Goʼdaklardagi konʼyunktivit

DO`STLARGA ULASHING:

Konʼyunktivit – koʼz olmasi shilliq qavatining yalligʼlanishi boʼlib, koʼkrak yoshidagi bolalarda koʼp uchraydi. Goʼdaklardagi konʼyunktivitning belgilari turlicha. Qovoq va konʼyunktiva (shilliq qavati) ning shishib qizarishi, koʼzga qum tiqilgandek sezgi boʼlishi, koʼzni yoshlanishi, koʼzdan yiring yoki shilliq ajralishi (yaʼni bola uxlayotganida kipriklari bir-biriga yopishib qolishi) konʼyunktivitga xos belgilardir. Shuningdek, bolada yorugʼlikdan qoʼrqish va qovoqlarni qisish (blefarospazm) kuzatiladi. Аgar bola koʼzlarini ishqalay boshlasa, demak koʼzlarda qichishish va achishish paydo boʼlganidan dalolat beradi.

Bolada konʼyunktivit paydo boʼlganida uni darhol mutaxassis shifokor koʼrigiga olib borish zarur, koʼp hollarda bemorni izolyatsiya kilish (ajratib qoʼyish) kasallik boshqa bolalarga oʼtib ketishining oldini oladi. Chunki tegishli davo choralari oʼz vaqtida boshlanmasa, infektsiya koʼzning boshqa qismlariga oʼtib ketib, ogʼir asoratlarga olib kelishi mumkin va koʼrish oʼtkirligi pasayishiga sabab boʼlishi mumkin. Konʼyunktivit biror-bir infektsion kasallik (masalan shamollash)ning belgisi boʼlishi ham mumkin. Shu sababli, konʼyunktivit paydo boʼlganda bolaning tana haroratini oʼlchab turish va shamollashga karshi davo choralarini qoʼllash lozim.
Konʼyunktivitning bir yoki ikkala koʼzda paydo boʼlishi infektsiya qoʼzgʼatuvchisiga bogʼliq. Bakteriyalar chaqirgan yalligʼlanish koʼp hollarda bir koʼzni zararlasa, virusli va allergik jarayonlar odatda ikkala koʼzni ham zararlaydi.
Goʼdaklarda paydo boʼladigan konʼyunktivitning sabablari turli-tuman. Koʼpincha bakteriya va viruslar keltirib chiqaradigan infektsion konʼyunktivitlar kuzatiladi. Boladagi konʼyunktivit oʼsimliklar gullash davri dorini isteʼmol qilish, ayrim sharoitlarga tushgan vaqtda yoki ayrim oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilgandan soʼng paydo boʼlsa, yaʼni har mavsumda kuzatilsa, bu hol konʼyunktivit allergik tabiatga ega ekanligidan dalolat beradi.
Qoʼzgʼatuvchisini aniqlash muhim
Oʼtkir bakterial konʼyunktivitni immunitet pasayganida yoki organizmda surunkali kasalliklar boʼlganida konʼyunktival xaltachada doimo saprofit xolda uchraydigan mikroorganizmlar faollashadigan stafilokokk va streptokokklar qoʼzgʼatadi. Havo-tomchi orqali yuqadi. Kasallik oʼtkir rivojlanadi, belgilari bir necha soat ichida yuzaga chiqadi, yalligʼlanish jarayoni bir koʼzda boshlanib, tezda ikkinchisiga ham oʼtadi.
Pnevmokokkli konʼyunktivitni pnevmokokk qoʼzgʼatadi. Boshqa mikroblar qoʼzgʼatadigan konʼyunktivitlardan farqi konʼyunktivada paydo boʼladigan plyonkalardir. Bu plyonkalar shilliq qavatlardan oson koʼchadi. Boshqa konʼyunktivitlardagi singari koʼz qizaradi, yosh oqadi, shilliq-yiringli ajralma keladi.
Difteriyali konʼyunktivitni difteriya tayoqchasi qoʼzgʼatadi. Bolaga difteriya bilan ogʼrigan bemordan havo-tomchi orqali yuqadi. Difteriya juda yuqumli va maxsus davoni talab qilgani sababli, boladagi difteriya tasdiqlanganida u yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqiziladi. Bu turdagi konʼyunktivitga toʼgʼri davo qilinmasa, koʼz shox pardasining yalligʼlanishi – keratit yuzaga keladi.
Аdenovirusli konʼyunktivitni bemordan havo-tomchi orqali yuqadigan adenovirus keltirib chiqaradi. Kasallik oʼtkir boshlanib, koʼz zararlanishidan oldin tana haroratining 38-39 darajaga koʼtarilishi, bosh ogʼrigʼi, jagʼ osti limfa tugunlarining kattalashishi, faringit kuzatiladi. Konʼyunktiva ostiga mayda qon quyilishlari va tomirlarning kuchli kengayishi ham konʼyunktivitning adenovirusli turi uchun xos belgilardir.
Gerpetik konʼyunktivitni oddiy gerpes virusi qoʼzgʼatadi. Odatda gerpes virusi bola organizmiga dastlab gerpes bilan ogʼrigan odamdan havo-tomchi bilan tushadi. Immunitet pasayganida organizmdagi gerpes virusi faollashadi va kasallikka turtki beradi. Burunning yon qanotlari, qovoqlar terisi va konʼyunktivada gerpesga xos pufakchalar paydo boʼlishi mumkin.
Аllergik konʼyunktivit rivojlanishiga turli allergenlar, yaʼni ayrim oʼsimliklarning gullash davridagi changi, shuningdek oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari, uy hayvonlarining juni, uy changi, maishiy kimyo vositalari, mogʼor va zamburugʼlar sabab boʼladi. Аllergen organizmga tushgandan soʼng allergik reaktsiya tez yoki sekin boshlanishi mumkin. Bola isteʼmol qilgan oziq-ovqat turi allergiya qoʼzgʼaydigan xarakterga ega boʼlsa 8-24 soat oʼtib konʼyunktivitni yuzaga keltiradi. Ushbu xolat allergiyaning tez boshlanish turiga kiradi. Sekin boshlanadigan allergik turini aniklash qiyinroq, chunki allergen bilan toʼqnashuv bir necha oylar oldin boʼlganligi uchun bemorlar buni esidan chiqarib yuboradilar va natijada kasallikni qoʼzgʼatuvchisini topish murakkablashadi.
Gonoblennoreya konьyunktivit kasalligini gonoreya qoʼzgʼatuvchisi keltirib chiqaradi. Аgar bolaning onasi gonoreya bilan ogʼrigan boʼlsa, bola tugʼruq payti yoki tugʼruqdan soʼng onasidan infektsiyani yuqtirib oladi. Natijada konʼyunktivitning xavfli turi rivojlanadi. Bu kasallikda goʼdakning koʼz shox pardasi ogʼir zararlanib, koʼrish oʼtkirligi pasayishi mumkin.
Xlamidiyali konʼyunktivit xlamidioz bilan ogʼrigan ona tugʼruq payti bolasiga xlamidiyalarni yuqtirishi natijasida kelib chiqadi. Yangi tugʼilgan chaqaloqlarda kasallik ogʼir oʼtadi, birdaniga ikkala koʼzni ham zararlaydi. Kichik yoshdagi bolalarning konʼyunktival boʼshligʼiga kasallik qoʼzgʼatuvchisi boʼlgan infektsiyalangan suv orqali basseyn, ochiq suv havzalarida choʼmilganda ham yuqishi mumkin.
Davolash va oldini olish
Bolada konʼyunktivit belgilari paydo boʼlsa, uni iloji boricha tezroq oftalьmolog shifokor koʼrigiga olib borish zarur. Bolaning kiprik, qovoq va konʼyunktiva boʼshligʼini ajralmalardan tozalash lozim – koʼrikka bormasdan ham oldin boshlash zarur. Buning uchun 0,02 foizli furatsilin eritmasidan foydalanish mumkin. Paxtani yumaloqlab iliq haroratdagi eritmaga yaxshilab hoʼllaniladi, soʼng bola koʼzini tashqi chegarasidan ichki tomonga qarab (koʼz toʼliq tozalanguncha) artish lozim. Har bir koʼz uchun alohida paxtali tampon ishlatiladi. Tozalash kuniga 6-8 mahal bajariladi. Iloji boricha toza sterillangan paxtadan foydalanishni tavsiya etiladi. Аyniqsa eʼtibor berish kerak kiprik, qovoqlar, konʼyunktiva boʼshligʼida qotgan ajralmalar umuman boʼlmasligi kerak.
Boladagi konʼyunktivitni bakteriyalar keltirib chiqargan boʼlsa, tarkibida antibiotiklar yoki sulьfanilamidlar bor koʼz tomchilari tomiziladi. Bunday dori vositalarini goʼdaklarda hayotining ilk kunlaridanoq qoʼllash mumkin. Tomchilar kuniga 6-8 mahal (har 2-3 soatda konʼyunktiva boʼshligʼi yaxshilab yuvilgandan soʼng) tomiziladi. Yalligʼlanish jarayoni soʼna boshlagach kunlik tomchi tomizishlar soni kamaytirib boriladi. Аvval kuniga 3-4 mahal, keyinchalik kuniga 2 mahal tomizib boriladi. Davolash shifokor nazorati ostida 7-14 kun davom etadi.
Tomchilardan tashqari, tarkibida antibiotiklar bor surtmalardan ham foydalanish mumkin. Konʼyunktivit shamollash bilan birga kechayotgan boʼlsa oftalьmolog pediatr bilan birga davolash, yaʼni tizimli terapiya (tabletka holidagi antibiotiklar, yalligʼlanishga qarshi preparatlar) buyurishi mumkin.
Virusli, adenovirusli, allergik konʼyunktivitlar ham bakterial konʼyunktivitni davolashga oʼxshash tartibda davolanadi, faqat antibiotiklar oʼrniga virusga va allergiyaga qarshi taʼsir koʼrsatuvchi dori vositalari qoʼllanadi. Goʼdakning koʼzlarini muntazam ravishda yuvib turish lozim. Konʼyunktivitda, agar koʼp miqdorda ajralmalar chiqayotgan boʼlsa ham koʼzga bogʼlov qoʼyish mumkin emas.
Goʼdakda konʼyunktivit yuzaga kelishining oldini olish uchun gigiena qoidalariga amal qilish, yaʼni bolaning koʼzini har kuni toza suv bilan yuvib turish kerak. Uy-joyni ozoda saqlash, xonadondagi havo namligini iloji boricha 50-70 foizda ushlashga harakat qilish lozim. Goʼdakdagi immunitetni yaxshilash uchun uning yoshiga mos keladigan sogʼlomlashtirish va chiniqtirish tadbirlarini amalga oshirish maslahat beriladi.
Shuningdek, xonani shamollatib turish, qoʼllarni tez-tez yuvib turish, xonani nam latta bilan artib-tozalash lozim.
Botir BUZRUKOV,
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti
“Koʼz kasalliklari” kafedrasi professori,
tibbiyot fanlari doktori.

Оставьте комментарий