Septoplastika qanday hollarda qoʼllaniladi?

DO`STLARGA ULASHING:

Baʼzan burun toʼsigʼida yengil qiyshayish kuzatilib, tishlar qatori buzilishi, sinusitlar, oʼrta quloq yalligʼlanishlari roʼy beradi. Shunday vaqtda septoplastika jarrohligi oʼtkazilishi maqsadga muvofiq.
Burun orqali nafas olish qiynlashishi, xurrak otish, hid sezishning pasayishi, yuqori nafas yoʼllarining tez-tez shamollab turishi, eshitishning pasayishi, oʼqtin-oʼqtin bosh ogʼrishi, burun qonashi, maʼlumotlarni oʼzlashtirish qobiliyatining pastligi, burun toʼsigʼi qiyshayganligiga xos belgilardir. Shifokor burun bitishi bilan kechadigan ayrim kasalliklarni, masalan adenoidlar vegetatsiyasi, tanglay murtaklari gipertrofiyasi (kattalashib ketishi), sinusitlar (gaymorit, etmoidit), burunda yot jism boʼlishi, burun boʼshligʼi oʼsmalarini burun toʼsigʼi qiyshayishidan farqlashi lozim. Baʼzi hollarda urolog, pulьmonolog, ortodont maslahati olinadi.
Tishlar qatori buzilgan bemorlarning 87,9 foizida burun toʼsigʼi qiyshiqligi kuzatilib, bu hol jarrohlik usulida davolashni taqozo etadi. Bunga ota-onalar, maktab oʼqituvchilari va boshqa mutaxassis vrachlar alohida eʼtibor qaratishlari lozim.
Burunning ichini koʼrish uchun maxsus koʼzgu moslamalardan foydalaniladi. Kompьyuter tomografiya va uchida juda kichik videokamera oʼrnatilgan endoskoplar yordamida burun toʼsigʼi qiyshiqligi borligini ota-onalarga vizual obʼektiv tarzda koʼrsatish mumkin. Burun vazifalari buzilganligini obʼektiv tekshiruvchi usullar ham mavjud.
Burun toʼsigʼi qiyshiqligini toʼgʼrilash jarohligi (septoplastika)oʼtkazilishidan avval kerakli tahlillar, EKG, jigar, buyrak va boshqa tizimlar faoliyatini baholovchi tekshiruvlar poliklinika sharoitida oʼtkaziladi va 18 yoshgacha boʼlgan bolalar LOR boʼlimlariga va qolganlar kattalar LOR boʼlimlariga yotqiziladi.
Davolash asosan umumiy ogʼriqsizlantirlib (narkoz ostida) jarrohlik yoʼli bilan amalga oshiriladi. Bu jarrohlik rejali ravishda (shoshilinch emas) LOR boʼlimlarida burun katagi orqali amalga oshiriladi. Operatsiya 30 daqiqadan 1 soatgacha davom etadi. Yuzda hech qanday chandiqlar boʼlmaydi.
Bemorlarning mehnatga layoqatliligi 1-2 haftada tiklanadi. Bemorlar bir oy mobaynida jismoniy mehnat qilishdan saqlanishi lozim. Juda kam hollarda operatsiya paytida burun toʼsigʼi teshilishi (perforatsiya), yon devor bilan yopishib ketishi (sinexiya) yoki “egarsimon” shaklga kirishi kabi asoratlar kuzatilishi mumkin.
Fazilat ShOYuNUSOVА.

Оставьте комментарий