Abdulla Oripov. Bahor she’rlari

DO`STLARGA ULASHING:

Abdulla ORIPOV
BAHOR SHE’RLARI
09
ACHCHIQ CHOY
Yarim davlat emish niyating goho,
Qorni to’ygan kuni yo’qsil boy emish.
Muhabbat chiroyni tanlamas aslo,
Uyqu bosib kelsa, tosh ham joy emish.
Mayli qishloqdasan yoki shaharda,
Egamga bir fe’ling yoqsa agarda,
Xizr yo’ldosh bo’lgay doim safarda,
Boshingga qo’ngan qush, u Humoy emish.
Magar chappa ketsa ishing,omading,
O’ttizga kirmasdan yoydir qomating.
Yashashga chayla ham qura olmading,
Ellikka borganda holing «voy» emish.
Xudoyim berdimi aql va yurak,
Ularga munosib muhit ham kerak.
Kimga elu yurti bo’lsa gar tirgak,
Qarigan chog’da ham toshqin soy emish.
Salomat yetdingmi qutlug’ bir yoshga,
Shukur qil, hamdamsan oyga, quyoshga.
Va lekin sharobning yo’rig’i boshqa,
O’rnini bosguvchi achchiq choy emish.
29.05.2016
XAYOL VA HAYOT
Magar chiqib ketsam tog’larga tomon,
Bo’lardim ayiqlar bilan suhbatdosh.
Do’lana terardim balki yonma-yon,
Mehribon do’stlardek tunu kun yo’ldosh.
Sho’ng’ib ketsam agar teran ummonga,
Suvlarning ostida yurardim yashab.
Baliqda toqat yo’q shovqin-suronga,
Ular baqirmaydi bizlarga o’xshab.
Bir kun osmonlarga aylasam parvoz,
Turnalar safida chappor urardim.
Tanishdir yulduzlar chalib turgan soz,
Bazmiga qo’shilib, jo’r ham bo’lardim.
Bu gaplar amalga oshmagay aslo,
Endi xayol bilan qolganman butkul.
Boshqa birovni-ku aytmangiz, hatto
Nabiram ko’ngliga topolmasman yo’l.
Hanuz taraqqiyot to’xtagan emas,
G’ordan chiqqan kabi shu zum odamzot.
Turfa sinovlarga kela oldi bas,
Lekin o’zligini unutdi, hayhot!
Afsus, qalbsizlikka yuz burdi Inson,
Aqchadir suyangan murabbiysi ham.
Tuyg’ular bir chetda qoldilar hayron,
Bevaqt nafaqaga chiqqandek odam.
Hech kimning sen bilan ishi yo’q zarra,
Mayli, ko’k toqiga chirog’ingni os.
Ismingni so’rashmas hatto bir karra,
Falon raqamdagi bandasan, xolos.
30.04.2016.
AVLIYO QISSASI
Chilla o’tirmoqni qildi-yu niyat,
G’orga kirib ketdi bir kun avliyo.
Muhiblar dedilar guvranib g’oyat:
– Duongiz ijobat bo’lsin, iloyo.
Lekin avliyoni vaqt o’tgan sayin,
Unuta boshladi muridu tolib.
Nedir yuz bergandi o’rtada tayin,
Qandaydir falokat kelgandi g’olib.
Payt o’tib, tugadi chilla muddati,
Avliyo g’orini tark etdi u kun.
Qalbida jo’sh urib mehru shafqati,
Muhiblar qoshiga yo’l oldi mamnun.
Kecha some bo’lgan kimsalar ammo,
Yovuz nazar bilan qarshi oldilar.
– Iblis keldi, – deya ko’tarib g’avg’o,
Uni el ichidan haydab soldilar.
Rost yo’ldan adashgay banda har mahal,
Magar yuragida zaifdir imon.
Kor qilmas endi hech duo-yu amal,
Sarsondir avliyo, pirlar sargardon.
Hattoki ezgulik topgaydir barham,
Yumilgay vijdonning ikkala ko’zi.
Avliyo g’or tomon qo’yganda qadam,
Qalblarga kirgandi Iblisning o’zi.
15.04.2016
UMRIMIZ YO’LLARI
Oqshom cho’kar asta,
Boshlanadi tun
Toshkentning o’rda-yu go’shalarida.
O’g’lim ikkalamiz kezamiz beun
Ulkan bu shaharning ko’chalarida.
Samodan tushgandek millionlab chiroq,
G’aroyib nur bilan chulg’anar zamin.
Bu joyda jam bo’lar yaqin va yiroq,
Men bunda totganman yoshlikning ta’min.
Ulug’ davralarda charxlandi ruhim,
Ko’rdim do’stlarimdan izzat, e’tibor.
Sirli she’riyatga to’ldi shukuhim,
Balki zinalarda izlarim ham bor.
Endi yoshim o’tgan, qadrdonlar kam,
Bilmayman nogahon borar yerimni.
Torayib qolgandek ko’rinar olam,
Garchand e’zozlashar hamon she’rimni.
Bolam-chi, vo ajab, u ham bemanzil,
Go’yoki sohilda qoldik ikkovlon.
Shahar qaynab yotar, odam turfa xil,
Omad boqmas lekin bizlarga tomon.
Umrning bepoyon yo’llari bo’ylab,
Qaygadir jimgina tashlaymiz qadam.
Men-ku nimanidir yuribman kuylab,
Farzandim ko’nglida nelar bor, bilmam.
Inson tafakkuri, baxtu iqboli,
Jo’n bir tasodifga bog’lanmasin hech.
“Olam zavolidir olim zavoli”,
Buni Rasululloh aytgan erta-kech.
Hikmatni uqmadi lekin odamzot,
Oyoq osti bo’ldi ong bilan shuur.
Zaminda yursak ham bepar, beqanot,
Har nechuk hayotmiz, shunga ham shukur.
O’g’lim, faqatgina Haqning yo’lin tut,
Faqat ezgulik deb qilgin ibodat.
Bir kun bu sinovlar bo’lgaydir unut,
Buyuk irodangga tayangin faqat.
Hamdamdek quvonchim va faryodimga,
Yana ko’rinadi quyosh tong-sahar.
Olis yoshligimni solib yodimga,
Boshimni silaydi onamdek shahar.
7.04.2016
HAYOT IBRATLARI
Ko’chadan keldimu hovlimda nogoh,
Ari uyasiga boshimni tiqdim.
Qaysi kun, jarchi qush qilsa ham ogoh,
Qashqir to’dasiga birdan yo’liqdim.
Yoz payti safarga chiqib bir zamon,
Daf’atan tushganman qishning zabtiga.
Ayozda yo’l bosdim, egnimda chopon,
Biroq duchor bo’ldim yozning taftiga.
Jannatni ko’ray deb, men sho’rim qurib,
Qancha sinovlarga ayladim bardosh.
Va lekin dunyodan ketmasdan turib,
Do’zax ahli bilan bo’ldim davradosh.
Axir ezgulikka tikkandim-ku ko’z,
Dilimda yashardi ulug’ ibodat.
Barcha yukunishlar hayf ekan, afsus,
Agarda bo’lmasa ular ijobat.
Qirq yil kamsitdilar erinmay, sekin,
Kirar eshigimni qattiq yopmadim.
O’zimcha barchani tushundim, lekin
Meni anglaydigan zotni topmadim.
29.03.2016
TOIFALAR
Sizga bab-barobar yoqmasman so’zsiz,
Garchi she’r yozaman yoqmoq qasdida.
Biringiz narvonning tepasidasiz,
Ikkinchingiz esa uning pastida.
Bir joydan chiqmagan fikringiz aslo,
Biringiz tegirmon, ikkinchingiz don.
Men-chi, tegirmonchi kimsaman go’yo,
Gapim uqdirolmay, o’rtada sarson.
Biringizga yoqar oftobli kunlar,
Biringiz yomg’irli kunga oshiqsiz.
Biringizda mudom hasratli unlar,
Boshqangiz hamisha ko’ngli ochiqsiz.
Siz shaydo va lekin farqingiz ancha,
Didingiz turlidir, hatto qorishiq.
Bir vaqtning o’zida, urinmay qancha,
Aytib berolmasman ikki xil qo’shiq.
Balki qalblaringiz anglamoq uchun
Yillar o’tib ketar sekin va og’ir.
Kelishib olgaysiz, insholloh, bir kun,
Qolmas orangizda jumboq bilan sir.
Hozir-chi, dardingiz turfadir mutloq,
Rozi ham bo’lmaysiz mendan shu fursat.
Birovingiz uchun ko’rinsam-da oq,
Ikkinchingiz uchun qoraman faqat.
16.03.2016 y.
SHARQ QISMATI
Sharqlikman,
Emasman yo’lidan ozgan,
San’atga o’rayman aytar so’zimni.
Tagor hindu bo’lib madhiyam yozgan,
Mulla To’ychi aytgan “Qora ko’zim”ni.
Kashfiyot qilay, deb urinmay harchand,
Yo’limni muttasil to’sdi xurofot.
Fikrim koinotni quchsa ham garchand,
Mudom hamroh bo’ldi aroba-yu ot.
Men hatto quyoshning hidini sezdim,
Yulduzlar iforin tuydim bexato.
Gar sevsam, Karbalo dashtida kezdim,
Kirdi tushlarimga Tojmahal tanho.
Boshqalar yaratdi, men esa tun-kun,
Unga maftunlikdan aylamadim or.
Afsus, eng chiroyli gulning ham bir kun,
So’lib, oyoq osti bo’lmoqligi bor.
Boylik qazib oldim yerning ostidan,
Tugab qolishini o’ylamay aslo.
To’y qilib, ayrilgan bor bisotidan,
Noshud boyvachchaning o’ziman go’yo.
Endi anglab yetdim, shuhrat-shonimni
Ta’min etgan ekan buyuk daholar.
Yovlarning o’qidan xonadonimni
Asrab kelmish doim ezgu duolar.
02.03.2016

Оставьте комментарий