Dermatomiozit

DO`STLARGA ULASHING:

Oʼta murakkab xastalik hisoblangan dermatomiozit, tana skeleti, silliq mushaklari va terining surunkali yalligʼlanishi bilan kechadi. Bu kasallik tanadagi mushaklarning qattiq toliqishi tufayli kelib chiqadi va oʼn besh yoshgacha boʼlgan bolalar va ellik besh-oltmish yoshlilarda kuzatiladi.

Dermatomiozit bilan ayollar erkaklarga qaraganda ikki marotaba koʼproq kasallanadi. Bunda asosan mushaklar shikastlanadi, baʼzi hollarda teri zararlanadi, 15 foiz holatlarda esa mushak tizimi toʼla shikastlanib harakat faoliyati buzilishi mumkin.
Olimlarning taxmin qilishlaricha, kasallikni virus infektsiyasi (koʼpincha gripp asorati, ayrim hollarda qizilcha infektsiyasi) qoʼzgʼatadi. Baʼzida dermatomiozit organizmdagi oʼsma kasalliklari bilan bogʼliq holda rivojlanadi. Аyrim bemorlarda bu dardga revmatoid omillar sababchi boʼladi. Koʼp hollarda miozit ogʼir yuk koʼtarish yoki shikastlanish natijasida mushaklarning oʼta toliqishidan kelib chiqadi. Garchi mushaklar yalligʼlanishi bilan kechsada dermatomiozitni miozit bilan adashtirmaslik lozim. Farqli jihati shundaki, miozitda yalligʼlangan mushaklar sanchib ogʼriydi, baʼzida ular atrofiyaga ham uchraydi. Koʼpincha boʼyin va yelka mushaklari, baʼzida boʼksa mushaklari yalligʼlanadi.
Miozit turli infektsion kasalliklar (gripp, angina, reamatizm), tanada moddalar almashinuvining buzilishi, mushaklarning zoʼriqishi, sovuq qotish natijasida kelib chiqadi. Kasallik tufayli shikastlangan teriga infektsiya tushishi (xususan ochiq shikastlarda) yoki kasallik boshqa aʼzodan mushak tizimiga oʼtishi tufayli yiringli miozit paydo boʼladi. Bunda zararlangan mushak shishib taranglashadi, qattiqlashib ogʼriydi, tana harorati koʼtariladi.
Parazitar miozitni trixinella, exinokokk singari parazitlar vujudga keltiradi. Bemorning isitmalashi, tili, koʼkrak qafasi, oyoq-qoʼl va chaynov mushaklarining ogʼrishi parazitar miozit belgilaridir.
Simptomlari sekin rivojlanadi
mushaklar
Dermatomiozit asosan oʼtkir boshlanadi. Lekin uning simptomlari (alomatlari) sekin-asta rivojlanishi ham mumkin. Skelet mushaklarida toʼsatdan paydo boʼluvchi ogʼriq va kuchli holsizlikni sezish dermatomiozitning dastlabki belgisi sanaladi. Keyinchalik holsizlik qoʼl va oyoqlarning yuqori qismiga tarqalib boradi.
Oyoq mushaklarining zararlanishidan soʼng bemor yurishga qiynaladi, ayniqsa zinapoyalardan koʼtarilish uning uchun azobga aylanadi. Qoʼl mushaklari zararlanganda esa harakat cheklanadi, koʼp hollarda bemorning oʼz-oʼziga xizmat koʼrsatishi qiyin boʼlib qoladi. Baʼzan dermatomiozit boʼyin mushaklarining zararlanishi bilan ham boshlanadi. Bunda bemor boshini tik tutolmaydi va yuqoriga qarashga qiynaladi.
Dermatomiozit ogʼir turga oʼtgach bemor tanasini toʼshakdan, boshini esa bolishdan koʼtarolmaydigan va mustaqil oʼtirolmaydigan boʼladi. Mushaklar avvaliga xamir kabi muloyim tortadi, ularni paypaslaganda ogʼriq turadi. Keyinchalik esa mushaklar zichlashib qattiqlashadi, hajmi kattalashadi (baʼzan atrofiyaga uchraydi).
Bosh miya nervlari nazoratidagi mushaklar zararlanganda tananing boʼyindan yuqori qismida oʼzgarishlar kuzatiladi. Masalan, narsalarning ikkita boʼlib koʼrinishi (diplopiya), gʼilaylik kuzatilishi, yuqori qovoqning osilib qolishi, yuz mimikasi (imo-ishorasi) buzilishi, chaynov tizimi ishi izdan chiqishi, yutinish qiyinlashishi va hatto tovush oʼzgarib qolishi mumkin.
Dermatomiozit tufayli siydik qopi va toʼgʼri ichak faoliyatida oʼzgarishlar kuzatiladi. Tayanch-harakat mushaklarining zararlanishi tufayli bemorlar mustaqil harakat qilishga qiynalib qoladilar.
Diafragma va qovurgʼalararo mushaklarning zararlanishi oʼta jiddiy holat hisoblanib, bunda nafas olishning buzilish roʼy beradi va zudlik bilan davo choralari koʼrilmasa bemorning ahvoli ogʼirlashib oʼlim holati yuz berishi mumkin.
Targʼil mushaklar zararlansa
Teri shikastlanishi dermatomiozit bilan ogʼrigan bemorlarning 35-40 foizida uchraydi. Tananing ochiq joylarida – yuzda, boʼyinda, oyoq-qoʼllarda, koʼkrak qafasining oldingi qismida eritema toshmalari kuzatiladi. Panja boʼgʼimlari poʼst tashlashi, barmoqlar yostigʼi terisi qizarib yaltirab qolishi, keyinchalik yorilib atrofiyaga uchrashi mumkin. Kasallikning bu turiga ayniqsa 30-50 yoshli ayollar duchor boʼlishadi, ularning terisiga atipik toshmalar toshishi kuzatiladi. Keyinchalik bu holat teri va mushak zararlanishiga olib keladi. Bolalarda esa dermatomiozit vaskulit kasalligi bilan birga kechadi. Dard rivojlana borgani sari bemor bolalarning teri va teri osti kletchatkalari shikastlanadi. Аniq tashxis qoʼyilib muolaja tezda amalga oshirilmasa shikastlanish chuqurlashib ogʼir oqibatlarga olib keladi.
Teri zararlanishi bilan kechuvchi dermatomiozitning oʼtkir turida (kasallik boshlangandan keyin 3-6 oy oʼtgach) koʼpincha koʼndalang targʼil mushaklar shikastlanib harakat butkul cheklanadi. Bemorning ahvoli ogʼirlashib, tana harorati koʼtariladi, terisida turli toshmalar paydo boʼladi, zaxarlanish roʼy beradi. Kasallik natijasida zotiljam rivojlanishi va bu hol oʼpka-yurak yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin. Baʼzan esa xastalik bilan birga vaskulit ham rivojlanadi, natijada teri osti kletchatkasida shish, zichlashish, yarachalar, yarali stomatit kuzatiladi.
Kasallik surunkali kechganda tanadagi ayrim mushaklargina zararlanadi. Bunda uzoq vaqt bemorning ahvoli qoniqarli boʼladi, hatto uning ish qobiliyati ham saqlanib qoladi. Shuni aytish kerakki, dermatomiozitlar aksariyat vaqtlarda oʼsma kasalliklaridan oldin yoki keyin, baʼzida esa u bilan birga rivojlanishi mumkin.
Dermatomiozitda skelet mushaklarining zararlanishi asosan simmetrik va baʼzida tarqoq holatda boʼladi. Shu jarayonda bemorlar qoʼl-oyoqlarining qizishi, ularda kuydiruvchi ogʼriqlarni his qiladilar. Shuningdek, soʼlakning koʼp ajralishi, terlash, terida pigment dogʼlarining koʼpayishi, tirnoqlar sinuvchanligi, terining quruqshashi, sochlarning toʼkiluvchanligi roʼy beradi.
Tashxis biopsiyadan soʼng qoʼyiladi
biopsiya
Kasallik biopsiya qilingandan keyin uning xulosasiga koʼra tashxislanadi. Bemorlar revmatolog va nevropatolog shifokorlar nazorati ostida davolanishadi. Ularga koʼp hollarda nogironlik guruhi belgilanadi.
Dermatomiozitga chalinmaslik uchun bemorlar quyidagilarga amal qilishlari lozim:
– oʼta sovuqqotishdan saqlanish;
– toza havoda koʼproq sayr qilish;
– oʼta ogʼir yuk koʼtarmaslik (ayniqsa kechqurun va ishdan keyingi paytlarda);
– koʼcha va katta yoʼllarda piyoda yurganda yoki texnik asbob-uskunalar bilan ishlayotganda xavfsizlik qoidalariga rioya etish;
– muntazam sport bilan shugʼullanish;
– mushak tizimini chiniqtiruvchi mashqlarni bajarish;
– yuqumli infektsion kasalliklar (ayniqsa gripp) choʼzilishining oldini olish;
– teridagi tirnalishlar va boshqa ochiq jarohatlarga mikrob tushishiga yoʼl qoʼymaslik;
– kundalik ish davomida har oʼn-oʼn besh daqiqada tana mushaklarini harakatlantirib turish.
Dermatomiozitni uy sharoitida yoki shunchaki dori-darmonlar bilan davolab boʼlmaydi. Bu kasallikka uchragan bemorlar faqat shifokor maslahatiga koʼra muolaja oladilar va koʼp yillar dispanser nazoratida turishadi.
Mirhotam TODJIEV,
oliy toifali nevropatolog, tibbiyot fanlari nomzodi.

Оставьте комментарий