Aleksandr Pushkin. She’rlar va doston

DO`STLARGA ULASHING:

Aleksandr Pushkin. She’rlar va doston

 

DO’STLARIMGA
Parvardigor baxsh etmish sizga
Oltin kunduz, oltin kechalar,
Xumor qizlar ko’z tutmish sizga
Sinchkov nigoh dilga o’t qalar.
O’ynang, kuylang, mening do’stlarim!
Sho’x oqshomlar o’tkinchi, bir zum.
Tashvish bilmas baxtingizga jim
Ko’zyosh bilan qilgum tabassum.
1816

 

KAZAK
Yarim tunda bir safar
Tuman va zulmat aro,
Daryo bo’ylab jim o’tar
Chapani kazak tanho.
Qora telpak chakkada,
Choponi changga botgan.
To’pponcha yon, chekkada,
Qilichi yerga tekkan.
Sodiq ot, jilov holi
Qadami shahdam-shahdam;
To’lqinday uzun yoli
Olislarga boqqan dam.
Uchrar bir-ikki uylar,
Yiqilgan yog’och devor;
Qishloqqa borar yo’llar,
Bu yon qalin qayinzor.
“O’rmonda topilmas qiz,–
O’yladi chapdast Denis, –
Go’zallar uyda bu kez
Tunda yurmaslar yolg’iz”.
Jilovni siltar donlik,
Poshna-la niqtar, onda,
Ot chopar misli o’qdek,
Yog’och uylar tomonga.
Bulutda oy tovlanar
Olis osmon-falakda;
Darchadan olovlanar
Go’zal ma’yus va yakka.
Mard ko’rib go’zal qizni;
Yuragi dukillaydi.
Ot chapga burar izni –
Va darcha tiqillaydi.
“Tun qorayar tobora,
Yashirindi oy tunga.
Tezroq bo’l, bekam, qara
Suv bersang-chi, otimga.”
“Yo’q! Navqiron yigitga
Qo’rqqum yaqin borgani,
Qo’rqqum uydan chiqishga,
Otingga suv bergani”.
“Oh! Albatta, go’zal qiz,
Do’st bo’lgin undan ko’ra!”
“Tun go’zalga xavf hargiz”.
“Baxtim! Qo’rqmagin sira!
Ishon, bekajon, yetar;
Yolg’on qo’rquvni tashla!
Oltinga teng vaqt ketar;
Kel, albatta, yo’l boshla!
Bedovga o’ltir, sen-la
Olisga boray, albat;
Baxtli bo’lasan men-la:
Do’st bo’lsa, har yer jannat”.
Sho’rlik qiz netar? Ko’ndi
Yengdimi qo’rquv, badkor;
Birga ketardi endi,
Kazak bo’ldi baxtiyor.
Yelishib, kezdi dunyo.
Bir-birin sevdi, albat;
Ikki hafta qildi vafo,
Uch haftada xiyonat.
1815

 

DARCHA
Yaqinda, bir oqshom mahali,
Tuman quchgan cho’lning qamari.
O’z yo’lida suzgani sari,
Bir qiz ko’rdim – darchadan nari.
O’yga cho’mib yolg’iz o’ltirar,
Entikadi, hadik bor dilda,
Ko’zlarda xavotir… termular
Do’m pastiga, qorong’u yo’lga.
“Bu yoqqa!” – besabr pichirlab,
Qiz uzatdi qo’lin, hoynahoy.
Darcha asta-asta qisirlab …
Zulmat ichra yashirindi oy.
“Baxtli, – dedim dilimda hijron, –
Visol seni kutmoqda bu dam.
Axir qachon bir go’zal oqshom
Ochilgaydir darcha menga ham?”
YANGILIK
— Yangiliklar bormi? “Xudo haqqi, yo’q”.
— Yo’q, aldama: bari senga ayon-ku,
Uyat, o’rtog’ingga ko’zing qilib lo’q
Ag’yorday, doimo diling pinhon-ku,
Xafamisan mendan yo, og’a, uzr?
O’jar bo’lma: menga bitta gap ayt, bas…
“Oh, meni tinch qo’ygin, bilganim shudir:
Ahmoqsan, bu esa yangilik emas.”
1813-1817

 

* * *
Kechiring, vafodor emanlar!
Kechir, sokin dalalar bag’ri.
Havoyi dilxushi zamonlar
Hayotimning chopqir kunlari!..
Kechir, Trigorsk, baxt meni
Doim qarshi olgan ey, makon!
Mehringizni kech angladimmi
Sizni mangu tark etajak on?
Sizni olib ketgum xayolda
Ammo shunda qolgaydir qalbim.
Balki (shirin orzum xayolda!)
Dalalarga men yana qaytgum,
Trigorsk yonbag’irlari
Ham sersoya jo’kazor bag’ri,
Aql, shodlik, go’zallik sari,
Erk va do’stlik oshig’i kabi.
1817-1820

 

* * *
O’rmon etagida, vodiyga yaqin,
Ajib bir go’shada, jilg’asi zarrin,
Vidolashdi Alina, navqiron Edvin;
Eshitgandim so’nggi bo’salar sasin.
Oy chiqsa ham – Alina ul go’shada,
Kutar, ko’ksi titraydi sog’inchidan.
Tong otsa ham – qiz ko’z tikar o’shanda,
Bo’m-bo’sh yo’lga, oq tumanlar ichidan.
Jilg’a bo’ylab, o’shal tol soyasida,
Ko’rgan ekan qo’shni qishloq cho’poni,
Mahzun to’lqinlarning oynasida,
Otash kunda poda haydagan oni.
Yillar o’tdi – o’tdi shu ko’cha-kuydan;
Ko’zim tushdi – qaytib kelardi Edvin.
o’amgin kelar, emanzorga vodiydan
Ajib ul go’shaga, jilg’asi zarrin.
Edvin boqar – o’shal tolning ostida
Taqsir rohib kutar edi bu zamon,
Undadir qabr, yangi xoch tik ustida,
Xochda esa qurigan chambar, xazon.
Dil ezilib, qo’rquv kelar o’yiga
Bu yerda kim? – bitikni o’qirkan jim,
Bosh egib… yiqilar rohib poyiga
Va eshitdim uning so’nggi nafasin…
1819

 

MENING… ISHQIY SHE’RIM
Ey, siz sevgi olovida yonmaganlar,
Unga boqing, anglagaysiz muhabbatni.
Ey, siz sevib, ko’ngli sovib, to’nmaganlar,
Unga boqing: his etgaysiz yana baxtni.
1819

 

AJNABIY QIZGA
Sen anglamas so’zlar, ohlarda,
Bitarkanman vido ash’orim,
Ammo xushhol ishtibohlarda
E’tiboring so’rgum, dildorim:
Azizam, qalbim hech so’nmagay,
Tuyg’um so’nmas firoqlarda jim
Iltijo qilmoqdan tinmagay
Yolg’iz senga, senga azizim.
Boqsang hamki o’zga har kimga,
Ishon faqat qalbimga manim,
Avvalgiday ishonding unga,
Anglamay ham iztiroblarin.
1822

 

* * *
Hammasi tugadi: oramiz ochiq.
Poyingga tiz cho’kib so’nggi bor,
Alamli so’zlarim aytoldim, dildor.
Tugadi… – eshitdim, javobing achchiq.
Aldamasman yana o’zimni minbad,
Hijronda ortingdan bormam izma-iz.
Balki unutarman barini, shaksiz –
Menga yaralmagan ekan muhabbat.
Sen navnihol go’zal: sof qalbingda cho’g’,
Hali seni sevar shaydolaring ko’p.
1824

 

* * *
Qonimda yonadi istak gulxani,
Sen bois qalbimda g’ussa va titroq,
Bo’sa ol: men uchun bo’salar ta’mi
Asal va sharobdan ko’ra totliroq.
Men sari boshingni ega qol ma’yus,
Roziman, o’lsam ham shu halovatda,
To so’nib borarkan quvonchli kunduz,
Bosib kelar tungi soya, odatda.
1825

 

UZUM
Sira yo’qdir gullardan arzim,
Bahor o’tgach, bo’lguvchi xazon;
Lek novdada tovlangan uzum,
Tog’ poyida yetilgan jonon.
Yashil vodiy huri, dilrabo
Oltin kuzning dilxush bog’iday;
Uzun-uzun, nozikdir, go’yo
O’n yetti yosh qiz barmog’iday.
1824

 

* * *
Ahvol qalay, og’aynichalish?
Kofir kabi ranging oqarmish,
Sochlaring ham turibdi tikka!
Balki suluv bilan bir chetda
Tutildingmi, devordan nari,
Shunda seni o’g’ri singari,
Quvishdimi qorovullari?
YO qo’rqdingmi och arvohlardan,
Yoki og’ir, cho’ng gunohlardan,
Yonib azob chekarmisan sen,
Ajib she’rlar bitarmisan sen?
1825

Оставьте комментарий