Перейти к содержимому
DO`STLARGA ULASHING:
Urush yillarida O‘zbekistonning sanoati va qishloq xo‘jaligi.
Urushning dastlabki kunlaridayoq urushgacha sovet davlatida ishlab chiqariladigan temirning 68 foizini, po‘latni 58 foizini, alyuminning 60 foizini beradigan G‘arbiy rayonlardagi sanoat korxonalarining ko‘pchiligini dushman bosib olgan edi. Shu bois dushman ustidan g‘alabani ta’minlaydigan sanoat ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yish kerak edi. Bu masalada O‘zbekiston ham alohida o‘rin egallashi zarur edi.
Buni anglab yetgan Respublika Komfirqasi Markaziy Qumitasi o‘zining 1941 yilning 25 avgustida bo‘lib o‘tgan byurosida respublikamizdagi mavjud sanoat korxonalari faoliyatini urush manfaatlariga qaratib qayta tashkil qilish tug‘risida qaror qabul qildi. Bunga asosan urushgacha tinchilik davriga xos mahsulotlar ishlab chiqarayotgan korxonalar front uchun qurol-yaroq, texnika ishlab chiqaradigan korxonalarga aylantirildi.
1941 yilning oxirlariga kelib 300 zavod va fabrika front uchun mahsulot berayotgan edi. Bundan tashqari elektr energiyasi, yoqilg‘i bazalarini rivojlantirishga ham katta e’tibor berildi.
Urushning dastlabki kunlaridan boshlab O‘zbekiston mehnatkashlari milliy harbiy qismlarni respublika hududida tuzish tashabbusi bilan chiqdilar. I.V.Stalin boshchiligida 1941 yil 30 iyunda tuzilgan Davlat mudofaa Qumitasi bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi va 1941 yilning 13 noyabridan bunday milliy harbiy qismlar tuzishga ijozat berdi.
Shundan keyin respublikamizda ko‘plab bunday qismlar tuzilib, ularning jangchilari jang maydonlarida mardlik va jasorat namunalarini ko‘rsatdilar.
Mehnatga yaroqli erkaklarning deyarli aksariyati frontga safarbar etilganligini o‘z mahsulotlari bilan front ehiyojlarini qondirishi havodek zarur bo‘lgan respublika zavob va fabrikalarida ishchi kuchi, ayniqsa malakali injener-texnik xodimlar yetishmas edi. Bu muammoni hal qilish maqsadida respublikada bir qancha hunar bilim yurtlari qisqa muddatli kurslar, oliy o‘quv yurtlari yangidan tashkil qilindi.
Vatan uchun o‘ta og‘ir bo‘lgan bu urush yillarida O‘zbekiston xotin-qizlari mamlakat boshiga tushgan fojiani o‘z fojialari deb bilib, o‘zlarining bor kuch imkoniyatlarini uning himoyasiga uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratdilar. Hali 1941 yilning iyul oyidayoq Ursatvevsk stansiyasida 300 dan ortiq Samarqand shahrida 250 dan ko‘proq «Tashselmash» zavodida 220, Andijon paravoz deposida 120 dan ortiq xotin-qizlar frontga ketgan erkaklar o‘rnida mehnat qilishga kirishdilar. Xotin-qizlarning bunday tashabbuslari tez orada butun respublika hududlari bo‘ylab ommaviy tus oldi.
Urushning dastlabki kunlaridanoq Respublikada umumxalq mudofaa fondi tashkil qilinib, bu fondga hali 1941 yilning 21 avgustigacha 5 million 293 ming so‘m pul, zayom obligatsiyalari va qimmatbaho buyumlar topshirildi. Mudofaa fondiga topshirilgan bunday mablag‘lar butun urush yillarida ham davom etib, uning hajmi doim ortib bordi. Buni biz 1941-45 yillar davomida bu fondga Respublikamiz mehnatkashlari tomonidan t650 million sum pul va zayom obligatsiyalari,22 million so‘mlik qimmatbaho buyumlar, 55 kg qimmatli metallarni topshirilganida yaqqol ko‘rishimiz mumkin.
Shunday qilib O‘zbekiston mehnatkashlari ikkinchi jahon urushi yillarida Gitlerchilar va Germaniyasining sobiq Sovet ittifoqiga qilgan yovuzlarcha hujumini, o‘z boshiga tushgan fojia, og‘ir hayot mamot sinovi deb baholab, o‘zlarining barcha kuch va imkoniyatlarini umumiy, Vatan himoyasiga qaratdilar.
Mamlakat boshiga tushgan harbiy holat front orqasini mustahkamlashga qaratilgan kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni amalga oshirishni talab qilar edi.
Mamlakatni xalq xo‘jaligini harbiy maqsadlarga qaratib qayta qurish mamlakatni yagona harbiy lagerga aylashtirishga qaratilgan umumiy dasturning muhim tarkibiy qismi qilib qo‘yilgan edi.
Bu masalada Sharqiy rayonlarga, jumladan O‘zbekistonga katta e’tibor berildi. Respublika yuqorida aytib o‘tilganidek, bu davrda soyet armiyasining orqadagi mustahkam istehkomi, tayanchi bo‘lishi kerak edi. Shuning uchun urushning dastlabki oylaridan boshlab mamlakatning boshqa Sharqiy rayonlari kabi O‘zbekisonga sovet Ittifoqining ichkari rayonlaridan yuzlab sanoat korxonalari, kolxoz va sovxozlarning mol-mulklari, madaniyat va maorif muassasalari yuz minglab odamlar, bolalar evakuatsiya qilindi. (ko‘chirildi) O‘zbekistonga 100 dan ortiq sanoat korxonalari ko‘chirib kelingan bo‘lib bular jumlasiga V.P.Chkalov nomidagi Moskva aviatsiya ishlab chiqarish korxonasi, Lenigrad to‘qimachilik mashinalari zavodi, Rostselmash, Krasno‘y Aksay, Sumo shahridan keltirilgan kompressor, Leningraddan keltirib Samarkand shahrida o‘rnatilgan KINAP zavodi, Moskvadan keltirilgan «Podyemnik» «Elektrostanok» zavodlari Stalingrad ximkombinati va o‘nlab korxonalar kiradi.
Mamlakat ichkaridan respublikamizga ko‘chirib kelingan bu korxonalarni juda qisqa vaqt ichida o‘rnatib, ularda mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish zarur edi. Chunki mamlakat boshiga tushgan vaziyat shuni taqozo qilardi.
Respublika rahbariyati, uning mehnatkashlari buni anglagan holda bu ishga o‘zlarining butun kuch va imkoniyatlarini ishga soldilar. Natijada ko‘chirib kelingan korxonalarning barchasi qisqa vaqtlarda o‘rnatilib ishga tushirildi.
«Rostselmash» zavodining ayrim sexlari uch hafta ichida qurilib, frontga mahsulot berishni ta’minlangan bo‘lsa bu zavodning o‘zi ikki oy ichida qurib bitirilgan edi. 1941 yilning oxiriga kelganda Respublikamizga ko‘chirib kelingan korxonalardan 50 tasi (yarmi) qurilib bo‘lib, ulardan juda zarur front mahsulotlari olinayotgan edi.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, yrik sanoat korxonalaridan tashqari Respublikamizga bu og‘ir yillarda boshpanasiz qolgan oilalar, yetim go‘daklardan 7-6 ming kishi keltirib joylashtirildi. Faqat 1941 yildagina 200 ming bola baolalar uyiga joylashtirilgan edi. O‘zining baynalminallik burchiga doim sadoqatli bo‘lib qolib kelayotgan o‘zbek xalqi ko‘chirib keltirilgan aholiga, bolalarga mehribonlik bildirib, ularga mehr – oqibat ko‘rsatdi, kiyim-kechak, oziq-ovqat berdi.
Yuzlab, minglab o‘zbek oilalari yetim bolalarni saqlab olib ularni o‘z bolalari kabi ardoqlab, avaylab, o‘stirib, voyaga yetkazib uyli joyli qiladi.
Jumladan, Toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov o‘z turmush o‘rtog‘i Bahri opa bilan ota-onasiz yetim qolgan bolalardan 16 tasini olib tarbiyalab voyaga yetkazdilar va mustaqil hayotga uzatdilar.Bunday misollar bu yillarda respublikamizda ko‘plab topilar edi.
Shunday qilib, respublikamiz, uning mehnatkashari urush yillarida fashizmga qarshi hayot-mamot janglarini olib borayotgan sovet armiyasining front orqasidagi haqiqiy ishonchli va qudratli tayanchiga aylandi. Bu esa mamlakatning Germaniya va uning ittifoqchilari ustidan qozongan g‘alabasini ta’min etishga katta rol o‘ynadi.
Mamlakat urushga tortilib uning barcha hududlarida umumiy safarbarlik e’lon qilinib, butun kuch va imkoniyatlar urushga, dushman ustidan qozoniladgan g‘alabalaga qaratilar ekan, bunda shu g‘alabani ta’min etish imkoniyatini berdigan xo‘jalikni barpo etish o‘ta dolzarb masalalardan biri qilib qo‘yilgan edi. Bu masalani shu davrda bunday o‘tkir qilib qo‘yilishi biz bundan yuqoridagi fikrlarimizda aytib o‘tganimizdek, urushgacha mamlakat og‘ir sanoati mahsulotining 60 –70 foizini qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ham talay qismini yetkazib berayotgan g‘arbiy rayonlar dushman qo‘liga tushib qolgan edi.
O‘zbekiston respublikasi rahbariyati mamlakatda vujudga kelgan bu vaziyatdan kelib chiqib 1941 yilning 25 avgustida respublika Komfirqasi Markaziy Qumitasining byurosini chaqirib, unda sanoat korxonalari ishiga rahbarlik qilish uchun hukumat komissiyasini tuzdi. Bu komissiya respublikadagi shu vaqtgacha faoliyat ko‘rsatayotgan sanoat korxonalarini urushga kerakli mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalarga aylantirdi, g‘arbiy rayonlardan keltirilgan zavod-fabrikalarni respublika hududlarilda o‘rnatib harbiy mahsulotlar ishlab chiqarishni ta’min etdi. Bundan tashqari komissiya mudofaa sanoati korxonalarni kerakli yoqilg‘i, elektr quvvati va metall bilan ta’minlash borasida ham katta ishlarni amalga oshirdi. Xususan, 1942 yil noyabrigacha Chirchiq, Toshkent energetika sistemalarining quvvatini 160-170 ming kilovatga yetkazish, 4-5 oy ichida Toshkent yaqinida ko‘mirda ishlab 60-70 ming kilovatt elektr energiyasi bera oladigan issiqlik elektro stansiyasi qurish rejalashtirildi. Bundan tashqari bu yillarda respublikada ko‘mir, neft va metall ishlab chiqarishni kuchaytirish choralari belgilandi. Natijada Solar, 1-quyi Buzsuz (birinchi navbatini) 2-Oqqovoq (ikkinchi navbatini), Farhod gidroelektro stansiyalarini qurish boshlab yuborildi. Xullas 1942 yilga kelib respublikada xalq xo‘jaligini harbiy izga solish ishlari asosan yakunlandi.
Respublika mehnatkashlarining front orqasidagi mehnat jasoratlari tufayli 10 oy ichida Sirdaryo jilovlanib, Farhod GESi bunyod etildi. Uning ikki agregati (birinchi navati) 1946 yili ekspluatatsiyaga topshirildi. Respublikada urush yillarida Tovoqsoy, Oqtepa, Oqqovoq, Qibray, Solar, Qutbozsuv va boshqa gidroelektrostansiyalar qurilib ishga tushirildi. Natijada respublikada elektroenergiya ishlab chiqarish 1940 yildagi 482 million kv soatdan 1945 yilda 1.187 million kv soatga ko‘paytirildi. Urush yillarida respublikada yoqilg‘i sanoatini rivojlantirishga ham katta e’tibor berildi.
Respublikadagi mavjud eski neft, ko‘mir konlari kengaytirilib, Angren, Sharg‘un, Qizil qiya va boshqa yangi konlar ochilib ishga tushirildi. Ayniqsa bu yillarda respublikamizda qurilgan sanoat korxonalari ichida yetakchisi bo‘lgan Bekobod metollurgiya zavodining 1944 yilning mart oyida qurilib ishga tushishi katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Urush yillarida Olmaliq shahrida mis koni topilib, ishga tushirilgan bo‘lsa, Chirchiq, Qo‘qon shaharlarida yirik ximiya sanoati korxonalari bunyod etildi. Shuningdek, bu yillarda to‘qimachilik, poyabzal yengil va oziq-ovqat sanoati va transport tarmoqlarini rivojrivojlantirish masalalarida ham ancha ishlar qilindi. Bular natijasida 1941-1945 yillar ichida respublikada 280 ta yangi sanoat korxonalari qurib ishga tushirildi. Natijada O‘zbekistonda 1945 yilda 1940 yilga qaraganda sanoat mahsuloti ishlab chiqarishning umumiy hajmi 7 baravarga o‘sishi ta’min etilib frontga katta hajmdagi xarbiy sanoat mahsulotlari yuborilishi yo‘lga qo‘yildi.
Urush yillarida respublikamiz sanoati fronga 2090 samolyot, 17342 aviamotor 2318 000 aviabomba, shuncha minomyot, 22 million mina, 560 ming snaryad, 1 millionga yaqin granata, 330 ming poroshyut, 5 bronopoyezd va boshqa mahsulotlar yetkazib berdi.
Biz ma’ruzamizning boshida aytib o‘tganimizdek urushning dastlabki 5 oyi ichida fashistlar Germaniyasi qo‘shinlari 1941 yilning iyunigacha 75 mln aholi yashab turgan 1,5 mln kv km mamlakat yerini bosib olgan edi. (Sovet Ittifoqining urush arafasidagi aholisining soni 194 mln kishini tashkil etganini hisobga olsak 75 mln juda katta raqam edi.)
Urushning boshida dushman bosib olgan katta hududning anchasi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi rayonlari edi.
Shuning uchun mamlakat aholisining, frontni oziq ovqat kiyim-kechak, sanoat korxonalarini xom-ashyo bilan ta’minlash ishida katta qyinchiliklar yuzaga keldi.
Mamlakatda vujudga kelgan bu og‘ir vaziyatni muhimligini tushungan O‘zbekiston qishloq mehnatkashlari urush sharoitida mamlakatga kerak bo‘lgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetkazib berishga qaratib o‘z faoliyatini qayta qurishga kirishdilar.
Biroq bu osonlikcha kechmadi. Urush tufayli markaziy rayonlardan traktorlar, mashina mexanizmlari va boshqa texnika vositalarining respublikaga keligi uzilib qolganligi, qishloq xo‘jaligida mehnat qiladigan ishchi kuchining asosiy qismini fronga ketganligi (kolxozchilarning 30 foizini fronga ketgan edi.), o‘g‘it va yoqilg‘i bilan qishloq xo‘jaligini yomon ta’minlanganligi katta qiyinchiliklarni keltirib chiqardi.
Urushgacha asosan paxta ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan respublika endi paxtachilik bilan birga qishloq xo‘jaligini boshqa tarmoqlarini ham rivojlantirishi, frontga, aholiga paxta bilan birga ko‘p miqdorda don, qand lavlagi, pilla, poliz mahsulotlari yetkazib berishi kerak edi.
Bu vazifalarni bajarish o‘z-o‘zidan bo‘lmay qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishni tashkil etishga endi qattiqroq, jiddiyroq qarashni talab qilardi. Buni hisobga olgan holda, urushning dastlabki oylaridan boshlab respublika qishloq xo‘jaligida ish sharoiti sezilarli darajada og‘irlashtirildi. Kolxozlarda majburiy mehnat kuni minimumi urushdan oldingi davrga qaraganda 1,5 marta ko‘paytirildi, 12 yoshdan boshlab bolalarga mehnat kuni minimumi belgilandi. Belgilangan mehnat kuni minimumini bajarmagan kolxozchi va ularning oilalari sud javobgarligiga tortilgan.
Respublikamiz qishloq mehnatkashlari shunday og‘ir sharoitlarda ham o‘z ustilariga yana oshirilgan majburiyatlarni olib, o‘zlarining kundalik ish formalarini 1,5 –2 marta oshirib bajardilar.
Urush yillarida qishloq mehnatkashlarining mehnat jasoratlari tufayli respublikada yangi suv inshootlari qurildi, yangi yerlar ochilib, ekin maydonlari kengaytirildi. Jumladan bu yillarda Shimoliy Toshkent kanali, Yuqori Chirchiq, Shimoliy Farg‘ona, Sox-Shohimardon, Uch-qurg‘on kanallari Kosonsoy suv ombori qurildi, Katta-qurg‘on suv omborini suv bilan to‘ldirish boshlandi.
Bu suv inshootlarining qurilishi natijasida faqat 1942-1943 yillardagina respublikaning sug‘oriladigan yerlar maydoni 546 ming gektarga ko‘paydi. Buning natijasida respublika ham 1942 yili 1940 yildagiga qaraganda g‘allani 45% ga ortiq topshirdi.
Biroq shuni alohida qayd qilish zarurki, urush yillarida ham respublikamiz mamlakatni asosiy paxta yetkazib beradigan rayoni bo‘lib qolayotgan edi. Ayniqsa frontni bu mahsulotga bo‘lgan talabini qondirishda respublika asosiy o‘rinni egallashi kerak edi. Buni idrok etgan respublika qishloq ahli 1941 yilda paxta tayyorlash bo‘yicha davlat topshirig‘in oshirib bajardilar. Shu yili davlatga 1645, 7 ming tonna yoki 1940 yilga nisbatan 200 ming tonna paxta topshirdilar. Shuningdek 1941 yilda 1940 yilga nisbatan 3 marta g‘alla topshirildi.
Respublikamiz qishloq mehnatkashlari urushning keyingi yillarida ham jonbozlik ko‘rsatib, mehnat qildilar. Bu yillarda «Hamma narsa front uchun, hamma narsa g‘alaba uchun!» degan shiorlar ostida mehnat qilish dehqonlarimiz uchun an’anaga aylanib qolgan edi. Ular o‘z ustilariga yildan yilga oshirilgan majburiyatlar olib, «o‘n ming kilogrammchilar», «O‘n besh ming kilogrammchilar» harakatini keng quloch yoydirib mehnat qila boshladilar.
Albatta bunday mehnat o‘zining ijobiy samarasini bermay qolmadi.
1944-45 yillarda urush sharoitida soha uchun katta qyinchiliklar mavjud bo‘lishiga qaramasdan, davlatga paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berishda yuqori natijalarga erishildi.
Respublikamiz 1944 yilda paxta tayyorlash yillik rejasini muddatdan oldin oshirib bajarib, davlatga 820 ming tonna paxta yetkazib berdi. Bu 1942 yildagiga nisbatan 325 ming tonna ko‘p edi. Dehqonlarimiz 1945 yilda ham paxta tayyorlash rejasini muddatdan oldin 100, 6 foiz qilib bajardilar.
Xullas, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mehnatkashlari urush yillarida mamlakatga 4 million 806 ming tonna paxta, 1 mln 282 ming tonna don, 159 ming tonna go‘sht, 54,1 ming tonna meva va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berib umumiy g‘alabaga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shdilar.