DO`STLARGA ULASHING:
Nizomiddin Mir Alisher 1441 yilning 9 fevralida Hirotning Bog‘i Davlatxona mavzeyida, temuriylar xonadoniga yaqin bo‘lgan davlat xizmatchisi G‘iyosiddin Bahodir oilasida tavallud topgan. Tarixchi Mirxond «Ravzatus-safo» asarida yozishicha, Amir Alisherning bobosi Amir Temurning o‘g‘li Umarshayx bilan emikdosh bo‘lgan. Quyida e’tiboringizga Alisher Navoiy hayotiga taalluqli ma’lumotlarni taqdim qilamiz.
-
Navoiyning ilmga bo‘lgan ishtiyoqi erta uyg‘onib, 4 yoshida maktabda ta’lim ola boshlagan. Navoiy hazratlari 7 yoshida Farididdin Attorning «Mantiqut-tayr» asarini yoddan bilganlar.
-
7 yoshli Nizomiddin Mir Alisher buyuk muhaddisimiz Buxoriy hazratlarining olti mingdan ziyod hadisi shariflarini yod bilgan. Mir Alisher 7-8 yoshlaridan boshlab g‘azallar yoza boshlagan.
-
Alisher Navoiy «muqarrabi hazrati sultoniy» («sulton hazratlarining eng yaqin kishisi») degan unvonni olgan. Unvon Navoiyga davlatning barcha ishlariga aralashish huquqini bergan.
-
Turkiy tilni qayta tiriltirgani Navoiyning ma’naviyatimiz uchun ulkan jasorati bo‘lgan. Zahiriddin Muhammad Bobur «Turkiy til bila to she’r aytibdurlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas», — deb yozsa, Husayn Boyqaro «Mir Alisher turk tilining o‘lik jasadig‘a Masih nafasi ila jon ato etdi» deb ta’kidlagan.
-
Alisher Navoiy o‘n besh-o‘n olti yoshlarida ham turkiy, ham forsiyda ijod qiladigan “ikki tilli” shoir sifatida tanilgan.
-
Alisher Navoiy o‘smirlik yillarida o‘zi sevgan shoirlarning 50 ming baytdan ortiq she’rlarini yod bilgan.
-
Alisher Navoiy turkiy tilda yozgan she’rlariga Navoiy, forsiy tildagi she’rlariga Foniy deb taxallus qo‘yadi.Shoirning forsiy she’rlar to‘plami “Devoni Foniy” deb nomlangan.
-
Navoiyning sevgilisi sifatida tasvirlanadigan “Guli” ismi faqat xalq og‘zaki ijodida, Navoiy haqidagi rivoyat va afsonalarda uchraydi xolos. Guli nomi Navoiyning hayoti haqida ma’lumot beruvchi yozma manbalarning hech birida uchramaydi.
-
Navoiy asarlarida Farhod – komil inson timsolidir. U bolaligidan ilmga chanqoq bo‘ladi va bir marta o‘qigani sira yodidan chiqmaydi. Farhod o‘n yoshga yetganda hamma ilmlarni egallab bo‘ladi.
-
Navoiy taxminan 18-19 yoshlarida Abdurahmon Jomiy bilan tanishadi. Jomiy uni ham farzand, ham shogird sifatida qadrlaydi.Keyinchalik bu ikki ulug‘ shoir o‘rtasidagi ustoz va shogirdlik munosabatlari yanada mustahkamlanib, ijodiy hamkorlikka aylanadi.
-
Samarqand Navoiyning hayoti va ijodida muhim ahamiyat kasb etadi. Alisher 1464 yilda Samarqandga keladi va bu yerda madrasada tahsil olib, ilm-fan, adabiyot va san’at bilan tanishadi.
-
1469 yili Navoiy do‘sti Husayn Boyqaroning taxtga chiqishi munosabati bilan 90 baytdan iborat “Hiloliya” qasidasini yozadi (“hilol” – yangi chiqqan oy).
-
Navoiy o‘z jamg‘armasi hisobidan Hirotda va butun Xuroson mamlakatida 300 dan ortiq inshootlar qurdirgan.
-
Alisher Navoiy 16 ta adabiy janrda ijod qilgan. Navoiy turkiy tilidagi ilk “Xamsani” 2 yil davomida yozadi. Dunyoning 64 tilga tarjima qilingan bu asar 51 ming misradan ortiq. Shoirning lirik merosi umumiy hajmi 50000 misradan ortiq «Xazoyinul-maoniy» nomli to‘rt devon (1491—1498)ga jamlangan.
-
Alisher Navoiy 1501 yil 3 yanvarda vafot etdi.Uni dafn etish chog‘ida maydalab yomg‘ir yog‘ib turgan edi. Buni tarixchi Xondamir “hatto tabiat ham motam tutdi” deya ta’riflagan.
Alisher Navoiyning 10 hikmati
-
Kishining odobi uning boyligidan yaxshidir.
-
Oxirat savobi dunyo rohatidan yaxshidir.
-
Til zarbasi – tish og‘rig‘idan kuchliroq.
-
Ko‘p toatdan–oz ma’rifat yaxshi, aqlli dushman axmoq do‘stdan yaxshiroqdir.
-
Yomon do‘st – shaytondir.
-
Til sukuti–inson salomatligi.
-
Seni yomonlikka boshlagan kishi dushmaningdir.
-
Kimki ko‘ngilni qattiq so‘z bilan jarohatlar ekan, unga achchiq til zaharli nayzadek sanchiladi.
-
Muloyim so‘z — vahshiylarni ulfatga aylantiradi; sehrgar — ohang bilan afsun o‘qib, ilonni inidan chiqaradi.
-
Ko‘p, bemaza so‘zlaydigan ezma — kechalari tong otguncha tinmay huradigan itga o‘xshaydi. Tili yomon odam — xalq ko‘nglini jarohatlaydi, o‘z boshiga ham ofat yetkazadi.