsa, boʼyalgan sochlar uchun moʼljallangan vositalarni tanlashda pulingizni tejamang. Аgar oʼsha mahsulot tarkibida Ye vitamini bor boʼlsa, bu nur ustiga aʼlo nur boʼlar edi. Shu bilan birga boʼyalgan sochlarga haftada bir marta uy sharoitida tayyorlangan ushbu mustahkamlovchi niqob surting:
2 dona tuxum sarigʼini yarim stakan iliq suv bilan aralashtiring. Suv issiq boʼlmasligi kerak, aks holda tuxum sarigʼi suv bilan aralashmaydi. Soʼngra issiq suv bilan boshingizni hoʼllab tayyorlangan niqobni soch ildiziga uqalovchi harakatlar bilan surtib chiqing. 5 daqiqadan keyin uy haroratidagi suv bilan yuvib tashlang. Bu niqobdan haftada bir marta foydalaning.
Baʼzan soch boʼyoqlari nafaqat sochga, balki boshga ham salbiy taʼsir koʼrsatadi. Buning natijasida boshda qazgʼoq va qichishish paydo boʼladi. Ushbu muammoga barham berish va oldini olish uchun limon, sarimsoq piyoz suvlari hamda zaytun moyi yaqindan yordam beradi. Buning uchun nomi keltirilgan mahsulotlar suvini bir xil miqdorda olib aralashtiriladi va 20-30 daqiqaga boshga surtib qoʼyiladi. Belgilangan vaqtdan keyin boshni iliq suv bilan yuvib tashlang.

Оставьте комментарий