Eng qiyin til qaysi?

DO`STLARGA ULASHING:

  • Maʼlumotlarga koʻra, Yer yuzida 6809 ta til bor. Bu tillarga egalik qiluvchilarning aksariyati Afrika va Osiyoda.
  • Tillarning ayrimlari rivojlanib, soʻzlashuvchilari soni koʻpayib boryapti. Ayrimlari esa, yoʻqolib ketish xavfi ostida.
  • Til yashab qolishi uchun unda soʻzlashuvchilar soni kamida 100 ming kishi boʻlishi kerak. Hozir 400 ga yaqin til yoʻqolib borayotgan tillar safiga kiritilgan.
  • Tillar oʻlishining asosiy sabablaridan biri unda soʻzlashuvchilarning notekis taqsimlanganidir. Yer yuzi aholisining 80 foizi 80 ta tilda soʻzlashadi. 3500 ta tildan esa sayyora aholisining 0,2 foizigina foydalanadi, xolos.
  • Hozir 46 ta tilda faqat bir kishigina soʻzlashadi. Agar bu tillar boshqalarga oʻrgatilmasa, ular oʻtmish boʻlib qolishi turgan gap. Shuningdek, uch-toʻrt kishigina biladigan tillar ham talaygina. 200 ga yaqin tilning esa 10 nafardan soʻzlashuvchisi bor.
  • Afrika qitʼasida jami 1000 dan ortiq tilda soʻzlashiladi.
  • Papua-Gvineyada 700 dan koʻproq til amal qiladi. Ularning qay birini davlat tili sifatida belgilash ancha vaqt bahs-munozaralarga sabab boʻlgan. Shu sababli konstitutsiyada davlat tili yoʻqligi belgilangan. Ish yuritishda ingliz tili va uning mahalliy lahjasi – pijin-inglishdan foydalaniladi.
  • Xitoy tilining mandarin lahjasi eng koʻp soʻzlashuvchiga ega – unda 885 milliondan ortiq kishi gaplashadi. Bu borada ikkinchi oʻrinni ispan (332 million), uchinchi oʻrinni ingliz (322 million), toʻrtinchi oʻrinni bengal tili (189 million) egallaydi.
  • Xalqaro sunʼiy til – esperantoni 1887 yili varshavalik vrach Lyudvik Zamengof tuzgan.
  • Afrika xalqlari gaplashadigan suaxili tili mahalliy qabilalar, arab va portugal tillari chatishmasidan hosil boʻlgan.
  • Birlashgan Millatlar Tashkilotida oltita rasmiy til amalda – ingliz, fransuz, arab, xitoy, rus va ispan tillari.
  • Eng qiyin tillardan biri bask tilidir. Hatto uni Ikkinchi jahon urushi yillarida maxfiy axborotlarni almashish uchun ishlatishgan. Qiyinlik bobida tabasaran tili ham oʻziga xos. U Dogʻistonda davlat tillari qatoriga kiritilgan. Bu tilda 48 ta kelishik bor! Eskimoslar tilida esa hozirgi zamon feʼlining 63 ta shakli, otlarga qoʻshiladigan 252 ta qoʻshimcha bor!
  • Sanskrit tilidagi matnlarni malakali tarjima qilish yoki shu tilda yozish uchun bu tilni kamida 12 yil oʻrganish kerak boʻladi.
  • Eskimos tilida “qor” soʻzining yigirmadan ortiq maʼnodoshlari bor.
  • Eng qadimgi alifbolardan hozirgacha saqlanib kelgan harf – O. Fanga maʼlum boʻlishicha, u miloddan oldingi 1300 yillar atrofida finikiya alifbosida qoʻllanilgan va hozirga qadar oʻzgarishlarga uchramagan. Bugun bu harf dunyo xalqlari alifbolarining 65 tasidan oʻrin olgan.
  • Xitoy tilida 50 mingdan ortiq iyeroglif bor. Biroq gazeta oʻqish uchun ularning 2 mingtasini bilish kifoya qiladi.
  • Papua-Yangi Gvineyadagi rotakas tili alifbosida bor-yoʻgʻi 12 ta harf bor.
  • Botsvana va Namibiyada gaplashiladigan kxong tilida 112 ta tovush bor.
  • Kambojada davlat tillaridan biri sifatida eʼtirof etilgan kxmer tili alifbosida 74 ta harf bor. Bu dunyodagi eng katta alifbodir. Bu tilda mamlakat aholisining 12 millioni gaplashadi.
  • Sedang tilida (Vyetnam) 50 ta unli tovush bor.
  • Hindistonda 17 ta rasmiy til bor. Ikkinchi oʻrinda Janubiy Afrika Respublikasi turadi – u yerda 11 ta rasmiy til amal qiladi.
  • Kavkaz mintaqasida 40 ta tilda soʻzlashiladi. Ulardan biri – abxaz tilida 2 ta unli va 60 ta undosh tovush bor.
Orifjon Madvaliyev tayyorladi.
“Sogʻlom avlod” gazetasining 2016 yil 42-sonida chop etilgan.

oriftolib.uz

Оставьте комментарий