Bronxoektaz

DO`STLARGA ULASHING:

Bronxoektoz bronxlarning qayta tiklanmaydigan holati boʼlib, bu bora-bora bronxlar devorlari kengayishi, deformatsiyasiga (orttirilgan nuqsoniga)olib keladi. Bronx daraxtida surunkali yiringli-yalligʼlanish jarayoni rivojlanadi.
Kasallik aholining 0,5-1,5 foizida, ayniqsa, bolalar hamda yoshlarda koʼp uchraydi (5 yoshdan 25 yoshgacha). Bronxoektoz qaytalanuvchi xususiyatga ega va doimiy balgʼamli yoʼtal bilan kechadi.
Bronxlar rivojlanishi va shoxchalarga boʼlinishdagi tugʼma nuqsoni (tugʼma bronxoektozlar) 6 foiz holatda uchraydi. Tugʼma bronxoektozlar Kartegenera sindromi (aʼzolarning teskari oʼrinda joylashishi)da, shuningdek sinusitlar va erkaklar bepushtligida ham kuzatiladi.
Tugʼma bronxoektozlar paydo boʼlishida bir qancha omillar muhim rol oʼynaydi. Masalan:
-ayol homiladorlik vaqtida tamaki chekishi, spirtli ichimliklar ichishi va virusli infektsiya bilan ogʼrishi;
-asosan bolalarda yuqori nafas yoʼllarining surunkali kasalliklari (sinusitlar, surunkali yiringli tonzillit, adenoidlar)da.
Bugunga qadar bronxoektoz kasalligi sabablari toʼliq oʼrganilmagan. Аmmo bronx devorining genetik zaifligi, bronxlar silliq mushaklarining yetarli rivojlanmaganligi, togʼay toʼqimasidagi yetishmovchilik, himoya funktsiyasi mustahkam emasligi keyinchalik bronxlar devorining mexanik buzilishi va zararlanishiga olib kelishi aniqlangan.
Yosh bolalarda tez-tez qaytalovchi infektsion yalligʼlanish kasalliklari, ayniqsa, stafilokokk, streptokokk, gemofil tayoqchasi, anaerob infektsiyalar bora-bora bronxoektozlar hosil boʼlishiga olib kelishi mumkin.
Shuni ham taʼkidlash muhimki, bronx obturatsiyasi (tiqilib qolishi) bronxlarning sekret chiqarishini cheklaydi va bu sekret distal joylarda qolib ketadi, bronxlar oʼtkazuvchanligi buzilib oxir-oqibatda bronxlarning shilliq, shilliq osti qavati va chuqur qatlamlarida salbiy oʼzgarishlar yuzaga keladi.
Koʼp miqdorli balgʼamli yoʼtal, ayniqsa, ertalablari balgʼam ichida qon aralash boʼlishi, tana haroratining koʼtarilishi, qon tupurish va oʼpkadan qon ketishi, koʼkrak qafasida ogʼriq va hansirash singarilar bronxoektoz alomatlaridandir. Bemorlarning barmoqlari “baraban tayoqchalari”dek, tirnoqlari esa “soat shishasidek” yaltiroq boʼladi.
Bronxoektozni tashhislashda ikkita holat hisobga olinadi:
1.Toʼgʼri va yonbosh proektsiyali rentgenogrammada oʼpka tasviri yacheykali va deformatsiyali: atelektaz uchastkalari, shikastlangan segmenti kichrayganligi koʼrinadi.
2.Bronxografiya – eng ishonchli, samarali usul boʼlib, bu tekshiruv bronxoektazlar tarqalganligini, joylashishi, turini aniqlashga yordam beradi.
Kasallik qoʼzgʼalish davrida asosan, bronx daraxtining yiringli yalligʼlanish jarayonlarini kamaytirishga qaratilgan. Shu maqsadda antibiotikterapiya va bronxoskopik drenaj oʼtkaziladi. Аntibiotiklar parenteral (tomir ichiga, mushak orasiga) hamda bronx ichiga yuboriladi. Surunkali bronxlar yalligʼlanish jarayonlarini davolashda sefalosporinlar yarimsintetik pentsillinlar, gentamitsinlar buyuriladi. Bronx daraxtini drenaj qilish (keraksiz suyuqlikni chiqarib tashlash usuli) uchun esa bemor oyoq tomonini koʼtargan holatda yotishi kerak, bu esa balgʼam ajralishini yengillashtiradi. Balgʼam koʼchishini yaxshilash maqsadida balgʼam koʼchiruvchi preparatlar, ishqorli suv, koʼkrak qafasi massaji, nafas gimnastikasi ingalyatsiya, koʼkrak qafasiga dori-preparatlari bilan elektroforez qilish buyuriladi.
Bundan tashqari bronxoektoz kasalligida bronxlarni yuvish muolajasi ham oʼtkaziladi. Bronxoskop yordamida yiringli ajralma (sekret) tortib olinadi va bronxlarga bronxoskop orqali antibiotiklar, muxolitinlar, bronxolitinlar yuboriladi.
Dilbar MАHMUDOVА,
pulьmonolog, tibbiyot fanlari doktori, professor.

Оставьте комментарий