Bugun XXI asrning yana bir yili poyoniga yetib, yangi yil kirib kelmoqda. Yilning so‘nggi kuni bo‘lgan 31 dekabr sanasi barcha uchun quvonchli va qaysidir ma’noda biroz qayg‘uli kun ham.
Umrimizning yana bir yili yakunlanayotganligi, go‘yoki vaqt “yugurib” o‘tib ketayotgani kishi dilni biroz xira qiladi. Ammo bu kun – Yangi yil bayrami ko‘pchilik uchun, ayniqsa, bolajonlar uchun unutilmas kun, ajoyib shodiyona hisoblanadi. Bu bayram bilan bog‘liq juda ko‘p ertak, afsona va rivoyatlar mavjud. Quyida mazkur shodiyona bilan bog‘liq qiziqarli faktlar bilan tanishishingiz mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, taxminan XVII asr oxiriga qadar butun dunyoda Yangi yil bayrami mart oyining boshida, bahorgi ekin-tekinlar mavsumi bilan bir vaqtda nishonlangan. Miloddan avvalgi 46 yilda Yuliy Sezarning yangi yilni 1 yanvardan boshlash haqidagi qarori haqida ma’lumotlar ham bor, lekin o‘sha vaqtda bu keng tarqalgan udumga aylanmagan.
Rossiyada Yangi yilni keng nishonlash odati Pyotr I davrida paydo bo‘lgan. Bir necha yil Yevropada yashab, ularning turmush tarzini o‘rgangan rus imperatori 1699 yilning 29, 30 dekabrida 2 ta farmon chiqaradi.
Yangi yil uchun sovg‘alar berish odati qadimgi Rimda paydo bo‘lgan. Aytgancha, yangi yilni qanday kutib olsang, uni shunday o‘tkazasan, degan iboralar ham shu diyorda shakllangan.
O‘rta asrlarda Yevropada Rojdestvo daraxti ko‘pincha shiftga yopishtirilgan va teskari bo‘lgan. Ginnesning rekordlar kitobiga ko‘ra, eng katta archa 2009 yilda Mexikoda o‘rnatilgan. Sun’iy yangi yil archasi balandligi 110 metr 35 santimetr, uning aylanasi esa 35 metrga yetdi.
Yangi yil bayrami turli davlatlarda o‘ziga xos tarzda nishonlanadi. Xususan, Angliyada Yangi yil sovg‘asiz va oila davrasida nishonlanmaydi. Bu bayram tantanasining an’anaviy taomi yo‘q. Odatga ko‘ra, ingliz uy bekalari olmali pirog tayyorlashadi. Shotlandiyada Yangi yilning kutib olinishi Rojdestvoga qaraganda muhim ahamiyatga ega. Shotlandcha Yangi yil – bu birinchi o‘rinda uy yig‘ishtirishdir. Hech bir ish tugallanmasdan qolmasligi kerak, soatlar yurgaziladi, paypoqlar yamaladi, hamma teshiklar tikiladi. Soatning birinchi bongi bilan uy kattasi eshikni lang ochadi va oxirgi bongigacha ushlab turadi, shu tariqa u eski yilni chiqarib, Yangi yilni kirgazadi. Shuningdek, Shotlandiyada Yangi yil kirgandan keyin uyga kirgan birinchi kishi shu oilaning moliyaviy ahvoliga ta’sir etadi, deb hisoblashadi.
Buyuk Britaniyada “Yangi yilni kiritish” marosimi keng tarqalgan. Bu yerda Yangi yilni kiritish marosimi quyidagicha bo‘ladi, soat 12da bong urishni boshlaganda orqa eshikni Eski yil chiqib ketishi uchun ochadilar va oxirgi bongida asosiy eshik ochilib, Yangi yil kiritiladi. Angliyaliklar uchun Yangi yilning birinchi kuni yaqin o‘tmish va sirli kelajak o‘rtasidagi chegaradir.
Yangi yil Ispaniyada – mamlakatning davlat bayramlaridan biri sifatida nishonlanadi. Ispaniyada bayram munosabati bilan o‘zgacha yangi yil marosimlari paydo bo‘lgan. Yangi yil bayrami ommaviy tarzda  nishonlanadi. Bayram tunida xalq mamlakatning katta va kichik shaharlaridagi bosh maydonlarda to‘planishadi, ular qadimiy soat va qo‘ng‘iroqlarning bong urishini kutadilar. Bu marosim milliy va mahalliy telekanallar orqali namoyish etiladi. Ispan yangi yil marosimlaridan eng qiziqarlisi – 12 dona uzum iste’mol qilish marosimidir. Yangi yil kirib kelishi arafasida soatning har bir bong urishida odamlar bir donadan uzum iste’mol qilishgan va yangi yil tilaklarini o‘z ko‘ngillarida o‘ylashgan. Bu udum birinchi marta 1897 yilning dekabrida o‘ylab topilgan.
Yana bir qiziq ma’lumot, 1 yanvardan Yaponiya uchun eng muhim bo‘lgan bayramlar mavsumi boshlanadi. Yaponiyaliklar bu davrni  “syo: gatsu yoki o-syo: gatsu” deb atashadi. U 1-3gacha, 1-7gacha yoki 1-20 yanvargacha davom etishi mumkin. Tarixda “syo: gatsu” yanvar nomini anglatgan. 1yanvar- “gandzitsu” milliy bayram kunidir. Bayram kuni davomida ibodatxonalariga poklanish marosimida ishtirok etish uchun  qatnovchilar keladi. Ular yangi yilda o‘zlari va yaqinlariga tinchlik, eson-omonlik tilab ibodat qiladilar. Ko‘pchilik aholi ibodatxonadan tashqari biror-bir manzarali joyga borib, yangi yilning birinchi tong otishini tomosha qiladilar. Shu kuni Yaponiya pochtasi orqali ko‘plab tabrik otkritkalari  yuboriladi, eng ko‘p tabriklarni yapon oilalari do‘stlari va yaqin odamlariga yuborishadi. Bu marosim 1874 yildan, pochtaning ish boshlashi paytidan boshlangan. Bayramga an’anaviy bezaklar tayyorlanadi, u “kadomatsu”ni o‘z ichiga oladi. Uy ichida 3ta novda: bambuk novdasi (bolalarning tez o‘sishi uchun), olxo‘ri (uy egalarining yordamchilari mustahkam bo‘lishlari uchun), qarag‘ay (oila a’zolarining hammasi uzoq umr ko‘rishi uchun). Oilalar maxsus yangi yil taomini  – oseti ryorini tanovul qiladilar, bu taom  yangi yil kunlarida taom tayyorlashdan xalos bo‘lish uchun dekabr oyining oxirgi kunlarida tayyorlanadi.
1 yanvar-Amerika Qo‘shma Shtatlarida rasmiy ravishda Yangi yilni (New Year) nishonlashadi, biroq 31 dekabrdan xalq sayllari boshlanadi. Ko‘pdan kutilgan bu bayramga esa Amerika aholisi noyabr oyining oxiridan tayyorgarlik qila boshlaydi. Amerikaliklar odatda Yangi yilni restoranda do‘stlar davrasida, tungi klublarda, teatrlarda va kamdan-kam oilada nishonlaydilar. Yangi yil kirganini yarim tunda osmondagi hayratomuz mushakbozliklar,  avtomobil sirenalari ovozidan bilish mumkin. Amerikada yashovchilarning hammasi bir-birlarini quchoqlab, baxt va omad tilab tabriklaydi. Amerikaning ko‘pchilik shaharlarida Yangi yil arafasida bayram namoyishlari o‘tkaziladi. Futbol matchlari, turli manzarali tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Amerikaliklarning yakdillik fikriga ko‘ra, eng ko‘p sonli va qiziq Yangi yil namoyishi Nyu-Yorkdagi Taym-skverda bo‘lib o‘tadi. Aynan shu yerda mashhur Sharning tantanali uchirishi bo‘ladi va u minglab neon lampochkalari bilan yarqiraydi. Mashhur festivallar: pantomimo paradi va atir gullar musobaqasi Yangi yil bayrami bilan bog‘liq. Bu festivallarning urf-odati o‘tgan asrning o‘rtalarida paydo bo‘lgan. Amerikaliklar uchun Yangi yil-yangi hayotning boshlanishidir. Amerikaliklar bayramda o‘z oldilariga turli muhim maqsadlarni qo‘yadi. Masalan, sport bilan shug‘ullanish, parhez qilish,chekishni tashlash kabi.
Avstraliyada yangi yil bayrami yozda nishonlanadi. Millionlab avstraliyaliklar dunyoda birinchi bo‘lib, Yangi yil kirib kelishini nishonlaydilar. Taniqli musiqachilar va ajoyib mushakbozlik  shoulari tashkil etiladi. Avstraliyada yangi yil ayniqsa poytaxt shtatlarida qizg‘in nishonlanadi. Barcha bayram tadbirlari ochiq osmon ostida o‘tkaziladi. Sidneyda yarim tundan dunyo bo‘yicha eng katta mushakbozlik boshlanadi. Uni tomosha qilishga millionlab odamlar to‘planishadi. Melbrunda raqs kechalari o‘tkazilib, 500 mingga yaqin sayohatchilar yig‘iladilar. Brisbenda jonli musiqa konsertlari bo‘ladi. Mamlakatning kichik shtatlarida Yangi yil arafasida mashhur musiqali festival o‘tadi,  unda butun Avstraliya yoshlari to‘planadi.
Yangi yil bayramini nemislar uyda nishonlamaydilar.  Ular tanishlari, hamkasblari va do‘stlari bilan uchrashib, yaxshi tilaklarni bir-biriga  bildirishadi. Bu kuni hech kim o‘zini yolg‘iz his qilmaydi, chunki soat birinchi bong urishi bilan odamlar ko‘chaga chiqishadi va Yangi yil munosabati bilan salyut boshlanadi. Eng katta bayram Berlinda bo‘lib o‘tadi, ko‘chadagi yangi yil bayrami 2 km masofaga yetadi, bir soat davomida tunggi osmonda rang-barang shou davom etadi. Bayramning bosh atributi- archa. Qadimgi olmonliklar archani muqaddas daraxt deb hisoblaganlar.
Mamlaktimizda ham Yangi yil bayrami 1 yanvar kuni rasman bayram sifatida nishonlanib, dam olish kuni etib belgilangan. Ko‘plab o‘zbek xonadonlarida bu bayram oila a’zolar, yaqinlar davrasida to‘kin dasturxon atrofida nishonlanadi. Hamma bir biriga ezgu tilaklar bildirib, sovg‘alar ulashadi. Boshlanayotgan 2023 yil barchamizga muborak, xayrli va barakali yil bo‘lsin!
O‘zA muxbiri
Go‘zal Sattorova tayyorladi.