Virusli gepatit yuqishidan ehtiyotlang

DO`STLARGA ULASHING:

Аsosan jigar jarohatlanishi bilan kechadigan virusli gepatit zararlangan suv va oziq-ovqat mahsulotlari orqali bolaga yuqishi mumkin. Bemor tuzalguniga qadar uni xonadondagi boshqa bolalardan ajratib qoʼyish va parvarish davomida gigiena shartlariga rioya etish kerak.
Tozalikka rioya qilmaslik, yaʼni ovqatlanishdan oldin qoʼllarni sovunlab yuvmaslik, meva va sabzavotlarni yuvmasdan isteʼmol qilish hamda qaynatilmagan suvni ichish koʼpincha virusli gepatitning А va Ye turlari bilan kasallanishga sabab boʼladi. Kasallik koʼproq bolalar oʼrtasida uchraydi.
Organizmga kasallik virusi tushgach, u koʼpayadi. Bu davr klinik belgilarsiz kechadi va kasallikning yashirin davri hisoblanadi. Bu davr gepatitning А va Ye turlarida 3-6 haftagacha davom etishi mumkin.
Kasallik boshlanishida quyidagi belgilar kuzatiladi:
tana haroratining koʼtarilishi;
ishtaha yoʼqolishi;
koʼngil aynashi;
ovqatlangandan keyin qusish.
Keyin kasallikning sariqlik davri boshlanadi. Bunda koʼzning shilliq qavati, teri sargʼaya boshlaydi. Sargʼayish davri 1-2 haftagacha davom etadi. Baʼzida sariqlik alomatlari yaqqol kuzatilmasligi mumkin. Yuqoridagi holatlar roʼy berganda zudlik bilan shifokorga murojaat qiling. Kasallik qancha erta aniqlansa, davolash shunchalik tez samara beradi, oʼzidan asorat qoldirmaydi.
Kasallikning yashirin va boshlangʼich davrlarida va yaqqol sariqlik belgilarisiz turlarida bemor atrofdagilar uchun, ayniqsa, xavfli boʼladi. U oʼzi bilmagan holda, oila aʼzolari, ayniqsa bolalarga kasallikni yuqtirib qoʼyishi mumkin. Bemorga badandagi sariqlik oʼtguncha, odatdagidan koʼra koʼproq suyuqlik ichiring. Unga gazlanmagan suv, naʼmatak damlamasi, uncha shirin boʼlmagan kompotlar, oddiy qaynatilgan suv ichiring. Bunda bolaga turli shirin ichimliklar (koka-kola, fanta va boshqalar)ni berish mumkin emas.
Bemorga qaynatib yoki bugʼda dimlab pishirilgan taomlar bering. Qovurilgan, hayvon yogʼlaridan tayyorlangan taomlarni isteʼmol qilmagani maʼqul. Parhezga rioya etish zarur. Toʼgʼri tashkil etilgan parhez jigarni zoʼriqtirmaydi va faoliyatining tez tiklanishiga yordam beradi.
Kasallik yuqishining oldini olish uchun bolani ovqatlanishdan oldin va hojatdan soʼng qoʼllarini sovunlab yuvishga, meva va sabzavotlarni yuvib isteʼmol qilishga, faqat qaynatilgan suvni ichishga odatlantiring. Pashshalar koʼpayishiga yoʼl qoʼymang, oziqovqat mahsulotlarini va isteʼmol qilinadigan suvni ochiq qoldirmang.
Gepatit bilan ogʼriyotgan bemorlar foydalangan idish-tovoqlar, choyshab, yostiq jildi, kiyim-kechagi, oʼyinchoqlari, soʼrgʼichlari, hojat tuvaklari va ovqat qoldiqlari virus bilan zararlangan boʼlishi mumkinligini unutmang. Bemorning idish-tovoqlarini alohida tuting. Idishlarni, bemorning oʼyinchoqlarini, hojatxona anjomlarini, buyumlarini doimo zararsizlantiruvchi vositalar yordamida yuving. Buning uchun hozirgi kunda zamonaviy zararsizlantiruvchi vositalar mavjud.
Kaniza ISАEVА,
mutaxassis shifokor.

Оставьте комментарий