Karavot tanlash

DO`STLARGA ULASHING:

Farzandingiz uchun karavot xarid qilishda eng so‘nggi urfda bo‘lgan jihoz uning dam olishi uchun qulay sharoit yaratadi, deb o‘ylasangiz yanglishasiz. Odatda jihozning tashqi ko‘rinishiga e’tiborli insonlar tanlov borasida anchayin xatoliklarga yo‘l qo‘yishadi.
Shuni unutmaslik kerakki, bunday mebel tanlashda uning sifati va turli vazifalarni bajara olishlik qobiliyatiga e’tibor berish juda muhim sanaladi.
Chaqaloq uchun karavot tanlashda nimalarga e’tibor qaratish zarur?
Eng avvalo, uning xavfsiz va ekologik toza xomashyodan tayyorlanganligiga ahamiyat bering. Imkoni boricha karavotning himoya devorlari baland bo‘lmasligi, uning tubi yerdan juda ham yuqorida joylashmasligi zarur. Shuningdek, bunday jihoz uchun mo‘ljallangan maxsus to‘shama uning tubi va o‘lchami bilan bir xil bo‘lishi kerak. Agar karavot to‘r matosi bilan o‘ralgan bo‘lsa, ayni muddao. Qolaversa, eng qulay karavot chaqaloq kiyimi, choyshablari va o‘yinchoqlarini joylashtirish uchun qo‘shimcha tortmalarga ega bo‘lganidir.
Bolalar uchun mo‘ljallangan karavot uchun qanday xomashyo ma’qul?
Har qanday jihoz xarid qilishdan oldin uning gigiyenik sertifikatga e’tibor qarating. Chunki, uning qay turdagi xomashyodan yasalganligi juda muhim. Agar karavot yog‘ochdan ishlangan bo‘lsa, ayni muddao. Chunki yog‘och ekologik toza mahsulot bo‘lib, u gigiyenik, toksik xususiyatlarga ega emasligi, mustahkamligi va shu bilan birga, bolaga shikast yetkazmasligi bilan ahamiyatlidir.
Shuni ta’kidlash joizki, bolalar uchun mo‘ljallangan mebel jihozi tayyorlashda grab, shumtol, eman, yong‘oq, qayin yoki qora qayin turiga kiruvchi yog‘och turlaridan foydalanish maqsadga muvofiq. Plastik yoki boshqa turdagi tabiiy bo‘lmagan xomashyodan ishlangan karavotlarni xavfsiz bo‘yoq yoki zararli hidlarni o‘zidan taratmasligiga kafolat berilsagina xarid qilish tavsiya etiladi.
Karavotlarning o‘ziga xos yana bir turi osib qo‘yiladigan belanchak hisoblanadi. U chaqaloq uchun o‘zida barcha xususiyatlarni jamlagan shinam makon yarata oladi. Belanchak uzog‘i bilan bolajonga bir yoshgacha xizmat qilishi mumkin.
Maktab yoshigacha bo‘lgan bolalar uchun karavot tanlashda nimalarga ahamiyat berish lozim?
Kichkintoy uchun mo‘ljallangan belanchak bolaning dam olishi, o‘ynashi, uxlashi uchun moslashtirilgan bo‘lsa, maktab yoshigacha bo‘lgan bolalar uchun tanlangan karavot faqatgina uxlash uchun mo‘ljallanadi. Shu sabab, tanlovning eng muhim jihati qulay yotoq tanlash sanaladi. Bunda bolaning bo‘yini inobatga olish muhim. Odatda bu yoshga mo‘ljallangan karavotlar bir xil, ya’ni eni 70 sm. bo‘yi esa 140-150 sm. o‘lchamda bo‘ladi. Jihozning jarohat yetkazmaydigan hamda ekologik toza xomashyodan yasalganligiga alohida ahamiyat qaratish kerak. Unutmang, aynan mazkur yoshda to‘g‘ri tanlangan jihoz farzandingizga go‘zallik haqida muayyan tasavvur bera olishi kerak. Boisi, bolaning nimaga qiziqishi, qaysi rang uning ruhiyatiga ko‘proq yaqin ekanligi, qay turdagi shakl uni ko‘proq o‘ziga jalb etishi aynan shu davrda shakllana boradi.
Yana o‘qing:  Ijtimoiy tarmoqlar: muammoning yechimi nimada?
Bu yoshdagi o‘g‘il-qizlar uchun karavotlar turli ko‘rinishda uchraydi. Shu bois, jihozning mashina, kema yoki kareta shaklidagi bir qancha turlaridan munosibini tanlash farzandingizga bir olam quvonch bag‘ishlaydi. Shu bilan birgalikda, mazkur yotoqning qattiq, tekis asosga ega taxta va to‘shamasi, cheklovchi moslamalari, ya’ni yon devorlari, tortmalari bo‘lishi kerak. Hozirda urf bo‘layotgan ishkomli yotoq bu yoshdagi o‘g‘il-qizlar uchun ayni muddao. Uning birinchi qavatida bolajonning dars stoli, divan va shkafi, sport burchagi joylashgan bo‘lsa, ikkinchi qavat, ya’ni ishkom qismida uning yotog‘i joylashadi. Bu ayniqsa, ko‘p qavatli uyda yashovchilar uchun juda qulay sanaladi.
Maktab yoshidagi bolalar uchun karavot tanlaymiz.
Maktab yoshidagi farzandingiz uchun bir kishilik klassik usuldagi yotoq tanlash payti keldi. Uning eni 70 sm. dan 90 sm. gacha, uzunligi esa 190-200 sm bo‘lishi mumkin. Iloji boricha bolangizga har tomonlama universal dizayndagi yotoqni harid qiling. Shunda undan bir necha yil foydalanish mumkin bo‘ladi. Karavotni uyning turli joyiga ko‘chirish uchun u qulay va ixcham bo‘lishi lozim. Axir siz jihozni har yili yangidan xarid qila olmaysiz-ku, to‘g‘rimi?
Bu yoshdagi bolalar uchun qat’iy shaklga va ko‘pi bilan 2 xil tusga ega yotoqni tanlang. Yumshoq prujinali to‘shama uning umurtqasi uchun zarardir. Imkoni boricha matras qattiq, ortopedik matodan bo‘lgani maqul.
Agar bir xonada ikki nafar bola istiqomat qilsa, unda ikki qavatli karavot tanlash ma’qul. Bunda ota-onalar jihozning xavfsiz turiga e’tibor qaratishlari darkor.
Sababi, bolajonlar nafaqat yotoqda uxlaydi, balki o‘ynaydi ham. Shu sababli, bu kabi jihozning himoya devorlari baland, osti esa chuqur, ikkinchi qavatga bolajon shikastsiz ko‘tarila olishi uchun barcha imkoniyatlarga ega bo‘lishi kerak.
Bir so‘z bilan aytganda, farzandingiz qaysi yoshda bo‘lishidan qat’iy nazar, u uchun tanlangan karavot qulay, shinam va xavfsiz bo‘lmog‘i juda muhim.
 
Xurshida HUSENOVA tayyorladi
soglom.uz/tavsiya/osuda-uyqu-uchun-shinam-makon-tanlaymiz/

Оставьте комментарий