GESTАTsION DIАBET

DO`STLARGA ULASHING:

Qandli diabet keng tarqalgan endokrin kasalliklardan biri. Bu xastalikning ikki turi (insulinga qaram boʼlgan) va (insulinga qaram boʼlmagan) farqlanadi.
Аytish joizki, 80-90 foiz hollarda diabetning insulinga qaram boʼlmagan 2-turi uchraydi. Bu dardga yoshi 35-40 dan oshgan, aksari juda semirib ketgan kishilar koʼproq mubtalo boʼladi.
Qandli diabetning ikkita asosiy turidan tashqari, gestatsion (yaʼni homiladorlik davridagi)diabet ham uchrab turadi.
Insulin tibbiyot amaliyotiga kirgunga qadar qandli diabetga duchor boʼlgan ayollarda 50-60 foiz hollarda qorindagi bola nobud boʼlgan. Insulin bilan davolash usuli qoʼllanila boshlanganidan soʼng qandli diabeti bor homiladorlarda asoratlar asta-sekin kamaya bordi.
Homilador ayollarda homiladorlikdan oldingi qandli diabetning 1 va 2-turi (pregestatsion diabet), homiladorlik davrida paydo boʼlgan qandli diabet (gestatsion diabet) va glyukozaga turgʼunlikning buzilishi tafovut qilinadi.
Modda almashinuvining buzilishi homiladorlik diabetida va qandli diabetning 1 va 2-turida deyarli bir xil boʼladi. Homilaning ona qornida nobud boʼlishi qandli diabet bilan kechadigan homiladorlikning eng ogʼir asoratlaridan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, chaqaloqlarda tugʼma nuqsonlar, ularning vazni ortib ketishi (4,5 kg dan ortiq), oʼpka rivojlanishining orqada qolishi holatlari uchrab turadi.
Qandli diabeti bor ayollarda homiladorlik ogʼir kechib, homila tushishi, koʼpsuvlik, kechki toksikozlar, shishlar paydo boʼlishi va eklampsiya roʼy berishi mumkin.
Qandli diabeti bor ayollar homilador boʼlishidan 2-3 oy oldin, hatto vaqtliroq yaxshilab davolanishlari shart. Chunki homiladorlikning birinchi 8-10 haftalarida qondagi qand miqdori baland boʼlsa homilada tugʼma nuqsonlar yuzaga kelishi mumkin. Barcha yoʼldosh xastaliklarni ham aniqlab, davolash lozim boʼladi.
Qirq yoshga yaqinlashgan ayollarda homiladorlikning erta davrida gemoglobin 10 foizdan yuqori yoki diabet ketoatsidozi boʼlganda homiladorlik tavsiya etilmaydi.
Homila saqlab qolingan hollarda ayollar akusher-ginekolog, koʼz shifokori, diabetolog va boshqalar nazoratida boʼlishi shart.
Har kuni uch mahal ovqatlanish oldidan taʼsir muddati qisqa oddiy insulin va uxlashdan oldin muddati oʼrtacha davom qiladigan insulin qoʼllaniladi. Nahorda aniqlangan qand miqdori 5,3 mmolь/l dan oshmasligi kerak.
Insulin miqdori homiladorlik davrida oʼzgarib turishi mumkin. Ona qonidagi qandning homila qoniga oʼtishi hisobiga homiladorlikning birinchi yarmida insulinga boʼlgan ehtiyoj kamayadi.
Homiladorlikning ikkinchi yarmida qonda qand miqdori koʼtarilib, insulinga talab ortadi.
Homilador ayolning tana vazni, qon bosimi muntazam ravishda nazorat qilib oʼlchab turiladi. Buyurilgan parhez ovqatlar homiladorlikning birinchi uch oyligida tana vazni 1-2 kilogrammga, ikkinchi va uchinchi uy oyligida haftasida 300-400 g dan ortishini taʼminlash lozim. Homiladorlik davrida ayolning vazni koʼz yorigunga qadar 10-11 kg dan ortmasligi kerak.
Qandli diabetda maʼlum ovqatlanish tartibiga rioya qilish juda muhim. Bemorlar kuniga oz-ozdan 5-6 marta ovqatlanishlari kerak. Qandni tushiruvchi xabdorilarni homiladorlik davrida ichish aslo mumkin emas. Qand oʼrnini bosuvchi vositalar ham tavsiya etilmaydi.
Homilaning rivojlanishini nazorat qilish uchun ulьtratovush tekshiruvlari ham oʼtkaziladi. Lekin bu usulni iloji boricha kam qoʼllash kerak.
Qandli diabet va homiladorlik asoratsiz kechayotgan boʼlsa, ayol eson-omon koʼzi yoriydi.
Bemor ayollar boʼyida boʼlishdan saqlanishlari, buning uchun kontratseptsiyadan foydalanishlari tavsiya etiladi. Kontratseptivlar qabul qilayotganda baʼzan insulin miqdorini oshirishga toʼgʼri keladi.
Dilorom NАJMUTDINOVА,
endokrinolog, tibbiyot fanlari doktori, professor.

Оставьте комментарий