Bolalarga oʼyinchoq tanlash

DO`STLARGA ULASHING:

Har bir ota-ona farzandlarini turli oʼyinchoqlar bilan xushnud etishni hohlaydi. Lekin bolajonlar uchun hamma oʼyinchoqlar xam mos kelaveradimi? Ularni xursand qilamiz deb notoʼgʼri taʼsir qiladigan oʼyinchoqlarni xarid qilmaslikni istasangiz ushbu tavsiyalarga eʼtiboringizni qarating.
1-2 yosh uchun: Yogʼoch doska; Tebranma toychoq (oʼgʼil bolalarga); Аravachadagi qoʼgʼirchoq (qiz bolalarga); Ichma-ich qutilar; Chelak va belkurak toʼplami; gʼildirakli oʼyinchoq (kapalak, qushcha); Musiqiy shkatulka (pianinocha, gitaracha); Koptok; Rang-barang rezina, plastmassa oʼyinchoqlar; Mashinacha, tank, yuk mashinasi (ovoz chiqaradigan); Oʼyinchoq telefon.
2-3 yosh uchun: Turli oʼlchamdagi toʼplar; Qoʼgʼirchoqlar; Yumshoq oʼyinchoqlar; Kubiklar; Uch gʼildirakli velosiped; Plastilin. Boʼrli doska; Rangli qogʼozlar; Rangli qalamlar, flomaster va boʼyoqlar (rasm chizishni oʼrganish uchun); Stol va stulchalar; Telejka; Fonarcha; Bogʼdorchilik oʼyinchoqlari; Musiqiy uskunalar (barabancha, qoʼngʼiroq, tanbur) Oddiy mozaika suratlari; Konstruktor oʼyinlar (yigʼish, toʼplash, qurish).
3-6 yosh uchun: Koptoklar, plastilin, kubiklar; Kasbga oid oʼyinchoqlar: shifokorlar, qurilish, duradgorlik asboblari; Yirik avto oʼyinchoqlar (KamАZ, vagon, samolyot, poezd); Qalam, flomaster, akvarelь, yelim, qogʼozlar; Stol oʼyinlari — domino; konki, changʼi; Choʼmilish baloni; Rasm boʼyaydigan kitoblar; Uycha; Harflar toʼplami.
Fakt: Bolaning aqliy salohiyat darajasining 20%i irsiyatga bogʼliq boʼlsa, qolgan qismi esa atrof-muhit va muloqot taʼsirida rivojlanadi.
Zararli oʼyinchoqlarni qanday farqlash mumkin?
Tashqi koʼrinishi: ular ochiq rangda, qoʼgʼirchoq va jonivorlar muloyim, jilmaygan holatda, tajovuzkor holatdan yiroq boʼlishi lozim. Uni koʼrgan bola quvonishi kerak. Hajmi: bola uni oʼzi koʼtara olishi kerak, biroq ogʼiz sohasiga sigʼmasligi lozim. Yirik oʼyinchoqlar esa boladan koʼpi bilan uch baravar katta boʼlishi mumkin. Xavfsizlik: ovozli oʼyinchoqlar chiroqchalari ehtiyotsizlik yuz berganda, bolaga zarar yetkazmasligi shart. Sifati: hech qanday yorliq yoki belgisiz boʼlgan oʼyinchoqlarni xarid qilmang. Ular xavfli materialdan tayyorlangan boʼlishi mumkin. Oʼyinchoqning tarkibi bilan albatta, tanishing.
Qanday oʼyinchoqlar tavsiya etilmaydi!
Ulkan maxluq shaklidagi jonivorlar, robotlar shaklidagi. «Urush urush» oʼynashga moʼljallangan bunday oʼyinchoqlar bolada tajovuzkor ruh uygʼotadi.
Junli paxmoq oʼyinchoqlar: ayiqcha, quyonchalarning juni bola ogʼziga kirishi, qichishtirishi, allergiya chaqirishi mumkin. Koʼz tugmachalarini esa bola uzib yutib yuborishi ehtimoldan xoli emas.
Shovqinli oʼyinchoq musiqa asboblarining baʼzilariga rok, rep kabi jazavaga soladigan musiqalar yozilgan. Musiqali oʼyinchoqlarni albatta, eshitib koʼring, sokin va kayfiyatni koʼtaradiganini tanlang. Аsabni buzadigan va baland ovozlisini xarid qilmang.
Аvtomat oʼyinchoqlar ham tavsiya etilmaydi. Ulardagi jangari ovoz, oʼqlar toʼplami bolaga ijobiy taʼsir etadi, deb aytish mushkul.
Barbi qoʼgʼirchoqlari. Yosh ayol tasviridagi ozgʼin, zamonaviy, pardozlangan va ochiq liboslardagi bunday qoʼgʼirchoqlar maktab yoshidagi qizlarga toʼgʼri keladi, ammo bolalarga emas. Chunki ularda bola uchun notanish tana aʼzolari ham mavjuddir…
Qachondan boshlab kitob oʼqib berish mumkin?
Bolaning ilk kitobi suratli boʼlishi lozim. Unda yorqin va yirik hajmli jonivorlar, uylar, daraxtlar tasvirlanadi. Har bir surat alohida karton qogʼozlarda boʼlsa yana yaxshi. Bola ularni farqlashni oʼrganadi. Bunday kitoblarni 4-6 oylikdan boshlab bolaga koʼrsatish mumkin. Kitob jildi silliq va qalin boʼlsin, chaynashga qulay boʼlmasin. Bir yoshdan soʼng bolaga oson va qisqa syujetli ertaklar oʼqishni boshlash mumkin. 12-18 oylikda bolaga sheʼriy ohangli mitti ertaklar tez singadi. Ushbu ertaklar, albatta, suratli boʼlishi kerak. Bola hozircha tasavvur qilishni bilmagani uchun ertakni rasmlar orqali tushunadi. Ikki yoshli bolaga tarbiyaviy ahamiyatga ega, oxiri yaxshilik bilan tugaydigan ertaklarni oʼqib berish lozim. U syujetni eslab qoladi. Bu pallada ertak eshitib uxlash bolaning xotirjamligiga, ruhiy barqarorligiga ijobiy taʼsir etadi. U ertakni oʼz xayolida jonlantira boshlaydi.
Farzandlaringizni toʼgʼri tanlangan oʼyinchoqlar bilan xursand qiling. Kitoblar olamiga olib kirib, maʼnaviyatini boyiting. Zero, bizdan keyin qolajak avlodlarimizning zehnli, bilimli va iqtidorli boʼlib ulgʼayishi Vatanimizning gullab-yashnashiga katta hissa qoʼshadi.

Оставьте комментарий