Katta Tennis haqida

DO`STLARGA ULASHING:

Tennisga qiziquvchilar anchagina topiladi, ularning koʻpchiligi esa – yoshlar. Ota-ona farzandi sport bilan shugʻullanib sogʻlom boʻlishini istasa-da, ularning jarohat olishidan qoʻrqadi. Futbolchi boʻlsa oyogʻi sinishi, kurashchi boʻlsa biron aʼzosining lat yeyishi hech gap emas. Toʻgʻri, hech bir sohada mashaqqatsiz muvaffaqiyat qozonib boʻlmaydi. Yana bir gap: oʻz kasbini yaxshi bilgan, oʻrgangan, shu yoʻlda “suyagi qotgan” odam pand yemaydi.
Mutaxassislarning fikricha, sportchilar eng kam jarohat oladigan jismoniy sport turi tennis ekan.
Bugun tennis ancha ommalashgan sport oʻyiniga aylandi. Shu sababli uning ishqibozlari, tennis bilan shugʻullanuvchilar koʻp.
Har bir sportchi oʻz sohasining tarixi, rivojlanishi, qonun-qoidalarini yaxshi bilishi shart. Oddiy tomoshabin – sizu biz ham bundan xabardor boʻlib qoʻysak yutqazmaymiz. Bugun tennis haqida oʻqib-oʻrganamiz.
 
Paydo boʻlish tarixi
Raketkaga oʻxshash moslama yordamida toʻpchani toʻrdan oshirib oʻynaladigan oʻyin antik davrlarda, Qadimgi Yunoniston va Rimda ham boʻlgan. Oʻrta asrlar va undan keyingi davrlarda Yevropaning turli oʻlkalarida hozirgi tennisning har xil “ajdodlari” paydo boʻlgan, rivojlangan, oʻzgarishlarga uchragan. Bularga inglizlarning “fild-tennis”, “kort-tennis”ini, Fransiya, Ispaniya va Italiyada yuzaga kelgan “long-pom”, “kurt-pom”larni misol qilib keltirish mumkin.
XIV asrda fransuz zodagonlari boʻsh vaqtlarini “kaftda oʻynaladigan oʻyin” (“jyo de pom”) bilan oʻtkazar edilar. Mazkur sport turi hozirgi tennisning rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatgan. Asilzodalarning bu sevimli musobaqasida ustiga charm qoplangan poʻkak toʻplar raketka bilan emas, qoʻl bilan oʻynalardi. Poʻkak toʻp yerda yaxshi sakramas, shu sababli sahniga tosh terilgan maxsus zallardan foydalanilgan. Yillar oʻtib mana shu zallarda musiqa va raqs kechalari uyushtiriladigan boʻladi. Bunday ziyofatlar keyinroq bal nomini oladi.
XVI asrdan boshlab toʻpni raketka bilan oshirish odat tusiga kiradi. “Kaftda oʻynaladigan oʻyin” oʻzgarishlarga uchragach inglizlar uni “haqiqiy tennis” (real tennis) deb atay boshladi.
Oʻsha paytlarda ishlatilgan teri qoplamali toʻplar ichiga qipiq, latta-putta, oʻt-oʻlan tiqilardi. Tabiiyki, bunaqa “qorni toʻq” toʻplar sakramaydi. Rezina toʻplarning paydo boʻlishi tosh yotqizilgan maydonlarga ehtiyoj qoldirmadi, endi maysazor oʻtloqda ham bemalol oʻynash mumkin edi. Bu hodisa faqat Tumanli Albiondagina tarqalgan sport turining boshqa hududlarga ham tezlikda yoyilishiga olib keldi.
Tennis nomi fransuzcha tenir feʼlining buyruq shakli tenez soʻzidan olingan. “Ushla”, “tutib ol” maʼnosini bildiradi. Sportchi shu hayqiriq bilan raqibini ogohlantirgan.
Raketka atamasi ham fransuzchadan, raquette soʻzidan olingan. Bu ibora, aslida, “kaft” maʼnosini bildiruvchi arabcha rakhat soʻzidan kelib chiqqan.
Shakllanishi
1874 yilda angliyalik Vingfild hozirgi tennisga yaqin keladigan oʻyin qoidalarini ishlab chiqadi va uni “sharli oʻyin” deb ataydi. Aslida, u yangi kashfiyot qilmagan, oʻz ishiga Ulugʻ Fransuz inqilobiga qadar aristokratlar orasida mashhur boʻlgan real tennis tartiblarini asos qilib olgan edi. 1875 yilda qoidalar ancha takomillashtiriladi va “laun-tennis” degan yangi nom oladi (“laun” inglizchada “maysazor”, “oʻtloq” degan maʼnoni anglatadi). Xalqaro tennis federatsiyasining xulosasiga koʻra, 1875 yil zamonaviy tennisning “tugʻilgan kuni” hisoblanadi.
Kelajakda bu oʻyin orqali kattagina pul ishlab olish mumkin degan fikrga kelgan Vingfild 1874 yilda kashfiyotchining mualliflik huquqini ifoda etuvchi hujjat – patent oladi. Biroq hech qanday foyda koʻrmaydi.
Oʻyinning rasmiy qoidalari ilk bor 1875 yilda Londonning “Merileboun Kriket Klab” klubi tomonidan qabul qilinadi.
1869 yilda “Butunangliya kroket klubi” tashkil etadi. Olti yil oʻtib jamoa aʼzolaridan biri Genri Jons klubga tennis oʻyinlarini taklif etadi. Yangi oʻyin juda tez shuhrat qozonadi va 1877 yildayoq klub nomi “Butunangliya kroket va laun-tunnis klubi” deb oʻzgartiriladi. Bugun mazkur klub “Butunangliya laun-tennis va kroket klubi” deb ataladi. Biroq uning Uimbldon degan nomi koʻproq mashhur.
1912 yili Xalqaro laun-tunnis federatsiyasi (ILTF) ga asos solinadi. Mazkur federatsiya 1977 yili Xalqaro tennis federatsiyasi – ITF deb oʻzgartiriladi. 1963 yili Ayollar tennis assotsiatsiyasi (WTA) tashkil etildi.
Dastlabki musobaqalar
1877 yili Londonning Uimbldon mavzesida laun-tennis boʻyicha birinchi turnir tashkil etiladi. Unda faqat erkaklar qatnashgan, xolos.
1888 yili Laun-tennis Assotsiatsiyasiga asos solinadi. Mazkur uyushma tennis oʻyinlariga 43 ta qonun-qoida kiritgan. Bu qoidalar hozirgi kungacha amalda.
Uimbldon turniri – har yili maysazor kortlarda oʻtkaziladigan norasmiy dunyo birinchiligidir. Buyuk Britaniya ochiq chempionati sifatida tashkil etiladi. Yutuq jamgʻarmasi oʻrtacha 8,5 million funt-sterling. Mukofoti yirik boʻlgani uchun inglizlar bu musobaqani “katta yarmarka” deb ataydilar.
1899 yili Garvard universitetining toʻrt nafar talabasi milliy terma jamoalar qatnashadigan musobaqa oʻtkazish gʻoyasi bilan chiqadi. Ulardan biri Duayt Devis turnirni tashkil qilish tartibini tuzadi va oʻz hisobidan gʻoliblar uchun kumush kubok sotib oladi. Dastlabki turnir 1900 yili AQSHning Massachusets shtatidagi Bruklin shahrida uyushtirildi. Unda AQSH va Buyuk Britaniya jamoalari qatnashdi. D. Devisning oʻzi ham aʼzo boʻlgan AQSH jamoasi kutilmaganda uchta matchni oʻz foydasiga hal qiladi. Oʻsha paytdan boshlab ayrim holatlarni hisobga olmaganda bu musobaqa har yili oʻtkazib kelinadi. 1945 yili, D. Devisning oʻlimidan soʻng turnir Devis Kubogi deb atala boshladi. Bu musobaqa hozir tennis olamidagi eng muhim voqealardan biri sanaladi. 2000 yili Devis Kubogida 132 mamlakat termasi ishtirok etgan.
Bugun tennis bilan turli yoshdagi millionlab odamlar shugʻullanadi. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Xalqaro tennis federatsiyasiga 190 ga yaqin milliy federatsiya aʼzo.
Tennis olamida 4 ta yirik turnir bor:
  1. Uimbldon turniri.
  2. AQSH ochiq chempionati.
  3. “Rolan Garros” turniri (Fransiya ochiq chempionati).
  4. Avstraliya ochiq chempionati.
Mazkur chempionatlar “Katta shlem turnirlari” yoki “Oltin toj” musobaqalari nomini olgan. Bir yil ichida shu toʻrtta turnirning barida gʻolib chiqish tennischilarning eng katta orzusi deyish mumkin.
Tennis Olimpiada oʻyinlari dasturiga kiritilgan dastlabki zamonaviy sport turlaridan biridir. 1896 – 1924 yillar mobaynida Olimpiada oʻyinlari qatoridan joy oldi. 1924 yilda esa roʻyxatdan olib tashlandi. Rasmiylarning fikriga koʻra, tennis “mujmal”, “tartibsiz” oʻyin deb topildi. Chunki unda istalgan odam – havaskor ham, professional sportchi ham qatnashaverar, ishtirokchilar maʼlum mezon boʻyicha saralanmasdi. Faqat 1988 yilga kelibgina tennis Olimpiada oʻyinlari safiga qaytdi. Oʻtkazilgan oʻyinlar hisob-kitobiga koʻra eng koʻp medalni Buyuk Britaniya termasi (36 ta – 14 ta oltin, 11 ta kumush, 11 ta bronza) qoʻlga kiritgan.
Tennisning maxsus maydon – kortlarda oʻtkazilmaydigan turi ham bor. Bu – koʻpchilik yaxshi biladigan stol tennisi. Bunda maxsus stol ustiga koʻndalang qilib toʻr tortiladi. Hisob-kitoblari, qoidalari ham katta tennisdan farq qiladi. Tennisning bu turi 1988 yilda Olimpiada oʻyinlari qatoriga kiritilgan.
Har yili 40 milliondan ortiq kishi stol tennisi boʻyicha turli rasmiy musobaqalarda ishtirok etadi.
Qoidalar haqida qisqacha
Tennisda ishtirokchilar toʻr bilan ajratilgan maydonning qarama-qarshi tomonidan oʻrin oladi. Bir vaqtning oʻzida ikki kishi yoki juftlik bahslarida toʻrt kishi oʻynashi mumkin.
Sportchilardan biri toʻpni oʻyinga kiritib beruvchi boʻladi. Ikkinchi sportchi toʻpni qabul qilib olishi kerak.
Ishtirokchi raketka yordamida toʻpni raqib tomonga otib berishi, raqibi qaytargan toʻpni yana raqib tomonga uloqtirishi zarur. Tennischilarning vazifasi – raqib tomondagi chegaralangan maydon ichiga toʻpni tushirish. Raqib uzatgan toʻp maydonda bir martadan koʻp sakramasidan javob berilishi kerak. Ikkinchi zarbadan boshlab toʻp yerga tushmagan holatda qaytarish ham mumkin.
Raqib tomonga uzatilayotgan birinchi toʻp koʻndalang-egri yoʻnalish boʻyicha, yaʼni agar toʻp uzatuvchi oʻng tomonda turgan boʻlsa toʻp chap tomonga otilishi lozim.
Xato qilgan oʻyinchining raqibiga ochko yoziladi.
Tennischilar geymni yutib olish uchun ochko yigʻishlari kerak. Geymda hisob 15:0, 30:0, 40:0, 45:0 shaklida yuritiladi. Agar 40:40 hisobi – “teng” qayd etilsa keyingi ochkoni yutgan “koʻp”, yutqizgan “kam” boʻladi. “Koʻp”dan keyin yana bitta ochko yutgan tennichsi geymni ham yutadi. Shu tariqa geymlarni yigʻib borgan oʻyinchi setni qoʻlga kiritadi. Setda olti geym (6:0, 6:4 kabi) yutish lozim. Agar hisob 6:5 boʻlsa oʻyin davom ettiriladi. 7:5 hisobi gʻolibni aniqlab beradi. Bordi-yu shundayam 6:6 hisobi qayd etilib, gʻolib aniqlanmasa “tay-brek” oʻynaladi. “Tay-brek”da gʻolib chiqish uchun 7 ochko toʻplash zarur, agar hisob 7:6 boʻlib qolsa oʻyin qaysidir tomonning 2 ochko oʻzib ketishigacha davom ettiriladi. Qaysidir ishtirokchi yetarlicha setni yutib olsa oʻyin tugatiladi.
Erkaklar oʻyinida eng koʻp setlar miqdori – 5, ayollarada 3 ta. Tennis musobaqalari yakkalik, juftlik va aralash (bir erkak va bir ayol) tarzida tashkil etiladi.
Tennis maxsus maydon – kortlarda oʻtkaziladi. Kort inglizcha court soʻzidan olingan, “hovli” maʼnosini bildiradi. Yakkalik va juftlik bahslari uchun moʻljallangan kortlarning oʻlchami bir-biridan farq qiladi. Yakkalik oʻyinlari uchun kortning oʻlchami 23,77×8,23, juftlik bahslari uchun esa 23,77×10,97 metr boʻladi. Koʻndalang chizigʻi metall chilvir yordamida toʻr tortiladi. Toʻrtning maydon oʻrtasidagi balandligi 0,914 metrni, chekka ustunlari oldidagi balandligi esa 1,07 metrni tashkil etadi. Kortlar qumli, maysali, qattiq va sintetik qoplamali boʻlishi mumkin.
Rasmiy musobaqalarda oʻyinni doimo hakam boshqaradi. U kortning hamma tomonlari yaxshi koʻrinadigan baland oʻrindiqda oʻtiradi. Oʻrindiq toʻrning yon tarafiga joylashtiriladi. Sudya xulosa chiqarishda mutloq huquqqa ega, toʻp kort chegarasidan oʻtgan-oʻtmaganini aniqlash uchun qanotdagi hakamlar yordamidan foydalanishi mumkin. Bosh hakam baland ovozda oʻyinni izohlab boradi.
Oʻzbekistonda tennis rivoji
Garchi tennis mamlakatimizga XX asrning 20-yillarida kirib kelgan boʻlsa-da, u mustaqillikdan keyin ommalashdi, taraqqiy etdi. Viloyat markazlari va katta shaharlarda tennis kortlari qurildi. Toshkent, Fargʻona, Samarqand, Namangan, Andijon shaharlaridagi bu sport inshootlari jahon andozalariga javob beradi, u yerda tennischilar va tennis muxlislari uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, yurtimizda 530 dan ziyod tennis korti bunyod etilgan.
1992 yili Oʻzbekiston tennis federatsiyasi tuzildi va oʻsha yiliyoq ITF ga aʼzo boʻldi. Oʻzbekiston jamoasi 1994 yildan Devis kubogi bahslariga qoʻshildi. Sporchilarimiz turli xalqaro chempionatlar, Osiyo oʻyinlari, qitʼa chempionatlari, olimpiada va boshqa musobaqalarda omadli ishtirok etib kelyapti.
1994 yildan Toshkentda professional tennischilar oʻrtasida “Prezident kubogi” musobaqalarining oʻtkazila boshlashi bu sport turining yangi bosqichdagi taraqqiyotini boshlab berdi. 1996 yilda Toshkentda ayollar oʻrtasida Chellenjer musobaqalariga asos solindi va u WTA turkumidagi musobaqalar orasidan joy oldi. Bunday yuqori saviyadagi oʻyinlar viloyat markazlarida ham oʻtkazila boshlandi. 2001 yildan Devis kubogi tartibi boʻyicha viloyat jamoalari oʻrtasida Oʻzbekiston kubogi musobaqalari oʻtkazilyapti.
Bugun tennisga alohida eʼtibor berilyapti. Natijada bu sport turiga qiziquvchilar, u bilan shugʻullanuvchilar va albatta malakali sportchilar safi kengayib boryapti. Mamlakatmizning barcha viloyatlarida respublika tennis federatsiyasining boʻlimlari bor. 50 ka yaqin tennis klubi, tennisga ixtisoslashgan 80 ga yaqin bolalar va oʻsmirlar sport maktablari faoliyat yurityapti. Oʻzbekistonda 15 mingdan ortiq kishi tennis bilan shugʻullanadi. Iroda Toʻlaganova, Denis Istomin, Vadim Kutsenko, Oleg Ogorodov, Farruh Doʻstov, Oqgul Omonmurodova kabi sportchilarimiz turli xalqaro turnirlarda gʻolib boʻldilar.
Shiddat uchun gʻalaba
Boshqa sport turlarida ham tez va toʻgʻri qaror qilgan, oʻz oʻrnida harakat qilgan odam gʻalaba qozonadi. Lekin tennisda shiddat birmuncha koʻproq talab etiladi. Jismonan baquvvat, chaqqon sportchi raqibini shoshirib qoʻyadi, xato qilishga majbur etadi. Agar siz ham sport bilan, tennis bilan shugʻullanadigan boʻlsangiz koʻproq, muntazam mashq qilishingiz, tez fikrlashga, tez harakatlanishga oʻrganishingiz zarur. Aqlan fikrlashni bilmagan odamning jismoniy imkoniyati yoqilgʻisiz mashina singari koʻzlangan manzilgacha olib bormaydi.
Orifjon Madvaliyev

“Gulxan” jurnalida chop etilgan.

2010

Оставьте комментарий