Luqmoni hakim kim boʻlgan?

DO`STLARGA ULASHING:

Luqmoni hakim nomiga koʻp bor duch kelamiz, hikmatlarini oʻqib qolamiz. Biroq u zot haqida maʼlumotlar oz. Toʻgʻrirogʻi, aniq maʼlumotning oʻzi yoʻq. Qurʼoni karimda ham, hadislarda ham u kishining kim boʻlgani toʻgʻrisida aytilmagan. Ilohiy Kitobimizda “Luqmon” surasi bor, unda Luqmoni hakimning oʻgʻliga qilgan foydali, ibratli nasihatlaridan ayrimlari berilgan. Hikmatlarining qolgan qismi turli rivoyatlar orqali bizning davrimizgacha yetib kelgan. Suraning boshqa oyatlarida tavhid va imonga daʼvat, kufr va shirkdan qaytarish kabi oʻgitlar berilgan.
Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, Luqmon Afrika qitʼasining oʻrtasida – Habashistonda dun­yoga kelgan, past boʻyli, qora tanli, yassi burunli, lablari qalin va sochlari jingalak kishi boʻlgan.
Muhammad ibn Isʼhoq maʼlumotiga koʻra, Luqmoni hakim Bour ibn Nohur ibn Torihning oʻgʻli boʻlgan. Torih Ibrohim paygʻambarning (alayhissalom) otasi Ozarning boshqa bir ismidir.
Suhayliy (roziyallohu anhu) esa, Luqmon nubiyalik Anqo ibn Sorunning oʻgʻli, deydi. Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu) ham uning nubiyalik ekani va past boʻyli boʻlgani haqida maʼlumot bergan.
Vahba (roziyallohu anhu) esa, mashhur hakim Ayyub paygʻambarga (alayhissalom) jiyan – sing­lisining oʻgʻli ekanini taʼkidlaydi.
Muqotil (roziyallohu anhu) fikricha esa, u Ayyubning (alayhissallom) xolasining oʻgʻlidir.
Ibn Kasir Luqmoni hakim Dovud (alayhissalom) davrida Bani Isroilga qozilik qilganini yozadi. U mohir notiqligi, oʻtkir fikrlari va adolatli qarorlari bilan shuhrat qozonadi. Toʻgʻri fikrliligi, samimiyati va oriyati bilan odamlarning koʻnglidan joy oladi. Turli mojarolarga yechim topib berishi unga katta obroʻ-eʼtibor keltiradi. Shu sababli jamiyatda muhim oʻrin tutgan shaxslardan biriga aylanadi.
Ibn Abbos va Xolid ibn Robiiy fikricha, Luqmoni hakim duradgorlik bilan shugʻullangan. Yoshligida changalzor oʻrmonlar va togʻlarni yalangoyoq koʻp kezib yuradi. Shu sababli oyoqlari koʻp ozor chekadi, lekin metinday mustahkam boʻladi. U baquvvat va chayir boʻlib oʻsadi. Yovvoyi hayvonlar bilan juda koʻp bor yuzma-yuz kelgani unda matonat, jasorat va qatʼiyatni mustahkamlaydi.
Alloh taolo unga yuksak aql-idrok ato etgan edi. Luqmon hamisha haqiqatni soʻzlab, qalb bilan fahmlab, fikrlab, farzlarni toʻkis ado etib, donishmandlik darajasiga yetadi. Ibn Kasir bunday hikoya qiladi: “Bir kuni eski tanishlaridan biri Luqmonni izlab keladi va uni odamlar oʻrab olgan, har bir soʻzini diqqat bilan tinglayotgan holda uchratadi. Bundan hayratga tushgan haligi kishi: “Nahot sen men bilan birga qoʻy boqib yurgan oʻsha Luqmon boʻlsang?!” deb soʻraydi. Luqmoni hakim: “Ha, oʻsha menman”, deb javob beradi. “Bunday darajaga qanday yetishding?” deb soʻraydi boyagi kishi. “Toʻgʻri soʻzlaganim va foydasiz narsalar xususida sukut saqlaganim tufayli”, deb javob beradi Luqmoni hakim.
Aytishlaricha, Luqmoni hakimning qabri Falastinning Ramalloh shahri yaqinidagi Sarfand qishlogʻidadir. Qatoda (roziyallohu anhu) bergan maʼlumotga koʻra, qabr Ramalloh masjidi va bozori orasidagi yerda.
Bu maʼlumotlar Luqmoni hakimning nasl-nasabi, qayerdan ekanligi, nima kasb bilan shugʻullangani haqida aniq maʼlumotlar yoʻqligini koʻrsatadi. Biroq u haqda rivoyat qilganlarning bari buyuk hakimning toʻgʻrisoʻzligi, halolligi, odilligi, keraksiz oʻrinlarda gapirmasligi, botir va mardligi, donishmandligi haqida bir xil fikrdalar. Aslida ham eng muhimi shu. U kishining kimligi, qachon-qayerda tugʻilganidan koʻra, qanday yashab oʻtgani, nimalar qilgani biz uchun ibratliroqdir.
Orif TOLIB tayyorladi.
oriftolib.uz

“Islom nuri” gazetasining 2012 yil 22-sonida chop etilgan.

Оставьте комментарий