Yoʼgʼon ichak oʼsmalari

DO`STLARGA ULASHING:

Аslida xavfli oʼsmalar birdaniga paydo boʼlmaydi. Vaholanki ichaklardagi surunkali yalligʼlanishlar va xavfsiz oʼsmalar (masalan poliplar) oʼz vaqtida davolab tuzatilmasa, bora-bora rak kasalligi kelib chiqadi. Yana shuni taʼkidlash joizki, yoʼgʼon ichak saratoni asosan koʼp miqdorda goʼsht isteʼmol qilish va kletchatkalarga boy meva-sabzavotlarni kam yeyish oqibatida kelib chiqishini mutaxassis olimlar isbotlashgan. Chunki goʼshtli ovqatlar organizmda yogʼ kislotalarining yigʼilishiga olib keladi, bu esa ovqat hazmi jarayonida kontserogen moddalarni koʼpaytiradi. Shuning uchun boʼlsa kerak koʼproq rezavor koʼkatlar bilan hayot kechiradigan Hindiston va markaziy Аfrikada yoʼgʼon ichak raki nisbatan kam uchraydi. Demak, bu ogʼir kasallikning oldini olishda meʼyoriy ovqatlanishga alohida eʼtibor qaratishimiz lozim ekan.

Ichak devoridagi yaralar
yarali-kolit
Kolit (yoʼgʼon ichak shilliq qavatining yalligʼlanishi)da yoʼgʼon ichakning shira ajratish va soʼrilish faoliyati asta-sekinn buziladi. Surunkali kolitni davolash kechiktirilganda u ogʼir asoratlar qoldiradi. Yarali kolit shunday asoratlarning biri boʼlib, bunda ichak devori chandiqlanadi va bujmayadi.
Oʼtkir yarali kolitda toʼgʼri ichak qavati shishadi, qizaradi, soʼng yaralar paydo boʼladi bu yaralar bir-biriga qoʼshilib asta-sekin koʼpayadi. Kasallikning surunkali turida esa ichak devorlari yaralar hisobiga qalinlashib zichlashadi, ichi torayadi.
Yarali koliti bor bemor qorni ogʼrishidan shikoyat qiladi. Аxlat qon aralash keladi, baʼzan yiring qoʼshilgan boʼladi. Bemorning koʼngli aynaydi, hadeb asabiylashaveradi, kasallik zoʼraygani sayin bu holatlar kuchayib, tana harorati koʼtariladi. Orqa chiqaruv teshigi doimo achishib turadi, qorin quldirab qappayadi. Bemor rangpar koʼrinadi, terisi quruqshaydi, yuzi kerikib shishadi.
Kasallik uzoq vaqt davolanadi. Muolaja jarayonida bemor tez-tez kolonoskopiya koʼrigi orqali, yoʼgʼon ichak holatini tekshirtirib turishi kerak. Аks holda yarali kolit oʼsma kasalligiga aylanib, dard ogʼirlashadi.
Infektsiya koʼpaygandan soʼng…
qorindagi-og’riq
Yoʼgʼon ichak eroziyasi (shilliq qavatining yaralanishi, yorilishi) kelib chiqishiga baʼzan organizmdagi gormonal oʼzgarishlar, baʼzida esa qoʼshilib kelayotgan bir necha xil kasalliklar (zaxarli buqoq, pankreatit – oshqozon bezi yalligʼlanishi, qandli diabet singarilar) sabab boʼladi.
Shuningdek yoʼgʼon ichakda infektsiyalar koʼpayishi oqibatida shu soha shilliq qavati hamda mushak qavati nervlari boshqarilishi buziladi, immunitet susayadi va eroziya paydo boʼladi. Juda shoʼr hamda achchiq mahsulotlarni isteʼmol qilish, vitamin Ye va S yetishmasligi, ovqatni yaxshi chaynamasdan yutish, spirtli ichimliklar ichish, ortiqcha ovqat yeyish, shuningdek kam kletchatkali va oʼtkir ziravorli taomlar ham yoʼgʼon ichak shilliq qavatini taʼsirlantirib eroziyani vujudga keltiradi.
Bemorlar koʼpincha qorinning tutib-tutib ogʼrishidan shikoyat qiladilar. Ichning dam boʼlishi, soxta xojat qistashi, koʼngil aynab qusish, ichning goh ketib goh qotishi, najasga shilliq yoki qon aralashgani kuzatiladi. Ogʼriqlar dastlab kindik atrofida boshlanadi, keyinchalik chap yonboshda zoʼrayadi. Bunday vaqtda bemorning ogʼzi taxirlashib, ishtaxasi yoʼqoladi, asabiylashadi. Baʼzan, yaʼni kasallik rivojlanganda tana harorati koʼtarilishi ham mumkin. Yoʼgʼon ichak eroziyasiga chalingan bemorlar proktolog shifokor nazoratida qunt bilan muolaja olishlari zarur. Аks holda dard battar zoʼrayadi, ichakdan qon oqishi koʼpayadi, zararlangan joyda xavfli oʼsmalar rivojlanadi.
Ichak tutilishi ham mumkin
ichak-tutilishi
Yoʼgʼon ichak saratoni qishloq aholisi oʼrtasida shahardagiga nisbatan bir necha foiz kamroq uchraydi. Buning sababi shundaki qishloqliklar dasturxonida tabiiy mahsulotlar hamisha boʼladi, ular kletchatkasi koʼp sabzavot va oshkoʼklarini doimiy ravishda isteʼmol qilishadi. Shaharda yashovchilar esa asosan qadoqlangan, rafinirlangan va tozalangan mahsulotlarni isteʼmol qiladilar. Bundan mahsulotlar kam kletchatkali boʼlib, yoʼgʼon ichakda qabziyat, kolit singari turli kasalliklarni keltirib chiqaradi. Yoʼgʼon ichak saratoni xavfli epitelial oʼsmalarning har xil joylashishi bilan kechadi. Xavfli oʼsmalar juda sekin (bir necha oʼn yillar ) rivojlanadi. Bu vaqtlar oraligʼida oʼsmalar koʼpayib (boʼlinib) atrofdagi aʼzolarga oʼsib kiradi. Koʼpincha yoʼgʼon ichak sohasidagi limfa tugunlari, keyin esa oʼpka va jigar zararlanadi.
Yoʼgʼon ichak rakining ilk alomatlari ichakdan qon oqishi, ich kelishining buzilishi, qorin ogʼrishi va tenezm (soxta xojat qistashi) bilan ifodalanadi. Bemorlarning baʼzilari ichagidan qip-qizil qon oqadi, bu orqa chiqaruv teshigi va toʼgʼri ichak rakining belgisidir. Аgar oʼsma chambar ichakning chap yarmida jolashsa ichakdan oqqan qon rangi toʼq qizil tusda boʼladi va axlatga aralashgan holda koʼrinadi. Chambar ichakning oʼng yarmidagi saratonda esa qon yashirin tarza oqadi, yaʼni axlatdagi qon koʼzga tashlanmay, faqat maxsus tekshiruv paytidagina aniqlanadi. Bemorning bir necha kunlar (baʼzan haftalar) davomida ichi kelmasligi va qorin sohasida ogʼriq boʼlishi chambar ichakning chap yarmi va toʼgʼri ichak saratoni uchun xos belgilardir. Shuni ham aytish joizki, yoʼgʼon ichak saratonining 70-85 foiz hollarida ichak batamom tutilib qolishi roʼy beradi. Bunday vaqtda tezlik bilan jarrohlik amaliyotini qoʼllash zarur.
Baʼzan ich ketishi bilan qabziyat almashinadi, oz miqdorda boʼtqasimon va suyuq najas ajraladi, goho badboʼy yel chiqib axlat xuddi qoʼy qumalogʼi shaklida boʼladi. Shuningdek bemorlarda ich yurishishi qiyinlashadi, ular xojatga borganlarida oxirigacha boʼshanmaganliklarini sezadilar, koʼpincha soxta ich qistashidan bezovtalanishadi. Bunday holatlar davomiy boʼlganda bemor albatta proktolog maslahatiga borishi kerak. Kasallikni aniqlash uchun avvalo ulьtratovush (UTT) tekshiruvidan oʼtkaziladi. Mabodo oʼsma rivojlanib ketgan boʼlsa kompьyuter tomografiya va yadro magnitli rezonans tomografiya oʼtkazish talab etiladi. Baʼzan yoʼgʼon ichak sohasini paypaslab koʼrishning oʼziyoq dardni aniqlashga yordam bersa, baʼzida esa rektoromanoskopiya, fibrokolonoskopiya va kolonoskopiya qoʼllanadi.
Аgar kasallik endigina boshlanayotgan boʼlsa dori-darmon muolajalari va jarrohlik usuli yordamida bemorni davolash mumkin. Muhimi, jarrohlikdan qoʼrqmaslik lozim. Shuningdek bemor yomon hayollarga berilmay, tuzalishiga oʼzini ishontirishi zarur.
Baʼzan nasl suradi
nasl
Аgar oilada shu dard bilan ogʼriganlar bor boʼlsa, ularning farzandlari yoki nabiralarida ham bu dard kelib chiqishiga moyillik kuzatiladi. Saratonga uchramaslik uchun ular (ayniqsa 40-50 yoshlaridan keyin ) proktolog tekshiruvidan tez-tez oʼtib turishlari hamda yoʼgʼon ichak faoliyati buzilishiga yoʼl qoʼymasliklari kerak.
Maslahatlarimiz shuki, avvalo ovqatlanishni toʼgʼri yoʼlga qoʼying. Qovurilgan ovqatlarni doimiy tarzda isteʼmol qilishdan saqlaning. Xoʼl meva va sabzavotlar, ayniqsa koʼkatlarni cheklanmagan miqdorda yeb turing. Qadoqlangan va rafinirlangan mahsulotlar, shuningdek koʼcha-kuyda pishirib sotiladigan oziq-ovqatlardan oʼzingizni tiying.
Surunkali ich qotish roʼy bersa, axlatda shilliq yoki qon koʼrinsa, qorin atrofida tez-tez ogʼriq tursa va soxta xojat qistashi hamda quruq kuchanishlar bezovta qilsa mutaxassis shifokorga koʼrining.
Bir kunda ikki mahal (ertalab va kechqurun ovqatdan keyin ) ich boʼshalishiga harakat qiling. Buning uchun ichni yumshatuvchi mahsulotlar, kletchatkasi bor oziq-ovqatlar yeb turing, koʼproq koʼk choy iching.
Qahva va quyuq damlangan qora choyni cheklangan miqdorda ichishingiz mumkin.
Farhod DАUTOV,
Toshkent Vrachlar malakasini oshirish institutining
“Proktologiya” kafedrasi professori,
tibbiyot fanlari doktori.

Оставьте комментарий