1-sinfga onlayn hujjat topshirish — qo‘llanma

DO`STLARGA ULASHING:

1-sinfga onlayn hujjat topshirish — qo‘llanma

20 iyundan Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlaridagi maktablarga onlayn-qabul boshlandi. «Gazeta.uz» ota-onalar uchun my.maktab.uz platformasi orqali elektron shaklda maktabga hujjat topshirish bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etadi.

Xalq ta’limi vazirligi umumta’lim maktablariga 2022−2023 o‘quv yili uchun o‘quvchilarni 1-sinfga onlayn qabul qilish tizimi — my.maktab.uz elektron platformasi ishga tushganini ma’lum qildi. Bu orqali ota-onalar uchun uydan chiqmagan holda mobil telefon yoki kompyuter yordamida onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratildi.

Onlayn hujjat topshirish xizmati Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazidagi umumta’lim maktablari uchun mavjud. Ariza topshirish jarayoni 20 iyundan 31 iyulga qadar davom etadi. Bunda jami 25 ta shahar va tumanlardagi 816 ta umumta’lim maktablarida 1-sinfga qabul jarayonlari elektron shaklda amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning boshqa tuman (shahar)laridagi umumta’lim maktablarida 1-sinfga qabul belgilangan tartibda an’anaviy shaklda, ya’ni bevosita maktabda amalga oshiriladi. Bunda ota-onalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri maktab qabul komissiyasiga murojaat etishlari mumkin bo‘ladi.

 

«Gazeta.uz» vazirlikning my.maktab.uz elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tish hamda onlayn arizalarni topshirish bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etadi.

Tizimga kirish

Ota-onalar my.maktab.uz saytiga kirib, asosiy oynadagi ro‘yxatdan o‘tish tugmasini bosishi kerak.

Fuqarolar arizani to‘ldirishi uchun kerakli tilni sahifaning yuqoridagi qismidan tanlab olishi mumkin.

Telefon raqami kiritiladi va unga 6 ta belgidan iborat ixtiyoriy parol qo‘yiladi. Pastki qatordagi Parolni tasdiqlang qismiga ham o‘sha parol qayta yozilishi kerak. 3700 qisqa raqamidan telefonga kelgan kod orqali ro‘yxatdan o‘tish tasdiqlanadi.

Tizimga kirib ro‘yxatdan o‘tayotgan shaxs ma’lumotlarni to‘ldirish jarayonida faqat o‘zining shaxsiy hujjatlari, telefon raqami va bolaning o‘z hujjatlarini kiritishi kerak. Boshqa fuqaro uchun ma’lumotlar to‘ldirish yoki yolg‘on ma’lumotlar kiritish tegishli javobgarlikka tortilishga olib kelishi mumkin.

Ekranda ochilgan ommaviy oferta (Foydalanuvchi bitimi qoidalari) bilan tanishib chiqiladi. Tanishish tugallangandan so‘ng rozilik tugmasi bilan tasdiqlanadi.

Ma’lumotlarni kiritish

Ekranda foydalanuvchining umumiy ma’lumotlari sahifasi ochiladi. Unda fuqarolik turi tanlanishi kerak. Ota-ona yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning bolaga qarindoshlik darajasi belgilanadi. Agar foydalanuvchi ota-ona harbiy xizmatchi bo‘lsa, qo‘shimcha tarzda Harbiy xizmatchi tugmasi bosilishi kerak. Keyingisi tugmasini bosing!

Endigi sahifada ariza to‘ldirayotgan shaxs o‘zining pasport ma’motlari, seriya raqami va tug‘ilgan sanasini kiritadi va Qidirish tugmasini bosadi.

Pasportdagi yozilgan ma’lumotlar tufayli Ichki ishlar vazirligining manzil ma’lumotlari bazasidan fuqaroning yashash manzili haqidagi kerakli ma’lumotlar avtomatik tarzda chiqib keladi. Faqat pastgi qismda keltirilgan yashaydigan mahalla, ko‘cha nomlari, uy raqami tanlab olinadi. Keyingisi tugmasini bosing!

Keyingi sahifa bolaning ma’lumotlari haqida. Bu yerda avval Xujjat turi qismiga kirib, kerakli xujjat nomini tanlash kerak. Pastgi qismdan tug‘ilganlik haqidagi guvohnomada keltirilgan seriya tanlanadi. Undan keyingi katakka guvohnoma raqami, 3-katakka esa tug‘ilgan kun, oy, yil sanasi kiritilishi va Qidirish tugmasi bosilishi kerak.

Qolgan ma’lumotlar pastda avtomatik tarzda paydo bo‘ladi. Shundan so‘ng, quyidagi Yakunlash tugmasini bosish kerak!

Arizani yuborish

Shundan so‘ng Mening arizalarim sahifasi ochiladi. U yerdagi Qo‘shish tugmasini bosish kerak!

Shundan so‘ng, ariza berish boshlanadi. Avval Farzand tugmasini bosish kerak. U yerda bolaning ism-sharifi chiqadi. Uning ustiga bosilsa, 1-sinfga chiqayotgan bola haqidagi ma’lumotlar chiqib keladi. Bu qismdan uning faqatgina qanday tilda o‘qishinigina belgilash kerak. Qolgan qism o‘zi avtomatik tarzda chiqib turadi. To‘ldirib bo‘lgach, Saqlash tugmasi bosiladi.

Saqlash tugmasi bosilgach, ekranda Ariza paydo bo‘ladi. Yuborish tugmasini bosish orqali ariza moderatorlarga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi. Tugmani bosgan paytda takroriy ravishda 3700 qisqa raqamidan yana tasdiqlash kodi keladi. Kodni kiritib, Tasdiqlash tugmasini bosish kerak bo‘ladi.

Mazkur jarayonda fuqaro yuborgan ariza holati Qo‘rib chiqilmoqda holatida turadi. Tizim moderatorlari yuborilgan arizalar to‘g‘ri to‘ldirilganmi yoki yo‘qligini tekshiradi. Agar ariza to‘g‘ri to‘ldirilgan bo‘lsa, mikrohudud bo‘yicha tanlangan maktabga yo‘naltiriladi.

Shundan so‘ng yuborilgan arizaning holati Maktabga yuborildiga o‘zgaradi. Moderator tomonidan to‘g‘ri to‘ldirilgan arizalarni maktab mas’ul xodimlari elektron platforma orqali qabul qiladi. Qabul qilingan arizalarning holati Maktabga qabul qilindi darajasiga yetadi.

Arizalar 3 ish kunida ko‘rib chiqilishi kerak. Onlayn qabul bo‘yicha boshqa ma’lumotlarni fuqarolar (71) 203 07 04 telefon raqami yoki Telegram`dagi @mymaktab_uz rasmiy kanali orqali olishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, nodavlat ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari ushbu ta’lim muassasalarining o‘zlari tomonidan belgilangan tartibda bajariladi.

Manba:https://www.gazeta.uz/oz/2022/06/21/instruction/

Оставьте комментарий