Qish haqida eng go’zal sherlar

DO`STLARGA ULASHING:

Qish haqida eng go’zal sherlar.

Qish fasli tabiatning eng sokin, bir vaqtning o‘zida eng sehrli pallasidir. Oppoq qorlar, mayin yog‘du, izg‘irin shamol va hovlilarni to‘ldirgan bolalarning kulgisi qishga o‘zgacha ruh bag‘ishlaydi. Quyida siz uchun qishning go‘zalligini, sovuq tonglarning sokinligini va qor ostidagi hayot nafasi aks etgan eng go‘zal she’rlarni jamladik. Har bir satr sizni qishning o‘ziga xos mo’jizasiga yetaklaydi. Qish fasli haqida bolalar uchun sherlar.

Qor alyori sheri.

Osmon qorni eladi,
Yerni oqqa beladi
Xuddi yumshoq parto‘shak,
Dumalaging keladi.
Qor yog‘ar-ey, qor yog‘ar,
To‘lib dala-qir yog‘ar
Boshimizdan sochqiday
Oq marvarid, dur yog‘ar.
Xo‘p yaxmalak otamiz,
Goho qorga botamiz,
Qizib jo‘shar jon tanda,
Kim deydi sovqotamiz?
Qish yaxshi-yo, qish yaxshi,
Oppoq qor— kumush yaxshi.
Bir-birovga qor otib,
Qiyqirib quvish yaxshi.
Qorto‘plarni otamiz,
Rosa kulib qotamiz.
Pisand qilmay ayozni,
Qish zavqini totamiz.
Qor yog‘ar-ey, zo‘r yog‘ar,
Xo‘p quvnatib dillarni,
Zavqimizga jo‘r yog’ar.

Qishning ishi.

Qoyilman qish ishiga,
Zavq beradi kishiga.
Anhorni muzga qoplab,
Yaxmalak qildi boplab.
Faqat shuni bilmadim.
O’ylab, o’yga yetmadim.
Olamga oq libosni
Qanday qilib yopdiykin?
Buncha oq rang, oq nurni
Qanday qilib topdiykin?

Qish boshlandi.

Dov-daraxtlar mizg’igan,
Izg’irin уel izg’igan.
Ko’chalar yaraqlaydi.
Yulduzlar charaqlaydi.
Jamlab barcha kuchini,
Kelmoqda qish qo’shini.

Qish simfoniyasi.

Yop – yorug‘ zulmat ichra,
Qora rangli qorlar yoqqanda.
Men qorong‘i xonaga kirib
Pechkaga qalayman
Oppoq ko‘mirni.
So‘ngra yog‘ayotgan qora qorlarga,
Derazadan g‘amgin termulib,
Sen yomon degan.
Yaxshi odamlar haqida.
Sen yaxshi degan
Yomon odamlar haqida
O’ylay boshlayman.
Shunday qarshilayman
Qora tonglarni.

Qish elchisi.

— Havo ochiq, yer quruq,
Tomlar bo‘1sa ajab… qor.
Har saharda ahvol shu,
Bu nima o‘zi, Qo’chqor?
— Ko’rgan narsang qor emas,
Kun chiqsa erir darrov.
U zumrad qish elchisi —
Qorning ukasi – qirov!

Qish kechasi.

Qish kechasi, hammayoq oppoq,
Qor ostida qirlar, dalalar.
Kechki yetti, sakkiz bolmayoq
Uylarida uxlar bolalar.
Ko’kda bedor oy, yulduz yonib,
Qishbobo ham hech uxlay olmas.
U tonggacha qishloq aylanib,
Oynalarga gul chizib tolmas.

Qish sabog’i.

Shimimda to’rtta cho’ntak,
Paltomda to‘rtta cho’ntak.
Birma-bir kirib chiqar
Bariga ikki qo‘lim.
«Kuh-kuh»lab qo‘llarimga,
Oyimlar koyir andak:
— Shunaqa, chatoq bo‘lar
Qo’lqop yo’qotish,
O‘glim!

Qish zavqi.

Naqorat:
Tarnovlarga osilib,
Sumalaklar qotibdi.
Qor tagida ona yer
Tinch uyquda yotibdi.

Tabiatga boq ukam,
Oppoq ko‘rpa to‘shabdi.
Oq harirga boqishi,
Kelinchakka o‘xshabdi.

Naqorat:
Tarnovlarga osilib,
Sumalaklar qotibdi.
Qor tagida ona yer
Tinch uyquda yotibdi.

Yur, ukajon, hovliga,
Qorbo‘ronlar o‘ynaymiz.
Qordan yasab Qorbobo,
Shodlanamiz, quvnaymiz.

Naqorat:
Tarnovlarga osilib,
Sumalaklar qotibdi.
Qor tagida ona yer
Tinch uyquda yotibdi.

Оставьте комментарий