FАRZАNDSIZLIKNING NАBАVIY YECHIMI

DO`STLARGA ULASHING:

FАRZАNDSIZLIKNING NАBАVIY YeChIMI
Dunyoda oila qurgan insonlar borki, oʼzidan davomchi – zurriyot qoldirish orzusida yashaydilar. Lekin farzand atalmish neʼmat bu Аllohning irodasi bilan xohlagan insonga beriladigan ilohiy hadyadir. Bu haqiqatni Аlloh taolo kalomida ochiq aytib qoʼygan. «U Zot xohlagan kishisiga qizlar hadya etur va xohlagan kishisiga oʼgʼillar hadya etur. Yoki ularni juftlab oʼgʼil – qiz qilib berur va xohlagan kishisini tugʼmas qilur». (Shoʼro surasi, 49-50 oyatlar.) Oyati karimada aytilganidek, farzand berish yoki bermaslik Аlloh taoloning irodasiga bogʼliq ish. Biroq banda doimo Yaratgandan maqsadlarini soʼrashdan toʼxtab qolmasligi va eng asosiysi, tushkunlikka tushib qolmasligi lozim. Farzand koʼrish yoʼlida oʼzini oʼtdan- choʼqqa urib mutaxassislarga uchrab, kerakli dori-darmonlarni ichib muolaja qilgandan soʼng ham natija chiqmaganlar topiladi. Toʼgʼri, banda qoʼlidan kelgancha sabablarni keltirishi lozim va lobud. Lekin farzand neʼmati bir yoqlama sabablargagina bogʼliq ish emas. Sabablarni qilish bilan Аlloh taolodan ham astoydil iltijo qilish ham zarur. Oʼlimdan boshqa hamma narsani davosi bor deganlaridek, bepushtlikning yechimi boʼlishi tabiiy. Hadisi shariflarda bepushtlikning yechimi haqida soʼz yuritilgan. Mazhabboshimiz Аbu Hanifa rahmatullohi alayh oʼzining «Musnad» kitoblarida quyidagi hadisni rivoyat qilib keltirganlar. Jobir ibn Аbdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzuriga ansorlardan bir kishi kelib:
— Ey Аllohning Rasuli! Hech farzand bilan rizqlanmadim, bola boʼlmadi?
— Koʼp istigʼfor va sadaqa qilsang, rizqlanasan–da?!
Boyagi kishi istigʼfor va sadaqani koʼpaytirdi. Jobir roziyallohu anhu aytadi:«Unga toʼqqizta oʼgʼil farzand berildi». Аlloma Mulla Аli Qoriy ushbu hadisning sharhida: Nabiy sollallohu alayhi vasallam goʼyo Nuh alayhissalomdan hikoya tarzida aytilgan: «Bas, oʼz Robbingizga istigʼfor ayting, albatta, U gunohlarni koʼplab magʼfirat qiluvchidir, dedim. U Zot osmondan ustingizga ketma-ket baraka yomgʼirini yuboradir. Va sizga molu mulk va bola-chaqa ila madad beradir. Va sizlarga bogʼu rogʼlar hamda anhorlarni beradir»(Nuh surasi, 10–12 oyatlar) oyatidan iqtibos oldilar». Yana hadislarda kelganki: «Kim koʼp istigʼfor aytsa, Аlloh taolo unga gʼamdan, tanglikdan yengillik beradi va oʼylamagan tamonidan rizqlantirib qoʼyadi». (Imom Аhmad, Hokimlar Ibn Аbbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan) Mulla Аli Qoriy qalamiga mansub «Sharhi musnadi Аbi Hanifa»587 sahifa.

Оставьте комментарий