Yaponiya Qirolligi

DO`STLARGA ULASHING:

Maydoni: 377 944 kv.km.
Aholisi: 126 400 000 dan ortiq (2011).
Poytaxti: Tokio shahri.
Tuzumi: konstitutsion monarxiya.
Davlat boshligʻi: qirol.
Maʼmuriy tuzilishi: 47 ta viloyatga boʻlinadi.
Yirik shaharlari: Tokio, Iokogama, Osaka, Nagoya, Sapporo, Kobe, Kioto.
Pul birligi: iyena.
Jugʻrofiy oʻrni. Yaponiya Tinch okeanining Osiyo sohillaridagi qismida, katta orollar toʻdasida joylashgan. Yaponiyani janubi-gʻarbda Xitoy va Tayvandan Sharqiy Xitoy dengizi ajratib turadi. Gʻarbda esa Yapon dengizi orqali Koreya bilan chegaradosh. Shimolda esa suv orqali Uzoq Sharq hududi bilan tutashadi. Yapon arxipelagi 6852 ta oroldan tashkil topgan. Xokkaydo, Xonsyu, Sikoku va Kyusyu ularning eng yiriklari.
Hudud iqlimi oʻziga xos. Shimolga sovuq havo harorati xos boʻlsa, janubda subtropik iqlim hukmron. Orol “Tinch okenani olovli vulqon dorisi” hududiga kiradi. 1990-yillarda dunyodagi vulqonlarning oʻn foizi Yaponiya hududida qayd etilgan. Har yili 1 500 taga yaqin yersilkinishi qayd etiladi. Ular Rixter shkalasi boʻyicha oʻrtacha 4-6 ball kuchga ega boʻladi. Shu tufayli bugun yapon olimlari zilzilalarni oʻrganish va ularning vaqtini aniqlash boʻyicha dunyoda tengsiz.
Yaponiyaning rasmiy yaponcha nomi “Nihon koku” yoki “Nippon koku”. “Nihon” soʻzi “quyosh oʻlkasi” yoki “quyosh manbasi” degan maʼnoni bildiradi. Shu sababli mamlakat nomi “Kunchiqar oʻlka” deb tarjima qilinadi. “Nihon” VIII asrdan boshlab ushbu yurt nomiga aylangan, ungacha hozirgi Yaponiya hududini “Yamato” deb ataganlar.
Tarixi. Olimlarning taxminicha, Yaponiya hududiga ilk odamlar eramizdan qirq ming yil oldin kelgan. Yaponlar haqidagi ilk maʼlumot xitoylarning “Xanshu” solnomasida uchraydi. Milodiy asr boshlarida ijtimoiy tabaqalanish kuchayib, qulchilik paydo boʻldi. Uchinchi asrda esa, hududdagi ilk zamonaviy davlat – Yamata qabilalar ittifoqi yuzaga keldi. VIII asrda poytaxti Xeydzyo-kyo boʻlgan kuchli davlat tashkil topdi. Xitoy madaniyati taʼsirining kuchayishi natijasida ilk yapon tarixiy yilnomalari yozildi. 710 yili birinchi doimiy poytaxt – Nara shahri qurildi. 784 yili imperator Kammu poytaxtni Naradan Nagaoka-kyoga, 794 yili esa Xeyan-kyoga (hozirgi Kioto) shahriga koʻchirdi. Shunday qilib Xeyan davri boshlandi. Bu davrda yapon madaniyati gullab-yashnadi. Milliy alifbo – “kana”ning paydo boʻlishi xitoycha yozishdan voz kechish imkonini berdi.
VIII asrda mamlakat janubidagi avstronezlarning singdirilishi natijasida yapon millati shakllandi. X asrda davlat yer egaligi tizimi barham topib, aslzodalar va ibodatxonalarning yer-mulklari (syoen) yerga egalikning asosiy shakliga aylandi. XI asrdan sardorlar boshchiligida harbiy zodagonlar guruhlari tashkil topa boshladi. XII asr oʻrtalarida Minamoto va Tayra ularning eng yirigi edi. Bu xonadonlarning oʻzaro kurashi 1185 yili Tayraning magʻlubiyati bilan tugadi. 1192 yili shimoli-sharqliklar oʻz sardorlari Yoritomo Minamotoni syogun (sarkarda) unvoni bilan davlatning hukmdori deb eʼlon qildilar. Syogunlar hukmronligi xalq koʻziga qonuniy boʻlib koʻrinishi uchun imperator sulolasi nomigagina saqlab qolindi.
Xitoy va Koreyani zabt etgan moʻgʻullar 1274 va 1281 yillarda Yaponiyaga qarshi yurishlar uyushtirdi. Lekin bu harakatlar muvaffaqiyatsiz chiqdi. Dengizda paydo boʻlgan kuchli boʻron moʻgʻul qoʻshinlarini halok qildi.
XV-XVI asrlarda dehqonlar muntazam qoʻzgʻolon koʻtarib turdi. 1485-93 yillarda boʻlib oʻtgan Yamasiro qoʻzgʻoloni ulardan eng yirigi edi. XV-XVI asrlarda Xitoy va Koreya bilan savdo aloqalari rivojlandi. 1603 yili Ieyasu Tokugava (1542-1616) syogun deb eʼlon qilindi va uning qarorgohi Edoga (hozirgi Tokioga) koʻchirildi. Tokugava syogunlari sulolasi mamlakatni 1867 yilgacha boshqardi. Bu davrda Yaponiya markazlashgan monarxiya davlatiga aylandi. Hukumat qatiy qoidalar bilan toʻrt tabaqa (samuray, dehqon, hunarmand va savdogarlar) tizimini oʻrnatdi. Yevropalik missionerlar faoliyati natijasida nasroniylik keng yoyilayotgani va u xalq harakati mafkurasiga aylanayotgani sababli Tokugava hukumati bunga qarshi bir qator chora-tadbirlarni ishga soldi. Natijada Yaponiya deyarli ikki yarim asr mobaynida “yopiq” davlatga aylandi. Shu yoʻl bilan Yaponiya mustamlaka xavfidan saqlanib qoldi. XVII asr oxiri – XVIII asr boshlarida mamlakat har tomonlama taraqqiy etdi. Bu davrda aholining savodxonlik darajasi jahon miqyosida ham ilgʻor oʻringa chiqdi. XVIII asr oxiri – XIX asr birinchi yarmida kichik sanoat korxonalari paydo boʻla boshladi. 1854-58 yillarda AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya bilan tuzilgan Ansey shartnomalariga koʻra, Yaponiya oʻz holicha ajralib yashash siyosatidan voz kechishga majbur boʻldi va erkinligi cheklangan holda jahon bozoriga qoʻshildi. 1867-68 yillarda Yaponiyada dehqonlar, shahar kambagʻallari, savdo-sanoat mulkdorlari, saroy aslzodalari va muxolifatdagi baʼzi yirik zodagonlardan iborat keng omma syogunlarga qarshi chiqdi. Natijada syogun hukumati agʻdarildi va hokimiyat imperator Mutsuxito (1867-1912 yillari hukmronlik qilgan) qoʻliga oʻtdi. 1869 yili poytaxt rasman Tokioga koʻchirildi. 1871-72 yillarda bekliklar tugatilib, oʻrniga prefekturalar (viloyatlar) tashkil etildi. 1879 yili birinchi siyosiy partiya tuzildi. 1868-85 yillarda xususiy sarmoya yordamida qishloq xoʻjaligi xomashyosiga ishlov beradigan 1300 ta korxona qurildi. 1889 yili imperatorga mutlaq vakolatlar beruvchi konstitutsiya qabul qilindi, 1890 yili parlament taʼsis etildi.
Yaponiya 1894 yili Koreyada koʻtarilgan dehqonlar koʻzgʻolonini bostirish niqobi ostida u yerga qoʻshin yubordi va Xitoy bilan boʻlgan urush (1894-95) natijasida Tayvan va Penxuledao orollarini, rus-yapon urushi (1904-05) oqibatida zsa Shimoliy Saxalinni egalladi. Yaponiya va Buyuk Britaniya oʻrtasida 1902, 1905 va 1911 yillarda imzolangan shartnomalar asosida oʻzaro hamkorlik harbiy-siyosiy itgifoq darajasiga koʻtarildi va ikki tomon Koreya hamda Xitoyda oʻz mavqelarini yanada mustahkamladi. 1910 yil avgustda Yaponiya Koreyani oʻz mustamlakasiga aylantirdi. Yapon monopoliyalari Janubiy Manjuriyani, keyinroq Xitoyning boshqa tumanlarini oʻz taʼsir doirasiga kiritdi. Xitoy hududida harbiy harakatlarini davom ettirishi natijasida ikkinchi yapon-xitoy urushi (1937-1945) boshlanishiga sabab boʻldi. 1941 yili Yaponiya Pyorl-Xarborga qarshi jangga kirib, AQSH va Buyuk Britaniyaga qarshi urush eʼlon qildi. 1945 yil avgustida Amerika harbiy havo kuchlari Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombasi tashlashi va Sobiq Ittifoqning Yaponiyaga qarshi urushga qoʻshilishi natijasida mamlakat hukumati 1945 yil 2 sentyabrda “Soʻzsiz taslim boʻlish toʻgʻrisidagi shartnoma”ga imzo chekdi. 1947 yili konstitutsiya qabul qilindi. 1952 yili kuchga kirgan “San-Fransisko tinchlik shartnomasi”ga koʻra, ittifoqchilar qoʻshinlari Yaponiya hududidagi harbiy harakatlarini toʻxtatdi. Yaponiya 1956 yili Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo boʻldi. Biroz vaqt oʻtgach, mamlakat iqtisodiy oʻsishning rekord darajasiga erishdi va qirq yil davomida yillik oʻsish oʻrtacha oʻn foizni tashkil etdi. 1991 yili iqtisodiy oʻsish oʻrnini inqiroz egalladi va Yaponiya bu ogʻir holatdan 2000 yilga kelibgina qutuldi.
Iqtisodi. 2009 yili Yaponiya yalpi ichki mahsulot koʻrsatkichlari boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinni egalladi. Oʻshanda yillik yalpi ichki mahsulot hajmi besh trilyon doʻllarni tashkil etgan edi. 2010 yili bu borada oʻz oʻrnini Xitoyga boʻshatib berdi. Mamlakat xarid imkoniyati boʻyicha AQSH va Xitoydan keyin dunyoda uchinchi oʻrinda turadi. Yaponiya iqtisodiyotida bank xizmatlari, sugʻurta, koʻchmas mul, transport, chakana savdo, aloqa va qurilish sohalari yetakchi oʻrinni egallaydi. Yuksak darajadagi ishlab chiqarish quvvatiga ega. Transport vositalari, elektronika, dastgohlar, poʻlat, kimyoviy vositalar, ip-gazlama va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaradigan yirik korxonalarga ega. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʻra, yaponiyaliklar ishlagan vaqtlari uchun dunyo boʻyicha eng koʻp haq oladi. Qiziq tomoni, aksariyat odamlar umr boʻyi ish joylarini almashtirmaydi. Ishsizlik darajasi juda past. “Toyota”, “Nintendo”, “NTT DoCoMo”, “Canon”, “Honda”, “Takeda Pharmaceutical”, “Sony”, “Nippon Steel”, “Tepco” va “Mitsubishi” kabi dunyoga mashhur yirik kompaniyalar shu mamlakatda faoliyat yuritadi. Yaponiya yirik banklari bilan ham shuhrat topgan. Tokio fond birjasi bozor kapitaliga egalik qilish boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinda turadi. Yaponiya asosan transport, elektronika va kimyo sanoati mahslotlarini eksport qiladi. Mamlakatga chetdan turli dastgoh va uskunalar, yoqilgʻi, oziq-ovqat (asosan mol goʻshti), kimyoviy vositalar, ip-gazlama va sanoat xomashyosi keltiriladi. Soʻnggi yillarda mamlakat hukumati bozor raqobatini kuchaytirish boʻyicha bir-qator islohotlarni oʻtkazdi. Natijada xorij sarmoyasi sezilarli miqdorda oshdi.
Aholisi. Aholining toʻqson sakkiz foizi yapon millatiga mansub. Shuningdek, koreys, xitoy, filippin, brazil millatiga mansublar ham, oz miqdorda boʻlsa-da, bor. Shahar aholisi – 89 foiz. Oʻrtacha umr 82 yoshni tashkil etadi. Chaqaloqlar oʻlimi darajasining pastligi boʻyicha dunyoda yetakchilardan. Ikkinchi jahon urushidan soʻng tugʻilish darajasi tushib ketgan. Shu sababli keksalar soni koʻpayib boryapti. 2005 yilgi maʼlumotga koʻra, aholining 20,1 foizi oltmish besh yoshdan oʻtganlardan iborat.
Davlat tili – yapon tili.
Dini. Yaponiyaliklarning aksariyati sintoizm va buddizmga eʼtiqod qiladi. Ikki foiz aholi nasroniylikni tanlagan.
Islom asosan hindlar va tatarlar orasida yoyilgan. Yaponiyada ilk masjid 1905 yili Osaka shahrida qurilgan. Ushbu mamlakatda Islom dinining yoyilishi va rasmiy maqomga ega boʻlishida boshqird millatiga mansub taniqli ulamo Muhammad Abdulhay Qurbongaliyevning xizmatlari katta. U Tokio musulmonlari jamiyatiga asos solgan va unga oʻzi rahbarlik qilgan. 1927 yili musulmonlar uchun maktab ochgan. 1928 yili esa Butun Yaponiya musulmonlari qurultoyini oʻtkazgan. 1938 yil 12 mayda uning rahbariligida Tokio shahrida masjid ishga tushgan.
Ulamo va din arbobi Abdurashid Ibrohim saʼy-harakatlari bilan 1939 yili Islom Yaponiyada rasman tan olinib, unga amaldagi din maqomi berildi.
1974 yili Yaponiya musulmonlari federatsiyasiga asos solindi.
Hozir mamlakatda qirqqa yaqin jome va yuzdan ortiq kichik masjid bor.
Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.
saviya.uz

Оставьте комментарий