Har bir xalqning oʻzini oʻzi anglashida, tarixini yodda tutishida va kelajakka dadil qadam tashlashida milliy ramzlar alohida oʻrin tutadi. Milliy bayroq, gerb va madhiya – bu davlat suverenitetining eng muhim belgilaridan sanaladi. Ayniqsa, madhiya – xalqning orzu-umidlari, g‘ururi va ma’naviy birligini o‘zida mujassam etgan millat qo‘shig‘idir. Shu sababli ham O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi biz uchun oddiy qo‘shiq emas, balki milliy shon-sharafimizni ifodalovchi yuksak timsoldir.
O‘zbekiston 1991-yilda mustaqillikka erishgach, o‘z davlat ramzlariga ega bo‘lish jarayonini boshlab yubordi. 1992-yil 10-dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinishi bilan yurtimizning millat qo‘shig‘i rasman tasdiqlandi. Madhiyaning matni O‘zbekiston qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tomonidan yozilgan bo‘lsa, uning musiqasi iste’dodli bastakor Mutal Burhonov tomonidan yaratilgan. Mazkur qo‘shiqda xalqimizning ezgu intilishlari, tinchlikka sadoqat, o‘tmishdan faxrlanish va porloq kelajak sari intilish ruhiyati mujassam.
Madhiyaning eng birinchi misralari – “Serquyosh hur o‘lkam, elga baxt manzili” so‘zlari boshlanishi bilan xalq qalbida faxr va iftixor tuyg‘ulari uyg‘onadi. Chunki unda ajdodlarimizning jasorati, mustaqillik yo‘lidagi mardonavor kurashlari, xalqimizning bag‘rikengligi va do‘stlikka sadoqati gavdalanadi. Aynan shu bois, madhiya nafaqat she’riy matn, balki milliy ruhimizni ifoda etuvchi ma’naviy kuchdir.
Davlat madhiyasi davlat ramzlaridan biri sifatida qonun bilan himoya qilinadi. Konstitutsiyaning 5-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega” ekani qayd etilishi – mazkur timsollarga bo‘lgan hurmatning yuridik asosidir. Shuningdek, “Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasiga ko‘ra, madhiya ijro etilayotganda barcha fuqarolar tik turib, o‘ng qo‘lini chap ko‘ksiga qo‘yib ehtirom bildirishi shart. Bu – Vatanga, xalqning tarixiga va davlat ramzlariga bo‘lgan hurmatning yorqin ifodasidir.
Madhiya – bu faqat marosimlarda yangraydigan qo‘shiq emas. U yurakda yashaydigan tuyg‘u, xalqni bir maqsad atrofida birlashtiruvchi ma’naviy rishtadir. O‘zbekiston madhiyasi jaranglagan paytda yosh avlodda milliy g‘urur uyg‘onadi, fuqarolik burchiga mas’uliyat sezgisi kuchayadi. Shuning uchun ham ta’lim muassasalarida madhiyaning mazmuni va tarixini o‘rgatish, uning ahamiyatini tushuntirish nihoyatda muhimdir.
Bugungi yoshlar madhiyaning har bir misrasida yurtga muhabbat, tinchlikning qadriga yetish, ajdodlarga hurmat va kelajak uchun mas’uliyat borligini chuqur his etishlari lozim. Chunki milliy g‘urur – aynan shu timsollar orqali shakllanadi. “Millat qo‘shig‘i” deganda, avvalo, xalqning ruhiy kuchi, birligi, orzu-intilishlari va mustaqil davlat sifatidagi sha’ni nazarda tutiladi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi – bu bizni birlashtiruvchi, ma’naviy quvvat beruvchi, Vatanga muhabbat uyg‘otuvchi milliy qo‘shiqdir. Unda xalqimizning kechagi tarixi, bugungi bunyodkorlik yo‘li va kelajakka bo‘lgan ishonchi o‘z aksini topgan. Madhiyamizni e’zozlash – bu faqat qonun talabi emas, balki har bir fuqaroning Vatanga bo‘lgan sadoqati, milliy o‘zligini anglashining yorqin ko‘rinishidir. Shuning uchun ham biz milliy qo‘shig‘imizni har doim hurmat bilan tinglab, uning ma’nosini chuqur anglab, kelajak avlodlarga yuksak qadriyat sifatida yetkazishimiz zarur.