Chaqaloq parvarishida nimalarga e’tibor qaratish kerak?

DO`STLARGA ULASHING:

Chaqaloq parvarishida nimalarga e’tibor qaratish kerak?
Kindik tushishi
Kindik qoldig‘i odatda tug‘ruqdan so‘ng 4-5 kun ichida tushib, ba’zi vaqtlarda 8-10 kunlarga ham cho‘zilishi mumkin. Agar kindik sohasida namlik bo‘lsa, 70 foizli spirt eritmasi tomizilib, sterillangan bint yordamida artiladi. Ayrim vaqtlarda chaqaloqning muntazam bezovta bo‘lib, yig‘lashi sababli ham kindikda shish kuzatiladi. Bordiyu chaqaloqning kindigi qoldig‘i 15 kun ichida ham ko‘chib tushmasa yoki soha atrofida qizarish, yallig‘lanishga o‘xshash belgilar kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat eting.
Liqildoq
Yangi tug‘ilgan chaqaloqning bosh aylanasi me’yorda 34-36 santimetrni tashkil etib, hayotining ikkinchi oyida 36-37 santimetratrofida bo‘ladi. Bir yoshga qadar esa bu ko‘rsatkich 46 santimetrga yetadi. Liqildoq chaqaloq boshining tepa qismidagi qotmagan soha, miya ustidagi qalin himoya qavati bo‘lib, me’yoriy holatda chillali chaqaloqlar uchun 26-28 mm, ikkinchi oydan boshlab 22-25 mmatrofida bo‘lib, bir yoshgacha 8-10 mm.gacha kichrayib boradi. Bola boshidagi liqildoq taranglashib, shishgan bo‘lsa va u bezovtalansa, bosh miya bosimining oshgani taxmin qilinadi. Bu holatda albatta shifokor bilan maslahatlashish zarur.
Tana vaznining o‘zgarishi
Yangi tug‘ilgan chaqaloq hayotining birinchi 4 kuni davomida 10% (200-300 gr atrofida) vazn yo‘qotishi normal holat hisoblanib, organizmning moslashuv jarayoni hisobiga amalga oshadi. Bola hayotining 6-8-kunlariga kelib, tana vaznini asta-sekin tiklab boradi.
Emizish vaqti
Shifokorlar bolani har 1-1,5 soat oralig‘ida emizishni tavsiya etishadi. Bu vaqt oralig‘ining ona suti sifatiga ham ta’siri bo‘lib, bola uchun kerakli ozuqa to‘planadi. Emizishdan avval ko‘krak so‘rg‘ichlarini tozalab, so‘ngra bola og‘zig‘a tutqazish kerak. Agar emizgandan keyin go‘dak ko‘krakni qo‘yib yuborishni xohlamasa, tortib olmang. Burnini biroz qissangiz, og‘zini ochadi. Ona suti sifatli bo‘lishi uchun ayol taomnomasida foydali vitaminlarga boy mahsulotlar bo‘lishi kerak.
Qachon cho‘miltiriladi?
Chaqaloq kindigi hali tushmagan bo‘lsa, cho‘miltirishni biroz keyinga qoldirish darkor. Bu holatda chaqaloqning badanini iliq suvga shimdirilgan nam paxta bilan tozalash kifoya. Kindigi to‘liq tushgach esa 37-37,5 darajali iliq suvda cho‘miltirish mumkin. Bola terisida turli toshmalar toshishining oldini olish uchun suvga moychechak damlamasidan ozroq qo‘shish tavsiya etiladi. Sovuq kunlarda chaqaloqni 2-3 kunda bir marta 8-10 daqiqa davomida cho‘miltiriladi. Suvli muolajalardan so‘ng terisiga turli yog‘lar surtmang. Chunki tayyor yog‘lar teriga turlicha ta’sir etishi mumkin.
Uyqu vaqti
Chillali chaqaloq bir kunda 4-5 martagacha uxlashi mumkin. Bu uyqu vaqtlari avvaliga uzoqroq davom etib, so‘ng asta-sekin kamayib boradi. Bolaning tungi uyqusi osuda o‘tishi uchun uni kechga yaqin cho‘miltirish tavsiya etiladi. Bordiyu go‘dak uyqusida tartibsizlik yuzaga kelsa, kun boshidan emizish va uxlatish tartibini nazorat qiling.
Qayt qilishi nimadan?
Bola emib bo‘lgach, uni chayqatish, qorni bilan yotqizish mumkin emas. Tik ko‘targan holda biroz ushlab turing. Agar emizishdan so‘ng ozroq qayt qilsa, bu xavfli emas. Bola oshqozoniga ortiqcha bo‘lganini shu tariqa chiqarib tashlaydi. Chaqaloqlarda hazm qilish faoliyati hali yaxshi rivojlanmagani bois emib bo‘lgach, qayt qilishi mumkin. Biroq tez-tez va emizish vaqtidan tashqari ham qayt qilsa, shifokorga ko‘rsating.
Nega tez-tez aksiradi?
Chaqaloqlar kuniga 3-4 martagacha aksirishi mumkin. Bu jarayon bola organizmi uchun normal holat bo‘lib, ortiqcha tashvishga asos emas. Ammo aksirish burundan shilimshiq suyuqlik kelishi bilan bo‘lsa, shamollash taxmin qilinib, bolalar shifokoriga ko‘rsatish lozim.
@doridarmonlar

Оставьте комментарий