Bolalarda kalsiy yetishmovchiligi.

DO`STLARGA ULASHING:

⚡️Bolalarda kalsiy yetishmovchiligi.
Bolalar organizmi uchun kalsiy nihoyatda katta ahamiyatga ega. Usiz hujayralarning bo‘linishi va oqsil sintezi jarayonlari yuz bermaydi, demak go‘dak o‘sishdan ham to‘xtaydi. Kalsiy yetishmovchiligi tufayli barcha modda almashinuvi jarayonlari izdan chiqadi, suyak va tishlarning shakllanishi kechikadi. Insonning butun hayoti davomida uning suyaklari naqadar mustahkam bo‘lishi undagi bolalikda olgan kalsiy miqdoriga bevosita bog‘liqdir.
Ushbu element organizmdagi deyarli barcha jarayonlarda ishtirok etadi, o‘sishdan tashqari u yurak faoliyati, asab va mushak to‘qimasining normal faoliyati uchun zarur, u fermentlar ishlab chiqarishda ishtirok etadi, shuningdek qonning ivishi jarayonida muhim rol o‘ynaydi. Shu tufayli kalsiy yetishmovchiligi ayniqsa bolalarda juda ko‘p uchraydi.
Afsuski, yosh ota-onalar go‘dak kalsiyga yetarli miqdorda to‘yinyaptimi yoki yo‘qmi ko‘pincha vaqtida bila olishmayapti. Vaholanki, ushbu mikroyelement yetishmasligining birinchi alomatlari teri, tirnoqlar va sochlarning tez sinuvchanligi va quruqligi hisoblanadi. Shuningdek, bolalarda tirnoqlarni g‘ajish va boshni qashish kabi yomon odatlar paydo bo‘ladi. Ular bir yerda uzoq o‘tira olmaydigan bo‘lib qolishadi, beixtiyor barmoqlarini tiqqilatishadi. O‘ziga xos ta’mlarga ishtiyoq uyg‘onadi.
Ular ko‘pincha bo‘r yoki bo‘yoqlarni chaynashni istab qolishadi, tez-tez sut yoki pishloq yegilari keladi.
Qonda kalsiy yetishmovchiligi (gipokalsiyemiya) kichkintoy bo‘yining o‘sishini kechiktiradi, suyak va tishlarning shakllanishiga salbiy ta’sir o‘tkazadi, yurak muskullari ishini yomonlashtiradi, yuqori darajadagi asab-muskul ta’sirchanligiga va hatto tomir tortishishiga ham olib keladi. Ko‘z gavhari o‘zining shaffofligini yo‘qotadi, tish emallarida teshiklar, izlar paydo bo‘ladi.
Shu sababli go‘dak organizmi hali nozik paytidanoq va ko‘pgina muammolarni osongina hal qilsa bo‘ladigan vaqtdanoq kalsiy yetishmovchiligi haqida jiddiyroq o‘ylab ko‘rilsa yaxshi bo‘lardi. Tarkibida kalsiy bo‘lgan mahsulotlarni topish oson, murakkabligi shundaki, organizm uni qabul qilishiga yordam berish kerak. Chunki kalsiy o‘zlashtirilishi qiyin bo‘lgan minerallar sirasiga siradi. Gap shundaki, to‘laqonli kalsiy faqat D3 vitamini ishtirokida singadi, ushbu vitamin esa yoki ultrabinafsha ta’sirida shakllanadi, yoki bo‘lmasa ovqat bilan birga organizmga o‘tadi. Bundan tashqari, kalsiy miqdori ovqatni tayyorlash jarayonida birmuncha kamayadi, misol uchun sabzavotlarni qaynatganda suvga 25% kalsiy chiqib ketadi, shuning uchun barcha turdagi karamlarni, ayniqsa brokollini sho‘rva yoki bulon tarzida iste’mol qilgan durust. Dukkakli o‘simliklar, bodom, kunjut va odatda tashlab yuboriladigan ildizmevali o‘simlik barglari kalsiyga boydir.
Kalsiyning so‘rilishiga shovul, ismaloq, lavlagi tarkibida bo‘ladigan shovul kislotasi qarshilik qiladi; kofe tarkibidagi kofein moddasi, koka-kola organizmdan kalsiyning tez chiqib ketishiga sababchi bo‘ladi. Shakarqamish shakari, kakao va shokolad ham tananing kalsiy bilan to‘yinishiga imkon bermaydi.
Ozuqadagi kalsiyning asosiy manbalari sut mahsulotlari — ya’ni sut, yogurt, chuchuk qatiq, tvorog, pishloqning yog‘siz navlari hisoblanadi. Kalsiy moddasi go‘dakka ko‘krak suti orqali juda yaxshi singadi, biroq olti oydan so‘ng uning kelishi yetarli bo‘lmay qolganda ushbu mikroyelementga boy bo‘lgan bo‘tqa bilan oziqlantirishga o‘tish lozim.

1 комментарий к “Bolalarda kalsiy yetishmovchiligi.”

Оставьте комментарий