DORIVOR USIMLIKLAR

DO`STLARGA ULASHING:

Odamlar ham, hayvonlar ham kasallanishi mumkin. Lekin yovvoyi hayvonga kim dori-darmon qilib beradi? Uning dorixonasi o‘rmon. U o‘rmonda o‘ziga-o‘zi o‘simlikdan dori axtarib shifolanadi.
Odamlar ham, hayvonlar ham kasallanishi mumkin. Lekin yovvoyi hayvonga kim dori-darmon qilib beradi? Uning dorixonasi o‘rmon. U o‘rmonda o‘ziga-o‘zi o‘simlikdan dori axtarib shifolanadi.
Qadim zamonlardayoq Janubiy Amerika hindulari kasal bo‘lib qolgan puma (yovvoyi mushuk)lar qandaydir daraxtning po‘stlog‘ini g‘ajishini sezganlar. Hindular bu daraxt po‘stlog‘i qaynatmasi bilan bezgakdan azob chekayotgan kasal kishilarni davolab ko‘rganlar. Shu yo‘sinda xin daraxti kashf etildi (Janubiy Amerikani zabt etgan ispanlar bu daraxtni shunday deb ataganlar). Bu daraxtning po‘stlog‘idan olinadigan xinin butun dun­yoda bezgakka qarshi dori sifatida ishlatiladigan bo‘ldi.
Bizning davrimizda esa maral bug‘u olimlarga yangi dorivor o‘simlik — levzeyani topishga yordam berdi. Kuz faslida bug‘ular o‘z raqibi bilan olishish maqsadida levzeya ildizi­ni kemiradilar. Aniqlanishicha, maral iste’mol qiladigan bu ildiz odamga ham kuch-quvvat bag‘ishlaydi.
Lekin inson hamma vaqt ham hayvon ketidan ergashmagan. U dorivor o‘simliklarni o‘zi ham qidirib topgan.
 Dorivor o‘simliklarni izlash va amalda qo‘llash bundan ming yillar ilgari boshlangan.
Qadimgi Misrda kasallar uchun ham, sog‘lom kishilar uchun ham har oyning uchinchi kunida kanakunjut moyini ichish rasm bo‘lgan. Qadimda uyqusizlik kasalligiga yo‘liqqan kishilar Yunoniston shaharlaridan biriga kelishgan. Bemor bu shahar aholisining ko‘knori sharbatidan tayyorlagan ichimligini ichishi bilan tez uyquga ketgan. Ertasi kuni ertalab bu musofirlar dehqonchilik ma’budasi ibodatxonasiga kelib, uyqu keltiruvchi va og‘riqni bosuvchi gulni kishilarga hadya etgani uchun ma’budaga minnatdorchilik bildirganlar. Ibodatxona kohinlari ko‘knoridan gulchambar taqib yurishgan.
Ayrim hollarda dorivor o‘simliklarni aniqlash insonga qimmatga tushgan, chunki dorivor o‘simliklar ta’sirini u dastlab o‘zida sinab ko‘rgan. Zubturum bargi oyoqdagi yarani tuzat­gan, qichitqi o‘t bargi esa kuydirgan. Bir qism limono‘t mevasi ovchiga kuni bo‘yi toliqmay hayvon ovlashga yordam beradi, mingdevona mevasi esa kishining qo‘l-oyog‘ini tirishtirib, esi past odamga o‘xshab poyma-poy so‘zla­shiga sabab bo‘ladi.
Rivoyatlarga ko‘ra, dorivor zaharli belladonna o‘simligi Shotlandiyadagi bir qishloq aholisining dushmandan qutulishiga yordam bergan. Qishloqni Daniya askarlari ishg‘ol qilgan. Ular g‘alaba sharafiga pivo ichib, g‘oliblikdan mag‘lublikka duchor bo‘lganlar. Shotlandiyaliklar pivoga aralashtirib bergan belladonnaning zaharli sharbati daniyalik askarlarni shol qilib qo‘ygan.
Qadim zamonlarda kishilarning bilim darajasi yetarli bo‘lmaganligi tufayli o‘simliklar ularga sehrli va fusunkor bo‘lib ko‘ringan. Xazinalar yashiringan joyni topib beradigan, es-hushni olib qo‘yadigan, sevmaganni sevdiradigan o‘tlar borligiga ishonganlar. Odamchalarga o‘xshash jenshen va mehrigiyoh ildizi haqida ko‘pdan-ko‘p afsonalar to‘qilgan. Jen­shen ildizining kuchsizlanib, holdan toygan kishilarga quvvat bag‘ishlashi, albatta, mo‘jiza deb bilingan. Vaqtlar o‘tishi bilan ilm va fan muayyan o‘simliklikning qanday qilib davo bo‘lishini tushuntirib berdi, afsonaviy gaplar esa, o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketdi.
Dorivor o‘simliklarning shifobaxshligi — ular tarkibida ma’lum ta’sir qiluvchi kimyoviy moddalar: alkaloidlar, flavonoidlar, glikozinlar, vitaminlar, oshlovchi moddalar va boshqalar borligidadir.
Ko‘pgina shifobaxsh o‘simliklar tibbiyotda qo‘llaniladi va hozirgi kunda ham kishilar o‘simliklarning kimyoviy tarkibini mukammal o‘rganishga erishdilar. Bu esa o‘z navbatida yangi-yangi kashfiyotlarga olib keldi. Hozirgi kunda mog‘or zamburug‘i deb ataladigan zamburug‘dan penitsillin dorisi tayyorlanmoqda.
Ba’zi dorivor o‘simliklar, masalan, yalpiz plantatsiyalarda ko‘paytirilmoqda; tishini yuvishdan erinmaydigan har bir kishi yalpiz moyidan har kuni bahramand bo‘ladi. Yalpiz moyining aso­siy qismini tashkil etgan modda – mentol tish poroshogini xushbo‘y qiladi. Mentol validol va boshqa yurak kasalligi dorilari, tinchlantiruvchi dorilarga, kosmonavtlarning ovqatlanish ratsio­niga kiradigan yalpizli karamelga ham qo‘shiladi.
Mamlakatimiz yovvoyi holda o‘sadigan dorivor o‘simliklarga ham boy. O‘rmonlarda marvaridgul o‘sadi, undan yurak kasalligi bilan og‘riganlarga dori tayyorlanadi, o‘rmon etagi va nam o‘tloq yerlarda o‘sadigan valeriana o‘simligildan tinchlantiruvchi dori ishlanadi. O‘tloq yerlarda har qadamda dalachoy (uni xalq orasida 95 dardga davo bo‘ladi deyishadi), bo‘yimodaron, ko‘ko‘t, gazako‘t, qora andiz va boshqa dorivor o‘simliklar o‘sib yotadi.
Dorivor o‘simliklarning organizmga ta’siri ular­ning tarkibidagi kimyoviy birikmalarning miqdoriga bog‘liq. Bu birikmalar o‘simlik­larning qismlarida turli miqdorda to‘planadi. Dori tayyorlash uchun o‘simlikning kerakli qismlari turli muddatlarda yig‘iladi, masalan, po‘stlog‘i, kurtagi erta bahorda, bargi o‘simlik gullashi oldidan yoki gullaganda, meva va urug‘lari pishganda, ildiz, ildizpoyasi bahorda yoki kech kuzda olinadi.
Dorivor o‘simliklar havo ochiq paytida, shudring ko‘tarilgach yig‘ib olinadi. Shuni esda tutish kerakki, ko‘pchilik o‘simliklarning tarkibida zaharli moddalar bo‘ladi. Bunday dorivor o‘simliklardan tayyorlangan dorilarda zaharli moddalar biroz ortiqroq bo‘lsa ham kuchli zaharlaydi yoki turli kasalliklarga yo‘liqtiradi. Adonis, angishvonagul, bangidevona, belladonna, issiriq, kuchala, marvaridgul, mingbosh, mingdevona va boshqalar shunday zaharli dorivor o‘simliklar jumlasidandir. Shuning uchun o‘simliklarni og‘izga olmaslik, shu­ningdek ularni yig‘ib olayotgan paytda qo‘lni ko‘zga urmaslik kerak. O‘simliklarni yig‘ib olgandan keyin qo‘lni yaxshilab yuvish lozim.
 Ifloslangan va kasallangan o‘simliklarni yig‘maslik kerak. Dorixonada sizga qaysi o‘simlikni qaysi paytda qanday qilib olish haqida batafsil tushuntirib berishadi.
 Dorivor o‘simliklarni yig‘ib olishda ular kelajakda ham o‘sib ko‘payishi uchun bir qismini qoldirish zarur.
 Bolalar, odamlarning dardiga davo bo‘ladigan dorivor o‘simliklarni yig‘ib olishda sizlar ham o‘z hissalaringizni qo‘shishingiz mumkin.
Manba: Kitob.uz

Оставьте комментарий