Qandli diabetda parhez

DO`STLARGA ULASHING:

Qandli diabet kasalligini davolashda eng muhim tavsiyalar toʼgʼri ovqatlanish bilan bogʼliq boʼlgani uchun har bir bemor quyidagi maʼlumotlarni bilishi shart.

Uglevodlar miqdori muhim ahamiyatga ega
Qandli diabet xastaligini davolashda parhez alohida oʼrinni egallaydi. Muolaja davri murakkab jarayon boʼlib, shifokor har gal bemorni qabul qilganda, uning ahvoliga qarab, kasallikning kechishi va asoratlari haqida aniq xulosa chiqargandan keyin maxsus ratsion hamda ovqatlanish tartibini belgilab beradi.
Koʼpchilik mutaxassislar qand, shakar, konfet, murabbo, asal, uzum sharbati va boshqa shirinliklarni taomnomadan olib tashlash kerak deb hisoblaydilar. Chunki, qand tez hazm boʼlib, qonda glyukoza miqdorini oshirib yuboradi.
Shirinliklar oz miqdorda isteʼmol qilinishiga yana bir sabab shuki, ularning tarkibidagi uglevod tez parchalanib, bemorning ochlik hissini qoniqtirmaydi (natijada bemor koʼp ovqatlanishga odatlanishi va semirib ketishi mumkin). Shuningdek, ular yogʼlarning toʼliq parchalanishiga halaqit beradi, oqibatda tanada yogʼlar yigʼilib moddalar almashinuvini buzadi, turli xavfli kasalliklar paydo boʼlishiga sabab boʼladi.
Qand va shakar isteʼmoli cheklanib, shakar oʼrnini bosuvchi kimyoviy moddalar qoʼllaniladi (sorbit, ksilit, saxarin). Mutaxassislar bu moddalarning shirin taʼmi psixologik jihatdan ham bemorlarning xotirjamligi va vahimaga tushmasligi uchun kerak deb hisoblashadi.
Kraxmali koʼp taomlar, xamirli ovqatlar ham juda oz miqdorda belgilanadi, shuningdek, spirtli ichimliklarning (masalan, aroq va konьyakda qand mutlaqo boʼlmagan taqdirda ham) taʼqiqlanashiga sabab, ular qandli diabet tufayli zaiflashgan bemorning jigar, meʼda osti bezi hamda yurak-qon tomirlari tizimi faoliyatiga salbiy taʼsir oʼtkazadi va xavfli oʼzgarishlarga sabab boʼladi. Bunday oʼzgarishlar asta-sekin bemorning umumiy ahvolini ogʼirlashtiradi.
Ovqatlanish tartibiga rioya qiling
Qandli diabet bilan xastalangan bemorlar kam-kamdan, tez-tez ovqatlanishi maqsadga muvofiqdir. Bu holatda uglevodlar tanaga toʼliq singib, insulinga extiyoj qolmaydi va qondagi qand miqdori meʼyorda saqlanib turadi.
Qand miqdorini kamaytiradigan dorilar qabul qilganda bemorlar dori vositasining kuchini (yaʼni necha soatgacha taʼsir qilish vaqtini) hisobga olishlari kerak.
Unutmang, meʼyordan ortiq uglevodlar ham zarar. Аgar bemor kamharakat boʼlsa, quvvat toʼla-toʼkis sarf boʼlmay, moddalar almashinuvi buziladi. Yogʼlar toʼla parchalanmaydi, semirishga hamda yurak-qon tomir tizimida kasalliklar paydo boʼlishiga sabab boʼladi.
Harakat koʼp boʼlsa-yu, sarf boʼlgan quvvatning oʼrnini toʼldirish uchun uglevod miqdori yetarli darajada boʼlmasa, bu gipoglikemiya (qonda glyukoza mikdorining pasayib ketishi) holatiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun parhezda isteʼmol qilinayotgan uglevodlarning miqdorini shifokorlarning yoʼriqnomasi bilan nazorat qilish muhim ahamiyatga ega.
Insulin qabul qilish vaqtida uglevodlarga boy taomlar, masalan, grechkali va sulili boʼtqa, qora non va kepakli non mahsulotlari, kartoshka kabilarni isteʼmol qilish mumkin. Lekin, inʼektsiyadan oldin yoki keyingi ovqatlanish vaqtini aniq belgilash muhim ahamiyatga ega. Masalan, oddiy insulin inʼektsiyasidan soʼng 30-40 daqiqa oʼtib qand kamayishi boshlanadi. Demak, bunday holatda bemor inʼektsiyadan keyin 30-40 daqiqadan keyin ovqatlansa boʼladi. «Oʼta qiska» oddiy insulinlarning 10-15 daqiqadan keyin taʼsiri boshlanadi va shuncha vaqt oʼtgandan soʼng ovqatlanish tavsiya etiladi.
Bemor keksa yoshli va ikki martalik yaʼni oddiy va uzoq davom etuvchi insulin qabul qiladigan boʼlsa, inʼektsiyadan 30-40 daqiqadan soʼng va 3,5-4 soatdan keyin ovqatlanishi lozim.
Hozirgi paytda qandli diabetni davolashda qisqa va oʼta qisqa insulinlar uzoq vaqt taʼsir koʼrsatadigan insulin preparatlari bilan birgalikda qoʼllaniladi. Bemor qabul qilayotgan insulinning miqdori uning ovqatlanishiga hamda ovqatdan oldin qondagi qandning miqdoriga qarab belgilanadi. Bundan tashqari insulinning miqdori aynan tanlagan ovqatning «non birligi»ga bogʼliq. Non birligi (NB) toʼgʼrisidagi tushuncha shundan iboratki, bir boʼlak non 10-12 g uglevoddan iborat boʼlib, nonushtaga 2 NB, tushlikka 1,5 NB, kechqurunga 1 NB nisbatida insulin va har bir taomga oʼzgacha «non birligi» tavsiya etiladi. Masalan, nonushtada yarim stakan grechixa solingan boʼtqa – 1 NB, 1 boʼlak non – 1 NB, ikki boʼlak yogʼsiz kolbasa yoki 2 ta sosiska, 1 stakan choy va sabzavotli salat – 2 NB, yaʼni hammasi 4 insulin birligiga toʼgʼri keladi. Mutaxassislar tomonidan «non birliklari» boʼyicha turli oziq-ovqat mahsulotlari uchun jadval tuzilgan va uni har bir bemor oʼrganib chiqib, qoʼllashi mumkin.
Murakkab vaziyatlarda va belgilangan vaqtda albatta shifokor tavsiya etgan taomlarni isteʼmol qilishdan maqsad bemorning ochiqib qolishi va zaif organizmning turli kasalliklarga chalinishining oldini olishdan iborat.
Insulin qabul qilish davrida gipoglikemik holat vujudga kelsa, yaʼni qonda glyukoza miqdori juda ham kamayib ketsa (bunda bemorning tinkasi quriydi, titroq tutadi, yurak urishi tezlashadi, koʼp terlaydi, bezovtalanadi, tili tutilib chuldiraydi, boshi aylanib gandiraklab yuradi, och qolish hissi qiynaydi), bunday holatlarda bemor shirin sharbat, yoki shirin achchiq choy ichishi, konfet, pechenьe yeb olish tavsiya etiladi.
Qandli diabet bilan kasallangan bemorlarga parhez albatta bemorning holati, vazni, mehnat faoliyati va ichayotgan dorilari hisobga olingan xolda tavsiya etiladi.
Isteʼmol qilinadigan asosiy taomlar
Tayyorlanadigan taomlar albatta oʼsimlik yogʼida pishirilishi shart. Makkajoʼxori, kungaboqar, zaytun yogʼi foydali boʼlib, bular yoshi kattalarda ateroskleroz rivojlanishining ham oldini oladi. Saryogʼni kamroq yeyish tavsiya etiladi (bir kunga 10-20 g yetadi). Parranda goʼshti, mol goʼshti va baliq foydali. Lekin ular yogʼsiz boʼlgani yaxshi. Tuxum yeyish mumkin, lekin haftasiga 3-4 tadan oshib ketmasligi kerak.
Sut mahsulotlaridan iloji boricha tarkibida yogʼsiz qatiq, sut, tvorog tavsiya etiladi. Bir kunda 100 g tvorog yeyish mumkin. Sutli mahsulotlar tarkibida oqsil moddalar bor, ular parchalanganda aminokislotalar – metionin ajraladi, bu modda jigarga foydali, yogʼlarni parchalaydi. Bundan tashqari tvorog moddalar alamashinuvini faollashtiradi va ortiqcha yogʼlarni chiqarib tashlashga, «yaxshi» xolesterinlarning singishiga yordam beradi. Tarkibida yogʼi kamroq pishloq tavsiya etiladi.
Sabzavotlardan mikroelement va vitaminlari koʼpi, uglevodlari kam (4-5 foiz), shu bois qorinni toʼq tutadi (aniqrogʼi, bemor qorni toʼygandek his qiladi). Karam, qovoq, pomidor, bodring, rediska, sholgʼom, qohu (salat), ismaloq, sarsabil (sparja) foydali. Sabzi – 7%, lavlagi – 8%, kartoshka – 20% uglevodga ega, shuning uchun ularni bemorning ahvoliga qarab tanlash lozim.
Mevalarda mineral tuzlar va vitaminlar koʼp boʼlgani uchun foydali, bemorlarga olma, banan ayniqsa olxoʼri yeyishni koʼproq maslahat beriladi. Lekin baʼzi mevalarda (uzum, shaftoli, oʼrik, anjir), ayniqsa quruq mevalar tarkibida (mayiz va turshakda) uglevodlar koʼp boʼladi, qonda qand miqdorini oshirib yuborishi mumkin, shuning uchun ularni faqat shifokor ruxsati bilan yeyish mumkin.
Qandli diabetga chalingan bemorlarga maxsus nonlar tavsiya etiladi, ularga biroz kepak qoʼshilgan boʼladi, chunki kepakda uglevodlar kamroq va tana uchun zarur boʼlgan mikroelementlar koʼp. Qora non sekin hazm boʼladi, shuningdek vitaminlarga boy.
Oʼrik, uzum va shunga oʼxshash mevalardan tayyorlangan sharbatlar tavsiya etilmaydi.
Bemorda qon tomir kasalliklarini asoratlari rivojlansa, ayniqsa buyrak yetishmovchiligi xuruj qilsa, shifokor oqsilga boy mahsulotlar va tuzni isteʼmol qilishni cheklashni tayinlaydilar.
Jismoniy mashqlar bilan shugʼullanadigan bemorlar gipoglikemik holatning oldini olish uchun shugʼullanishdan 1,5-2 soat oldin ovqatlanib olishlari shart. Shuni ham aytish lozimki, jismoniy mashqlarni bu bemorlardan ahamiyati juda ham katta, shuning uchun koʼproq harakat qilishlari lozim. Umuman qandli diabetda, ayniqsa 2-turida parhezning ahamiyati juda katta, agar bemor shifokor tavsiyalariga rioya qilsa, qon tomiri va oʼtkir (koma) asoratlarining oldini olishi mumkin.
Kichik maslahatlar
Ovqatlanishni albatta sabzavotlardan boshlang, taomingizning yarmini sabzavotlar tashkil qilsin;
Kun davomiga uglevodlarni toʼgʼri taqsimlang, ovqatlanishlar orasida katta tanaffuslar boʼlmasin;
Mutaxasisdan «Non birliklari»ni bilib oling va har kuni hisoblab yuring.
Qonda qand miqdorini tez-tez tekshirtirib turing;
Ovqatlanganingizda sekin hazm boʼladigan uglevodlarga koʼprok eʼtibor bering;
Tana vazni ogʼir boʼlgan bemorlar yogʼli ovqatlarni istʼemol qilishni ikki barobar kamaytirishi shart;
Taomlarda doim oqsil va vitaminlarga boy mahsulotlar boʼlishi kerak;
Osh tuzni iloji boricha kamroq isteʼmol qiling.
Barno ShOGʼАZАTOVА,
endokrinolog, tibbiyot fanlari doktori, professor.

Оставьте комментарий