“Kelajak soati” darsining 1-4 sinflar uchun mashg‘ulot senariysi:
1-mavzu: “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!”
Dars maqsadi: Umumiy maqsad:
Annotatsiya: “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” g‘oyasi (shiori), 1-
sentabr Davlat mustaqilligi kuni, Yangi O‘zbekiston islohotlari, O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida Vatan, millat va xalq haqidagi dastlabki
ijtimoiy-ma’naviy tasavvurlarni shakllantirish, o‘z oilasi, maktabi va
mahallasi orqali Vatanga muhabbat, elga hurmat, xalqga foydali bo‘lish
hissini uyg‘otish. Prezident Shavkat Mirziyoyevning vatan, millat va xalq
haqidagi fikrlarini bola tilida tushuntirish.
🎯 Aniq maqsadlar:
1. O‘quvchilarda Vatan tushunchasini hissiy, obrazli, hayotiy misollar orqali
ongli ravishda tushuntirish.
2. Milliy qadriyatlar (til, bayroq, kiyim, urf-odat) bilan tanishtirish va ularni tan
olishga rag‘batlantirish.
3. Bolani o‘z shaxsiy harakati orqali Vataniga foydali bo‘lish mumkinligiga
ishonch hosil qilishga yo‘naltirish.
Masalan: sinfni toza saqlash, kichik do‘stiga yordam berish, darsni yaxshi
o‘zlashtirish va hokazo.
4. Oilaviy qadriyatlar — ota-ona, bobo-buvi, ustoz kabi shaxslar orqali Vatanga
muhabbat hissini kuchaytirish.
5. O‘quvchining o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirish: “Men ham yurtimga foydali
inson bo‘laman!” degan niyatni shakllantirish.
Asosiy g‘oyalar: O‘quvchi o‘z maktabi, uyi, mahallasi, oilasi orqali
Vatanni his qiladi va sevadi. O‘zbek tili, kiyimi, urf-odati, madaniyati va
tarixi – bular millatni anglatadi. Ustozlar, qo‘shnilar, do‘stlar, katta-kichik –
barchasi xalqimizning bir bo‘lagi. Men kichikman, lekin foydali bo‘lishim
mumkin. Bolalar oddiy, lekin yurakdan qilgan harakati bilan ham Vatanga
xizmat qiladi.
Har bir bola – Yangi O‘zbekistonning yangi kelajagi Prezidentimiz
Sh.M. Mirziyoyev aytganidek: “Yurtimiz kelajagi siz, aziz farzandlarimiz
qo‘lida!”
👉 “Men yaxshi inson bo‘lsam, O‘zbekiston ham go‘zal bo‘ladi!”
✅ Darsdan keyin kutiladigan natijalar:
1. Aqliy va tushunchaviy darajada:
Bola “Vatan”, “millat”, “xalq” so‘zlarini farqlab ayta oladi.
O‘z maktabi, oilasi, mahallasi orqali Vatanni qanday anglashi haqida so‘zlay
oladi.
Bayroq, gerb, til kabi davlat ramzlariga nisbatan hurmatli munosabat
shakllanadi.
2. Hissiy va qadriy yondashuvda:
O‘z yurti bilan faxrlanadi, milliy g‘urur tuyg‘usi shakllanadi.
Ota-ona, ustoz va mahalla kattalariga nisbatan mehr-muhabbat va hurmat
ortadi.
Bolaning ichki “men ham foydali bo‘lishim mumkin!” degan ishtirok hissi
paydo bo‘ladi.
3. Amaliy ko‘nikmalarda:
Bola kichik ijobiy xatti-harakatlarni (darsga vaqtida kelish, tozalikka rioya
qilish, o‘rtoqqa yordam berish) Vatanga xizmat deb tushunishni boshlaydi.
O‘z kundalik hayotidagi harakatlarini mazmunli qadriyat sifatida ko‘ra
oladi.
4. Ijtimoiy-pedagogik jihatdan:
Sinfda ijobiy muhit shakllanadi: o‘zaro yordam, hurmat, birdamlik.
Bolaning fuqarolik o‘zini anglashiga ilk qadam qo‘yiladi.
O‘qituvchi bilan o‘quvchi o‘rtasida qadriyatlarga asoslangan muloqot
paydo bo‘ladi.
Metapredmet: bu taʼlimda o‘quvchilarning faqat bir fan doirasida emas, turli
fanlar, hayotiy vaziyatlar va ijtimoiy muhitda qo‘llay oladigan umumiy
ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan yondashuvdir.
Masalan, “Vatan uchun, xalq uchun, millat uchun!” darsida:
Bola Vatan haqida qo‘shiq va maqol aytadi (adabiyot fani),
Film tomosha qilib, taassurotini aytadi (san’at),
So‘ngra bu harakatlar haqida fikr bildiradi (muloqot),
— bu esa metapredmet yondashuvining namunasidir.
🎒 Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi milliy tarbiya instituti xodimlari.
www.milliytarbiya.uz
🗣️ Dars davomiyligi: 45 daqiqa.
🏫Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: bilim beruvchi suhbat, video parchalar,
zamona qahramoni yoki mashhur kishilar intervyulari, o‘yin elementlari va
qo‘shimcha materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.
Materiallar to‘plami:
— ssenariy;
— uslubiy tavsiyalar;
— videomateriallar;
— interaktiv topshiriqlar;
— taqdimot.
Dars tuzilishi 1 qism. Motivatsion
Darsning birinchi qismining maqsadi – o‘quvchilarning mavzu
muhokamasida faol ishtirok etishlari uchun sharoit yaratishdir. Boshlang‘ich
sinf o‘quvchilarining kelgusi faoliyatiga bo‘lgan motivatsiya mashg‘ulot
mavzusini aks ettiruvchi materialni ko‘rish va muhokama qilishga asoslanadi.
2-qism. Asosiy
Asosiy qismda o‘quvchilar darsning asosiy ma’nolarini tushunish va
ochib berishga yo‘naltiriladi. Shu maqsadda, o‘quvchilarga tasviriy
materialni tahlil qilish, videolarni ko‘rish va bilishga qaratilgan savollar taklif
etiladi.
3-qism. Yakuniy
Dars g‘oyalarini umumlashtirish, mashg‘ulotga yakun yasash.
Dars senariysi
Dastlabki 10 daqiqada mavzuning siyosiy-ijtimoiy ahamiyati, Davlat rahbari tomonidan ayni
mavzuga oid amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bayon etiladi (prezentatsiya).
1. KIRISH. Motivatsion qism(10 daqiqa)
Oʻqituvchi: Bolajonlar, tasavvur qiling: sizning oʻz koptogingiz bor.
Koptogingizni yaxshi koʻrasiz, mazza qilib oʻynaysiz! Lekin bir kuni bir kishi
kelib sizga:
“Bu toʻp endi meniki! Sen mendan soʻrab oʻynaysan! Bersam, oʻynaysan,
bermasam, oʻynamaysan. Agar aytganimni qilmasang, toʻpni olib qoʻyaman.
Bildingmi?!” dedi.
Siz qoʻrqib, “xoʻp” dedingiz. Endi siz oʻz koptogingizni har kuni koʻrasiz,
lekin birovdan ruxsat soʻrab, bersa, oʻynaysiz. Bermasa, boshqalar uni qanday
oʻynayotganini tomosha qilib oʻtirasiz. Xafa boʻlasiz.
Bolajonlar! Bu juda yomon holat-a?
Oʻquvchilar: ha-a-a!
Oʻqituvchi: Endi yana bitta misol aytaman.
Bir kuni dadangiz sizga yangi, chiroyli koptok sovgʻa qildi.
U toʻp – faqat sizniki! Endi siz uni hech kimdan soʻramay oʻynayverasiz.
Buning uchun hech kim sizni urishmaydi, soʻkmaydi. Xohlagan doʻstingizni
oʻyinga qoʻshasiz!
Mana shu – mustaqillik! Yaʼni: oʻz yurtingizda, oʻz uyingizda, xohlagan
oʻyinlarni oʻz xohishingiz bilan oʻynab, oʻzingiz xohlagandek yashash bu —
mustaqillik!
Mustaqillik zoʻr ekanmi?
Oʻquvchilar: ha-a-a!
Oʻqituvchi: Biz kecha mana shunday zoʻr bayramni, jonajon
vatanimizning mustaqillik bayramini nishonladik. Hurmatli Prezidentimiz
hammamizni mustaqillik bayrami bilan tabrikladi. Koʻrdingizmi?
Oʻquvchilar: ha-a-a!
Oʻqituvchi: Aziz bolajonlar! Bilasizlarmi? Bizning Prezidentimiz kim?
Oʻquvchilar: Shavkat Mirziyoyev!
Oʻqituvchi: Mana, siz har kuni toza-ozoda, sevimli maktabingizga kelasiz.
Maktab sizga yangi kitoblar beradi. Oʻqiysiz, bilim olasiz, kompyuterni oʻrganasiz.
Sizga bu sharoitlarni kim tashkil qilib beryapti? Shuni oʻylab koʻrganmisiz? Bu
ishlar uchun harakat qilayotgan kishi – bizning Prezidentimiz Shavkat
Mirziyoyevdir.
(birinchi sinflardan soʻraladi: maktabga kelib Prezident sovgʻasini
oldingizmi? Sizlarga yoqdimi?)
Prezidentimiz sizlarni juda yaxshi koʻradilar. Shuning uchun chiroyli
bogʻchalar, maktablar qurib berishadi. Prezidentimizni siz ham yaxshi koʻrasizmi?
Oʻquvchilar: ha-a-a!
Prezidentimiz va xalqimiz sizlar yaxshi oʻqib mustaqil Oʻzbekistonimizni
yanada zoʻr davlatga aylantirishingizni xohlashadi. Qani, bolajonlar hammamiz
oʻrnimizdan turib birgalikda “Men mustaqil Oʻzbekiston farzandiman!” deb
aytamiz.
Qani, oʻrnimizdan turib, hammamiz birgalikda aytib koʻraylikchi! Boshladik:
Oʻquvchilar: Men mustaqil Oʻzbekiston farzandiman!
Oʻqituvchi: Balandroq aytamiz:
Oʻquvchilar: Men mustaqil Oʻzbekiston farzandiman!
Oʻqituvchi: Yanada jarangdor, ishonch, bilan aytamiz:
Oʻquvchilar: Men mustaqil Oʻzbekiston farzandiman!
Oʻqituvchi: Barakalla! Hozir hammamiz mazza qilib aytgan mana shu gapni
hech qachon esingizdan chiqarmang, xoʻpmi?
Oʻquvchilar: Xoʻ-oʻ-oʻ-p!
Oʻqituvchi: Barakalla. Olqishlar!
(Hamma birga qarsak chalishadi).
Oʻqituvchi: Aziz oʻquvchilar, vatanimizning poytaxti boʻlgan Toshkentda
Prezidentimiz Yangi Oʻzbekiston bogʻini yaratgan. Keling hozir hammamiz
birgalikda ana shu Yangi Oʻzbekiston bogʻi haqidagi lavhani tomosha qilamiz.
Yangi Oʻzbekiston bogʻi haqidagi 3 daqiqalik videolavha namoyish etiladi.
Videolavhada nimalar koʻrsatilgani va nimalar yoqqani haqida bolalardan
soʻraladi.(3 daqiqa)
Oʻqituvchi: Bolajonlar, Yangi Oʻzbekiston bogʻi sizga yoqdimi? Ana shu
bogʻning oʻrtasida “Mustaqillik monumenti” degan joy bor. U yerda davlatimiz
tarixi, buyuk bobolarimiz haqida juda koʻp maʼlumotlar bor. Hozir oʻsha joyni
Oʻzbekiston xalq artisti, sevimli aktrisamiz Dilorom Karimova hamda
tengdoshlaringiz hamrohligida tomosha qilamiz.
Yangi Oʻzbekiston bogʻidagi “Mustaqillik monumenti” yonida Oʻzbekiston
xalq artisti Dilorom Karimova mustaqillik haqidagi fikrlarini bildirgan videolavha
namoyish etiladi. (2 daqiqa)
Oʻqituvchi: Bolajonlar, Dilorom opani tanidingizmi? Televizorda juda koʻp
filmlarda zoʻr rollar oʻynaganini koʻrgansiz-a? Dilorom opaning mustaqillik
haqidagi gaplari esingizda qoldimi?
Oʻquvchilar: ha-a-a!
Oʻqituvchi: barakalla!
ASOSIY QISM. Mustaqillikning qadrini tushuntirish. (25 daqiqa)
Oʻqituvchi: Qadrli bolajonlar, hozir siz koʻrgan Yangi Oʻzbekiston bogʻi, siz
oʻqiyotgan maktablar oson qurilmagan. Mustaqil davlat qurish oson boʻlmagan.
Yurtimiz chiroyli, boyliklari koʻp boʻlgani uchun yomon niyatdagi bosqinchilar
doim bizni yurtimizni tortib olishga harakat qilishgan. Vatanimizni yaxshi koʻrgan
bobolarimiz, otalarimiz hatto onalarimiz ham “biz yurtimizni hech kimga berib
qoʻymaymiz!” deb jang qilishgan. Bosqinchilarga qarshi kurashishgan. Bu yoʻlda
oʻz jonlarini ham ayashmagan.
Keling, hozir birgalikda yurtimizni dushmanlardan himoya qilgan jasur
Toʻmaris momomiz hamda mard Shiroq bobomiz haqidagi filmni tomosha qilamiz.
Sunʼiy intellekt yordamida tayyorlangan Toʻmaris va Shiroq haqidagi kichik
film namoyish etiladi. (3-4 daqiqa)
Oʻqituvchi: Bolajonlar, Toʻmaris momomizning, Shiroq bobomizning
jasurligi sizlarga yoqdimi? Koʻrdingizmi, ular vatanimizni dushmanlardan himoya
qilish uchun oʻz jonlarini ayamadilar. Qani, kim aytadi, ularning qaysi ishi sizlarga
yoqdi?
Oʻquvchilar oʻz taassurotlarni aytib beradilar. Oʻqituvchi ularni vatanni
himoya qilish, mardlik, jasurlik kabi tushunchalarga yoʻnaltirib turadi.
Oʻqituvchi: Mana shunday jasur bobolarimizga munosib nabira boʻlish
uchun Sizlar yaxshi oʻqishingiz kerak. Yangi Oʻzbekistonni yaxshi koʻrsangiz –
jasur bobolarimiz mehnatini, mustaqilligimizni qadrlagan boʻlasiz! Mehribon
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aytganlaridek: “Ertangi Oʻzbekiston – bugungi
farzandlar qoʻlida!”, ya’ni sizlarning qoʻlingizda. Chunki siz – MUSTAQIL
OʻZBEKISTON farzandisiz!
Nega mustaqillikni har kuni mustahkamlash kerak?
Oʻqituvchi: Aziz oʻquvchilar, agar gul eksangiz-u uni sugʻorib turmasangiz
nima boʻladi? Gul soʻlib qoladimi?
Oʻquvchilar: Ha-a-a.
Oʻqituvchi: Gul soʻlib qolmasligi uchun nima qilish kerak?
Oʻquvchilar: Suv quyib turish kerak.
Oʻqituvchi: Juda toʻgʻri aytdingiz! Mustaqillik ham shunday. Har kuni uni
mustahkam boʻlishi uchun yaxshi ishlar qilishimiz zarur. Yaxshi ishlar, deganda
nimalarni tushunamiz?
Oʻquvchilar javobi tinglanadi.
Oʻqituvchi: Barakalla bolalar, sizlar aytgan javoblarga qoʻshimcha qilib men
ham bir nechta misol aytaman. Siz u ishlarni qilasizmi?
Oʻquvchilar: Ha-a-a!
Oʻqituvchi: Sinfda qogʻoz boʻlagi yerda yotibdi. Sinfdoshlaringiz uni
koʻrmayapti. Siz uni koʻrib, olib, axlat qutisiga tashladingiz.
Yoningizda oʻtirgan kimdir: “Olmasang ham boʻlardi-ku…!”, dedi.
Siz esa unga: “Bu mening maktabim. U toza boʻlishi kerak!”, dedingiz.
Mana shu kichik ishingiz ham Vatanni toza-ozoda tutish, mustaqillikka xizmatingiz
boʻladi.
Yana bir misol, onangiz sizga “Suv keltirib ber, bolam”, dedi. Siz “keyinroq”
demadingiz. Chopqillab borib, suv keltirdingiz. Siz ota-onangizni xursand qildingiz,
– demak, Vatan uchun gʻamxoʻr oʻgʻil-qiz boʻlib ulgʻayasiz!
Siz hali kichiksiz, lekin Vatan uchun javobgarsiz!
Aziz bolajоnlar!
Baʼzi bolalar: “Biz hali bolamiz. Katta boʻlsak, Vatanga xizmat qilamiz”,
deb oʻylashadi. Shuni bilib olinglarki: Yurtga, Vatanga xizmat qilishda katta-kichik
boʻlmaydi. Hamma, har kuni Vatanga, atrofdagi odamlarga ish qilishi mumkin.
Demak, siz – 1- (2-, 3-, 4-) sinf oʻquvchisi ham har kuni, kichik–kichik, yaxshi
ishlar qilishingiz mumkin.
Hozir ichingizda “Biz nima qilishimiz kerak?”, deb oʻylayapsizlarmi?
Oʻquvchilar: Ha-a-a!
Oʻqituvchi: Masalan, maktab kutubxonasiga yangi kitoblar keldi. Baʼzi
bolalar buni bilmadi. Bilsa ham kutubxonaga kirib, ularni ochib koʻrmadi. Siz
kutubxonaga borib, odob bilan salomlashdingiz. Yangi kitoblarni soʻradingiz.
Qoʻlingizga olib, ehtiyotkorlik bilan varaqladingiz va kutubxonachi opaga:
“Opajon. Menga mana bu kitobni bering. Men bu kitobni ehtiyot qilib oʻqiyman.
Oʻqiganimni sinfdoshlarimga aytib beraman”, dedingiz. Kutubxonachi opa xursand
boʻlib, “rahmat” aytadi. Chunki u Prezidentimizning “bolalarim koʻp kitob
oʻqisinlar”, degan gaplarini yaxshi biladi. Siz ham bu ishingiz bilan Vatanga xizmat
qilgan boʻlasiz.
Yana bir misol: Bir toʻpolonchi bola sinf devoriga chizdi. Siz buni koʻrib,
unga: “oʻrtoq, bu sinf – bizning uyimiz-ku! U chiroyli boʻlishi kerak. Nega
chizding. Oʻrtoqjon, shuni oʻchirib qoʻygin. Boshqa bunday qilmagin. Xoʻpmi?”,
deyishingiz kerak.
Mana bu – sizning vatanni yaxshi koʻrishingiz boʻladi.
“Men chetda turmayman, yaxshi ishga qoʻshilaman”, degan gap doim
esingizda boʻlsin.
Masalan, oʻqituvchingiz “Bolalar, kelinglar, “Bugun darsdan keyin
maktabimizni obod qilamiz”, degan taklifni aytdi. kimdir “Nimaga faqat biz obod
qilamiz? Biz hali kichik bolalarmiz-ku! Katta sinfdagilar qilsin!”, dedi. Siz esa,
baklajkada suv olib, gullarga suv quydingiz. Doʻstlaringizni ham “Kelinglar, birga
gullarni sugʻoramiz”, deb chaqirdingiz. Siz faqat gapirmadingiz, yaxshi ish
qildingiz.
Eslab qoling, bolajonlar:
Agar siz maktabni toza saqlasangiz – bu Vatanga xizmat!
Agar siz yaxshi oʻqisangiz – bu Vatanga xizmat!
Agar siz ota-onangizga yordam bersangiz – bu Vatanga xizmat!
Endi bolajonlar, aytingchi, sizlar qiladigan yana qanday ishlar Vatanga
xizmat hisoblanadi. Qani boshlaydi.
4-5 nafar oʻquvchi javobi tinglanadi va “Barakalla, bularning barchasi
Vatanga xizmat” deya xulosa beriladi.
Oʻqituvchi: Barakalla, bolajonlar! Vatanimizga zoʻr xizmat qilayotgan,
Oʻzbekistonimiz nomini dunyoga mashhur qilayotgan aka-opalaringiz juda koʻp
hozir ulardan biri, shaxmat boʻyicha jahon chempionlarini ham yutgan Nodirbek
Abdusattorov gaplariga quloq tutamiz.
Bolalariga Nodirbek Abdusattorov haqidagi maʼlumotlar va uning fikrlari
qoʻyib beriladi.
Oʻqituvchi: Bolajonlar, sizlar ham Nodirbek akangizdek jahon chempioni
boʻlishni istaysizmi?
Oʻquvchilar: Ha-a-a!
Oʻqituvchi: unda bugundanoq oʻzingiz yaxshi koʻrgan bir sport turini tanlab
mashq qilishni boshlang. Agar hammangiz shaxmat oʻynashni oʻrgansangiz sinf
chempionatini oʻtkazamiz, kelishdikmi?
Oʻquvchilar: Ha-a-a!
Oʻqituvchi: Bizning sevimli Vatanimiz, buyuk Millatimiz va mehribon
Xalqimiz bor.
1. Nimalarni bilish zarur?
Vatan – bu siz yashaydigan yurt, siz oʻqiydigan maktab, siz
qadam bosgan tuproq.
Millat – oʻzbek xalqining tili, bayramlari, urf-odatlari, milliy
qoʻshiqlari, liboslari.
Xalq – sizing ona-otangiz, ustozlaringiz, doʻstlaringiz, mahalla,
qishlogʻingizdagi har bir inson, u boshqa millat vakili ham bo‘lsa ham
o‘zbekistonlik hisoblanadi.
Vatan haqida xalqimizda ko‘plab maqollar bor. Keling, hozir birgalikda
qiziq bir topshiriqni bajaramiz va xalq orasida vatan qanday qadrlanib
kelinganini bilib olamiz.
“Maqollarni yig‘ish” interaktiv topshirig‘i.
Topshiriq mazmuni: o‘quvchilar maqollarning qismlarini to‘g‘ri
bog‘lashlari kerak. O‘qituvchi har bir keltirilgan maqolning ma’nosiga
e’tibor qaratadi.
1. Bulbul chamanni sevar
Odam …. (vatanni)
2. Ona yurting – oltin … (beshiging)
3. Vatani borning … bor (baxti)
3. YAKUNIY QISM
O‘qituvchi: Demak, Vatan – bu siz yashaydigan joy. Onangiz, otangiz,
maktabingiz, do‘stlaringiz, uylaringiz, daraxtlaringiz – hammasi Vatan! Keling,
hozir birgalikda “Vatanjonim – Vatanim” qo‘shig‘ini tinglab, keyin o‘zimiz
kuylaymiz. Diqqat bilan tinglang.
“Vatanjonim – Vatanim” P.Mo’min she’ri. D.Omonullayeva
musiqasi. #karaoke
Vatanjonim-Vatanim!
Ko‘zim quvnab ko‘rganim.
Istiqloldan kulganim,
O‘zbekiston – gulshanim!
Bahra olib bag‘ringdan,
Ulg‘ayaman mehringdan.
Vatanjonim – Vatanim!
O‘zbekiston – gulshanim!
Sen o‘xshaysan onamga,
Maqtay butun olamga.
Vatanjonim – Vatanim!
O‘zbekiston-gulshanim!
Bolalar dastlab qoʻshiqni tinglashadi va keyin ekrandagi matnga qarab
oʻqituvchilari bilan kuylashadi.
O‘qituvchi: Aziz bolajonlar! Qoʻshiq sizlarga yoqdimi?
Oʻquvchilar: Ha-a-a!
O‘qituvchi:Hammamiz bu qoʻshiqni yod olib, doim birgalikda kuylab
yuramiz, xoʻpmi?
Oʻquvchilar: Xo‘-o‘-o‘p!
O‘qituvchi: “Bulbul chamanni sevar, Odam Vatanni” degan maqolni
hammamiz takrorladik. Vatanni sevmoq degani – onaga yordam berish, ko‘chani
toza saqlash, kitob o‘qish, do‘stingni xafa qilmaslik, salom berish, o‘zbek tilida
go‘zal gapirish degani hamdir. Har birimiz kichik ishimiz bilan Vatanimizga mehr
ko‘rsatamiz. Siz hali kichik bo‘lishingiz mumkin, lekin yuragingiz katta bo‘lsa, siz
ham Vatanga foydali bo‘lasiz!