Kichkintoylar uchun gilamchalar

DO`STLARGA ULASHING:

Onalar uy ishlaridan tashqari farzand tarbiyasiga ham alohida vaqt ajratishi lozim. Shunday paytlar bo‘ladiki, u go‘dagini bexavotir, o‘zi ovunib, o‘ynashini istaydi.
Axir har qanday kundalik yumushdan, bolajon xavfsizligi va sog‘ligi birinchi o‘rinda turadi. Shunday emasmi?
Kichkintoylar uchun mo‘ljallangan rivojlantiruvchi gilamchalar ularning xavfsizligini ta’minlash bilan birga, bolaning rivojlanishida muhim o‘rin tutadi. Mazkur gilamchalar oddiy shakllarda ishlab chiqilgan bo‘lib, yumshoq, tabiiy matodan tayyorlanganligi bilan ahamiyatlidir. Ayniqsa, yorqin rangli ushbu mahsulot bolajonlarga yaxshi kayfiyat bag‘ishlaydi.
Yumshoq, rivojlantiruvchi gilamchalar o‘lchami bilan bir-biridan farqlanadi. Biri sayr uchun moslangan bo‘lsa, boshqasi – uyda o‘ynash uchun mo‘ljallangan. Uning kichik o‘lchamlisi esa oilaviy sayohat paytida juda qulay hisoblanadi. “Uchar” gilamcha bilan turli sayohatlarga otlanish bolajonga maroq bag‘ishlaydi.
Kichkintoy uchun turli shakl va o‘lchamdagi qo‘shimcha elementlari mavjud gilamlarni atrofi to‘r bilan o‘ralgan, bolajon o‘ynashi uchun mo‘ljallangan moslama sifatida ishlatsa ham bo‘ladi. Yuqoridan ilib qo‘yilgan o‘yinchoqlar to‘la halqa esa bolani faol harakatlanishi uchun yaxshi imkoniyat yaratadi.
Gilamchani kir yuvish mashinasida tozalash imkoniyati mavjud bo‘lsa, ayni muddao. Halqaga ilingan o‘yinchoqlar va xavfsiz ko‘zgu ham yechib olishga qulay bo‘lishi kerak. Ularni tez-tez tozalab turish bola sog‘ligi uchun juda muhim. Gilamcha doim yorqin, chiroyli va toza bo‘lishi shart.
Unga ilib qo‘yiladigan o‘yinchoqlar soni qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Chunki, bola uzoq vaqt ular bilan ovunadi, diqqatini turli shakllarni kuzatishga qaratadi. Olamning turfa ranglar va shakllardan iborat ekanligini o‘zicha kashf etadi. O‘yinchoqlar orasida shaqildoq, har xil matnlar, turli shakllar rasmi tushirilganlari ham bo‘lishi kerak. Chunki, shaqildoq va suratlar bolaning ko‘rish va eshitish qobiliyatini rivojlantiradi.
GILAMCHA MATOSIGA E’TIBORLI BO‘LING!
Mato ushlab ko‘rilganda yoqimli bo‘lishi kerak. Bolaning nozik terisi mayin matoga tegib turishini hisobga olsak, gilamchani tanlashda uning mayinligi bilan bir qatorda, tarkibiga ham e’tibor qaratish zarur.
KERAKLI TAVSIYALAR
Bolaning ushlashiga oson bo‘lishi uchun teshik kulchaga o‘xshash o‘yinchoqlarlardan bir qanchasini halqaga ilib qo‘ying. Ayniqsa, ovunchoqlarning rezinali turi tish chiqish jarayonida kichkintoy uchun juda foydalidir. O‘yinchoqning juda qattiq turini tanlash farzandingizning tishlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishini unutmang. Asosiysi ular yuvishga qulay bo‘lsin. Shuningdek, rivojlantiruvchi o‘yinchoqlar bolani eshitish va atrofga bo‘lgan barcha qiziqishlarini rivojlantirishda asosiy vosita sanaladi. Xavfsiz ko‘zguchalar kichkintoyning o‘zini tanishiga yordam beradi. Qulay yostiqcha esa bolakayning bemalol harakatlanishi va o‘yinchoqlarni o‘zi istagandek ushlab ko‘rishi uchun imkoniyat yaratadi.
Yana o‘qing:  Barchasi farzandlarimiz baxti uchun
Xurshida TOLIB qizi

soglom.uz/tavsiya/kichkintoylar-uchun-gilamchalar/

Оставьте комментарий